Sabr dinning yarmi, namoz esa uning ustunidir. Kimda kim shu ikki asosni mahkam ushlasa, barcha yaxshilikka erishishida hech qanday shak-shubha yo'q.
Abu Sulaymon Doroniy rahimahulloh: "Eng mushkul, shu bilan birga eng qadrli narsa sabrdir. Uning ikki turi mavjud. Birinchisi Alloh buyurgan amalni bajarish yo'lida sabr. Ikkinchisi Alloh taolo man qilgan va nafs istab turgan amaldan tiyilishda sabr", deganlar.
Imom Rabboniy rahmatullohi alayhi: "Inson hayoti davomida duch keladigan barcha yaxshilik ham, yomonlik ham Alloh taoloning irodasi bilan bo'ladi. Biz o'z xohish – istaklarimizni Robbimizning irodasidan ustun qo'ymasligimiz lozim. Nimaki sodir bo'lsa, barchasi Alloh taolodan ekanligiga iqror bo'lish bilan bandalik yuzaga chiqadi. Ha, haqiqiy qul shunday bo'ladi. U o'z hojasining hoxishiga e'tiroz bildirmaydi".
Abdulqodir Jiyloniy rahimahulloh odamlarga yuzlanib bunday dedilar: "O'z holingizdan nolimang. Hamisha cabrli bo'ling, aslo Alloh taoloning rahmatidan noumid bo'lmang. Zero, holis Alloh taolo uchun qilingan sabr va bardosh albatta mukofotsiz qolmaydi. Ozgina sabr qilish, uzoq yillar uning rohatini ko'rishga sabab bo'ladi. Kimki o'zining qat'iyligi bilan mashhur bo'lsa, bilki u qilgan sabri bilan mashhur bo'lgan".
Darhaqiqat, sabr barcha yaxshiliklarning kaliti, yaxshiliklar esa barakaning kalitidir. Demak, kimda kim sabrli bo'lsa, inshaalloh barcha yaxshiliklarga erishadi.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Hozirgi kunda yangi qurilayotgan uylarga to‘lov qilib sotib olayotgan xaridor uyni qabul qilmasdan turib, uni sotishi mumkinmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Xaridor to‘lov qilgan uyini quruvchidan to‘liq qabul qilib olmasdan turib, sotishi mumkin emas. Chunki unga berilishi kerak bo‘lgan uy hali qurilmagan bo‘lsa, yo‘q narsani sotgan bo‘ladi. Qurilgan, lekin xaridorga topshirilmagan bo‘lsa, mulkida bo‘lmagan narsani sotgan bo‘ladi. Islom shariatiga ko‘ra yo‘q narsani ham, mulkida bo‘lmagan narsani ham sotish taqiqlanadi. Shu bois xaridor uyni quruvchidan to‘liq qo‘lga kiritgandan keyingina sotishi mumkin bo‘ladi.
Shunday bo‘lsada, hozirgi kunda islom moliyasi sohasida parallel istisno’ deb atalayotgan amaliyot orqali ushbu savdoni joiz qilish mumkin. Lekin bu biroz murakkab amaliyot hisoblanadi. Shuning uchun bu yo‘l bilan oldi-sotdi qilmoqchi bo‘lganlar mazkur savdo turini yaxshi biladigan mutaxassisga bevosita uchrashib, masalani to‘liq bilib olgandan keyin qilishlari lozimdir. Aks holda yuqorida aytilgan taqiqlangan ishni qilib qo‘yadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.