Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2019 yil yanvar' oyida Germaniyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining islomshunos, sharqshunos olimlaridan iborat delegatsiya Germaniyaning nufuzli universitetlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, muzey va qo'lyozma fondlarida bo'lib, soha mutaxassislari bilan uchrashuv hamda muloqotlar o'tkazgandi.
Safar davomida Germaniya va O'zbekistonda islomshunoslikka ixtisoslashtirilgan ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o'rtasida o'zaro manfaatli aloqalarni yo'lga qo'yish, buyuk alloma va ajdodlarimizning Germaniyada saqlanayotgan nodir asarlarini o'rganish, hamkorlikda konferentsiyalar, ilmiy seminarlar tashkil etish bo'yicha kelishuvlarga erishilgan edi.
Ana shu kelishuvlarga muvofiq, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi hamda Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo — Afrika tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzui doirasida qator ilmiy ma'ruzalarni o'zida mujassam etgan onlayn seminarlar o'tkazilmoqda.
Ana shunday muloqotlarning dastlabkisi Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo — Afrika tadqiqotlar instituti direktori, professor Stefan Haydmanning “Buxoroning Islom saltanatiga integratsiyasi” mavzuidagi ma'ruza bilan boshlandi. Unda nafaqat O'zbekiston va Germaniya ilmiy doiralari vakillari, balki AQSh va Misr Arab Respublikasining sharqshunos va islomshunos olimlari ham ishtirok etdi.
Yaqinda mazkur onlayn-seminar dasturidan o'rin olgan navbatdagi ma'ruza tinglandi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, dotsent Shovosil Ziyodov “Buxoro kutubxonalari tarixi” mavzuida so'z yuritdi.
Olim ma'ruza davomida Buxorodagi ilk kutubxonalar, Hoja Muhammad Porso kutubxonasiga oid yangi ma'lumotlar, Jo'ybor xojalarining Govkushon kutubxonasiga vaqf qilgan kitoblari, Buxoro qozikalonlarining sulolaviy kutubxonalariga doir qimmatli ma'lumotlar berildi.
— Kutubxonalar tarixini o'rganish O'zbekiston hududidagi ilmiy-ma'rifiy darajani aniqlash imkonini beradi. Bu, o'z navbatida, O'rta Osiyo tarixi bo'yicha shug'ullanayotgan tadqiqotchilar uchun muhim ma'lumotlarni taqdim etishi tabiiy, — deydi Shovosil Ziyodov.
Olimning fikricha, mazkur tadqiqotdan ko'zlangan maqsad Buxoro hududida mavjud bo'lgan kutubxonalarni aniqlashdan iborat. O'zbekiston qo'lyozma fondlarida saqlanayotgan ayrim asarlarning kelib chiqish tarixi noma'lum bo'lib qolayotgan edi. Seminar Markaziy Osiyoda mavjud bo'lgan kitobat tarixi va kutubxonachilik madaniyatini tadqiq etish, ushbu hududda yashab o'tgan ziyolilarning hayoti to'g'risida to'liq va ob'ektiv bilimga ega bo'lish, yangi ilmiy ma'lumotlar bilan tanishishga imkon berdi.
Germaniyalik olimlar ishtirokidagi ilmiy seminarlar shu yilning mart oyiga qadar davom etadi. Unda O'zbekiston zaminining boy tarixi va madaniyatiga oid dolzarb mavzularda ma'ruzalar tinglanadi.
#xushxabar #taqdirlov #otinoyi
Ulug‘ ayyom — Ramazon hayiti arafasida yurtimizda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, xotin-qizlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va oilalar mustahkamligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan bir guruh soha vakillari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra ko‘plab fidoyi va mehnatkash hamyurtlarimiz qatori Toshkent shahar bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Zulayho Saatova II darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordeni bilan, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Hosiyat Qasimova "Shuhrat" medali bilan mukofotlandilar.
Ushbu yuksak mukofot bosh otinoyilarimizning ma’rifat tarqatish, ayollar orasidagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va yosh avlod tarbiyasiga qo‘shayotgan beqiyos hissalarining munosib e’tirofidir.
Darhaqiqat, inson qadri ulug‘langan yurtda mehnat va sadoqat hech qachon e’tibordan chetda qolmaydi.
Yuksak mukofot egalariga ushbu muborak kunlardagi katta yutuq bilan muborakbod etamiz!
Alloh taolo bu mukofotni xayrli va bardavom qilsin, el-yurt xizmatida charchamaydigan g‘ayrat-shijoatlariga baraka bersin. Bayram va mukofot muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati