Musulmon diyorlari, jumladan yurtimizda ham qadimdan masjidlar faoliyatida ularga belgilangan vaqf mulklari katta ahamiyat kasb etgan.
(“Vaqf” so'zi lug'atda “tutib turish”, “to'xtatish” ma'nolarini anglatadi. Shar'iy ta'rifda esa:“Muayyan narsaning aslini saqlab qolib, undan keladigan foydani sadaqa qilishdir”.)
Vaqf Islom shariatida keng targ'ib etilgan, manfaati davomli, savobi uzluksiz bo'lgan iqtisodiy xayriya ishidir. Qadimdan mo'min-musulmonlar vaqfning manfaati va savobidan umidvor bo'lib, bunga katta e'tibor qaratib kelganlar.
Vaqfga oid munosabatlar qanday tartibga solingan?
Vaqf madrasa, masjid, mozor, qorixona kabi muassasalar foydasigi belgilangan turli ko'rinishdagi mol-mulk bo'lib, uning rasmiy-huquqiy hujjati vaqfnoma deb atalgan. Vaqfnomalar qozixonalarda vaqf qiluvchi — voqif, qozi, a'lam, muftiy va xolis guvohlar ishtirokida tuzilib, muhrlangan. Vaqfnomalar, ma'lum vaqt o'tgach, sharoit taqozosiga kura, (vakfnomaning yo'qolishi, yaroqsiz xolga kelishi va boshqa sabablar bilan) yangilanib turilgan. Bir masjidga turli vaqtlarda turli kishilar tarafidan ham mulklar ajratilgan va ular uchun alohida vaqfnomalar tuzilgan. Vaqfning bir ko'rinishida vaqf qilingan mol-mulk vaqf qiluvchi, ya'ni voqifning ko'lidan butunlay chiqib ketgan, ikkinchi ko'rinishi esa voqifga vaqf qilinayotgan mulkdan kelayotgan daromadning bir qismini o'ziga olish imkonini bergan. Vaqf xo'jaligi ishlarini yurituvchi shaxs - mutavallini belgilash va vaqf daromadini taqsimlash voqifning ixtiyorida bo'lgan[1].
O'rtahol kishilar ham vaqf qila olgan...
Arxiv hujjatlarida qayd qilinishicha, 1884 yilgi qaydnomalarda Toshkent shahrida ro'yxatga olingan vaqfli masjidlar 125 tani tashkil etgan. Masjidlarda imom, muazzin, mutavalli, yirik masjidlarda esa farrosh, sartarosh va qorovul xizmat qilgan. Ular masjidning vaqf mulkidan belgilangan tartibda mablag' bilan ta'minlangan. Masjidning vaqflari avvalo masjid quruvchisi, qolaversa, hokimlar va o'ziga to'q kishilar tomonidan ajratilgan. Katta mol-mulkka ega bo'lmagan o'rtahol kishilar ham kichikroq mablag' evaziga do'konga ega bo'lib, biror bir masjidga vaqf qila olgan.
Masjid vaqflarini, asosan, shahardagi savdo va hunarmandchilik do'konlari hamda erlar tashkil qilgan. Bozorlardan tashqari, masjidga tutash erda va masjid hovlilarida ham vaqf sifatida do'konlar ishga tushirilgan va ularda so'fi (muazzin) yoki mutavalli savdo qilgan. Bundan tashqari, karvonsaroylar, tegirmonlar, objuvozlar, ekinzorlar, bog'lar, daraxtzorlar, hovlilar va pul mablag'lari ham egalari tomonidan belgilangan shartlar asosida vaqf qilingan[2].
O'ktambek Sultonov “Toshkent masjidlari tarixi” risolasidagi tadqiqotlarida masjidlarning o'z vaqf mulklari haqida alohida to'xtalib o'tadi. Unda keltirilishicha, Govkush (Govkushon) mahallasidagi masjidga Mirhodi Mirbolta o'g'li Rasta bozorida bir do'kon vaqf qilgan.
Quyi Degrez mahallasidagi Saidazimboy Muhammadiboy o'g'li o'zi qurdirgan masjidiga boshqa bir saroyi daromadidan masjidga yilda 25 tilla vaqf qilgan. Shundan kundalik imom 10 tilla, juma namozi imomi 5 tilla, muazzin 5 tilla, qolgan 5 tilla masjid ehtiyojiga sarflangan.
Shaharning markaziy masjidlaridan hisoblangan “Hoja Ahror” jome masjidi esa 1884 yilda masjid atrofi va bozor ichida 102 ta do'kondan yiliga 120 so'm, masjid yaqinidagi Solihbek dodxoh avlodlariga qarashli bir saroydan yiliga 120 so'm, jami 240 so'm vaqf daromadi hisobiga faoliyat ko'rsatgan.
Bu albatta masjidlarning barqaror ishlab turishi, ular qoshida faoliyat yuritgan madrasa, qiroatxonalar mudarris va talabalarining ta'minoti, qolaversa, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga yordam ko'rsatib turish uchun shariatning mukammal va savobi ulug' tizimidir. Boshqa jihatdan esa, ilm ahliga, Qur'on ahliga homiylikdir. Toki ilm talab qilguvchi, Allohning baytini xizmatini qiluvchi kishilar turmushida muhtojlik sezib, boshqa ishlarga chalg'imasin. Ming yillardan beri qo'llanilib kelingan mazkur tajribaning qanchalik samarali natija bergani tarixdan ma'lum. Dunyo ilm-fani tamadduniga munosib hissa qo'shgan ulug' siymolar, mo''tabar allomalarimiz boshlang'ich (asosan hal qiluvchi) bilimlarini ana shunday vaqf mulklari evaziga faoliyat ko'rsatgan masjid va madrasalarda olganlar.
“Moziyga qaytib ish ko'rmoq xayrlidur”
Ma'lumki bugungi kunda yurtimizdagi masjidlarning moliyaviy ta'minotini asosan iona (ehson) qutilari va diniy marosimlardan kelib tushadigan ixtiyoriy xayriya mablag'lari tashkil etadi. Ana shu manbadan diniy tashkilot o'z xo'jaligini yuritadi: xodimlarga maosh, kommunal to'lovlar va boshqa xarajatlarni amalga oshiradi. Shaharlar markazi yoki katta yo'l bo'ylarida joylashgan masjidlar o'z-o'ziini ta'minlay olar, biroq, chekka hududlardagi masjidlarga nisbatan bu fikrni ayta olmaymiz. “O'z aravasini torta olmaydi”. Homiylik mablag'lariga qarab qolingan... Bizda masjidlarni rasmiy homiylik yoki otaliqqa olgan davlat yoki xususiy tartibdagi tashkilot yo'q. Chunki bizda qonunchilikka ko'ra din davlatdan ajratilgan va davlat diniy tashkilotlarni moliyalashtirmaydi. Yaqinda deputatlardan birining aholisining 90% foizidan ortig'i islom diniga e'tiqod qiluvchi davlatimizda islom dini an'analariga bog'liq ba'zi me'yorlarni qonunchilikka kiritish jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda foyda bo'lishini aytgan gaplari e'tiborga molik. Bugun so'z erkinligi ustuvor himoya ostiga olinib, mamlakat rivoji, xalq farovonligi, mavjud muammolarni hal etish yo'llari yuzasidan taklif va shikoyatlar tinglanayotgan ekan, nima uchun diniy tashkilotlarni yangicha (tarix va bugungi jahon tajribasi) tizim asosida ishlashi uchun qonunchilikka tegishli o'zgartirish loyihasini taqdim etish mumkin emas?
Bizda masjid xodimlari juda kam oylikka ishlashadi. Ba'zilari ish haqqi olishmaydi. To'g'ri, Alloh uchun xolis xizmat qilishni ixtiyor etishar, lekin masjid xizmati uchun haq olish shariatda bor va bu hazrati Usmon roziyallohu anhuning xalifalik davrlaridan buyon davom etib keladi.
Bundan uch yil avval masjidlar qoshida qo'shimcha xo'jalik faoliyatini yo'lga qo'yish bo'yicha O'zbekiston musulmonlari idorasining hujjati qabul qilingan. Biroq, bu etarli bo'lmadi. Agar biz o'tmish tajribasiga tayangan holda masjidlarga nisbatan vaqf mulkchiligini joriy etsak-chi, nimalarga erishamiz? Ya'ni tadbirkorlar, mulkdorlar, qo'yingki, himmati etgan istalgan kishi xo'jalik yurituvchi sub'etklarining bir qismini, yoki daromadining ma'lum qismi, er maydoni, tomorqa va shunga o'xshash boshqa shakldagi mulklarini vaqf qilish mexanizmini tiklasak, bundan vaqf qiluvchi ham masjidlar katta foyda topadi. Bu qanday foyda?
Vaqf qiluvchining foydalari:
1 Avvalo molini shariat ko'rsatmasiga binoan to'g'ri infoq qilgan bo'ladi va bu amali uchun Alloh taoloning huzurida cheksiz savobga ega bo'ladi. Qur'oni karimda bu haqda ko'plab xushxabarlar kelgan. Ulardan birida shunday deyiladi:
مَثَلُ الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنْبَتَتْ سَبْعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنْبُلَةٍ مِئَةُ حَبَّةٍ وَاللَّهُ يُضَاعِفُ لِمَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ
(سورة البقرة الاية-261)
ya'ni: “Alloh yo'lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go'yo bir donga o'xshaydiki, u har bir boshog'ida yuztadan doni bo'lgan ettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko'paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara surasi, 261-oyat).
Infoq qilish bilan mol hargiz kamaymaydi. Balki egasi o'ylamagan tomonidan Alloh taolo molini ziyoda qiladi. Bunga qo'yidagi hadis dalil hisoblanadi:
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:
«مَا نَقَصَ مَالٌ مِنْ صَدَقَةٍ قَطُّ»
(رواه الإمام الترمذي)
ya'ni: “Mol-mulk sadaqa qilish bilan zinhor kamaymaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
Ulamolar quyidagi hadisni aynan vaqf ishiga dalil deb aytganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: إِذَا مَاتَ ابْنُ آدَمَ اِنْقَطَعَ عَمَلُهُ إِلَّا مِنْ ثَلَاثٍ،
صَدَقَةٍ جَارِيَةٍ، أَوْ عِلْمٍ يُنْتَفَعُ بِهِ أَوْ وَلَدٍ صَالِحٍ يَدْعُو لَهُ
(رواه الامام مسلم)
ya'ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Odam bolasi vafot etgach, barcha amallari undan uziladi: faqat uchta amalidan savob kelib turadi: sadaqai joriyadan, foydalanib turiladigan ilmdan va haqqiga duo qilib turadigan solih farzanddan” (Imom Muslim rivoyati).
Sahobalardan Zayd bin Sobit raziyallohu anhu shunday deganlar:
قَالَ زَيْدُ بْنُ ثَابِتٍ رضي الله عنه: لَمْ نَرَ خَيْراً لِلْمَيِّتِ وَلَا لِلْحَيِّ مِنْ هَذِهِ الْحُبُسِ الْمَوْقُوفَةِ أَمَّا الْمَيِّتُ فَيَجْرِي أَجْرُهَا عَلَيْهِ وَأَمَّا الْحَيُّ فَتُحْتَبَسُ عَلَيْهِ وَلَا تُوْهَبُ وَلَا تُوْرَثُ وَلَا يَقْدِرُ عَلَى اسْتِهْلَاكِهَا
ya'ni: “Mayyit uchun ham, tirik uchun ham ushbu vaqf qilingan mulklardan ko'ra foydaliroq narsani ko'rmaganmiz. Mayyit uchun uning savobi oqib borib turadi, tirik uchun esa, mulki saqlanib qoladi, u na hadya qilib yuboriladi, na merosga qoldiriladi va na yo'qolib ketadi”.
Ya'ni masjidlar ta'miri, obodligi masalalarida qiynchilik tug'ilmaydi. Imomlar o'z ustilarida ishlashga, bor e'tiborini mo'min-musulmonlarga islom ma'rifatini etkazishga qaratadilar.
Masjid uchun foydalari:
“Vaqf” HJFni tashkil etishdan maqsad nima edi?
Bugun yangicha rivojlanish yo'lidan odimlayotgan davlatimiz barcha sohalarni tubdan isloh qilmoqda. Zamonaviy uslub va vositalar bilan birga o'tmishning boy tajribasiga suyanmoqda. 2018 yilda muhtaram Prezidentimiz Farmoni asosida tashkil etilgan «Vaqf» xayriya jamoat fondi diniy ma'rifiy sohani rivojlantirish yo'lidagi muhim va oqilona qadamlardan biri bo'ldi. Biroq, yuz yil avvalgi buyuk islomiy qadriyat tiklandi, deya atrofga jar solganimiz – Vaqf HJF deyarli xayr-sahovat ishlarini amalga oshiruvchi tashkilotga aylanib qoldi (ba'zi ishlab chiqarish korxonasi va xizmat ko'rsatish ob'ektlari tashkil etganini istisno etmagan holda). Hozirda fond aylanma kapitalining asosini xayriya bo'limi (bir martalik ehson) tushumlari tashkil etadi. Jamg'arma rahbarining o'tgan yilgi ma'lumotiga ko'ra, «Vaqf» fondiga kishilarning o'z mulkini topshirish holati uchramagan. Demak, biz vaqfning mohiyatini, uni tiklashdan asl maqsad nima ekanini odamlarga etkaza olmadik. Vaholanki, Prezident Farmonida «Vaqf» xayriya jamoat fondining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilab qo'yilgan:
Ushbu vazifalarni amalga oshirishda fond o'z nomining shar'iy va tarixiy mohiyatiga ko'ra masjid, madrasa, shuningdek, shifoxona, maktablarning vaqf mulki tizimini tashkil etish, keng jamoatchilik orasida targ'ib qilish, bu borada tegishli huquqiy baza yaratish, to'siq bo'layotgan muammolar yuzasidan qonunchilikka o'zgartirishlar kiritish bo'yicha takliflar bilan chiqishi lozim. Halqimiz esa bu ishlarga haris, qo'li ochiq xalq. Faqat sharoit yaratib berish, to'g'ri yo'nalish ko'rsatishimiz lozim. Shundagina bir vaqtlar katta xursandchilik bilan ta'sis etilgan fond o'zining tarixiy-funksional vazifasiga munosib bo'lar edi. Va eng muhimi, ketib qolgan ishonch yana qaytadi “VAQF”ga.
Zoirjon Sodiqov
Masjidlar bo'limi mutaxassisi
[1] O'.Sultonov. Toshkent masjidlari tarixi. Toshkent. 2010 y.
[2] «Toshkent» entsiklopediyasi. 2009 y.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Arafot” so‘zi lug‘atda – “bilish, tanish” ma’nolarini bildiradi.
Makka shahridan 20 km, Minodan 10 km, Muzdalifadan esa 6 km, Namira masjididan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Uzunligi 11-12 km va kengligi 6,5 km bo‘lgan vodiy. U qattiq katta toshlardan iborat. Janubiy tomonda 168 ta zinasi mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Odam Ato bilan Havvo onamiz jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin bir-birlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi.
Boshqa bir rivoyatda Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomga ushbu makonda haj amallarini o‘rgatib: “Arofta?” (“O‘rgandingizmi?”) deganlarida, Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shundan keyin Arafot deb nomlanib qolgan.
Arofat tepaligida bir baland joy borki, u yerni “jabalul rohma”, ya’ni “rahmat tog‘i” deyiladi. Arafa kuni hojilarga yog‘iladigan behisob rahmat va barakalar sababli “rahmat tog‘i” deb nomlanadi. Ushbu tog‘ Ilol, Nobit hamda Quriyn deb ham ataladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan 81 kun oldin, hijratning 10 yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”ini aytganlar. Bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.
Arafotda hajning asosiy arkoni ado etiladi. Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Zilhijja oyining 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafotda ma’lum muddat turmagan kishining haji haj hisoblanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haj Arafotdir”, deganlar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).
Arafotga chiqishdan oldin g‘usl qilib olinsa yaxshi bo‘ladi.
Arafotga chiqishda va u yerda turganda doim takbir, tahlil, hamd va talbiya (“labbayka”) aytiladi. Arafotda duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun hojilar ko‘proq duoda, zikrda, tilovatda, iltijoda, chin dildan tazarruda bo‘lishga intilishlari lozim.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi – Arafot kungi duodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Arafotda quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Bugun Men sizlar uchun diningizni komil qildim, Men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim” (Moida surasi, 3-oyat).
Arafotda va Rahmat tog‘ida quyidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi:
“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.
“Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn”.
“Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.
“Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar”.
“Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin”.
“A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai”.
Arafotda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib qasr qilib o‘qiladi. Hajning amiri xutba o‘qiydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!” (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh huzurida Arafot kunidan yaxshiroq kun yo‘q. Alloh taolo dunyo osmoniga (farishtalarga maqtanib) yer ahli bilan faxrlanib aytadi: “Mening chang bosgan bandalarimga qarang! Mening rahmatimdan umidvor bo‘lib, barcha joylardan keldilar. Vaholanki, ular mening azobimni ko‘rmaganlar. Alloh taolo biror kunda Arafa kunidek bandani do‘zaxdan ozod qiladigan kun yo‘q, deydi”.
Alloh taolo hajingizni mabrur, sa’yingizni mashkur va gunohingizni mag‘fur qilsin!
Davron NURMUHAMMAD