Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Aprel, 2026   |   16 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:39
Quyosh
06:00
Peshin
12:31
Asr
16:59
Shom
18:56
Xufton
20:11
Bismillah
05 Aprel, 2026, 16 Shavvol, 1447

Tilni saqlash

22.01.2021   2407   3 min.
Tilni saqlash

Til insonning eng mukarram, shu bilan birga eng xatarli  azosi hamdir. Agar  inson uni yaxshilikga  ishlatsa, ulkan ajr-mukofotlarga ega bo'ladi, bordiyu yomonlikga ishlatsa uni ortidan malomatga qolishi tayin. Shuning uchun ham Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolasining ko'pchilik xatolari tilidan” [1]  deganlar.

Insonni abadiy saodatga erishib jannatga kirishi, yoki baxtsiz bo'lib do'zaxga kirishishining ham asosiy sababchisi tilidir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam, insonlarni jannatga kiritadigan amallarning ko'prog'i haqida so'ralganlarida: “Allohga taqvo qilish va chiroyli xulq” dedilar. Insonlarni do'zaxga kiritadigan narsalarning aksari haqida so'ralganlarida esa: “Og'iz va farj” [2] dedilar. Demak insonning najot topishiga Allohga bo'lgan taqvosi va chiroyli xulqi sababchi bo'lsa, halokatga uchrashiga tilini lag'vdan, avratini zinodan saqlamasligi sabab bo'lar ekan. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga ikki jag'i va ikki oyog'i o'rtasidagi narsani saqlashni kafolatini bersa, men unga jannat kafolatini beraman. Biror bir sadaqa Alloh azza va jallaga yaxshi so'zdan ko'ra mahbubroq emas” [3]   dedilar.

So'zning ahamiyati shunchalik muhimki inson birgina so'zi bilan musulmon bo'lishi yoki dindan chiqishi, insonlar o'rtasini isloh qilishi yoki buzishi mumkin. Shunday ekan Alloh taolo ne'mat qilib bergan tillarimizni faqat xayrli amallarga ishlatmog'imiz va uni Alloh va Rosuli qaytargan narsalardan tiymog'imiz lozim. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Toki tilini saqlamagunicha birortangiz ham iymonning haqiqatiga eta olmaydi” [4] dedilar. Rosululloh sollallohu a'layhi vasallam hadisi sharifda marhamat qilganlaridek iymonning haqiqatiga etish maqsadida tilimizni undan saqlashimiz kerak bo'lgan narsalarni yana bir bor eslatib o'tishni lozim deb bildik. Chunki Alloh taolo: “ (Ey, Muhammad sollallohu alayhi vasallam) Eslating! Zero, eslatma mo'minlarga manfaat etkazur”[5] degan.

 

 

Imom Buxoriy nomidagi

Toshkent Islom instituti

“Tahfizul-Qur'on” kafedrasi o'qituvchisi

Abdulahad  Sobirov.  

 

[1] Tabaroniy va Ibn Abuddunyo rivoyati.Vahid Abdussalom  Boliy. Hifzullisan 5-bet.1990-yil Makka-i mukarrama.

[2] Termiziy rivoyat qilib sahih degan 3.245 Vahid Abdussalom Boliy. Hifzullisan 5-bet. 1990-yil Makka-i mukarrama.

[3] Imom Bayhaqiy. Shu'abul-iymon, 4- juz, tilni saqlash bobi 4915- hadis. 1990-yil  Bayrut. Darul kutubil i'lmiyya.  

[4] Imom Bayhaqiy. Shu'abul-iymon, 4- juz, tilni saqlash bobi 5005- hadis. 1990-yil Bayrut.  Darul kutubil i'lmiyya.  

[5] Zoriyot surasi 55-oyat.Shayx Abdulaziz Mansur.  Qur'oni karim ma'nolarining tarjimava tafsiri. 2009-yil Toshkent. TIU nashriyoti.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Internet — ikki tig‘li pichoq

03.04.2026   5420   2 min.
Internet — ikki tig‘li pichoq

Zamonaviy dunyoni internetsiz tasavvur qilish ta’bir joiz bo‘lsa, ibtidoiy davrga qaytish bilan barobar. U bizning kundalik ehtiyojimiz, ish qurolimiz va aloqa vositamizga aylandi. Biroq, donishmandlar aytganidek, har qanday buyum va jihozning xatarli jihati bo‘lgani kabi internetning ham ikki tomoni bo‘lib, u ikki tig‘li pichoq kabidir.

Internetning birinchi tomoni bizning hayotimizni misli ko‘rilmagan darajada osonlashtirdi. Bugun shu tomoni bilan dunyoning eng nufuzli universitetlari ma’ruzalarini tinglamoqdamiz, masofaviy ta’lim va onlayn kurslar orqali o‘z ustimizda ishlayapmiz. Navbatlar, soatlab davom etadigan xaridlar ham qisman o‘tmishda qolayozdi. Kommunal to‘lovlardan tortib, oziq-ovqatgacha, barchasi soniyalar ichida hal bo‘lmoqda. Dunyoning narigi chekkasidagi yaqinlarimiz bilan yuzma-yuz ko‘rishib gaplashgandek muloqot qilinmoqda.

Agar pichoqni noto‘g‘ri tutsangiz, u albatta qo‘lingizni kesadi. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlardagi cheksiz va mazmunsiz videolar insonning eng qimmatli boyligi bo‘lmish vaqtini beayov sovuradi. Kiberfiribgarlik, yolg‘on axborotlar (feyk), yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi mazmundagi saytlar inson ongini zaharlovchi “o‘tkir tig‘”dir. Virtual dunyoda “do‘stlari” ko‘p, ammo real hayotda yolg‘izlanib qolgan insonlar soni ortib bormoqda.

Internetdan manfaatli foydalanish uchun bir nechta oddiy, ammo hayotiy qoidalarga amal qilish zarur:

  1. Maqsadni belgilang: Internetga kirishdan oldin o‘zingizga savol bering: “Hozir nima uchun tarmoqqa kiryapman?”. Aniq maqsad (ish, o‘qish yoki 5 daqiqalik hordiq) sizni tarmoqda maqsadsiz kezishdan asraydi.
  2. Filtr o‘rnating: Hamma ma’lumot ham to‘g‘ri emas. Olingan xabarni aql chig‘irig‘idan o‘tkazing, uning manbasini tekshiring.
  3. Vaqt limiti: Pichoq bilan kun bo‘yi non kesilmaydi. Internetdan ham faqat kerakli vaqtda foydalaning. Qolgan vaqtni jonli muloqot va kitob mutolaasiga ajrating.

Internet shunchaki vosita. U yomon ham, yaxshi ham emas. Uni “foydali yoki «halokatli asbob”ga aylantiradigan narsa bizning tanlovimizdir. Raqamli dunyoda yashar ekanmiz, qo‘limizdagi imkoniyatni faqat ezgulik, bunyodkorlik va taraqqiyot yo‘lida ishlatishni o‘rganishimiz shart.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

masjidi imom-xatibi

MAQOLA