Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Aprel, 2025   |   22 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:11
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:12
Xufton
20:31
Bismillah
20 Aprel, 2025, 22 Shavvol, 1446

BALOG'ATGA YeTGAN YIGIT, QIZ ODOBI. ER-HOTIN MUNOSABATI.

10.02.2021   5101   28 min.
BALOG'ATGA YeTGAN YIGIT, QIZ ODOBI.  ER-HOTIN MUNOSABATI.

 

Tarbiya bosqichlarining uzviy bog'liqligi

Farzand tug'ilishidan to uylanish yoshigacha bo'lgan davrda olib boriladigan barcha tarbiyaviy bosqichlarni bevosita uzviy bog'lash kerak.

Birinchi, tarbiyaning e'tiqodiy qismi. Dastlab, farzand yoshligida e'tiqodiy tarbiya nazorat qilinib, bolaga Allohdan qo'rqish, buyruqlarini bajarish, qaytariqlaridan saqlanish hamda Yaratganga ibodat qilish o'rgatiladi.

Ikkinchi, tarbiyaning odob qismi. Farzandga har doim Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) muborak siyratlari va ulug'larning nasihatlari o'rgatilib, go'zal xulqlar haqida saboq beriladi. Shu jarayonda hadis va hikmatlarni o'rgatib, ularga amal qilish uqtiriladi. Shuningdek, sahobalar, tobeinlar, muhaddislar va barcha ulug' zotlar hayoti, munavvar axloqlaridan ibrat olish o'rgatiladi.

Uchinchi, tarbiyaning ilmiy qismi. Tarbiyaning asosiy jihatlaridan biri farzandga ilm o'rgatadigan ustozning olim va solih bo'lishidir. O'z o'rnida ustozni hurmat qilish ham ilmning tez singishiga sabab bo'ladi. Shuning barobarida farzandning munosib do'st tanlashi ham muhim. Do'st ilmga chanqoq bo'lsa, ikkisi ilm yo'lidagi mashaqqatlarni birga engadi.

Tarbiyaning uch qismi bayon qilindi. Bundan tashqari bo'lgan barcha jarayonlarni ham bir-biriga bog'lab, to'ldirib singdirib borilsa, maqsad hosil bo'ladi. Farzandda jaholatni mag'lub eta oladigan ma'rifat paydo bo'ladi. U haqiqiy komil insonga aylanib, turli hiylalarga aldanmaydi. Buzuqliklarga qarshi nafrat hissi paydo bo'ladi.

Farzandda ushbu sifat va fazilatlar uyg'unlashsa, munavvar nur taratayotgan hilol singari, o'z yog'dusi va taftini sochayotgan quyosh misoli jamiyatga foydali inson bo'lib voyaga etadi.

 

Balog'atga etgan yigit, qiz odobi

Ota-ona va muallimlar zimmasiga dinimiz vojib qilgan mas'uliyatlardan biri farzandning 12–15 yoshida kechadigan, balog'atga etish belgilari sezilganida nimalarga e'tibor berishni ochiq tushuntirishdir. O'g'il bola bu paytda uyqudan uyg'onganida kiyimida suyuq rangsiz suyuqlik yoki namni ko'rsa, nima ekanini bilmaydi. Shuning uchun ota bu holatni yaxshi tushuntirishi va bundan keyin shunday holat bo'lganda qanday yo'l tutishni o'rgatishi lozim. Qiz bolada esa balog'at yoshida hayz kelishi kuzatilib, onalar bunday holatda nimaga e'tibor berishni ochiq tushuntirishi talab etiladi.

Farzand ushbu yoshdan e'tiboran shar'an mukallaf, ya'ni balog'atga etgan hisoblanib, Allohning oldidagi burchlari va jamiyatdagi vazifalariga nisbatan mas'uliyatni his etishi zarur. Katta yoshdagilarga nima vojib bo'lsa, endi ular zimmalariga ham ana shu hukmlar shart bo'ladi.

Islom dini ota-onaga farzandning odoblari yaxshi bo'lishi uchun muhim vazifalarni yukladi. Ayrim oilalarda farzand ehtilom bo'lgach, g'usl qilish zarur ekanini bilmay, beparvo yurishi kuzatiladi. Ba'zi oilalarda esa qiz bola hayzdan so'ng cho'milish lozimligini bilmaydi. Shunday ekan, har bir ota-ona farzandiga tortinmasdan balog'at hukmlarini bayon qilishi shart. So'ng esa murabbiylar bu boradagi maslahat va tavsiyalarni ta'lim beradi.

Aksincha, bu ta'limotlar vaqtida etkazilmasa, nopoklik farzand uchun oddiy holga aylanadi. Sekin-asta qalbi qotib, imoniga ziyon etadi. Shu bois ushbu mavzuga doir fiqhiy masalalarni bayon qilamiz:

Birinchisi, o'g'il yoki qiz bola uyqusida ehtilom bo'lsa, uyg'onganidan so'ng kiyimida namlik ko'rmasa, g'usl vojib bo'lmaydi.

عن خولة بنت حكيم انها سألت النبي صلى الله عليه و سلم عن المرأة ترى في منامها ما يرى الرجل فقال ليس عليها غسل حتى ينزل الماء كما ان الرجل ليس عليه غسل حتى ينزل. (رواه أحمد والنسائي)

Ahmad va Nasoiy rivoyat qiladi: Havla binti Hakim Nabiydan (sollallohu alayhi va sallam)  erkaklar tushida ko'rgan narsani ayol kishi ko'rgani haqida so'radi. Ul zot: “Nozil bo'lmaguncha g'usl vojib bo'lmaydi, xuddi erkaklarda ham nozil bo'lmaguncha g'usl vojib bo'lmaganidek”, dedilar.

وفي رواية النسائي: أنها سَأَلْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ الْمَرْأَةِ تَحْتَلِمُ فِي مَنَامِهَا فَقَالَ إِذَا رَأَتْ الْمَاءَ فَلْتَغْتَسِلْ.

Nabiydan (sollallohu alayhi va sallam) tushida ehtilom bo'lgan ayol haqida so'raldi. Shunda: “Agar suvni ko'rsa, g'usl qilsin”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Ikkinchisi, o'g'il yoki qiz bola uyg'onganidan so'ng kiyimida namlik ko'rsa, ehtilomni eslay olmasa ham, unga g'usl qilish vojib bo'ladi:

عن عائشة قالت: سئل رسول الله صلى الله عليه و سلم عن الرجل يجد البلل ولا يذكر احتلاما قال " يغتسل " وعن الرجل يرى أن قد احتلم ولا يجد البلل قال " لا غسل عليه " فقالت أم سليم المرأة ترى ذلك أعليها غسل ؟ قال " نعم إنما النساء شقائق الرجال " . (رواه أبو داود والترمذي)

Abu Dovud va Termiziy rivoyat qiladi: Oysha (roziyallohu anho) Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) ehtilom bo'lganini eslolmagan, ammo kiyimida namlik ko'rgan kishi haqida so'radi. Shunda: “G'usl qiladi”, dedilar. Ehtilom bo'lgan, ammo namlikni ko'rmagan kishi haqida so'radi. “Unga g'usl lozim emas”, dedilar. Ummu Sulaym: “Uni (namlikni) ko'rgan ayolga g'usl vojib bo'ladimi?” dedi. “Ha, albatta, ayollar erkaklarning yarmi”, dedilar.

Uchinchisi, maniy shahvat bilan otilib chiqsa, g'usl vojib bo'ladi:

عن على قال كنت رجلا مذاء فسألت النبى -صلى الله عليه وسلم- أو سئل عن ذلك فقال « فى المذى الوضوء وفى المنى الغسل ». (رواه أحمد)

Imom Ahmad rivoyat qiladi. Hazrat Ali (karramallohu vajhahu) aytadi: «Men ko'p maziy ko'rar edim. Nabiydan (sollallohu alayhi va sallam) so'radim. Ul zot: “Maziyda tahorat olinadi, maniyda g'usl qilinadi”, dedilar».

To'rtinchisi, “hashafa”, ya'ni erkak jinsiy a'zosining bosh qismi ayol jinsiy a'zosiga kirishi har ikkisiga g'uslni vojib qiladi.

قال رسول الله صلى الله عليه و سلم: إذا التقى الختانان وغابت الحشفةُ فقد وجب الغسلُ أنزل أو لم ينزلْ. (رواه الطبراني في الأوسط)

Tabaroniyning “Asvat” asarida keltiriladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Agar ikki jinsiy a'zo uchrashsa va hashafa g'oyib bo'lsa, maniy chiqadimi yoki yo'qmi, g'usl vojib bo'ladi”, dedilar.

Beshinchisi, ayolning hayz va nifos muddati tugashi g'uslni vojib qiladi. Bu haqda:

وَلَا تَقۡرَبُوهُنَّ حَتَّىٰ يَطۡهُرۡنَۖ

«...to poklanmagunlaricha, ularga yaqinlashmangiz!..»(Baqara, 222).

“ط”- harfi tashdidli o'qilganida “g'usl qilgunicha” degan ma'noni anglatadi.

Quyidagi hadis ushbu hukmni quvvatlaydi:

عن عائشة: أن فاطمة بنت أبي حبيش كانت تستحاض فسألت النبي صلى الله عليه و سلم فقال ( ذلك عرق وليست بالحيضة فإذا أقبلت الحيضة فدعي الصلاة وإذا أدبرت فاغتسلي وصلي ). (رواه البخاري)

Imom Buxoriy hazrat Oyshadan (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: Fotima binti Hubaysh istihoza bo'lar edi. Payg'ambardan (sollallohu alayhi va sallam) bu haqda so'radi. U zot: “Bu (qon) tomir bo'lib, hayz emas. Agar hayz kelsa, namozni tark qil, agar hayz tugasa, g'usl qil va namoz o'qi”, dedilar. Hayzga qiyosan nifosdan keyin ham g'usl qilish sobit bo'ldi.

Istihoza – uch kundan kam yoki hayzning o'ninchi kunidan so'ng va nifosning qirq kunidan so'ng zohir bo'ladigan qon.

Oltinchisi, farzand qanday g'usl qilishni o'rganishi lozim.

G'uslning farzlari. Og'izni chayish; burunni achishtirib suv bilan chayqash; butun badanga suv etkazib, ishqalab yuvish. Alloh taolo bunday deydi:

وَإِن كُنتُمۡ جُنُبٗا فَٱطَّهَّرُواْۚ

«...Agar junub bo'lsangiz, obdon poklaningiz (cho'milingiz)!..» (Moida, 6).

عن أبي هريرة : عن النبي صلى الله عليه و سلم قال تحت كل شعرة جنابة فاغسلوا الشعر وأنقوا البشر. (رواه أبو داود والترمذي)

Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Har bir soch tolasi osti nopokdir, bas, sochni yuvinglar va terini poklanglar”, dedilar.

G'uslda tana a'zolarini suv bilan yuvish kerak. Ushbu shar'iy hukmga ko'ra, tananing barcha a'zolari – kindik, ikki quloqning zohiriy joylari va qo'ltiq ostini ishqalab yuvish vojib bo'ladi. Ba'zi kishilarda “ko'z va quloqning ichini cho'p bilan yuvish kerak” degan noto'g'ri tushuncha bor. Quloq ichi qo'l borgan joygacha yuviladi.

G'uslning sunnatlari. Tanadagi nopoklikni ketkazish va tahorat qilish, barcha a'zolarga uch martadan suv etkazish, oxirida oyoqlarni suv to'plangan joydan boshqa erda yuvish, niyat qilish, tasmiya aytish, misvok ishlatish, soqol, barmoqlarga hilol qilish, badandagi nopoklikni imkon bo'lsa, ishqalab ketkazish g'uslda sunnat amallardir.

Bu haqda “Olti kitob” sohiblari rivoyat qiladi. Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu), Maymuna onamiz (roziyallohu anho) aytadi:Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) janobatdan g'usl qilayotganlarida qo'llarini uch marta yuvdilar. Keyin idishdan suv olib, chap qo'llari bilan avrat a'zolarini pokladilar. So'ng chap qo'llarini erga urdilar va quritdilar, tahorat qildilar. Boshlariga uch hovuch suv qo'ydilar, har hovuchda ikki kaftlari suvga to'ldi. Keyin ayrim a'zolarini yuvdilar. Oxirida boshqa erga o'tib oyoqlarini yuvdilar”.

Erkakning o'rilgan sochi bo'lsa, echish vojib bo'ladi. Toki sochlari orasiga suv etsin. Ammo ayolning o'rilgan sochi bo'lsa, echish vojib emas, balki soch tagiga suv etkazish kifoya.

 

Tayammumning shartlari

Agar g'usl uchun kerak bo'lgan suv bir mil uzoqda bo'lsa yoki kun sovuqligi bois kasal bo'lishdan qo'rqilsa, yirtqich hayvon yoki dushman suvni egallab olgan bo'lsayu, o'zi yo moliga hamlasidan qo'rqilsa, tayammum qilish joiz bo'ladi.

Tayammum yuzga mash tortish uchun qo'lni er jinsidan bo'lgan narsaga, masalan tuproq, tosh yoki qum, yoki kishiga o'tirgan g'ubor bo'lishi mumkin, unga qo'lini urib yuzga surish va ikkinchi marotaba urib, qo'llarning tirsaklari bilan qo'shib mash qilishdir.

Alloh taolo bayon qiladi:

فَلَمۡ تَجِدُواْ مَآءٗ فَتَيَمَّمُواْ صَعِيدٗا طَيِّبٗا فَٱمۡسَحُواْ بِوُجُوهِكُمۡ وَأَيۡدِيكُم مِّنۡهُۚ

«...(lekin) suv topmasangiz, pok tuproqqa tayammum qilib, undan yuzlaringiz va qo'llaringizga surting!..» (Moida, 6).

Tayammum tartibi quyidagi hadisda bayon qilingan:

عَنْ جَابِرٍ عَنِ النَّبِىِّ -صلى الله عليه وسلم- قَالَ « التَّيَمُّمُ ضَرْبَةٌ لِلْوَجْهِ وَضَرْبَةٌ لِلذِّرَاعَيْنِ إِلَى الْمِرْفَقَيْنِ ». (رواه الدارقطني)

Doraqutniy va Hokim rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Tayammum ikki zarbdir, yuzga mash qilish uchun bir zarb va qo'lni tirsagi bilan mash qilish uchun yana bir zarb”,  dedilar.

Tayammumda tahorat bilan bajarish lozim bo'lgan, ya'ni namoz o'qish kabi ibodatlarni bajarishni niyat qilish shart. Tayammumdan maqsad katta va kichik nopoklikni ketkazishni qasd qilishdir. Katta nopoklik janobat, kichik nopoklik tahoratsizlikdir.

Yettinchisi, janobat vaqtida man qilingan amallar. Ular quyidagilar:

– hayz va nifos paytida ayolga ro'za tutish va namoz o'qish man etiladi. U ro'za qazosini tutadi, namoz qazosini esa o'qimaydi.

“Sahih” kitoblarda bayon qilingan:

عَنْ عَائِشَةَ رضي الله عنها قَالَتْ: كَانَ يُصِيبُنَا ذَلِكَ فَنُؤْمَرُ بِقَضَاءِ الصَّوْمِ وَلاَ نُؤْمَرُ بِقَضَاءِ الصَّلاَةِ. (رواه مسلم)

Oysha (roziyallohu anho): “Bizga bu (hayz yoki nifos) etardi. Bizga ro'za qazosi buyurilib, namozning qazosi buyurilmadi”, dedilar.

– Ka'bani tavof qilish;

– Ayol hayz yoki nifos paytida qo'shilish.

Alloh taolo bayon qilgan:

فَٱعۡتَزِلُواْ ٱلنِّسَآءَ فِي ٱلۡمَحِيضِ

“... Bas, hayz paytida xotinlaringizdan chetlaningiz...” (Baqara, 222).

عن حرام بن حكيم عن عمه أنه سأل رسول الله صلى الله عليه و سلم ما يحل لي من امرأتي وهي حائض ؟ قال " لك ما فوق الإزار ". (رواه أبو داود)

Abu Dovud Abdulloh ibn Sa'ddan rivoyat qiladi: Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) “Hotinim hayz ko'rganida nimasi halol?” deb so'radim. Ul zot: “Senga izor ustidagi (halol) bo'ladi”, dedilar.

Demak, erkak kishiga hayz yoki nifosda bo'lgan xotini bilan qo'shilishdan boshqa holatlar joizdir.

Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) zamonlarida yahudiylar ayollarini hayz yoki nifosdan poklangunlaricha bir uyga qamab qo'yar edi. Bunday ayollarga ovqat tayyorlash, er va farzandlari bilan gaplashish mumkin emasdi. Nasroniylarda esa buning batamom aksi – umuman masofa saqlanmasdi.

Muqaddas dinimiz o'rta me'yorni tanlab, kishilarga tom ma'noda insoniylikka to'g'ri keladigan, haqiqiy yo'lni ko'rsatdi. Bu bilan ayollar haq-huquqlari ta'minlandi hamda hayz va nifosga doir masalalar tartibga solindi.

Ayol hayz va nifos paytida Qur'oni karimdan biror oyat o'qishi joiz emas:

عن ابن عمر : عن النبي صلى الله عليه و سلم قال لا تقرأ الحائض ولا الجنب شيئا من القرآن. (رواه الترمذي)

Imom Termiziy va Ibn Moja Ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Hayz ko'rgan va junub ayol Qur'ondan biror narsa o'qimaydi”, dedilar.

Ammo zikr, sano maqsadida, masalan: “Bismillahir rohmanir rohim”, “Alhamdulillah”, deyishi joizdir.

Tahoratsiz, junub holda yoki hayz va nifos paytida Qur'oni karimni g'ilofsiz ushlash mumkin emas. Bunda g'ilof Qur'onga yopishmagan bo'lishi shart.

Alloh taolo bayon qilganidek:

لَّا يَمَسُّهُۥٓ إِلَّا ٱلۡمُطَهَّرُونَ٧٩

«Uni (Qur'onni) tahoratli kishilardan o'zgalar ushlamaslar» (Voqea, 79).

Bu masalada quyidagi hadislar keltirilgan:

عن حكيم بن حزام ، أن النبي صلى الله عليه وسلم لما بعثه واليا إلى اليمن قال : « لا تمس القرآن إلا وأنت طاهر ». (رواه الحاكم في المستدرك)

Hokim “Mustadrak” asarida rivoyat qiladi. Hakim ibn Hizom aytdi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) meni Yamanga jo'natayotganlarida: “Qur'onni faqat pok holda ushlagin”, dedilar».

Shuningdek, junub kishi namoz o'qishi, masjidga kirishi, Ka'bani tavof qilishi mumkin emas. Ammo junub kishi ro'za tutishi durust. Junublik namozni kech o'qishiga sabab bo'lsa, gunohkor bo'ladi.

Uyqusida ehtilom bo'lgan kishi uyg'ongach, kiyimida maniydan nam ko'rsa, uni yuvish bilan tozalaydi. Agar quruq holda ko'rsa, ishqalash bilan ham pok bo'ladi.

عَنْ عَائِشَةَ قَالَتْ كُنْتُ أَفْرُكُ الْمَنِىَّ مِنْ ثَوْبِ رَسُولِ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- إِذَا كَانَ يَابِسًا وَأَغْسِلُهُ إِذَا كَانَ رَطْبًا. (رواه الدارقطني)

Doraqutniy “Sunan” asarida va Bazzor “Musnad” asarida rivoyat qiladi: Oysha (roziyallohu anho) aytdilar: “Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) kiyimlarida maniy qurigan bo'lsa, uni ishqalab tozalardim, agar ho'l bo'lsa, uni yuvardim”.

Shu zaylda dinimiz ta'lim bergan poklik qoidalarini ota-ona birma-bir farzandga o'rgatsa, har bir ota-ona o'zi orzu qilganidek olimu fozil, oqilu dono, komil farzandlar voyaga etadi.

 

Er-xotin munosabati

Alloh taolo insonga naslini davom ettirishi uchun shahvoniy istak berdi. Ushbu istakni qondirishi uchun halol yo'lni ko'rsatib, ilohiy hukmlarni bayon qildi. Shuning uchun dinimizning mazkur ehtiyojni to'g'ri yo'l bilan qondirish, oila qurish va naslni davom ettirish haqidagi hikmat va fazilatlari borasida so'z yuritamiz. Bu masalalar yaqin kelajakda oila qurish ostonasida turgan farzandlar tarbiyasida muhim o'rin tutadi.

Ma'lumki, inson tabiati jinsiy ehtiyojni qondirishga moyil. Odam zoti borki, ana shu taskinga muhtoj. Ammo inson Yaratgan ato etgan aql-idroki bilan bu ehtiyojni to'g'ri va halol yo'l bilan qondirishi lozim. Dinimiz bunday amalni yuksak baholaydi va qo'llab-quvvatlaydi. Aksincha, uylanishdan o'zini mosuvo qilishni esa, o'ziga zulm hisoblab, qoralaydi. Ma'qullangan jihat nikoh asosida er-xotinlik, ya'ni oila qurish bilan bo'ladi.

Alloh taolo marhamat qiladi:

وَمِنۡ ءَايَٰتِهِۦٓ أَنۡ خَلَقَ لَكُم مِّنۡ أَنفُسِكُمۡ أَزۡوَٰجٗا لِّتَسۡكُنُوٓاْ إِلَيۡهَا وَجَعَلَ بَيۡنَكُم مَّوَدَّةٗ وَرَحۡمَةًۚ

«Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o'zlaringizdan juftlar yaratgani va o'rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir...» (Rum, 21).

Mazkur oyatga binoan Islom oila qurishga jiddiy targ'ib qiladi. Uylanishni tark qilishdan qaytaradi. Janob Sarvari koinot, bu haqda uylanishga qodir bo'lgan ummatlarga saboq sifatida, ushbu hadisni bayon qilganlar:

عن أبي نجيح ، أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال : « من كان موسرا لأن ينكح ، ثم لم ينكح ، فليس مني ». (رواه الطبراني في الكبير)

Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim uylanishga qodir bo'lib uylanmasa, u mendan emas”, dedilar.

Imom Buxoriy va Imom Muslim Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Uch kishi Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) uylariga kelib, biri: “Men tuni bilan namoz o'qiyman”,  dedi. Keyingisi: “Har kuni ro'za tutaman”, dedi. Oxirgisi: “Men hech qachon uylanmayman”, dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Allohga qasam, men sizlardan ko'ra taqvodorroqman. Lekin men ro'za tutaman va iftor qilaman (ro'za tutmagan kunim bo'ladi), kechasi namoz o'qiyman va uxlayman, uylanaman. Bas, kim mening sunnatimdan yuz o'girsa, u mendan emas”, dedilar».

Bu hadisdan qodir kishi uylanishi zarurligi va u Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlarini tutgan bo'lishi ma'lum bo'lmoqda. Aks holda Muhammad (alayhissalom) u “mendan emas”, ya'ni mening yo'limda emas, dedilar.

Qodir bo'lish deganda qaysi jihatlar e'tiborga olinishini ulamolar batafsil bayon qilishgan:

a) shunday kishilar bor, biror dard tufayli yoki boshqa sababdan jinsiy ojiz bo'ladi. Uning shifo topishi uchun hech bir omil kor qilmaydi. Bundaylar uchun uylanish mumkin emas. Chunki uning uylanishdan ko'zlangan maqsadlarga ehtiyoji, nasl davom ettirishga imkoniyati ham yo'q.

b) ayrim insonlar bor, quvvatga ega, ammo ruhiy xastaligi bois uylanishi makruh. Chunki bunday insonlarning  uylangan ayolga zulm qilishi va yomonlikka giriftor etish xavfi bor.

v) ba'zi odamlar bor, shahvatini haromdan tiya oladi, ammo uylansa, oila boqishni eplolmaydi, nafaqaga qodir emas. Bu toifadagilar uchun uylanmaslik yaxshiroq. Chunki oila mas'uliyatini bo'yniga olgan kishiga oila ta'minoti vojib bo'ladi.

g) bir toifadagilar bor, shahvatlarini haromdan tiya olmaydi. Agar uylansa, ayni vaqtda oilasini boqishni eplash darajasida emas. Bundaylar uchun uylanish muboh, ular Payg'ambarimiz (alayhissalom) aytganlaridek, ro'za tutishi afzal.

d) ayrim toifa kishilar bo'ladi, sog'lom, baquvvat, uylanishga qodir, shahvatini haromdan tiyishga qurbi etadi. Mabodo oila qurgudek bo'lsa ham, bemalol ro'zg'or tebrata oladi. Bular uchun uylanish mustahab va sunnat.

e) ko'pchilikni tashkil etadigan toifa vakillari bor, ular har tomonlama, jisman va ruhan sog'lom bo'lib, yuqorida zikr etilgan nuqsonlardan xoli. Ammo shahvatini haromdan tiyishga esa ojiz. Agar uylanadigan bo'lsa, oilasining ta'minotini erkin bajaradi. Ushbu toifadagilar uchun uylanish vojibdir.

Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) uylanishning ulkan hikmatlaridan biri haqida bunday bayon qilganlar:

عَنْ أَبِى ذَرٍّ أَنَّ نَاسًا مِنْ أَصْحَابِ النَّبِىِّ -صلى الله عليه وسلم- قَالُوا لِلنَّبِىِّ -صلى الله عليه وسلم- يَا رَسُولَ اللَّهِ ذَهَبَ أَهْلُ الدُّثُورِ بِالأُجُورِ يُصَلُّونَ كَمَا نُصَلِّى وَيَصُومُونَ كَمَا نَصُومُ وَيَتَصَدَّقُونَ بِفُضُولِ أَمْوَالِهِمْ. قَالَ « أَوَلَيْسَ قَدْ جَعَلَ اللَّهُ لَكُمْ مَا تَصَّدَّقُونَ إِنَّ بِكُلِّ تَسْبِيحَةٍ صَدَقَةً وَكُلِّ تَكْبِيرَةٍ صَدَقَةٌ وَكُلِّ تَحْمِيدَةٍ صَدَقَةٌ وَكُلِّ تَهْلِيلَةٍ صَدَقَةٌ وَأَمْرٌ بِالْمَعْرُوفِ صَدَقَةٌ وَنَهْىٌ عَنْ مُنْكَرٍ صَدَقَةٌ وَفِى بُضْعِ أَحَدِكُمْ صَدَقَةٌ ». قَالُوا يَا رَسُولَ اللَّهِ أَيَأْتِى أَحَدُنَا شَهْوَتَهُ وَيَكُونُ لَهُ فِيهَا أَجْرٌ قَالَ « أَرَأَيْتُمْ لَوْ وَضَعَهَا فِى حَرَامٍ أَكَانَ عَلَيْهِ فِيهَا وِزْرٌ فَكَذَلِكَ إِذَا وَضَعَهَا فِى الْحَلاَلِ كَانَ لَهُ أَجْرٌ ». (رواه مسلم)

Imom Muslim “Sahih” asarida Abu Zarrdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. «Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) ashoblari aytdi: “Yo Rasululloh, boylar savobda bizdan o'tdi. Ular biz o'qigandek namoz o'qiydi, biz ro'za tutgandek ro'za tutadi va mollari ko'pligi bois sadaqa qiladi”.

Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh sizlarga sadaqa qilish imkonini bermadimi? Albatta, har bir tasbeh sadaqa, har bir takbir sadaqa, har bir tahmid (hamd aytish) sadaqa va har bir tahlil sadaqa, yaxshilikka buyurish sadaqa, yomonlikdan qaytarish sadaqa va sizlarni avratingizda, ya'ni jinsiy yaqinlik sadaqadir”, dedilar. “Yo Rasululloh, birimiz shahvatini qondirsa, savob bo'ladimi?” deb so'radilar. “Agar haromda qondirsa, gunoh bo'larmidi?” dedilar. Ular: “Ha”, dedilar. Nabiy (alayhissalom): “Shunga o'xshash, agar haloldan qondirilsa, savob bo'ladi” deya marhamat qildilar».

Mazkur hadisda nikoh bilan bir-birlariga halol bo'lgan er-xotin o'zaro qo'shilishida ham savob borligi bildirildi. Bundan maqsad, shariat doirasida bajarilgan har bir ish behuda emas, balki Parvardigor ulkan ajrlar ato qiladi. Har bir mo'min Allohning buyurgan farz amallarini bajarishi, Payg'ambarimiz (alayhissalom) ummatlariga bayon qilgan zarur amallarda sobit turishi talab etiladi. Sahobalar Alloh rizoligi, din ravnaqi va jamiyat manfaatini shaxsiy manfaatlaridan ustun qo'yardilar.

 

KYeYINGI MAVZULAR:

Axloqsizlikdan saqlanish;

Er va xotin hamjihatligi;

Kasallik va ofatlardan saqlanish;

Ruhiy va nafsiy taskin topish;

Solih zurriyot qoldirish;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbek moturidiyshunosligidagi ulkan tarixiy voqelik

19.04.2025   13671   8 min.
O‘zbek moturidiyshunosligidagi ulkan tarixiy voqelik

So‘nggi yillarda mamlakatimizda mutafakkir allomalarimizning ibratli hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning boy ilmiy-ma’naviy merosini keng targ‘ib qilishga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Zotan, insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan ajdodlarimizning asarlaridagi ezgu g‘oyalar, umuminsoniy qadriyatlar, bag‘rikenglik va mo‘tadillik, ilm-fan, aql va tafakkurning inson hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga oid qarashlar yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashning muhim omili bo‘lib hisoblanadi.


Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy tarixiy-madaniy merosimizni o‘rganish va qayta tiklashga xizmat qilmoqda.


Mamlakatimizda buyuk mutafakkir ajdodimiz, aqida ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Abu Mansur Moturidiy va u asos solgan moturidiylik ta’limotini o‘rganishga alohida ahamiyati berilishi diqqatga sazovordir. Hanuz o‘z dolzarbligini yo‘qotmasdan kelayotgan mazkur ta’limotning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati haqida muhtaram yurtboshimiz: “Moturidiy ta’limoti ilm egallash jarayonida bag‘rikenglik g‘oyasi asosida inson aql-zakovatining o‘rni va ahamiyatiga yuksak e’tibor qaratadi. Bu o‘z navbatida ushbu ta’limotning keng ommalashuvida muhim o‘rin tutgan. Bunday g‘oyalarga bugungi kunda ham insoniyat katta ehtiyoj sezmoqda”, deb ta’kidlagan edi.


So‘nggi kunlarda mamlakatimiz tarixida, xususan, moturidiyshunoslik sohasida yuqorida zikr qilingan ishlarga hamohang bo‘lgan ulkan tarixiy voqelik sodir bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.  


Unga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkillashtirish, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, olim asarlarining o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr qilish, uning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish, esdalik suvenirlari, pochta markalari, taqvimlar va boshqa ko‘rgazmali axborot vositalarini muomalaga chiqarish, Samarqand shahridagi Imom Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilab olindi.


Mazkur Qarorning qabul qilinishi nafaqat O‘zbekistonda, balki musulmon mamlakatlarida ham katta quvonch bilan kutib olindi. Ta’kidlash lozimki, Qaror yurtimizda Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yanada rag‘batlantirish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish, Imom Moturidiy siymosini xalqimizga yanada kengroq tanitishga xizmat qilishi bilan birga, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga alohida mas’uliyat ham yuklaydi. Birinchi navbatda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar, ilmiy tadqiqot mavzularini Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda belgilab, asosiy faoliyat yo‘nalishlarini muvofiqlashtiradi.


Imom Abu Mansur Moturidiy musulmon olamida buyuk mutakallim, qomusiy olim va ulug‘ mutafakkir, moturidiylik ta’limotining asoschisi sifatida keng e’tirof etiladi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti paydo bo‘lganidan to hozirgi kunga qadar e’tiqod musaffoligini asrab-avaylash, musulmonlarning jipsligi va birdamligini ta’minlash, islom niqobi ostidagi oqimlarning buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi raddiyalar berishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Xususan, turli adashgan oqimlarning g‘oyalariga qarshi naqliy va aqliy dalillar asosida raddiya berish metodologiyasi hamda ma’rifiy asoslarini ishlab chiqqan Imom Moturidiy mazkur xizmatlari uchun “Imom al-huda” – “Hidoyat imomi”, “Musahhih aqida al-muslimin” – “Musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchi” degan sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan. Allomaning Abu Muin Nasafiy, Abu Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi izdoshlari uning yo‘lini munosib davom ettirib, ixtilofli aqidaviy muammolarga ilmiy yechim topish, mo‘tadil ta’limotni odamlar orasida keng tarqatishga ulkan hissa qo‘shganlar.


Imom Moturidiyning mutaassiblikka qarshi kurash metodologiyasi ham naqliy, ham aqliy dalillarga asoslangani sababli buzg‘unchi oqimlar faoliyatiga barham berishda o‘ta samarali bo‘lgan. Ushbu metodologiyaning asosini olimning “Qurolingni ilmda yasa”, degan hikmatli so‘zi tashkil qilgan. Bugungi kunda Imom Moturidiyning ushbu hikmati mamlakatimizda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi bilan har tomonlama mushtarak ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Umuman olganda, yuqoridagilardan kelib chiqib, Imom Moturidiy hayoti, ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish yoshlar tarbiyasida, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini qaror toptirib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda naqadar yuksak ahamiyatga ega ekanligi oydinlashadi.


Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotining o‘rganilishi xususida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda Markazda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Eng birinchi navbatda, Markaz qoshida tashkil qilingan Xalqaro ilmiy hay’at faoliyatini alohida tilga olish zarur. Misr, Turkiya, Iordaniya, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Rossiya, Malayziya kabi mamlakatlarning yetuk olimlari, mahalliy mutaxassislarni o‘z tarkibida jamlagan ushbu Hay’at ilmiy tadqiqot mavzularini mazmunan boyitish va yanada takomillashtirish, Markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida yo‘lga qo‘yishda benazir platforma vazifasini bajarmoqda. Shu bilan birga, Hay’at a’zolari Imom Moturidiy siymosini jahonga tanitishga ham katta hissa qo‘shmoqdalar.


Shuningdek, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Islom tafakkuri instituti, Saljuq universiteti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, al-Azhar universiteti, Malayziya islom ilmlari universiteti kabi jahonning nufuzli ilmiy va ta’lim muassasalari bilan imzolangan hamkorlikka oid memorandumlar doirasida moturidiylik ta’limoti tarixi va bugungi kundagi ahamiyati, shuningdek, zamonaviy islomshunoslikka oid dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.


Markaz tomonidan Misrning al-Azhar majmuasi tadqiqotchilari o‘rtasida Imom Moturidiy merosi bo‘yicha xalqaro tanlov o‘tkazildi. Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar uchun Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiya joriy qilindi. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarni jahon hamjamiyatiga yetkazish bilan birga, Markaz faoliyatini ham xorijda keng targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.


Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini yaratish, qo‘lyozmalar asosida ilmiy tanqidiy matnlarini tayyorlash, shu asosda xalqchil risolalarni nashr qilib, aholi, ayniqsa yoshlar orasida moturidiylik ta’limotidagi bag‘rikenglik va mo‘tadillik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Jumladan, o‘tgan yilning o‘zida bugungi kundagi dolzarb muammolarga bag‘ishlangan 40 ga yaqin monografiya, kitob va xalqchil risola chop etildi.


Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga, uni mahalliy va xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu Qaror nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro miqyosdagi moturidiyshunoslik sohasi rivojida muhim o‘rin tutishiga shubha yo‘q.


Jamoliddin Karimov,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

O'zbekiston yangiliklari