Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Oktabr, 2025   |   10 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:03
Quyosh
06:21
Peshin
12:17
Asr
16:18
Shom
18:07
Xufton
19:19
Bismillah
02 Oktabr, 2025, 10 Rabi`us soni, 1447

Vatan va uning himoyasi

14.01.2021   2171   5 min.
Vatan va uning himoyasi

Bashariyat  o'z  erini  undagi  narsalari  bilan,  garchi  u  hech  kim yashamaydigan  cho'l  bolsa  ham  yaxshi  ko'raveradi. Vatanni  sevish  –  yurakka  singib  ketgan,  insonni  unda  bo'lganida  xotirjam, yiroq  ketganida  talpinadigan,  hujum  qilganida  asraydigan  va  kamsitilganida g'azablanadigan  qilib  qo'yuvchi  tuyg'udir.   Qur'oni  karimda Vatan  so'zi  (o'rin,  joy  ma'nosida) bir erda kelgan:

 

لقد نصركم الله في مواطن كثيرة

 

 “Batahqiq Alloh sizlarga  ko'p joylarda  nusrat berdi.”(Tavba surasi, 25-oyat).

To'g'ri,  bu  so'z  biz  o'rganayotgan    vatan  ma'nosini  to'liq  anglatmaydi.  Biroq, Qur'oni  karimda  Vatan  haqida  biror  og'iz  so'z  aytilmagan  ekan  deyish  noto'g'ri. Chunki  Kalomi  sharifda  insonning  turar  manzili  –  Vatanini:  hovli,  qishloq,  shahar, diyor  va  er  ko'rinishida  zikr  qilgan.  Inson  dunyoga  kelarkan  mana  shu  joylarda beshak  qo'nim  topib,  ularni  Vatan  tutib  hayot  kechiradi.

Vatan  arabcha  bo'lgani  uchun  uning asl ma'nosini  bilishda mo''tabar arab  lug'atlari hamda  zamonaviy qomuslarga murojaat qildik. Va  barchasida  bir  xil  ma'no  kelganiga  guvoh  bo'ldik. Vatan so'zi: Insonning  hox  u  erda  tug'ilgan  yoki  tug'ilmagan  bo'lsin  istiqomat qiladigan  va maskan tutgan  eri sifatida ifodalangan. Vatan so'zining iste'lohdagi  ma'nosi: Bir jamoa  insonlar uning fuqaroligini olib,  hox  u  erda  tug'ilgan  yoki  tug'ilmagan  bo'lsin,  unga  mansub  bo'lib,  mustaqil, jamoaviy  tarzda yashaydigan,  o'z chegarasiga  ega Davlatga Vatan  deb  aytiladi.

Shunday ulug' va qadrli maskanni sevish hamda, uning tinchligini asrab himoya qilish har birimizning burchimizdir.

Bu ishimiz ham besamar qolmaydi.

عن عبد الله بن عباس رضي الله عنه قال: سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول: (عَيْنَانِ لَا تَمَسُّهُمَا النَّارُ: عَيْنٌ بَكَتْ مِنْ خَشْيَةِ الله، وَعَيْنٌ بَاتَتْ تَحْرُسُ فِي سَبِيلِ الله) رواه الترمذي

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "Ikki ko'zni hargiz (do'zax) o't tutmaydi— Alloh taolodan qo'rqib yig'lagan ko'z va Alloh taoloning yo'lida musulmonlarni qo'riqlab, tong ottirgan ko'z", deganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyati).

عن ابن عمر رضي الله عنهما: أن النبي صلى الله عليه و سلم قال: (ألا أنبئكم بليلة أفضل من ليلة القدر حارس حرس في أرض خوف لعله أن لا يرجع إلى أهله).

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarga Laylatul qadrdan afzal kecha haqida xabar beraymi? —U ahliga qaytmaslik ehtimoli bor, xavf erida posbonlik qilgan qo'riqchidir", dedilar (Imom Hokim “Mustadrok”da rivoyat qilgan).

عن أبي هريرة رضي الله عنه أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: “موقف ساعة في سبيل الله خير من قيام ليلة القدر عند الحجر الأسود”. أخرجه ابن حبان وغيره،

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taoloning yo'lida biroz turish, Hajarul asvadning yonida Laylatul qadrni qoim qilishdan afzaldir", dedilar (Ibn Hibbon va boshqalar rivoyat qilgan).

Musulmonlarning qonlari, yurtlari va mol-jonlarini saqlash uchun uxlamay tong ottirgan kishiga shunday yuksak daraja berilar ekan. Laylatul qadr kechasini qoim qilib, uxlamay bedor o'tkazsa beriladigan foyda o'sha odamning o'ziga bo'ladi. Agar u hajarul asvadning yonida bo'lsachi.

Buni ko'ring-da! Laylatul qadr qanday ulug' kecha? Lekin, jamiyatning xizmati, tinchlik, omonlik yo'lida bedor o'tkazgan kecha Laylatul qadrdan ham afzal hisoblanar ekan. Mana shu yuqoridagi hadislarning dalili e'tiboridan Vatan himoyasi qanday ulug' amal ekanini bilib oldik!

MuhammadYunusMuhammadMusoo'g'li,

Mir Arab Oliy madrasa talabasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga

01.10.2025   4970   6 min.
O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga

Qadrli do‘stlar!

Siz, azizlarni, hayotini dunyodagi eng ulug‘ va olijanob ishga – navqiron avlod ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlagan muhtaram ustoz va murabbiylar, sohaning barcha jonkuyar xodimlarini umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Mana shunday quvonchli kunda siz, mehribon ustozlarga el-yurtimizning yuksak hurmat-ehtiromini yana bir bor izhor etib, barchangizga Yangi O‘zbekiston kelajagini yaratish yo‘lidagi mashaqqatli va sharafli mehnatingiz uchun chin qalbdan tashakkur bildiraman.

Hurmatli ustoz va murabbiylar!

Yaqinda sizlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq, aytish mumkinki, tarixiy muloqotimizda ta’lim-tarbiya tizimidagi ishlarimizni chuqur tahlil qilib, ularni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha aniq maqsad va rejalarni belgilab oldik.

Kuni kecha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ta’lim sohasidagi islohotlarimiz natijalari jahon hamjamiyatida katta e’tibor va qiziqish uyg‘otdi. Bu borada biz erishgan yutuqlar xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun asos bo‘ldi.

Xususan, keyingi sakkiz yilda yurtimizda ta’lim va ilm-fan uchun xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion so‘mni tashkil etgani, yuzlab yangi bog‘chalar, maktab, texnikum va oliygohlar qurilgani, ta’lim va ilm dargohlarini zamon talablari asosida jihozlash, ustoz va murabbiylarning mehnatini munosib qadrlashga qaratilgan dasturlarimiz alohida e’tirof etildi.

Bu haqda gapirganda, mamlakatimizda qisqa muddatda bog‘chalar sonini 5200 dan 38 mingtaga, qamrov darajasini 27 foizdan 78 foizga oshirganimiz, tarbiyachilar maoshi maktab o‘qituvchilari oyligiga tenglashtirilgani, ushbu muassasalardagi rahbar va pedagoglar maoshi qariyb 2 barobar oshirilganini ta’kidlash lozim.

Kelgusi yildan Qoraqalpog‘iston va barcha viloyatlarda Prezident maktablari kabi “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil etilib, ularda tarbiyachilar ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi.

Farzandlarimizga bilim va tarbiya berishning eng muhim bosqichi – maktab ta’limini rivojlantirish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda. So‘nggi yillarda 500 ga yaqin yangi maktablar barpo etilib, mavjudlari kengaytirilgani hisobidan 1 million o‘quvchi o‘rni yaratildi. Xususiy maktablarga yo‘l ochilishi tufayli ota-onalar va o‘quvchilar uchun tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bugungi kunda 200 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarimiz ana shunday maktablarda o‘qimoqda.

Yangi o‘quv yilidan 12 yillik maktab ta’limi hamda 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinib, ularning natijalari bo‘yicha bitiruvchilar bevosita texnikum va oliygohlarga kira oladigan tartib yo‘lga qo‘yiladi.

Hammamizga ayonki, kelajak – zamonaviy bilim bilan qurollangan kasb-hunar egalarinikidir. Biz bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz lozim. Shu bois yoshlarimizni davr bilan hamnafas bo‘lib, har qanday raqobatga bardosh bera oladigan yetuk mutaxassislar etib tarbiyalashimiz kerak.

Shu maqsadda tashkil etilayotgan Kasbiy ta’lim agentligidan umidimiz katta. Ushbu agentlik kasb ta’limi sohasiga, mavjud texnikumlarga xalqaro standartlar asosida yangi hayot nafasini olib kirishi zarur.

Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya Respublikasi kabi rivojlangan mamlakatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning ilg‘or o‘quv dasturlari joriy etiladi. Jumladan, Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda “BITЕK” xalqaro dasturi orqali yoshlar turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda talab yuqori bo‘lgan kasblarni egallaydi.

Mamlakatimizda dual ta’lim bilan qamrov 5 barobar oshiriladi. Ayni paytda yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, chet ellik investor va hamkorlar bilan erkin muloqot qilish uchun texnikumlardagi xorijiy til soatlari to‘rt karra ko‘paytiriladi.

Umuman, kelgusi yildan yangi, raqamli ochiq platforma ishga tushirilib, unda texnikum bitiruvchilarining kasbiy ko‘nikmalari haqidagi ma’lumotlar mahalliy va xorijiy ish beruvchilar uchun e’lon qilinadi.

Shu bilan birga, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida maktab maslahatchisi lavozimi joriy etilib, ular 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadi.

Barchangizga ma’lumki, biz keyingi yillarda oliy ta’lim masalasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. Amalga oshirilgan islohotlarimiz natijasida o‘tgan sakkiz yil ichida oliygohlarimiz soni 77 tadan 202 taga, talabalar soni esa 250 mingdan 1,5 millionga yetdi. Yoshlar uchun oliygohlarga kirishda tanlov imkoniyati ko‘paytirildi. Mazkur ta’lim muassasalarida dars beradigan o‘qituvchilarning oyligi sezilarli darajada oshirildi.

Fanning muayyan sohasida tadqiqotlar olib borib, aniq natijaga erishayotgan olimlarimizning asosiy qismini professor-o‘qituvchilar tashkil etayotgani ayniqsa e’tiborlidir.

Qadrli do‘stlar!

Biz o‘qituvchi va ustozlik kasbining maqomi va nufuzini oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaramoqdamiz. Shu bois soha xodimlarining mehnat va yashash sharoitini yaxshilash islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi. Jumladan, yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi.

Kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma joriy etilishi mo‘ljallanmoqda. O‘qituvchilarning zamonaviy kompyuter texnikalarini xarid qilishlari uchun 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Yangi yildan soha xodimlari uchun davlat xizmatlari to‘lovi ikki karra kamaytiriladi. Dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan bo‘lg‘usi pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi.

Muxtasar aytganda, o‘qituvchi va murabbiylik kasbini jamiyatimizdagi eng muhim va obro‘li kasbga aylantirish bo‘yicha boshlagan ishlarimiz izchil davom ettiriladi.

Muhtaram ustozlar, aziz murabbiylar!

Yurtimiz tarixidagi ikki buyuk Renessansni yaratgan ulug‘ mutafakkir va allomalarni ham o‘z vaqtida siz kabi o‘qituvchi va muallimlar tarbiyalab voyaga yetkazgan. Bu ezgu an’analarning davomchilari sifatida siz, azizlar ham bugun jonajon Vatanimizda barpo etilayotgan Uchinchi Renessans bunyodkorlarini kamol toptirishga munosib hissa qo‘shasizlar, deb ishonaman.

Ana shunday olijanob maqsad yo‘lida sizlarga mustahkam sog‘liq, kuch-g‘ayrat, yangi yutuqlar va oilaviy baxt tilayman.

Barchangizga hamisha el-yurtimiz, shogirdlaringizning hurmat va ardog‘ida bo‘lish nasib etsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti