Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Zohidlik nima?

12.01.2021   2593   2 min.
Zohidlik nima?

Zohid bo'lmoq – dunyodan kechib, oxiratni ixtiyor qilmoq, oxirat tadorikini ko'rmoqdir. Zohidda oxiratni o'ylaydigan muhim va maqbul bir tuyg'u bo'ladi. Ishning to'g'risi ham shu. Chunki har bir mo''min oxiratda juda katta mukofotlarga sazovor bo'ladi, kofir, osiy, mujrim, aybdor oxiratda qattiq azoblarga duchor bo'ladi. Bu dunyoda Allohu taoloning aytganlarini bajarib, oxiratda va'da bergan mukofotlariga erishmoq kerak. Chunki oxirat bu dunyoning natijasi... Dunyo oxiratning ziroat maydonidir... Allohu taolo oxiratda insonning bu dunyodagi niyatiga, fe'lu odati, harakat va amallariga qarab, muomala qiladi... Jazo yo mukofot beradi.

فَمَا يُكَذِّبُكَ بَعْدُ بِالدِّينِ 7   أَلَيْسَ اللَّهُ بِأَحْكَمِ الْحَاكِمِينَ 8 (سورة التين: 7-8)

Famo yukazzibuka ba'du biddin. Alaysallohu biahkamil hokimin.(Tiyn surasi, 67-oyat). Ya'ni Allohu taoloning adlu adolatini zinhor inkor etib bo'lmaydi. Qiyomat kunida har bir kishi qilmishiga yarasha jazosini tortadi. Zolim va mazlumning qilmishiga yarasha muomala qilinadi!...

Oxirat muhim... Mo'min uchun uni nazardan qochirish, inkor etish aslo mumkin emas. Zohidlik tuyg'usi ham ahamiyatlidir... Ho'jamizning chiroyli ismlari Zohid edi. Ya'ni Muhammad Zohid Qo'tqu rahmatullohi alayh edilar. Farzandlarimizga ham bu ismni sevib qo'yamiz.

Yuqorida ta'kidlaganimizdek, bu dunyo oxiratga hozirlik ko'rish, ibodat qilish uchundir, rohat farog'at joyi emas.

Dunyoga ahamiyat bermaslik tuyg'usi Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va sahobai kirom rizvonullohi taolo alayhim ajmaiyn hazratlarini, komil musulmon va komil qullarni oxirat hayotiga tayyorlagan... Ular hayotlarining yarq etib ko'zga tashlanadigan ibratli jihatlaridan biri shuki, birovning haqiga, moliga xiyonat qilmaganlar, zarracha bo'lsa ham birovning haqini eyishdan hazar qilganlar va ehtiyot bo'lganlar. Adolatli bo'lishga harakat qilganlar, joiz bo'lmagan foydani rad etganlar, bahridan kechganlar. Bunday foydani taklif etganlarga qattiq tanbeh berganlar.

Ularning eng ko'zga ko'ringan xususiyatlari shu: harom emaslik, ochko'zlik qilmaslik, boshqaning haqqiga, moliga qo'l cho'zmaslik.

 

"Islom va axloq" kitobidan olindi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Odamlarni afv etadiganlar...”

16.07.2025   303   4 min.
“Odamlarni afv etadiganlar...”

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Abdurrazzoq San’oniy aytadi: Ali ibn Husayn roziyallohu anhum namoz uchun tahorat qilayotgan edi. Shu payt suv quyib turgan joriya qo‘lidan obdasta tushib ketib, uning yuziga ozgina shikast yetkazdi. Ali ibn Husayn boshini ko‘tarib, joriyaga qaradi. Joriya vaziyatni yumshatish maqsadida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qidi: “... G‘azablarini yutadigan... (Oli Imron surasi, 134-oyat). Ali ibn Husayn roziyallohu anhum jimgina javob berdi: “G‘azabimni bosdim”.

Joriya oyatning davomini o‘qidi: ...odamlar-ni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir....

U kishi dedi: “Men seni afv etdim”.

Joriya oyatning oxirini o‘qidi: Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhum dedi: “Bor, sen Allox yo‘lida ozodsan”.

Abdulloh ibn Ato aytadi: “Ali ibn Husaynning bir g‘ulomi (quli) xatoga yo‘l qo‘ydi va jazoga loyiq bo‘ldi. Ali ibn Husayn qamchini oldi. So‘ng u zot bunday oyatni o‘qidi: (Ey Muhammad!) Imon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari (qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (u sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay! (Josiya surasi, 14-oyat).

Qul esa dedi: “Men bunday emasman, men Allohning rahmatidan umidvorman va uning azobidan qo‘rqaman”.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhum qamchini tashlab yubordi va dedi: “Sen Alloh yo‘lida ozodsan”.

Muso ibn Dovud aytadi: Ali ibn Husayn xizmatkorini ikki marta chakirdi, u javob bermadi. Uchinchi marta chaqirgach javob qildi. Ali ibn Husayn unga dedi: “Ey o‘g‘lim, ovozimni eshitmadingmi?”.

Xizmatkor: “Eshitdim”, dedi.

Ali ibn Husayn so‘radi: “Nega javob bermading?”.

Xizmatkor: “Sizning shafqatingizga ishondim”, dedi.

Abdulg‘ofir ibn Qosim aytadi: Ali ibn Husayn masjiddan chiqib ketayotgan edi. Bir odam kelib uni haqorat qildi. Shunda Alining xizmatkor va qullari unga tashlanishdi.

Ali ibn Husayn ularni to‘xtatdi va bunday dedi: “Bas qilinglar, uning holatiga qaranglar”.

So‘ngra o‘sha odamga dedi: “Bizda siz bilmagan yana ko‘p narsalar bor. Agar sizga yordam kerak bo‘lsa, ayting, yordam beraylik”. O‘sha odam xatosini anglab, uyaldi va ortiga qaytdi.

Ali ibn Husayn uni yoniga chaqirib, o‘zi kiyib turgan chakmonini yelkasiga tashladi va ming dirham pul berdirdi.

Abu Ya’qub Muzaniy deydi: Hasan ibn Hasan bilan Ali ibn Husayn o‘rtasida bir oz noxushlik bo‘lib qoldi. Hasan bir kuni masjidda Ali ibn Husaynning yoniga keldi, uni turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Ali ibn Husayn esa unga bir og‘iz ham javob qaytarmadi.

So‘ngra Hasan chiqib ketdi. Kechasi u alining uyiga bordi va eshigini qoqdi. Ali ibn Husayn eshikni ochib chiqdi. Hasan unga:

- Ey aka, agar siz haqiqatan ham men aytganlarimdek bo‘lsangiz, Alloh meni mag‘firat qilsin. Agar men yolg‘onchi bo‘lsam, Allox sizni mag‘firat qilsin, dedi va ketdi.

Ali ibn Husayn ortidan borib, yetib oldi va uni og‘ushiga oldi. Ikkovi yig‘lab yuborishdi. Shunda Hasan:

- Qasamki, endi siz xafa bo‘ladigan biron ish qilmayman, - dedi.

Ali esa unga: - Sen ham menga aytgan so‘zla ring uchun halollikdasan,- dedi.

Ibn Abi Dunyo rivoyat qiladi: Ali ibn Husaynning xizmatkori shoshgan holda oshxonadan temir pechni olib kelayotgan edi. Kutilmaganda temir pech tushib ketdi ketdi va narigi tomondan pastga tushib kelayotgan Ali ibn Husayn o‘g‘lining boshiga tegib, jarohat yetkazdi. Oqibatda u halok bo‘ldi. Mehmonlar bilan suhbatlashib o‘tirgan Ali ibn Husayn o‘rnidan sakrab turib, xizmatkorga dedi: “Sen ozodsan. Bu ishni qasddan qilmaganingni bilaman”. So‘ngra Ali ibn Husayn mayyitni dafn etish tadorigini ko‘rdi.

Shayx Mahmud MISRIYning “Solih va solihalar hayotlaridan qissalar”
nomli asaridan Ilyosxon AHMЕDOV tarjimasi.

Maqolalar