Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo'li yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo'lishi, o'sha davlatda yoshlar ta'lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e'tibor darajasiga chambarchas bog'liq.
Shu ma'noda O'zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so'zlagan nutqida shunday bitiklar bor edi: “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo'lib kamolga etishi bilan bog'liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o'z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat”.
Darhaqiqat, yoshlarga e'tibor bu kelajakka e'tibor, demakdir. Shu e'tibordan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev o'tgan 26 dekabr' kuni mamlakatimizda birinchi bor o'tkazilgan O'zbekiston yoshlari forumida butun mamlakatimiz yoshlariga qilgan murojaatlarida shunday dedilar: “O'z tajribamdan kelib chiqib, sizlarga aytadigan maslahatim shu: Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o'tmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim – o'tda yonmaydigan, suvda cho'kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang! Halqimiz, Vatanimiz sizlardan buyuk ishlar kutayotganini hech qachon yodingizdan chiqarmang!”.
Mazkur forumda davlatimiz rahbari yoshlar kelajagi bilan bog'liq juda ham muhim va nozik masalaga urg'u berdilar. Bu masala so'nggi yillarda keskin ko'payib ketayotgan oilalar ajrimi va uning oqibatida tirik va sarson etim bo'lib qolayotgan yosh avlod tarbiyasi masalasi bo'ldi. Bu haqidagi murojaatlari shunday bo'ldi:
“Halqimiz azaldan oilani muqaddas bilib, uni doimo asrab-avaylab keladi. Oila qanchalik mustahkam bo'lsa, jamiyat ham shunchalik barqaror bo'ladi.
Bir narsani unutmasligimiz lozim: xonadonlarimizdagi tinchlik-totuvlik, avvalo, oiladagi sog'lom muhit, mustaqil hayot ostonasida turgan qizlarimizni oilaviy turmushga tayyorlash bilan bevosita bog'liq.
Afsuski, bu muhim masalaga loqaydlik va e'tiborsizligimiz natijasida joriy yilning o'tgan 11 oyida yosh oilalar o'rtasida 25 ming ajrimlar qayd etilgan. Bu salbiy holat barchamizni jiddiy bezovta qilishi va qattiq tashvishga solishi kerak.
Axir, o'zingiz o'ylang, 25 ming ajrim – agar har bir oilaning kamida uch nafar a'zosi bo'lsa, bu – 100 ming odam hayotining barbod bo'lgani emasmi?! Buning oqibatida qanchadan qancha begunoh bolalar tirik etim bo'lib qoladi. Qancha insonning taqdiri izdan chiqib, sarson-sargardon bo'ladi.
Nega mana shu oilalarni saqlab qolish uchun mahallada harakat qilmadik, yoshlarga to'g'ri yo'lni ko'rsatmadik?
Men, bugungi imkoniyatdan foydalanib, keng jamoatchilikka, avvalambor, ko'pni ko'rgan mo''tabar nuroniylarimizga, oqila va mehribon onalarimizga murojaat etmoqchiman. Bu og'riqli masalada bizga yordam beringlar, deb iltimos qilaman.
Oilaviy nizolarning oldini olish, ajrimlarni kamaytirish borasida siz, aziz yoshlarimiz ham tashabbus va faollik ko'rsatsangiz, men barchangizdan cheksiz minnatdor bo'lar edim”.
Tassufki, so'nggi yillarda oilaviy ajrimlar soni keskin ko'payib ketmoqdi. Buning oqibatida esa qanchadan qancha oilalarning obro'si to'kilmoqda. Tul va bevalar soni ortmoqda. Odatda bu misol holatlarda jamiyatda zino va hayosizliklar yuzaga keladi. Bu o'z navbatida ma'naviy muhitni buzilishiga eshik ochadi.
Eng achinarlisi, o'rtadagi bechora farzandlar tirik va sarson etim bo'lib, nima qilishni bilmay qolmoqda. Otasi bilan qolay desalar onasi norozi, onasi bilan qolay desalar otasi norozi. Alaloqibat ularning farzandlari ikki o'tning orasida qolib, mehr va shafqatga tashna yosh boshi bilan tog' bardosh bera olmas bir qancha mashaqqatlarga duch kelmoqda. Odatda bu misol buzuq muhitda o'sayotgan yosh avlod mehr va oqibatni, rahm va shafqat nimaligini bilmasdan tarbiyasi buziladi.
Darhaqiqat, oilaviy ajrimlar aksar hollarda farzandlarni noqobil, nafaqat jamiyatga, balki o'z ota-onalariga beshafqat va bemehr bo'lib voyaga etishiga sabab bo'lmoqda. Negaki, ular uchun mehr va oqibatni, rahm va shafqat misol insoniy fazilatlar begona hisoblanadi. Mehr va oqibat, rahm va shafqatni shu munosabat bilan ulg'aygan boladangina kutish mumkin.
Mehribonlik uylari ming shinam va go'zal bo'lmasin, u bolalarning uyi emas. Haroba bo'lsin, lekin unda bolaning faqir bo'lsa ham mehribon va shafqatli ota-onasi bo'lsin.
Oilaviy ajrimlarning zararlari yuqoridagi holatlardan boshqa bir qancha zarar va ziyonlari ham mavjud. Bir oila buzilishi sababli ko'plab musulmonlarning o'rtalarida dushmanchilikni paydo qiladi. Shuning uchun ham Shaytonni eng xursand qiladigan ish – oilaning buzilishidir.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Iblis o'z taxtini suv ustiga quradi va o'z lashkaridan guruhlarni yuboradi. Ularning eng ko'p fitnachisi, unga eng yaqinidir. Birisi kelib: “Unday qildim, bunday qildim”, deydi. U bo'lsa: “Hech narsa qilmabsan!” deydi. Keyin boshqa biri kelib: “Uni holiga qo'yarda qo'ymay oqibatda xotini bilan orasini buzdim”, deydi. U esa o'shani o'ziga yaqinlashtirib: “Ha, balli, qanday ham yaxshisan!” deydi”, dedilar” Imom Muslim rivoyati.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! ... Hotinlaringiz bilan xushmuomalada va tinch-totuv yashang. (Mabodo xotinlaringizni yoqtirmay qolgan bo'lsangiz, shunda ham sabr qiling!) Zero, sizlar yomon ko'rgan narsada Alloh ko'p yaxshiliklarni qilib qo'ygan bo'lishi mumkin” (“Niso” surasi, 19-oyat).
Haq taolo mo'min bandalariga: “Ey iymon keltirganlar”, deya mo'min bandalarini er-xotinlik hayotini saodatli qiladigan ishga yo'llab marhamat qiladi: “Hotinlaringiz bilan xushmuomalada va tinch-totuv yashang”. Ya'ni har bir erkak ayoli bilan o'zaro hurmat-ehtirom va mehr-muhabbatda hayot kechirsin, xotiniga mudom yaxshilik qilsin, biron so'z yo harakat bilan unga yomonlik qilmasin. Mabodo xotinini yoqtirmasa ham sabr qilsin, taloq qilib ajrashib ketmasin. Shoyadki, Alloh taolo bu oilaning saqlanib qolishida ko'p yaxshiliklarni taqdir qilar, otaning ko'zini quvontiradigan va ummatga foydasi tegadigan farzandlar dunyoga kelar yoki erning qalbidagi yoqtirmaslik ketib, o'rnini muhabbat egallar va er-xotin o'rtasida mehr paydo bo'lar.
“Hotinlaringiz bilan xushmuomalada va tinch-totuv yashang. (Mabodo xotinlaringizni yoqtirmay qolgan bo'lsangiz, shunda ham sabr qiling!) Zero, sizlar yomon ko'rgan narsada Alloh ko'p yaxshiliklarni qilib qo'ygan bo'lishi mumkin”dan murod mana shulardir.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: “Mo'min er mo'mina xotinidan nafrat qilmasin. Agar uning bir xulqini yoqtirmasa, boshqa bir xulqidan rozi bo'ladi” (Imom Muslim rivoyati). Ya'ni er xotinidan butkul g'azablanishi joiz bo'lmaydi, chunki xotinining ayrim fe'lidan g'azablansa, uning boshqa yaxshi odatlaridan rozi bo'lib ketaverishi kerak.
Unutmaylik, bu ko'rsatma butun borliqni yo'qdan bor qilgan va uning saodati nimada ekanligini yaxshi biluvchi mehribon Yaratgan Robbimiz ojiz va uzoqni bilmaydigan bandalarga o'rgatgan ilohiy yo'l-yo'rig'idir!
Shunday ekan har bir yangi oila qurayotgan kelin va kuyovlar mazkur oyat va hadisi sharifni ongli ravishda tushunib, unga amal qilgan holda, oila qurmog'i, atrofdagilar ham ushbu qurilayotgan oilalarni tinch, baxtli-saodatli yashab ketishiga o'z hissamizni qo'shishimiz lozim bo'ladi.
Tahlil natijalari 90 foizidan ortiq oilaviy ajrimlarga “dedi-dedi” gap-so'zlar va mol-u dunyo masalalari sabab bo'lishini ko'rsatmoqda.
Ushbu illat bir bolaning, u o'g'il yo qiz bo'lsin, birgina tabassumi yoki “Ota” yoxud “Ona...” degan ovoziga almashishga arziydimi?!
Jasurbek Raupov,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi
Nok tusagan ko‘ngil
Otasi tongga yaqin ko‘zini ochdi. Xayriyat, yaxshi tomonga o‘zgarish. Uch kundirki, farzandlar yig‘ilgan, hech kimning tinchi yo‘q, padari buzrukvori o‘lim bilan olishmoqda. Qarilik davosi yo‘q kasallik, agar qo‘shimcha dard bezovta qilsa, bunisi ortiqcha. “Ana uziladi, mana uziladi” deb aka-uka, opa-singillar kecha-kunduz “navbatchi”. Xudoning rahmi keldi shekilli, otasi bugun sal o‘nglandi. Qarshiboy aka u kishining ahvoli-ruhiyasiga qarab, kayfiyati ko‘tarildi.
– Bolam, beri kel, – otasi tovushi chiqar-chiqmas ohangda o‘g‘lini yoniga chaqirdi. –Nok yegim keldi, ilikuzildi payt, bilmadim, bozorda bormi-yo‘qmi...
–Topsa bo‘ladi, ota, nok o‘zimizda yetishtiriladi, chetdan keltirilmaydi-ku?!
Balki ko‘ngli tusayotgan mevani yesa, otasi oyoqqa turib ketar, Allohning mo‘jizalari ko‘p. Axir, qon bosimi ko‘tarilib, me’yorlashsa, qanchadan-qancha odamlar yashab ketadi-ku.
Qarshiboy aka avval Jarqo‘rg‘on bozoriga tushdi. Rastada nok ko‘rmadi, anqoning urug‘i, meva sotayotganlardan so‘radi, yelka qisishdi. Balki Qumqo‘rg‘on bozoridan topsa bo‘lar.
– Niyatim xolis ekan. Otam rahmatlining istagini bajo aylash uchun narxi qimmat bqlsa ham ikki kilo nok xarid qildim, – deb eslaydi Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi otaxon Qarshiboy Jangirov. – Xuddi xazina topgan kishidek uyga halloslab qaytdim. Otamning ikki ko‘zi shift uzra qadalgan, yuz-ko‘zida so‘lg‘inlik, hayot nishonasini jonlantirish uchun nokdan bir donasini yuvib, qo‘liga tutdim. Yuziga tabassum yoyildi: “Topib kelibsan, bolam, umringdan baraka top. Odam u dunyoga ketar oldidan nimanidir ko‘ngli tusar ekan-da. Alloh sendan rozi bo‘lsin!”. Mening ko‘zimga yosh keldi. Sira xayolimdan ketmaydi. Otam nokni qo‘liga olib, u yoq-bu yog‘ini aylantirib ko‘rdi. Po‘stlog‘i sarg‘ish-qizg‘ish meva “meni ye” degandek yal-yal yonardi. Bemor otam kuch to‘pladi-da, mevadan bir tishladi, uning sharbati dahani uzra oqib tushdi, oxirigacha amallab tanovvul qildi. Yengil tortdim va nokdan yana bir donasini uzatdim. Ammo u kishi boshini chayqadi. Kechga yaqin otamning joni uzildi... Bir dona nok ekan, u kishining armoni, ezilib-ezilib, to‘kilib-to‘kilib yig‘ladim. So‘nggi manzilga ketar chog‘da otamning duosini olib qolganim menga taskin beradi.
Dilda armon bo‘lmasin, agar afsus-nadomat o‘rtasa, har bandaki, o‘z hayotidan ko‘ngli to‘lmay yashaydi. Alloh taoloning roziligi birinchi o‘rinda tursa, ota-ona duosini olish, ularni hayotlik chog‘ida siylash, hurmat-ehtirom ko‘rsatish har bir insonni baxtu saodat manziliga yetkazadi, bu bor gap, azaliy haqiqat.
“Hech kimdan kam bo‘lmasin!” debmanu...
1990-95 yillar edi, yanglishmasam, hozirgidek ijtimoiy tarmoqlar jamiyat hayotini ishg‘ol etmagan, odamlar televizor ko‘rib, radio eshitadigan zamonlar. O‘zbekiston televideniyesi orqali “Toychoq” videospektakli namoyish etildi. Bosh rollarni el nazariga tushgan Lutfulla va Gulchehra Sa’dullayeva, Fathulla Ma’sudov kabi aktyorlar o‘ynashgan. Teleasar g‘oyasi, syujeti farzand tarbiyasida qattiq yanglishgan ota-onaning afsus-nadomatiga bag‘ishlangan. Bolaning og‘zidan chiqqanini muhayyo qilish, unga haddan ziyod mehribonlik ko‘rsatish, qiynalmasligi uchun ota-onaning o‘zini o‘tga-cho‘qqa urishi ko‘p hollarda tanazzulga olib kelishi “Toychoq” videospektakli mazmuniga chuqur singdirilgan. Ehtimol, qadamini noto‘g‘ri tashlab, barmog‘ini tishlab o‘tirgan zamondoshlarimiz spektaklda o‘z qiyofasini ko‘rishgandir. Farzand tarbiyasida xatolikka yo‘l qo‘yganini anglab, endi ularni “qayirib” ololmayotganlar oramizda yo‘q deysizmi?
–Turmush o‘rtog‘im bilan oilaviy mojarolarimiz juda kuchayib ketdi, pichoq borib suyakka qadaldiyu, ajrashdik,– deydi Toshkent shahrida yashovchi beva ayol. –Ikki qiz, ikki o‘g‘limni birovdan kam qilmay, qornini to‘q qilib, egniga brend darajasiga chiqqan qimmat kiyim-kechak ilibman. Otasi yo‘q, ko‘ngli o‘ksimasin, tengqurlari oldida mulzam bo‘lmasin, deb topganimni ularning og‘ziga tiqibman, afsuski, ularni boriga shukr, yo‘g‘iga qanoat qilishga o‘rgatmabman. Kunda yegan och, oyda yegan to‘q bo‘larkan, ro‘zg‘orda nimadir uzilish bo‘lib qolsa, endi dodlab yuborishadi. Endi to‘rtovlonni yo‘lga sololmayapman, nafaqat menga, hattoki, ular bir-biriga sapchiydi. Ro‘zg‘or ishlari sansalor, tun yarmiga qadar telefon titkilash...Xullas, taqdir meni ne ko‘ylarga solmadi...
Tanish ayol yig‘lamsirab so‘zlaydi. Unga qanday taskin-tasalli berishni bilmaysan, kishi. Bu yuqorida zikr etilgan “Toychoq” videospektakli mazmuniga mos voqelik. Ota-onani rozi qilish savob ekanligini bilamizu, ba’zida teskari holatning ro‘y berishiga ularning o‘zlari ham sababchi bo‘lib qolishi haqida o‘ylab ko‘ravermaymiz. Qariyalar uyida istiqomat qilayotgan nuroniylar hayotini tahlil qilsangiz, bunga aynan ularning o‘zlari shart-sharoit yaratganini tan armon bilan tan olishadi. Xom sut emgan bandalar g‘isht qolipdan ko‘chgan paytdagina pushaymon chekadilar. Bunday xatolikdan Allohning O‘zi qaytarsin, O‘zi asrasin!
Islom dinidagi ezgu g‘oya
Muqaddas islom dini ota-onaga itoatda bo‘lish, izzat-hurmat ko‘rsatish va ularning roziligini olishni targ‘ib qiladi. Qur’oni karimning “Niso” surasi 36-oyatida “Va Allohga ibodat qiling, Unga hech narsani sherik keltirmang va ota-onangizga yaxshilik qiling”, deya marhamat qilinadi.
Darhaqiqat, muqaddas islom dini oilaning har bir a’zosi uchun u loyiq bo‘lgan maqom va darajani belgilab bergan. Oilada eng qadrlanishi lozim bo‘lgan zot bu ota-onadir. Insonning dunyoga kelishi Alloh taoloning g‘aybi va marhamati bo‘lsa, ota-ona zohiriy sababchi ekanligi barchaga ayon. Chortoq tumanidagi “Sulton Said” jome masjidi imom-xatibi Lutfulloh Davlatovning mulohazasini keltirib o‘tamiz:
–Har bandaning ota-onasiga yaxshilik qilishi ezgulikdan nishona. Bu hech qachon ularga qarshi chiqmaslik, xizmatlaridan bo‘yin tovlamaslik bilan o‘lchanadi. Donishmandlardan biri «Ota-onaga yaxshilik qilish ham farz, ham qarzdir. Farzligi Seni oxiratda Aloh rizosi va Jannatga kirishingga sabab bo‘lsa, qarzligi senga farzandlaringdan qaytishidir» degan ekan.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam matni uzun bir hadisning oxirida aytganlar: «Meni haq bilan payg‘ambar qilib yuborgan Zotga qasam. Kimga Alloh taolo mol ato etsa, bu molidan u ota-onasiga ehson bersa, jannatda men bilan birga bo‘ladi». Bir kishi: «Yo Rosulalloh, agar ota-onasi dunyodan o‘tib ketgan bo‘lsa-chi?» deb so‘radi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ularning nomidan sadaqa qiladi, Qur’on o‘qiydi va haqlariga duo qiladi. Agar bularni tark qilsa, ularga oqq bo‘ladi. Kim ularga oqq bo‘lsa osiy bo‘libdi», deb javob berdilar. Ulamolardan biri: «Ota-onang senga malol kelishidan xavfsirab, senga xushomad qilib muloyimroq so‘zlashayotgan bo‘lishsa bilginki, sen ularga oq bo‘lishni boshlabsan», degan ekan.
Ota-onaga yaxshilik qilish buyuk Alloh taolo tarafidan amr-farmon bo‘lishiga qaramay, bu boradagi holatimiz juda achinarli. Ba’zilar dunyo tashvishlari yoki farzandlari bilan ovora bo‘lib, ota-onasidan ko‘ngil so‘rashga, xizmatlarini qilib, bebaho duolarini olishga befarq, ertaga, indinga deb, ular bilan diydorlashuvni orqaga suradilar. Bilib olishimiz lozim bo‘lgan bir haqiqat borki, dunyoviy ishlarimiz ko‘p, cheki-chegarasi yo‘q, lekin ota ham, ona ham bir dona. Ishni, shaxsiy tashvishlarni bir oz keyinga sursak bo‘ladi, lekin ota-onaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishda kechiqmaslik eng katta savob, chunki ular g‘animat, bugun bor, ertaga bo‘lmasligi mumkin.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan ushbu so‘zlarni eshitdim: «Xor bo‘lsin! Xor bo‘lsin! Xor bo‘lsin!». «Kim u, yo Rosulalloh», deb so‘rashdi. «Kim ota-onasining birini yoki ikkalasini qarilik chog‘ida topib, ularga yaxshilik qilib jannatiy bo‘lib olmagan bo‘lsa», dedilar. Qarangki, payg‘ambarimiz yashab o‘tgan damlarda ham ota-ona haqqi, hurmati baland tutilgan. Demak, ota-onalarimizni hayotlik chog‘ida g‘animat bilib, xizmatini qilsak, duosini olsak, vafotidan keyin tilovatimiz va savob amallarimiz bilan doimo yod etib tursak, ikki dunyo saodatiga erishamiz, inshoolloh!
Hulkar TO‘YMANOVA,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist,
I darajali “Mehnat faxriysi”,
"Hurriyat" gazetasining 9-sonida chop etilgan.