14-yanvar' mamlakatimizda “Vatan himoyachilari kuni” sifatida keng nishonlanadi. Bu bayram kun-u tun chegarada turgan, vatanni ichki va tashqi dushmandan himoya qilayotgan va shu yo'lda jonini tikkan xarbiylarimizning bayrami desak biroz kamroq ta'rif bergan bo'lamiz. Aslida, bu shodiyona O'zbekistonimizning barcha er yigitlariga tegishlidir. Chunki, o'zining, oilasining va yaqinlarining joni, moli, sha'ni va obro'ini himoya qilayotgan har bir erkak vatan himoyachisi nomiga loyiqdir.
Ulamolar Alloh taolo in'om etgan ne'matlar ichida eng totli va azizlaridan biri bu xotirjamlik va tinchlik deya ta'kidlashgan. Zero, qo'lingizda butun dunyo boyligi jam bo'lsayu, tinchlik va xotirjamligingiz bo'lmasa u boylikdan naf yo'q. Baxt va saodatni ham shu ikki ne'matsiz tasavvur qilib bo'lmaydi.
Demak, tinch va osuda hayot kechirishimiz va xotirjam yashashimiz uchun xizmat qilayotgan mard askarlarimiz bor ekanligini unutmasdan, ularning haqlariga doimo Alloh taolodan mag'firat va saodat tilab duo qilmog'imiz lozim.
Aslida, vatanni himoya qilish Alloh taoloning huzurida ham savobi ulug', evazi ulkan amallardan hisoblanadi.
Hadisi shariflarda Nabiy alayhissalom: “Bir kun murobata (vatanni himoya) qilish dunyo va undagi narsalardan yaxshiroqdir”, – deganlar, boshqa bir hadisda esa u zot: “Ikki ko'zga (do'zaxda) olov tegmaydi: Allohdan qo'rqib yig'lagan ko'zga va Allohning yo'lida qo'riqchilik qilgan ko'zga”, – deganlar. Ya'ni mamlakat tinchligini himoya qilib qo'riqchilik qilgan askarlarni ham Alloh taolo do'zax olovidan asraydi.
Barcha Vatan himoyachilarini bayram bilan tabriklaymiz!
Saidabror Umarov
Bugun, 18 may kuni “Haj – 2026” mavsumining so‘nggi guruh ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan muqaddas safarga kuzatildi.
Kuzatuv marosimida davlat va jamoat tashkilotlari mas’ul vakillari, taniqli ulamolar, soha mutasaddilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Fayzli tadbirda ziyoratchilarga Haj amallarini bekamu ko‘st ado etishlari, Haq taolodan yurtdoshlarimizning safarlarini bexatar, ibodatlarini maqbul aylashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Muborak safar oldidan mavsumning yakuniy guruhlari, xususan, “Prezident hojisi” maqomiga sazovor bo‘lgan 100 nafar yurtdoshimizning quvonch va hayajoni qalblarni to‘lqinlantirdi. Ularni kuzatayotgan yaqinlari esa havas bilan shunday saodatli kunlar o‘zlariga ham nasib etishini so‘rashdi.
Bo‘lg‘usi hojilar ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik uchun Davlat Rahbari hamda tashkilotchilarga samimiy minnatdorlik bildirdi. Muqaddas zaminda Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz ravnaqi uchun duoda bo‘lishlarini ta’kidlashdi.
Shunday qilib, “Haj – 2026” mavsumining so‘nggi guruhlari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga ko‘tarinki kayfiyatda jo‘nab ketdi.
Alloh taolo muborak safarga otlangan barcha yurtdoshlarimizning hajlarini mabrur aylab, ona-Vatanimizga sog‘-salomat qaytishlarini nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati