Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2026   |   8 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:04
Peshin
12:35
Asr
17:38
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2026, 8 Safar, 1448

22.01.2021 y. Til ofatlari

19.01.2021   10316   17 min.
22.01.2021 y. Til ofatlari

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

TIL OFATLARI

(g'iybat, bo'hton va yolg'on haqida)

Muhtaram azizlar! Ma'lumki, til insonning eng mukarram, shu bilan birga, eng xatarli  a'zosi hamdir. Agar  inson uni yaxshilikka  ishlatsa, ulkan ajr-mukofotlarga ega bo'ladi, bordiyu yomonlikka ishlatsa, uni ortidan malomatga qolishi tayin. Insonni abadiy saodatga erishib, jannatga kirishi yoki baxtsiz bo'lib, do'zaxga kirishining ham asosiy sababchisi – tilidir. So'zning ahamiyati shunchalik muhimki, inson birgina so'zi bilan musulmon bo'lishi yoki dindan chiqishi, insonlar o'rtasini isloh qilishi yoki buzishi mumkin. Alloh taolo tilni yomonliklardan saqlab, to'g'ri so'z bo'lishga targ'ib qilib, Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَقُولُوا قَوْلًا سَدِيدًا  يُصْلِحْ لَكُمْ أَعْمَالَكُمْ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ

وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَقَدْ فَازَ فَوْزًا عَظِيمًا

ya'ni: “Ey, mo'minlar! Allohdan qo'rqingiz va to'g'ri so'zlangiz! (Shunda Alloh) ishlaringizni o'nglar va gunohlaringizni mag'firat etar. Kimki Allohga va Uning payg'ambariga itoat etsa, bas, u ulug' yutuqqa erishibdi” (Ahzob surasi 70-71 oyatlar).

 Aqlli odam gapirishdan oldin aytadigan so'zini yaxshilab o'ylab, tekshirib, keyin so'zlaydi. Agar insonning tili to'g'riso'z va tarbiyalangan bo'lsa, boshqa a'zolar ham sog'-omon va xotirjam bo'ladi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

﴿إِذَا أَصْبح ابْنُ آدَمَ، فَإنَّ الأعْضَاءَ كُلَّهَا تُكَفِّرُ اللِّسانَ، تَقُولُ: اتِّقِ اللَّه فينَا، فَإنَّما نحنُ بِكَ: فَإنِ اسْتَقَمْتَ اسَتقَمْنا وإنِ اعْوججت اعْوَججْنَا (رَوَاهُ الْاِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه)

ya'ni: “Odam bolasi tong ottirganda, tana a'zolarining hammasi tilga tanbeh berib: “Bizning to'g'rimizda Allohdan qo'rq! Biz (nima ahvolga tushsak ham), sen sababli (tushamiz). Agar to'g'ri bo'lsang, biz ham to'g'ri bo'lamiz. Agar egri bo'lsang, biz ham egri bo'lamiz” deyishadi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Darhaqiqat, tilni saqlash – naqadar go'zal amal! Inson tilini saqlasa, halok bo'lmaydi. Solihlardan biri shunday degan: “Gap ham doriga o'xshaydi. Agar uni me'yorida ichsang, foyda beradi. Agar uni ko'paytirsang, o'ldiradi”.

Azizlar! Agar kishi tiliga erk berib, o'ylamasdan gapiradigan bo'lsa, tili orqali eng katta gunoh bo'lgan g'iybat, bo'hton, yolg'on gapirish, chaqimchilik va boshqa ishlarga mubtalo bo'lishi aniq.

G'iybat va bo'hton. G'iybat ham til ofatlarining kattasi bo'lib, hozirgi kunda bu katta gunoh bilan ko'pchilik mubtalo bo'lgandir. G'iybatbir kishini yo'qligida unga yoqmaydigan gap (sifat) bilan yodga olishdir. G'iybat – islom shariatida qat'iy harom qilingan amaldir. Islom ummati g'iybat va chaqimchilikni harom deb ijmo' qilgan. G'iybat haqida  Alloh taolo Qur'oni karimda bunday degan:

 وَلَا يَغْتَبْ بَعْضُكُمْ بَعْضًا أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أَنْ يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ مَيْتًا فَكَرِهْتُمُوهُ وَاتَّقُوا اللَّهَ

ya'ni: “Biringiz biringizni g'iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o'lgan birodarining go'shtini eyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko'rasiz-ku, axir! Allohdan qo'rqingiz!(Hujurot surasi 12-oyat).

Ushbu oyati karimada Alloh taolo g'iybatdan qaytarib, uni o'laksa go'shtini eyishga o'xshatmoqda. Tabiiyki, inson o'laksadan jirkanadi. Shunday ekan, boshqalarni g'iybat qilib, obro'sini to'kishdan ham musulmon kishi xuddi o'laksa go'shtidan jirkangandek jirkanishi lozim.

G'iybatning ta'rifi haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam:

﴿"أَتَدْرُونَ مَا الْغِيبَةُ؟" قَالُوا: اللَّهُ وَرَسُولُهُ أَعْلَمُ، قَالَ: "ذِكْرُكَ أَخَاكَ بِمَا يَكْرَهُ" قِيلَ أَفَرَأَيْتَ إِنْ كَانَ فِي أَخِي مَا أَقُولُ؟ قَالَ: "إِنْ كَانَ فِيهِ مَا تَقُولُ، فَقَدِ اغْتَبْتَهُ، وَإِنْ لَمْ يَكُنْ فِيهِ فَقَدْ بَهَتَّهُ" (رواه الْاِمَامُ مسلم عن ابى هريرة رضي الله عنه).

ya'ni: “G'iybat nima ekanligini bilasizlarmi?” – dedilar. Sahobalar: “Alloh va Rasuli bilguvchiroqdir”, – deb javob berdilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “G'iybat bir birodaringizni orqasidan o'zi eshitsa yomon ko'radigan sifat bilan gapirishingizdir”, – dedilar. Shunda ulardan biri: “Agar birodarimda men aytgan o'sha sifat bor bo'lsa ham g'iybat bo'ladimi?” – deb so'radi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam esa: “Unda bor aybni aytgan bo'lsangiz, g'iybat qilgan bo'lasiz. Agar siz aytgan sifat unda bo'lmasa, bo'hton qilgan bo'lasiz”, – deb javob berdilar (Imom Muslim rivoyatlari).

Demak, birovning aybini oshkor qiluvchi so'zni to'g'ri bo'lsa ham, aytish joiz emas ekan. Chunki g'iybat bo'ladi. Agar yolg'on bo'lsa, tuhmat va bo'xton bo'lgani uchun, gunohi ham ikki hissa bo'ladi.

Qiyomat kuni g'iybatchini ahvoli og'ir bo'ladi. Bu haqda Abu Umoma al-Bohiliy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kishiga savoblari yozilgan kitobi ochiq holda beriladi. U: “Ey Rabbim, falon-falon savobli ishlarim qani, sahifamda yo'q-ku?” – deydi. Shunda unga: “Odamlarni g'iybat qilganing tufayli ularni o'chirib, g'iybat qilinganlarning amal daftarlariga yozib qo'ydim” – deydi” (Ibn Hibbon rivoyatlari).

Demak, g'iybatchi Qiyomat kuni savobli amallaridan mahrum bo'lib, g'iybat qilingan kishilarning gunohlari g'iybatchining ustiga yuklanar ekan.

Shuni unutmaslik kerakki, insonlarni, ayniqsa ulamolarni yomonotliq qilib, g'iybat qilish, ular haqida bo'hton so'zlarni aytish, har xil haqoratli rasmlarni ishlash bu katta gunoh va dinimizning ildiziga bolta urish hisoblanadi. Chunki xalq olimu ulamodan dinu diyonat, sabr-toqat va qanoat, qolaversa, odob-axloqni o'rganadi. Ularni xalqqa yomon ko'rsatish – Allohning diniga dushmanlikdan boshqa narsa emas!

Shariatimiz ko'rsatmalariga ko'ra, ko'pchilikka zarari etadigan firibgar, tovlamachi va gunoh ishlarni oshkora qilib yuradigan kimsalar haqida odamlarni ogohlantirish uchun gapirishga ruxsat berilgan. Sababi, odamlar ularning zararlaridan ogoh bo'lsin va ularga ergashmasinlar. Bu haqda Anas ibn Molik raziyallohu anhudan quyidagi hadisi sharif rivoyat qilingan. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar:

﴿مَنْ أَلْقَى جِلْبَابَ الْحَيَاءِ فَلا غِيبَةَ لَهُ (رَوَاهُ الْاِمَامُ ابن ماجه عن أبي سلمة بن عبدالرحمن رضي الله عنه).

ya'ni: “Kim hayo yopinchig'ini uloqtirgan bo'lsa, uni gapirish g'iybat hisoblanmaydi” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Hasan al-Basriy rahmatullohi alayh aytadilar: “Bid'at ahlini gapirish g'iybat emas” (“Sharhu usuli ahli sunna val-jamoa” kitobi).

Demak, ko'pchilikni to'g'ri yo'ldan ozdirayotgan kimsalarni hammaga oshkor qilib, odamlarni undan saqlanishga da'vat qilish g'iybat hisoblanmaydi.

Qolaversa, hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali bemazhablik va ahli sunna val jamoa e'tiqodidan boshqa noto'g'ri e'tiqodlarga ko'pchilikni jalb qilayotgan kimsalarning zikr qilib, ulardan boshqalarni ogohlantirish va ularning botil fatvolariga aldanmaslikka chaqirish aslo g'iybat bo'lmaydi.  

Yolg'on. Ma'lumki, yolg'on gapirish dinimizda og'ir gunohlardan hisoblanadi. Afsuski, hozirgi kunda yolg'on so'zlash oddiy bir holga aylanib qolganligiga ko'p hollarda guvoh bo'lmoqdamiz. Alloh taolo yolg'on gapni kimlar gapirishini bayon qilib shunday marhamat qilgan:

 إِنَّمَا يَفْتَرِي الْكَذِبَ الَّذِينَ لاَ يُؤْمِنُونَ بِآيَاتِ اللّهِ وَأُوْلـئِكَ هُمُ الْكَاذِبُونَ

ya'ni: “Yolg'onni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to'qirlar. Ana o'shalar o'zlari yolg'onchilardir” (Nahl surasi 105-oyat).

Yolg'on so'zlash haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

﴿إذَا كَذَبَ الْعَبْدُ، تَبَاعَدَ الْمَلَكُ عَنْهُ مِيْلاً مِنْ نَتْنِ مَا جَاءَ بِهِ (رَوَاهُ الْاِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عن ابن عمر رضي الله عنهما)

ya'ni:“Qachonki kishi yolg'on gapirsa, farishta u gapning sassiqligi sabab bandadan bir mil masofaga uzoqlashadi”,– dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Tasavvur qiling, kishini muhofaza qilib turadigan, undan hech ajralmaydigan farishtalar yolg'onchidan uzoqlashar ekanlar. Boshqacha qilib aytganda, yolg'onchining farishtasi bo'lmaydi.

Rostgo'y inson jannatga kirishi va u Alloh taolo huzurida “siddiq” degan  maqom bilan sifatlanishini eshitgan har bir musulmon, shubhasiz, rostgo'y bo'lishga intiladi. Hamma rostgo'y bo'lsa, jamiyat hayoti ijobiy tomonga o'zgaradi. Ulamolarimiz: “Rostgo'ylik – dilingdagi haqiqatni tilingga chiqarishingdir”, deyishgan. Demak, ibodatda, insonlar bilan muomalada, oldi-sotdi, nikoh va boshqa masalalarda kishining dili bilan tili bir bo'lishi lozim.

Muhtaram jamoat! Bugungi kunimizda eng asosiy muammoga aylangan illatlardan biri yolg'on axborotdir. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda turli asossiz ma'lumotlarni tarqatish, turli bo'htonlar va uydirmalarni asossiz ravishda urchitish holatlari ko'plab uchramoqda. Ayrim soddadil musulmonlar mana shunday uydirmalarga ishonib, yolg'on va bo'htonga sherik bo'lib qolmoqdalar. Masalan, kuni-kecha ijtimoiy tarmoqlarda: “2021 yilda Ramazon oyi 12 apreldan boshlanadi. Buni iloji boricha hammaga tarqating! Payg'ambarimiz aytganlar: “Kim bir insonga Ramazon oyi kirib kelish sanasini birinchi bo'lib eslatsa, do'zax olovi o'sha inson uchun harom qilinadi” degan mazmundagi gapni hadis deb tarqatildi. Vaholanki, bunday mazmunda hadis yo'q! Bu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga to'qilgan uydirmalardan biridir.

 

Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Albatta, menga yolg'on to'qish boshqa birovga yolg'on to'qishdek emas. Kim menga yolg'onni bilib turib to'qisa, do'zaxdan o'z o'rnini tayyorlayversin” – deyilgan. Ulamolarimiz to'qima hadislarni aytish va tarqatishdan qattiq qaytarganlar.

Shunday ekan, bunday yolg'on xabarlar, to'qima rivoyatlarni tarqatib yurganlar tavba qilishsin va oddiy-asossiz gaplarni “hadis” deb tarqatishni to'xtatishsin!

Yana bir yolg'on xabar: o'tgan hafta Sirdaryo viloyatining bir qator tumanlarida Tojikiston va O'zbekiston chegarasida joylashgan “Bahri tojik” (Qayroqqum) suv omborida to'g'on buzilgani va suv toshqini kelayotgani haqida vahima ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Bu yolg'on ma'lumotdan tashvishlangan ba'zi kishilar uylaridan uzoqroqqa ketish uchun harakatga tushgan bo'lsa, yana bir qismi yarim tungacha ko'chada o'tirgan.

Azizlar! Shuni ta'kidlash kerakki, har bir sohaning o'z mas'ul va mutasaddilari bor. Ular o'z sohasiga tegishli ishlar bilan doimiy mashg'ul. Shunday ekan, qayerdan bir xabar kelib qolsa, unga ishonib ketavermasdan, xabarni aniqlashtirish uchun soha mutaxassislariga murojaat qilish lozim.

Shuni unutmaslik kerakki, odamlardan eshitgan narsasini surishtirmay gapiraverish gunoh ekaniga quyidagi hadisi sharif ham yaqqol dalil hisoblanadi:

﴿كَفَى بِالْمَرْءِ كَذِبًا أَنْ يُحَدِّثَ بِكُلِّ مَا سَمِعَ  )رَوَاهُ الْاِمَامُ مَسْلِمٌ عن ابى هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Har bir eshitgan narsasini gapirish kishining yolg'onchi ekaniga etarli bo'ladi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Qays ibn Abu Hozimdan rivoyat qilinadi: Abu Bakr raziyallohu anhuning “Yolg'ondan ehtiyot bo'linglar, yolg'on albatta imondan chetlatuvchidir” deganini eshitdim.

Katta gunohlarga sabab bo'ladigan g'iybat va yolg'onni ba'zi g'arazli kishilar jamiyatda fuqarolar va davlat orasiga ixtilof solish uchun  ham ishlatmoqdalar. Buning oqibatida ishonchsizlik, adovat, nizo va fitna kelib chiqadi. Shunday ekan, oila, mahalla va yurtda fitnaga sabab bo'ladigan so'zlardan va ig'vo xabarlarni tarqatishdan ehtiyot bo'laylik!  

Hulosa qilib aytganda, bizga ne'mat qilib berilgan tilimizni ehtiyot qilib, so'zlashdan oldin avval o'ylab, keyin so'ylashimiz ayni muddaodir. Uni faqat ikki dunyomizni obod qiladigan xayrli ishlarga sarflashimiz lozimdir.

Alloh taolo barchamizga tilimiz orqali ko'plab xayrli amallarni qilish va O'zi rozi bo'lmaydigan ishlardan tilimizni tiyish baxtini nasib etsin! Omin!

 

 

Hurmatli imom-domla! “Hidoyat”, “Mo'minalar” jurnallari va “Islom nuri” gazetasiga obuna bo'lishni jamoatga eslatib qo'yishingizni so'raymiz.

 

 

Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “Ota-onani rozi qilish – farzandlik burch” mavzusida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

X asrdan "reportaj": Movarounnahr haqidagi eng ishonchli qo‘lyozma o‘zbek tilida nashr etilmoqda

20.07.2026   14860   6 min.
X asrdan

Samarqand va Buxoro bugun dunyo turizmining eng mashhur yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Biroq bu shaharlar ming yil avval qanday ko‘rinishda bo‘lgan? Ular qanday iqtisodiy qudratga ega edi, qaysi xalqaro savdo yo‘llarini bog‘lagan va musulmon sivilizatsiyasi taraqqiyotida qanday o‘rin tutgan? Bu savollarga javob arxeologik topilmalar emas, balki X asrda yashagan arab geografi va sayyohining bevosita kuzatuvlariga asoslangan asarida mujassam, xabar bermoqda iccu.uz. Endi mazkur nodir manba tanqidiy matn, qiyosiy qo‘lyozmalar tahlili va ilmiy sharhlar bilan birinchi marta o‘zbek kitobxoniga taqdim etilmoqda.

Global miqyosda madaniy merosni saqlash, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va sivilizatsiyalar tarixi bo‘yicha birlamchi manbalarni qayta tadqiq etishga qiziqish kuchayib borayotgan bir paytda O‘zbekistonda yana bir muhim akademik nashr tayyorlanmoqda. Mashhur arab geografi va sayyohi Abu Is'hoq Ibrohim al-Istaxriyning X asrda yozilgan "Kitob al-masolik val-mamolik" ("Yo‘llar va mamlakatlar kitobi") asari tanqidiy matn va ilmiy izohlar bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan o‘zbek tilida nashr qilinmoqda.

Nashr O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan tarjima va keng qamrovli manbashunoslik tadqiqoti natijasidir.

Markaz ilmiy xodimi Ravshan Xudayberganovning qayd etishicha, ushbu asar tarixiy geografiyaga bag‘ishlangan oddiy risola emas. U X asr musulmon olamining siyosiy, iqtisodiy va madaniy manzarasini aks ettiruvchi eng muhim birlamchi manbalardan biri hisoblanadi. Istaxriy turli mamlakatlar bo‘ylab sayohat qilib, shaharlar, savdo yo‘llari, aholi turmush tarzi, iqtisodiy munosabatlar va davlat boshqaruviga oid ma’lumotlarni shaxsiy kuzatuvlari asosida qayd etgan.

Ayniqsa, asarda Movarounnahr haqida keltirilgan ma’lumotlar bugungi tarixshunoslik uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Samarqand, Buxoro va mintaqaning boshqa shaharlari nafaqat musulmon Sharqining muhim madaniy markazlari, balki Ipak yo‘li orqali Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyoni bog‘lagan xalqaro savdo tizimining strategik nuqtalari sifatida tasvirlanadi.

Bugungi kunda tarixchilar qadimgi shaharlar taraqqiyotini arxeologik ma’lumotlar, epigrafik yodgorliklar va qo‘lyozma manbalarni o‘zaro solishtirish orqali tiklamoqda. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Istaxriy asari arxeologik dalillarni to‘ldiruvchi bevosita katta ilmiy ahamiyatga ega.

Asar IX–XII asrlarda Markaziy Osiyoda shakllangan va ko‘plab tadqiqotchilar tomonidan Birinchi Renessans deb baholanuvchi sivilizatsion yuksalish davrini anglashda ham muhim manba vazifasini o‘taydi. Bu davrda ilm-fan, shaharsozlik, savdo, madaniyat va ma’rifat yuqori taraqqiyot bosqichiga chiqqan bo‘lib, keyinchalik musulmon sivilizatsiyasi va jahon ilm-fani rivojiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.

Nashrning asosiy ilmiy qiymati uning tanqidiy matn asosida tayyorlanganida namoyon bo‘ladi.

Ravshan Xudayberganov, Markazning Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘limi ilmiy xodimi:

Mazkur asar X asr musulmon olamining tarixiy geografiyasi bo‘yicha eng muhim manbalardan biridir. Chunki unda nafaqat Movarounnahr, balki Xuroson, Eron, Iroq, Arabiston, Kavkaz va boshqa ko‘plab hududlar haqida ham ma’lumotlar jamlangan. Shu bois bu asar butun musulmon sivilizatsiyasining o‘sha davrdagi holatini o‘rganish imkonini beradi. Kitobning ilmiy ahamiyatini yanada oshiradigan jihat — uning tanqidiy matn asosida nashr etilganidir. Odatda qadimiy manbalar bir yoki ikki qo‘lyozma nusxa asosida tarjima qilinadi. Natijada ayrim matniy farqlar e’tibordan chetda qolishi mumkin. Ushbu nashrda esa manbashunoslikning eng muhim talablaridan biri bo‘lgan qiyosiy tahlil usuli qo‘llanilgan.

Ma’lum qilinishicha, tadqiqot davomida asarning arab tilida saqlangan sakkizta qo‘lyozma nusxasi hamda keyinchalik fors tiliga qilingan tarjimaning o‘nta qo‘lyozmasi o‘zaro qiyoslangan. Jami o‘n sakkizta qo‘lyozma tahlil qilinib, ular asosida muallif matniga eng yaqin hisoblangan tanqidiy matn qayta tiklangan.

Manbashunoslik nuqtayi nazaridan bunday yondashuv xalqaro akademik amaliyotda eng ishonchli usullardan biri hisoblanadi. Turli qo‘lyozmalardagi matniy farqlarni solishtirish orqali asarning keyingi asrlarda qanday tahrirlangani, qaysi ma’lumotlar qo‘shilgan yoki o‘zgarganini aniqlash imkoni paydo bo‘ladi.

Nashrning yana bir muhim jihati shundaki, barcha matniy tafovutlar satr osti izohlarida keltirilgan, tarixiy shaxslar, etnonimlar, toponimlar va geografik atamalarga oid keng sharhlar esa kitobning izohlar qismida jamlangan. Bu jihat esa kitobni keng kitobxonlar ommasi bilan bir qatorda tarixchilar, sharqshunoslar, etnologlar, geograflar va iqtisodiy tarix tadqiqotchilari uchun ham muhim ilmiy manbaga aylantiradi.

Mutaxassislarning fikricha, arab va fors tilidagi qo‘lyozmalarni bir vaqtning o‘zida qamrab olgan bunday keng qamrovli manbashunoslik tadqiqotlari milliy akademik muhitda nisbatan kam uchraydi. Shu jihatdan mazkur nashr nafaqat bir qadimiy asarning tarjimasi, balki O‘zbekistonda manbashunoslik maktabini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy loyihalardan biri sifatida baholanmoqda.

Bugun jahonda madaniy merosni raqamlashtirish, qo‘lyozmalarni saqlash va ularni xalqaro ilmiy muomalaga kiritish dolzarb vazifaga aylangan. Istaxriyning "Kitob al-masolik val-mamolik" asari ham ana shu global jarayonning bir qismi sifatida Markaziy Osiyoning sivilizatsiyalar tarixidagi o‘rnini yanada chuqurroq anglashga xizmat qiluvchi muhim ilmiy manba sifatida e’tirof etilmoqda.

Tadqiqot natijalaridan ko‘rinadiki, ming yil avval Movarounnahr bo‘ylab safar qilgan muallifning kuzatuvlari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Aksincha, ular tarixchilarga o‘tmishni qayta tiklash, geograflarga qadimgi hududlarni aniqlash, madaniyatshunoslarga esa xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni tadqiq etishda ishonchli asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, "Kitob al-masolik val-mamolik" faqat tarixiy yodgorlik emas, balki Markaziy Osiyoning Birinchi Renessans davrini ilmiy asosda anglashga xizmat qilayotgan dolzarb akademik manba sifatida ham ahamiyat kasb etadi.

 

Durdona Rasulova

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari