Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Oktabr, 2026   |   25 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:06
Quyosh
06:25
Peshin
12:11
Asr
16:12
Shom
18:01
Xufton
19:15
Bismillah
06 Oktabr, 2026, 25 Rabi`us soni, 1448

07.02.2024   1346   1 min.
Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mazhabga ergashmaslikning zararli oqibati

06.10.2026   1447   7 min.
Mazhabga ergashmaslikning zararli oqibati

Bismillahir Rohmanir Rohiym

20-asr oxirida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami paydo bo‘ldi. U ham bo‘lsa, mazhabsizlikka chaqiruvchilar jamoasidir. Harakat tarafdorlarining da’vosicha, Islomda unga e’tiqod qiluvchi shaxs uchun sunniylikdagi to‘rt yoki undan boshqa fiqhiy mazhablarning biriga ergashishlik shart qilinmagan. Agar musulmon shaxs biror shar’iy masalada ulardan birining yo’lini o‘ziga lozim tutsa, u ko‘r-ko‘rona taqlid qilgani uchun xatokor mutaassib va dinidan ajralgan firqa va guruhlardagi shaxslar kabi adashadi.
Mazkur toifaga kiruvchi shaxslar islomga amal qilishning asosida faqatgina Kitob (Qur’on) va Sunnat turishi lozimligini ta’kidlashadi. Ularning fikricha, fiqhiy mazhablarga ergashish Kitob va Sunnat ta’limotidan ko‘ra, ko‘proq shaxslar ijtihod (fikr)lariga taqlid qilinishi bilan tavsiflanadi. Bu esa xatoga yo’l qo‘yish va nuqsonlardan xoli bo‘lishni to‘liq kafolatlay olmaydi. Qolaversa, islomdagi fiqhiy mazhablar hijriy III asrdan so‘ng paydo bo‘lganligi e’tiboridan, bid’at ishlardan sanalib, sunnat ta’limotiga ko‘ra, har bir dinga kiritilgan yangilik shubhasiz zalolatga mahkumdir.
Aslida, sahobai kiromlarning barchasi ham Allohning Kitobi va Rasulullohning sunnatiga murojaat qilganlar. Ular biror-bir masalada Qur’on va sunnatdan dalil topolmay qolganlaridagina ijtihodga qo‘l urganlar. Bu esa asosiy e’tibor qaratiladigan va ergashiladigan holat. Shuning uchun ham mazhab tutish yoki biror-bir mujtahid imomga taqlid qilish Allohni qo‘yib, ularni Rabbilari qilib olish, deya baholanmagan.
O‘zlarini Islom dinining fidoyilari deb e’lon qilayotgan bu toifa tarafdorlari Qur’on va sunnat turganda fiqhiy mazhablarga ergashish aynan musulmonlar o‘rtasida ixtiloflar paydo bo‘lishiga zamin yaratilishi va bu ularning birligiga raxna tug‘dirayotganligi haqida jar solinmoqda.
Aslida, mazhabsizlik da’vosini yoyishning o‘zi ixtilof manbai bo‘lib, Islom dini, xususan, musulmonlar birligiga ulkan tahdid tug‘diradigan omil ekanligiga shubha yo‘q. Ular o‘zlarini mazhabsiz deb da’vo qiladilar-u, aslida o‘zlari ham namoz va boshqa ibodatlarda o‘sha to‘rtta mashhur mazhab imomlaridan biriga ergashadi.
Mazhabga ergashish aslida zalolatdan uzoq bo‘lmoq demakdir. Mazhabsizlik tarafdorlari o‘z da’volarini asoslashda ixtilof va taqlid iboralariga alohida urg‘u beradilar.
Ma’lumki, islomda ixtilof aqidaviy va fiqhiy yo‘nalishlarga xos. Aqidaviy ixtilof Alloh taologa e’tiqod qilishda turli-tumanlik shaklida yuzaga kelib, musulmonlar ichki birligining zaiflashuvi, turli toifalarga bo‘linib ketishdek salbiy oqibatlarga sabab bo‘lgan. Buning oqibatida xorijiy, mo‘taziliy, qadariy, jabariy va murji’iy kabi ko‘plab toifalar vujudga kelishiga zamin yaratilgan.
Fiqhiy ixtiloflar esa mutlaqo boshqa mazmunga ega bo‘lib, mazhablarning ibodat, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy munosabatlarga turlicha yondashuvining natijasi o‘laroq vujudga kelgan. Bunday holat aslo nuqson yoki ixtilof manbai sifatida talqin etilishi mumkin emas. Aksincha, islom shariatining zamon va makonga moslashuvchanligi va musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Masalan, biror-bir manzilga yetish uchun turli tomonlardan borish imkoni bo‘lsa, kishi nisbatan eng yaqin va qulay yo‘lni tanlaydi. Musulmon shaxs tomonidan biror-bir mazhabni tutishi ham aynan shunday holatga qiyoslash mumkin. Zero, ularda u yoki bu masala muayyan xalq, millatning urf-odatlari, qadriyatlari, mentaliteti hamda ijtimoiy munosabatlarning xarakteridan kelib chiqib, eng qulay va ma’qul shaklda hal qilingan.
Islom ulamolarining ittifoqiga ko‘ra, dinning asliga taalluqli bo‘lgan aqidaviy masalalarda taqlid qilish mumkin emas. Uning aksi o‘laroq, fiqhiy masalalarda esa biror-bir mazhabga ergashish, ya’ni taqlid qilish lozim bo‘ladi.
Taqlid qiluvchi
Taqlid qiluvchi — shariat ko‘rsatmalariga amal qilishda mustaqil ijtihod qilish darajasiga yetmagan shaxs bo‘lib, biror-bir mazhab rahnamolariga ergashishini anglatadi. Ya’ni, fiqhiy mazhablar asoschilaridan biri bo‘lgan imomning shariatdagi amali va fikrini qabul qilgan va unga ergashgan shaxsdir.
Usul ul-fiqh ulamolari “taqlid — shariatga amal qilishda dalilini bilmagan shaxsning uni bilgan va yechimini bergan shaxs fikrini anglamasdan qabul qilib, amal qilishidir”, deya ta’riflaganlar.
Demak, muqallid (taqlid qiluvchi) ijtihod qilish darajasiga yetmagan shaxs bo‘lib, mujtahidga taqlid qilib, uning fatvosiga amal qiladi. Xuddi shu ishning hukmi bo‘yicha islom ulamolari tomonidan uch xil fikr ilgari surilgan.
Birinchisi, Ibn Hazm va unga o‘xshash ba’zi ulamolar taqlid qilish mutlaqo joiz emasligi, balki har kim o‘zi mustaqil ravishda Qur’on va sunnatdan hukm chiqarishi lozimligini uqtirganlar. Boshqa ulamolar bu qarashni butunlay inkor etib, har bir musulmonning mujtahid darajasiga yetishi mutlaqo mumkin emasligini bayon etishgan.
Ikkinchisi, taqlid qilishni vojib deb qaraydiganlar. Ular islomdagi yirik mujtahidlardan keyin ijtihod eshigi yopilgan va ijtihod qilish mumkin emas, deb ta’kidlaydilar. Bu gapning egalari hijriy uchinchi asrdan keyin ijtihod eshigi yopilgani haqida ulamolarning qarori chiqqanini dalil qilib keltiradilar.
Ushbu gap uzoq muddat hukm surgan qaror sifatida tanilgan va unga so‘zsiz amal qilingan.
Uchinchidan, mutlaq mujtahid bo‘lmagan kishi uchun mujtahid olimlardan biriga taqlid qilish lozim bo‘ladi. Ba’zi fiqhiy masalalarda mujtahid bo‘lsa ham, o‘z ijtihodi ila aniqlay olmaydigan masalalarda taqlid qilish kerak bo‘ladi. Bu yo’nalishning tarafdorlari quyidagi dalillarni keltiradilar:
Alloh taolo “Nahl” surasining 43-oyatida aytadi:
فَاسْأَلُواْ أَهْلَ الذِّكْرِ إِن كُنتُمْ لاَ تَعْلَمُونَ
“Bas, o‘zingiz bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang.”
Ulamolar bu oyati karimada Alloh taolo bilmagan shaxs bilgan insonlardan so‘rashi lozimligiga buyurayotganini ta’kidlaydilar. Bu esa odamlar ichida bilimli va bilimsizi bo‘lishi muqarrarligini dalolat qiladi. Bilmagan kishi biladigandan o‘zi bilmagan masalani so‘rashi lozim. Bu esa, o‘z navbatida, bilimsiz kishining olim insonga taqlid qilish vojibligini anglatadi. Usul ulamolari ushbu oyatni omi insonning mujtahid olimga taqlid qilishi vojib ekaniga eng asosiy dalil deganlar. Ushbu oyatga binoan, “hammaga taqlid vojib” degan gap ham, “hammaga ijtihod vojib” degan gap ham to‘g‘ri emasligi kelib chiqadi.
 
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Faqih imomlar ixtilofida hadis sharifning o‘rni”, Hilol nashr, Toshkent. 2022.
2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Fiqhiy yo’nalish va kitoblar”, Hilol nashr, Toshkent. 2022.
3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Mazhablar – birlik ramzi”, Hilol nashr, Toshkent. 2022.
 


Toshkent shahar, Chilonzor tumani
Hasanxon qori masjidi imom xatibi
Najmiddin domla HASANOV
 

MAQOLA