Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Yer yuzida hech qanday din, hech qanday tuzum tozalikka Islom dini kabi ahamiyat bermagan. Hatto Qur'oni Karimda ham insonlar pok bo'lishga chaqirilgan ko'plab oyatlar mavjud. Masalan, bir kunda farz namozlarini o'qish uchun kamida 3–4 marotaba tahorat olinadi, Quron tilovat qilish uchun ham albatta tahoratlik bo'lish shart. Shuning uchun ham Islom dini poklik dini demakdir. Og'izlarning tozaligi, ularni toza saqlash ham Islomda ibodat darajasiga ko'tarilgan.
Tish salomatligi, uni parvarishlash haqida ko'pchiligimiz eshitganmiz, ammo bu borada beriladigan tavsiyalarga har doim ham amal qilavermaymiz va natijada tishlarning emirilishi, milk qonashi va shunga o'xshash boshqa yondosh kasalliklarga duch kelamiz. Ho'sh, inson tishlarini sog'lom saqlash uchun nima qilishi kerak?
So'nggi bor tish shifokori huzuriga qachon borganingizni eslay olasizmi? Javobingiz «yo'q» bo'lsa, unda, albatta, bunga befarq bo'lmang. Chunki kasal tishlar juda ko'p xastaliklarga sababchi bo'lishi mumkin. Tish insonning tashqi ko'rinishida ko'zga tashlanib turadigan kichik bir qism bo'lsa-da, juda katta vazifani bajaradi.
Organizm uchun eng katta xavf
Og'iz bo'shlig'ida uch yuzdan ziyod mikroorganizm mavjud. Organizmimiz uchun kerakli bakteriyalarni ishlab chiqarishga mas'ul bu mikroorganizmlar inson hayoti uchun xavfli emas. Lekin tishlar kariyes natijasida emirilsa yoki milk bilan bog'liq biror muammo yuzaga kelsa, hammasi o'zgaradi. Shunda patogen bakteriyalar soni keskin oshib ketadi va bu zararkunandalar og'izdagi o'zi makon qilgan joyni tashlab, organizm bo'ylab safarga chiqadi. Juda xavfli bu «sayohat»dan ko'zlangan birinchi manzil oshqozon bo'ladi.
Og'iz bo'shlig'idan oshqozonga borib qolgan kasallik chaqiruvchi mikroorganizmlar gastrit, oshqozon yarasi, xoletsistit kabi oshqozon-ichak muammolarini keltirib chiqarishi mumkin. Aynan shuning uchun ham tajribali gastroenterolog sizni, albatta, stomatolog huzuriga yuboradi. Ba'zan uzoq vaqt oshqozonda aziyat bergan og'riqning sababi o'tkazib yuborilgan kariyes bo'lishi mumkin. Tish va milklar muolaja qilinmaguncha oshqozondagi muammolar ham bartaraf bo'lmaydi.
Masalaning yana bir jihati ovqat hazm qilish tizimidagi muammolar ham tishlar salomatligida o'z aksini topadi. Masalan, gastritda pastki «to'rtlik» va aql tishi zararlansa, ichak kasalliklarida pastki beshlik, xoletsistit va jigar bilan muammolarda old tishlar zararlanadi. Shuning uchun kariyes uzoq yillardan beri aynan shu tishlarga «mehr» qo'ygan kishilarga gastroenterolog ko'rigidan o'tish ortiqchalik qilmaydi. Shu bilan birga, tishda tez tosh hosil bo'ladigan hamda tishlarini noto'g'ri bosadigan kishilar ham oshqozonlarini tekshirtirganlari ma'qul. Ularning ovqatni kerakli darajada chaynamasliklari ovqat hazm bo'lish jarayoniga salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Kasal tishlar nafaqat oshqozon, balki tomoq, yurak, qon-tomir va boshqa sohalar faoliyatini ham ishdan chiqarishi mumkin.
Birinchi navbatda tozalik!
Tishlaringiz doimo sog'lom bo'lishini istasangiz, ularning tozaligiga bee'tibor qaramang. Bu borada tish pastasini to'g'ri tanlash ham juda muhim. To'g'ri tanlangan tish pastasi nafaqat tishlar salomatligini ta'minlash, balki milklar yallig'lanishining oldini olishga ham katta yordam beradi.
Tishni tozalayotganda milkka zarar etkazib qo'yishdan ehtiyot bo'ling. Cho'tkaning harakati tishni tamoman tozalash imkonini berishi lozim. Tishning lab, lunj, til va tanglay yuzalari vertikal yo'nalishda, chaynov yuzalari esa aylanma harakatda bilan tozalanadi. Shundan so'ng og'iz chayiladi. Bolalarni 2–3 yasharligidan tishlarni parvarishlashga o'rgatib borish kerak. Shunda ular 7 yoshda o'zlari mustaqil bu ishni amalga oshiradigan bo'lishadi. Shuningdek, tishni o'tkir narsalar bilan tozalash mumkin emas. Bu buyumlar tish emaliga zarar etkazishi mumkin.
Misvok haqida bilasizmi?
Tish va og'iz bo'shlig'i salomatligi haqida aytilganda bu borada misvokning ahamiyatining nechog'lik ekani hech birimizga sir emas. Ammo undan muntazam foydalanishda ko'pchilik sustkashlik qiladi. Misvokning mo''jizakor narsaki, hatto zamonaviy olimlar ham buni tan olishmoqda. Misvokning tarkibi, uning foydali xususiyatlari borasida ko'plab tadqiqotlar olib borildi. Hulosalarga ko'ra, misvok odatiy tish cho'tkasidan ko'ra samaraliroq ekan. U bir vaqtning o'zida ham tish cho'tka, ham pastaning vazifasini bajara oladi. Arok daraxti shoxchalaridan olinadigan misvok, haqiqatan ham, shifobaxsh, foydali vosita. Misvok haqida Rasululloh sollalohu alayhi vasallamdan yuzdan ortiq hadis vorid bo'lgan. U zot Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Agar ummatimga mashaqqat qilib qo'yishim bo'lmaganida, ularni har namoz oldidan misvoklanishga buyurgan bo'lar edim», deganlar (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Sahoba Hofiz ibn Hojar hamda Ibn Qayyum misvokning o'ttizdan ortiq foydali xususiyatlarini sanab o'tishgan. Bular quyidagilar: Payg'ambarimiz sollalohu alayhi vasallam aslo tark etmagan sunnatlari – misvok Allohning roziligiga erishtiradi, og'izdagi badbo'y hidlarni ketkazadi, tishlarning chirishi va darz ketishining oldini oladi, milklarni mustahkamlab, ularning qonashi va yiringlashini yo'qotadi, balg'amni ko'chirib, ovozni, talaffuzni yaxshilaydi, yurak, me'da, ko'z asablarini mustahkamlab, ko'zni ravshan qiladi, uyquni qochirib, yuzni go'zallashtiradi, farishtalarni mamnun, shaytonni mahzun qiladi, xotirani kuchaytirib, zehnni ochadi, hasanotlarni ko'paytiradi va hokazo.
FOYDALI TAVSIYaLAR
Kislota va qanddan saqlaning
Gazli ichimlik, so'rma qandlar va hatto yangi siqilgan sharbatlar ham tish uchun zararli. Bunday sharbatlarda emalni emiruvchi meva kislotasi kontsentratsiyalangan ko'rinishda bo'ladi. Karamel, iris va obaki og'izda uzoq vaqt turganida esa patogen makrofloralar ko'payishi uchun qulay sharoit yuzaga keladi. Shokoladning tarkibidagi kakao bakteriyalar ko'payishining oldini olgani sababli tishga xavfi kamroq.
Tishlar uchun xavfli deb hisoblanadigan choy va qahva esa aslida foydali hisoblanadi: qora choy tish emalini mustahkamlasa, qovurilgan donlardan tayyorlangan tabiiy qahva antibakterial ta'sirga ega.
To'g'ri ovqatlaning
Tishlar mustahkam bo'lishi uchun organizmga kal'tsiy va ftor zarur. Kal'tsiy D vitamini yordamida o'zlashtiriladi. Ovqatlanish tartibingizga D vitaminiga boy buzoq, parranda go'shti, tuxum, sariyog', dengiz balig'i, kal'tsiy manbai bo'lmish qatiq, pishloq, ismaloq, brokkoli, tarkibida ftor moddasi ko'p qora choy, qora non, baliqni kiriting.
Tishlarga tushadigan bosimni kamaytiring
Tish bilan yong'oq chaqish, turli tiqin va qopqoqlarni ochish, ip uzish kabilarni unuting. Bundan tashqari tishlarni qattiq siqish, ayniqsa, g'ichirlatish odati ham unga zarar etkazib qo'yadi. Ba'zilarning uyquda tishini qattiq g'ichirlatish odati bor. Tishlarini zararlab qo'ymaslik uchun ularga uyqudan oldin tishga kiyiladigan maxsus vositalardan foydalanish tavsiya etiladi.
Ozuqaga boy mahsulotlar iste'mol qiling
Tish uchun foydali va ozuqaga boy mahsulotlar quyidagilar:
Suyak sho'rva. Suyaklar 8–72 soat past olovda qaynatiladi. Qaynash asnosida suyakdagi ko'pgina foydali mineral moddalar ajralib chiqadi. Tayyor sho'rva sovuq joyda saqlanadi va kuniga taxminan 1 stakandan (200–250 ml) ichiladi. Bu miqdor oshirib yuborilsa ham zarar qilmaydi.
Fermentlangan baliq jigari yog'i. Bu modda baliq yog'idan o'zining foydali xususiyatlari bilan ajralib turadi. Fermentlangan baliq jigari yog'i tabiiy A va D vitaminlari, Omega-3 va boshqa foydali moddalarga boy. 1 choy qoshiq fermentlangan baliq jigari yog'ida tabiiy D vitamini boshqa mahsulotlarga nisbatan bir necha barobar ko'p uchraydi.
Yaylovda boqilgan hayvon suti va sut mahsulotlari. Bunday sut xom holatda ichiladi. Sut isitilsa, undagi juda ko'p foydali moddalar nobud bo'ladi va uning tishni mustahkamlovchi xususiyatlari keskin kamayadi. Hom sutni tanlashning ham o'ziga yarasha qoidalari bor. Yaylovda boqilmaydigan qoramollarning sutini xom holda ichish kasallik paydo qilishi mumkinligini unutmaslik kerak. Tabiiy holda, ya'ni doim yaylovda o't-o'lan bilan oziqlanadigan hayvonning suti shifobaxsh xususiyatga ega.
Doktor V. Praysning xulosasiga ko'ra, «taomlanish tarzi tishlarning buzilishida ham, tuzalishida ham asosiy omil hisoblanadi. Har bir eyilgan taom tishlardan minerallar «o'g'irlashi» yoki tish-suyaklarini kerakli vitamin va minerallar bilan ta'minlashi mumkin».
Shuning uchun imkon qadar vitaminga boy mahsulotlar iste'mol qiling va har kuni tishlarni tozalab yurishni unutmang. Ana shunda siz tishlaringizni katta xavfdan saqlab qolasiz.
Nozima Umarali qizi
«Hilol» jurnalining 1(22) sonidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kahf surasi Qur’oni Karimning o‘n sakkizinchi surasi bo‘lib, u Makkada nozil bo‘lgan, bir yuz o‘n oyatdan iborat. Suraning yetmish bir oyati qissalardan iborat. Kahf so‘zi «g‘or» ma’nosini anglatadi. Suraning bunday nomlanishiga sabab, undagi asosiy qissa qahramonlari yosh yigitlar o‘z zamonidagi zolim podshoh barcha iymonli kishilarni butparast bo‘lishiga majbur qilgan vaqtda uning zulmidan qochib, iymonlarini saqlash maqsadida g‘orga kirib oladi va o‘sha yerda ilohiy mo‘jiza sodir bo‘ladi.
Ular Allohga tavakkul qilib «Ey, Robbimiz! Bizlarga o‘z huzuringdan rahmat ato etgin va bizlarning ishimizni O‘zing to‘g‘rilagin!» deb duo qilishadi. Ularning duosi ijobat bo‘lib, ular g‘orda uch yuz yil uxlatib qo‘yiladi va muhofaza qilinadi.
«(Ular) g‘orlarida uch yuz yil turdilar va yana to‘qqiz (yil)ni ziyoda qildilar». (25-oyat). Olimlar oyatda ishora qilingan vaqtni shunday izohlaydi: 300 yil x 11 kun (har yili yuzaga keladigan hijriy yilning milodiy yildan farqi) = 3300 kun. Bir quyosh yili 365 kun, 5 soat, 48 daqiqa va 45,5 soniyadan iborat bo‘lib, 3300 kun : 365,24 kun = 9 yil. Buni shunday ifodalash mumkin, Georgiy taqvimiga ko‘ra 300 yil hijriy taqvimi bo‘yicha 300+9=309 yilga tengdir. Guvoh bo‘lganimizdek, bu oyat aniq hisoblab chiqilgan 9 yil farqni nazarda tutmoqda. Vaqt to‘g‘risidagi bunday aniq ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan Qur’oni Karim ilohiy kitobligiga yaqqol bir misoldir.
Bu vaqt mobaynida quyosh nuri ham ularga manfaatli qilib qo‘yildi. Quyosh nuri chiqishida g‘orning o‘ng tomonidan, botishida esa chap tomonidan tushishi, g‘or ularning uyquda orom olishiga juda qulay sharoit qilib qo‘yildi. Uyqu vaqtida ular chirib ketmasligi uchun goh o‘ng tomonga, goh chap tomonga aylantirilib, huddi uyg‘oq odamlardek harakatga keltirib qo‘yildi. Ularning iti esa ostonada ikki old oyoqlarini uzatib yotardi. Ularning ushbu holatini ko‘rgan har qanday odam, ularni harakatidan qo‘rquvga tushib, ulardan yuz o‘girib ketardi. Ular uyg‘ongalarida bir birlaridan o‘zaro qancha uxlaganini so‘rashdi, ulardan biri bir yoki yarim kun uxladik xolos deb javob berdi. So‘ngra ulardan biri yegulik olish uchun shaharga tushadi, u yerdagi o‘zgarishlarni ko‘rib oradan uch yuz yil o‘tganini biladi. Bu vaqtga kelib xalq ustiga iymonli podshox kelganidan xabardor bo‘lishadi. Shu bilan ular iymonli holda omon qolishadi.
Alloh taolo surada g‘or egalarini uzoq yillik uyqudan turgizganidek, qiyomat kunida ham barchani qayta tiriltirishi haq ekanligini odamlarga xabarini berish uchun ushbu qissani ibrat qilib keltirdi. Shu bilan birga, har bir zamonda iymon ahli bardoshi yetadigan sinovga uchrashi, kofirlar esa vaqtincha ulardan ustun kelishi mumkinligini tushuntiradi. Bu qissa orqali iymon ahlining iymoni ziyoda bo‘lishi, Allohdan o‘zgaga ibodat qilmasligi, hayotida duch keladigan qiyinchiliklarga bardosh bersa, Alloh unga nusrat berishi va najot topishi xabari beriladi.
Qur’oni Karim sura va oyatlari mazmuni jihatidan uchga bo‘linadi: tavhid – Allohning yagona ilohligi, shariat hukmlari va tarixiy qissalar. Bu surada islom aqidasi asoslari, odob-axloq va qadriyatlarni qissalar orqali o‘rganish, dunyo ishqi, hayot mohiyatini anglashga dior ma’lumotlar bayon qilinadi.
Surada yana ibrat olish uchun ikki bog‘ egasi hayotidan namuna keltiriladi. Qissada Alloh taolo bir kishiga o‘rtasidan anhor oqib o‘tgan ikki bog‘, boylik va kuch-qudratni rizq qilib beradi. U birodariga: «Mening boyligim senikidan ko‘proq va odamlarim kuchliroq. Bu bog‘ va boyligim hech qachon yo‘q bo‘lmaydi. Qiyomat qoim bo‘lmaydi deb o‘ylayman. Qasamki, agar mabodo men Robbimga qaytarilsam, ya’ni qayta tirilsam, albatta, bundan ham yaxshiroq oqibat (baxt)ni topaman» dedi.
Iymonli birodari unga xitob qilib: «Seni (Odamni) tuproqdan, so‘ng bir tomchi suvdan yaratib, so‘ngra inson qilib rostlagan zot (Alloh)ga kofir bo‘ldingmi?, dedi. U yana: «U Alloh Robbimdir va Rabbimga hech kimni sherik qilmayman. Qani edi, sen ham Alloh hohlagan narsagina bo‘lur va kuch-quvvat yolg‘iz Allohdandir desang o‘zingga manfaatli bo‘lardi» dedi. Kufr keltirgan kishi bu bog‘lar va mol-mulk menga Allohning fazli bilan berildi demagani va kufr keltirgani uchun barchasi halok qilindi. U esa sarf qilgan xarajatlarini o‘ylab, afsus-nadomat chekib “Qani edi, men ham Parvardigorimga hech kimni sherik qilmaganimda edi!” deb qolaverdi. Bu qissadan ibrat shuki, bizga berilgan har bir ne’mat uchun Alloh taologa doimo hamd aytishimiz, unga shukr qilishimiz, berilgan ne’matlar Allohning fazli ekanligi va har bir ish Allohning hohishi bilan amalga oshishishini anglab yetmog‘imiz lozim.
Keyingi qissada Muso alayhissalom va solih banda (Hizr) haqida bayon qilinadi. Unda Muso alayhissalom Alloh taolodan “Bandalaring orasida mendan ham ilmliroq bandang bormi?” deb so‘radi. Alloh taolo: “Ha, solih bandam, Hizr alayhissalom sendan olimroq” dedi. Shunda Muso alayhissalom ilmini boyitish uchun Hizr alayhissalomni qidirib topadi. Unga boshqalarga berilmagan ne’mat – g‘oyibdan ogohlik ne’mati berilgan bo‘lib, har bir ishni hikmat ila amalga oshiradi. Muso alayhissalom unga “Senga berilgan ilmdan menga ham o‘rgatgin, senga ergashsam maylimi?” deb so‘radi. Shunda Hizr alayhissalom: “Seni men bilan yurishga sabring yetmaydi, Senda bu ilm yo‘q” dedi. Muso alayhissalom undan ilm o‘rgatishi va birga hamrohlik qilishini so‘radi.
Hizr alayhissalom bilan Muso alayhissalom birga kemaga chiqishadi va Hizr alayhissalom yo‘lda kemani teshib qo‘yadi. Muso alayhissalom unga e’tiroz bildiradi. “Bizga yaxshilik qilib kemasidan joy bersayu, sen nega ularga yomonlik qilasan”, dedi.
Yana yo‘lga chiqib bir qishloqqa borganda, ko‘chada o‘ynab yurgan yosh bolani Hizr alayhissalom o‘ldiradi. Shunda Muso alayhissalom unga yana e’tiroz bildiradi. “Nega sen yosh, begunoh bolani o‘ldirding”? dedi.
Ular yana yo‘lga tushib bir qishloqqa yetganda, xalqdan yegulik so‘raydilar, ularga hech kim yegulik bermaydi, och bo‘lishiga qaramay Hizr alayhissalom bir uyni oldidagi eski devorni buzib, uni yangidan quradi, lekin evaziga egalaridan hech narsa so‘ramaydi. Muso alayhissalom yana sabri yetmay unga e’tiroz bildirib, shu ish uchun egalaridan yegulik talab qilsak bo‘lardi, dedi. Shunda Hizr alayhissalom bu ishlarni ularning sohiblariga xayrli bo‘lishi uchun bajarganini aytib, hikmatini shunday keltiradi: “Kema miskin-bechoralarning mulki bo‘lib, uni aybli qilib qo‘ydim. Aybli bo‘lmagan kemalarni zolim podshoh talon-taroj qilib, tortib olayotgan edi. Endi ularni kemasiga tegmaydi va tirikchiligi o‘taveradi. Bolaga kelsak, uning ota-onasi mo‘min kishilar bo‘lib, u kelajakda ularga ozor beradigan va kufr ahlidan bo‘lgan farzand bo‘lar edi. Uni o‘rniga Alloh taolo solih farzand berishini iroda qildi. Eski devor tagida esa ikki yetim bolaning merosi bo‘lib ota-onalari solih insonlar bo‘lgan edi. Ular voyaga yetgunga qadar devor qulamaydi va merosini hech kim o‘zlashtira olmaydi. Seni men bilan yurishga sabring yetmaydi degan edimku, endi sen bilan ajrashish vaqtimiz keldi”, dedi.
Bu qissadan bizga eng go‘zal fazilatlardan biri sabrli bo‘lish naqadar ulug‘ hikmat ekanligi, shuningdek, ilm olish va ma’rifatli bo‘lishga doimo intilish, bu yo‘lda bor imkoniyatni ishga solish lozimligini o‘rgatadi. Har bir inson bu dunyoda o‘zidan afzal bo‘lgan boshqa ilmli, tajribali, quvvatli, taqvodor, Allohning xos bandalari borliginini anglashi lozim.
Keyingi qissada Alloh taoloning marhamati bilan butun dunyoni o‘z hukmida tutish sharafiga muyassar bo‘lgan , sharq va g‘arbga hukmronlik qilgan odil va oqil podshoh Zul-qarnayn qissasi bayon qilinib, unga butun yer yuziga hukmronlik, ilm va hikmat berilgani, barcha narsaga erishish uchun sabab yo‘llari berib qo‘yilgani, uning fath yurishlari, zolimlarni jazolab, iymonli xalqlarga yordam bergani, Ya’juj va Ma’juj qavmi yer yuzida buzg‘unchilik qilmasligi hamda ularni yo‘lini to‘sish uchun temir va mis qorishmasidan iborat ulkan devor qurgani zikr qilingan. Bu qissada har bir rahbar va amaldorlar qanday sifatga ega bo‘lishi kerakligiga javob beriladi.
Kahf surasining fazilati to‘g‘risida hadislarda shunday bayon qilingan:
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom bunday deganlar: «Kim Kahf surasining avvalidan o‘n oyatini yodlasa, Dajjol (yomonligi, fitnasi)dan saqlanadi», (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziylar rivoyati).
Boshqa bir rivoyatda:
«Kim «Kahf» surasining oxiridan yodlasa, Dajjoldan saqlanadi», deyilgan.
Sahl ibn Muoz ibn Anas Juhaniydan, u kishi otasidan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Kahf surasining avvali va oxirini o‘qisa, oyog‘idan boshigacha nurga ko‘miladi (nurli bo‘ladi). Kim uni to‘liq o‘qisa, uning uchun osmon bilan yer masofasicha nur paydo bo‘ladi (porlaydi)», dedilar. (Imom Ahmad, Imom Tabaroniy rivoyati).
Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim «Kahf» surasini Jum’a kechasida qiroat qilsa, unga ikki juma orasicha nur ziyo sochadi», dedilar (Imom Hokim, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Boshqa rivoyatda: «U bilan Baytul Atiyq orasicha nur ziyo sochadi», deyilgan.
Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Ahmadlar rivoyat qilgan hadisda Abu Is'hoq quyidagilarni aytadi: Al-Barrosning quyidagilarni aytayotganini eshitdim:
«Bir kishi Kahf surasini o‘qidi. Hovlida hayvon bor edi. Hayvon bezovta bo‘la boshladi. Odam qarasa, uni bulut o‘rab turibdi. Bo‘lgan hodisani Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytib bergan edik, u zot: «Ey falonchi, o‘qiyver, u Qur’on tilovati uchun tushgan sakiynadir», dedilar.
Hofiz Abu Bakr ibn Murdavayh Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Kahf surasini juma kuni o‘qisa, qiyomat kuni uning qadami ostidan nur chiqib, osmonu falakni yoritadi va uning ikki juma orasidagi xatolari kechiriladi», dedilar. Kim har juma kuni Kahf surasini tadabbur bilan o‘qisa, unga amal qilsa dunyo va oxirat yaxshiligiga musharraf bo‘ladi.
«Kahf» surasini tez-tez o‘qib turish va oyatlari ma’nosini tafakkur qilish orqali har bir inson hayoti davomida uchrashi mumkin bo‘lgan turli xil fitnalardan chetda bo‘ladi, berilgan barcha ne’matlarni Allohning fazlidan deb biladi. Ushbu ne’matlar shukrini banda Alloh taologa doimiy hamd aytish va unga ibodat qilish bilan ado etishi mumkin. Alloh taolo yana bir oyatda “Agar berilgan ne’matlarga shukr qilsangiz, ne’matlarimni ziyoda qilib beraman” deb marhamat qiladi. Suradagi ibratli qissalarni o‘rganib chiqqanimizdan keyin Alloh taolo surani bejizga hamd aytish bilan boshlamagani hikmati ayon bo‘ladi.
“Tafsiri hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”, “Qur’oni azim muxtasar tafsiri”
va boshqa manabalar asosida Dilshodjon Mamadaliyev tayyorladi.