Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Mart, 2026   |   7 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:56
Quyosh
06:15
Peshin
12:33
Asr
16:52
Shom
18:46
Xufton
19:59
Bismillah
27 Mart, 2026, 7 Shavvol, 1447

Soxta salafiylik

30.12.2020   3713   7 min.
Soxta salafiylik

Hozirgi kunda muqaddas islom nomidan har xil oqimlarning o'zlarini jozibador ismlar bilan nomlab olib, go'yoki to'g'ri yo'lni da'vo qilib, g'araz maqsadlari yo'lida ushbu niqobdan foydalanish holatlari ko'plab kuzatilmoqda. Ana shunday oqimlardan biri “Soxta salafiylar”dir.
Bu oqimga mansub bo'lganlar islomdagi ahkom va fatvolarni har bir zamon taqozosiga qarab emas, hijriy sananing dastlabki uch asriga muvofiq ravishda hayotga tatbiq etishni targ'ib qiluvchi oqimdir. Bu oqim arab va islom mamlakatlarida ko'proq tarqalgan bo'lib, O'rta Osiyoga ham kirib kelmoqda. Bu oqim tarafdorlari islom dinining har bir zamon va har bir makonga moslasha olishini tan olmaydilar. O'n to'rt asrdan beri islomning etuk allomalari, faqihu mujtahidlari qabul qilgan fatvolarga amal qilishga qarshi chiqadilar.
Islomda “salaf” (arabcha – “ajdodlar”, “avval yashab o'tganlar”) deganda, hadislarga ko'ra, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida hamda undan keyingi ikki davrda yashagan musulmonlar tushuniladi. Shunga ko'ra, islom ulamolari sahobiy, tobein va tab'a tobeinlarni “salafi solih”, ya'ni “solih ajdodlar” deb hisoblashda yakdildirlar. Ulardan keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan “salaf” yoki “salafiy”lar tushunchalarini ishlatish mumkin emas.
So'nggi yillarda “salafi solihlarga ergashish” shiorini niqob qilib olgan, musulmon jamiyatlarini ilk islom davri holatiga qaytarishni targ'ib qiluvchi mutaassib, soxta salafiylar paydo bo'lganini alohida qayd etish lozim.
Soxta salafiylikning aqidaviy, huquqiy va falsafiy asoslari suriyalik Ibn Taymiya (1263-1328 y.) faoliyati bilan bog'liq. Umri davomida o'zining agressiv qarashlari tufayli to'rt marta (1307, 1309,1322 va 1326 yillarda) qamoq jazosiga tortilgan va 1328 yilda qamoqxonada vafot etgan bu shaxs harakatning nazariy asoslarini belgilab berganini barcha mutaxassislar e'tirof etadilar.
Ibn Taymiya go'yoki, asrlar davomida islomga turli bid'atlar kirib qolganini iddao qilib, jamiyat va musulmonlarning kundalik turmush tarzi uning talqinidagi Qur'on va sunnatga asoslangan holda qat'iy tartibga solinishi zarurligi haqidagi g'oyani ilgari suradi. Ularning bu xatokor qarashlariga ahli sunna val jamoa ulamolari munosib raddiyalar bildirganlar.
Ibn Taymiyaning Payg'ambar alayhissalom, sahobiy va avliyolarning qabrini ziyorat qilish hamda tavhid, Allohning makoni, takfir va boshqa aqidaviy masalalarda ash'ariylik va moturidiylikka zid fikrlari o'sha davr musulmon ulamolarining keskin noroziligiga uchrab, ko'plab raddiyalar bitildi, keskin kurash olib borildi. Shunday bo'lsa-da, bunday g'oyalar keyinchalik turli mutaassib guruh va harakatlar etakchilari mafkurasiga asos bo'lib xizmat qildi.
Jumladan, ular quyidagi e'tiqoddagi g'oyalarni ilgari suradilar:
- har qanday yangilikni inkor etish,
- tasavvufni aslo tan olmaslik,
- tavassul (vosita orqali Allohga murojaat qilish)ni kufr, deb hisoblash,
- o'zlariga ergashmaganlarni “kofir” deb e'lon qiladilar.
Ularning faoliyati natijasida “Payg'ambarimiz shafoatidan hech qanday foyda yo'q”, degan g'oyalar tarqalib, salovotlar bayon qilingan kitoblar yoqib yuborildi, muqaddas ziyoratgohlar vayron qilindi.
Ularning adashgan yo'lda ekanliklarini bilish har bir aqlli insonga qiyin emas. Biz esa aynan mavzumizga doir jihatiga to'xtalamiz.
Ho'sh ular o'zlariga ergashmaganlarni kofir deyaptilarmi? Unda kim musulmon. Ularga kim huquq berdi, chin musulmonlarni kofir deyishga. Ular kofir deyayotgan insonlar, Robbim Alloh, dinim islom deyayotgan bo'lsa, ularga kufr nisbatini berish mutlaqo mumkin emas.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim bir insonni kofir deb chaqirsa yoki Allohning dushmani desa, aytganidek bo'lmasa, aytgan so'zlari o'ziga qaytadi”.
Soxta salafiylar esa, hech qanday shar'iy sababsiz, bir-ikki kishi emas bir necha kishilarni kofirga chiqarmoqdalar. Vaholanki, besabab emas,balki gunoh qilgan kishining gunohi uchun ham kofirga chiqarilmaydi. Mashhur vatandoshimiz Najmuddin Umar Nasafiy hazratlari mazkur masala to'g'risida quyidagilarni aytadilar:
“Katta gunohlar mo'min bandani iymondan ham chiqarmaydi, kufrga ham kirgizmaydi. Alloh taolo O'ziga shirk keltirishni kechirmaydi. Undan boshqa katta va kichik gunohlarni esa xohlagan kimsadan kechiradi. Kichik gunohga jazo berishi ham, agar halol hisoblashdan bo'lmasa, katta gunohni avf qilishi ham mumkin. Halol sanash kufrdir. Payg'ambarlar va solih bandalarning katta gunoh ahllari to'g'risidagi shafoatlari ko'plab xabarlar bilan sobitdir. Gunohi kabira sodir etgan mo'minlar do'zaxda abadiy qoldirilmaydi”.
Ularning yana bir qarashlari:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hamda sahobalar va aziz avliyolarning qabrlarini ziyorat qilishni kufr deb hisoblaydilar.
Zero, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam ummatga nasihatlarida quyidagilarni aytganlar:
Hazrati Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi; Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta, barcha amallar niyatga qarab e'tibor qilinadi. Har bir kishi o'z niyatiga etgusidir,....Bas, nimani niyat qilsa, o'shani e'tiborga olinadi”.
Niyat qilish lug'atda “qasd qilish va iroda” ma'nolarini anglatadi.
Demak, qabr ziyorat qilayotganlarning niyatiga e'tibor qilinadi. Agar ziyoratchining niyati o'tganlarni xotirlash, ularga savob yo'llash qolaversa, o'limni eslash, undan ibratlanish bo'lsa, bu juda savobli ish bo'ladi.
Soxta salafiylarning Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam ga hurmatsizlik qilishi u zotning ota-onalarini kofirlikda ayblashlarida ham yaqqol ko'rinadi.
Shuningdek, soxta salafiylarning iddaolariga ko'ra, milodiy yil hisobini ishlatish, boshqa din vakillarining bayram, madaniy tadbirlarida ishtirok etish va tabriklash, kiygan kiyimlarini (jumladan, kostyum, pal'to, galstuk taqish, shim va ko'ylaklar) kiyish ham imonsizlik hisoblanadi. Bu mutaassibona qarashlar jamiyatda ayirmachilik kayfiyatini keltirib chiqarishi bilan har xil nizolarni paydo bo'lishiga sabab bo'ladi, bu narsa muqaddas dinimizda targ'ib etilgan bag'rikenglik tushunchasiga ham zid keladi.
Azizlar har bir yaltiragan narsa oltin bo'lmagani kabi, har bir dinni da'vo qiluvchi to'g'ri fikrda bo'lavermaydi, shunday ekan g'araz niyatli oqimlarning “yaltiroq” tuzoqlaridan ogoh bo'laylik, muqaddas dinimizning sof e'tiqodini mustahkam saqlab, kelajak avlodga sofligicha etkazaylik.

Bektosh HAKIMOV
Hatirchi tuman “Shayx Gadoy Selkin” jome masjidi imom xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilgan livanlik olim Shayx Nadimning xotiralari

26.03.2026   4386   10 min.
Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilgan livanlik olim Shayx Nadimning xotiralari

Shayx Nadim Jisr 1956 yili Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilib bo‘lgach, olam-olam taassurotlar bilan yurtiga qaytib ketadi. Zotan, u ishonchlilik jihatidan Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda turuvchi asar – “al-Jome as-Sahih”ning muallifi, mo‘minlarning hadis ilmidagi amiri degan sharafli maqom egasi bo‘lmish Imom Buxoriyning qabrini ziyorat qilishdek baxtga musharraf bo‘lgan edi. Uning bu tarixiy ziyorati haqida yozgan adib Xurshid Davron maqolasini quyidagi satrlar bilan yakunlaydi: “Vataniga qaytgan Shayx Nadim ¬Jisr yana uzoq yillar muftiy bo‘lib xizmat qiladi, talay kitoblar tasnif etadi. U Imom Buxoriy marqadiga qilgan safari haqida biron nima yozganmi-yo‘qmi, afsuski, bexabarmiz”.

Ulug‘ muhaddisga bag‘ishlangan asar

Adibning mazkur satrlari bizni Shayx Nadim Jisrning hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishishga undadi. Izlanishlar natijasida ayon bo‘ldiki, u Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilib qaytganidan so‘ng “Imon qissasi: falsafa, ilm va Qur’on o‘rtasida” nomli asarni yozgan. Bu asarning birinchi nashri 1961 yilda, ikkinchisi 1962 yilda va uchinchisi 1969 yilda dunyo yuzini ko‘rgan. Unda Shayx Nadim Jisr Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilishi asnosida uning vujudini chulg‘ab olgan ruhiy kechinmalar ijodiy obrazlar – Shayx Mavzun Samarqandiy va shogirdi Hayron ibn Az’af Panjobiy o‘rtasidagi falsafiy muloqot tarzida bayon qilingan. Ulamolar fikricha, bu asar arab islom olamini mahv etishga qaratilgan dahriylik to‘lqiniga qarshi kurashishning ilmiy-falsafiy loyihasi sifatida yozilgan.

Mazkur asardagi Imom Buxoriy qabrining ziyorati bilan bog‘liq sahifalarni e’tiboringizga havola etmoqchimiz.

Bolalik xotiralar

Bolalik yillarim shahrimizdagi Taynol masjidida o‘tgan. U shaharning chekkasidagi xushbo‘y va maftunkor bog‘larimizdan birining ichida joylashgan. Mening bolalik xotiralarim bilan bog‘liq qadrli onlar aynan o‘sha yerda o‘tgan.

U yer menga hayit kunlarining salqin tonglarini eslatib turadi. O‘sha kezlarda otam quyosh chiqishidan oldin meni ergashtirib, masjid yonida joylashgan qabristondagi marhumlarimizni ziyorat qilishga olib chiqar, keyin masjidda iyd namozini o‘qir edi. O‘shanda men masjid hovlisidagi quduq va hovuz o‘rtasida joylashgan daraxt tagida o‘ynar edim. Otam bir guruh qariyalar qurshovida o‘z xonasida o‘tirar, ular uning so‘zlariga quloq solib turar edi. Ana u qo‘shaloq zinapoyali minora ham menga bir nimalarni eslatib turadi... biz masjid hovlisi tarafdan kirib unga ko‘tarilar va bir zumda o‘zimizni haramning ichida ko‘rar edik.

Bu masjid menga allaqachon vafot etib ketgan va qalbimning tubini ezib turadigan davomli xafalikni qoldirgan ana shu kishilarning barchasini eslatib turadi. Shu bois qachon Taynol masjidiga qaytsam, bu xotiralar temir va olovli panjalari bilan mening ezilgan qalbimni yana tirnay boshlaydi.

Kunlar, kunlar ortidan yillar o‘tdi. Biz mahallamizdan uzoqlashdik, masjiddan olislarga ketdik. Borib-borib, shaharni butunlay tark etdik. Uzoq yillik musofirlikdan so‘ng yana unga qaytdik. Taynol masjidiga bo‘lgan sog‘inchim meni u tomonga yetaklab keldi. Bir kuni choshgoh vaqti namozxonlar yo‘qligida masjidga keldim. Bolaligimda o‘ynab o‘tkazgan joylarni aylanib chiqdim. O‘tmish xotiralarimning barchasini ko‘z oldimdan o‘tkazdim va... uzoq yig‘ladim.

Xartanglik musofir

Jimlik qa’riga g‘arq bo‘lib, masjidning viqorli minoralaridan taralayotgan yig‘iga o‘xshash ovoznigina eshitib turar ekanman, banogoh masjidning sharqiy qismida joylashgan xona ichidan bir ovoz keldi. Keyin xonaning eshigidan soch-soqoli oppoq, ko‘rinishi salobatli, sipo kiyingan bir qariya chiqib, mening oldimga keldi. Salom bergach, yonimga o‘tirdi va “Birodar, nega yig‘layapsiz?” dedi. Men: “Otamning davrida mana shu masjid ichida o‘tgan bolalik yillarimni eslab”, dedim. U: “Otangiz kim?” dedi. Men otamning ismini tilga olar-olmas uning badani titrab ketdi. Ko‘z yoshlarga to‘la nigohlari bilan menga tikilib qaradi va: “Otangiz Shayx Jisrmi?” deb so‘radi. Men: “Ha. Hazrat, o‘zingiz kimsiz?” dedim. U bunday dedi: “Men aslida uzoqdan – Misrdan kelganman. Yarmi Shom diyoriga, yarmi Hijozga tarqalib ketgan “Oli Moiy” qabilasidanman. Taqdir bobomni Hijozdan Hindistonga yetaklab kelgan va u shu yerda yashab qolgan. Ismim Hayron ibn Az’af Panjobiy”. Men: “Hindistondan bu yerga nima uchun keldingiz?” dedim. U: “Men Hindistondan kelmadim, Samarqanddan, to‘g‘rirog‘i Samarqanddagi Xartang qishlog‘idan keldim”, dedi. Men: “Shuncha olis yerdan bizning diyorimizga nima uchun keldingiz va bu masjidda istiqomat qilib turganingizga sabab nima?” dedim. U: “Otangizni ziyorat qilish uchun yurtingizga bir kirib o‘tay dedim”, dedi. Men unga hayrat bilan tikilib qoldim. Chunki otam ancha yillar oldin vafot etib ketgan edi. U bunday dedi: “Hayron bo‘lmang. Men Hijozga ketayotib, uning qabrini, shayxim menga ta’riflab berib va otangiz unda dars berganini aytib suyukli qilib qo‘ygan mana shu masjidni ham ziyorat qilish uchun keldim. Namozxonlar menga otangiz o‘zining xos xonasi qilib olgan mana shu xonani ko‘rsatishdi. Bu masjid hayotimning eng totli va qadrli onlari o‘tgan “Xartang” masjidiga juda o‘xshab ketar ekan. Shu bois shayximni Alloh yo‘liga boshlab qo‘ygan kishi yashagan mana shu joyda haj mavsumi boshlanguncha bir necha kun qolib, Allohga ibodat qilishni ixtiyor qildim”.

Men: “Xojam, shayxingiz kim?” dedim. U: “Samarqand ulamolaridan Shayx Abu Nur Mavzun rahimahulloh”, dedi. Men: “Kunlaringizni ibodat bilan o‘tkazyapsizmi?” dedim. U: “Hozir ha, ammo oldin zalolatda yurgan vaqtim va qanday qilib imon keltirganim haqidagi qissani yozayotgan edim. Uni menga shayxim Mavzun aytib turgan. Otangiz rahimahullohni shu orqali taniganman”, dedi. “Zalolatda yurgan va imonga kelgan kunlaringiz haqidagi hikoya nimalardan iborat?” dedim. “Buning tarixi uzun, Xudo oson qilsa, uni odamlar o‘qishi uchun nashr qildiraman”, dedi.

U shunday dedi-yu, qabrlari bor xonaga kirib ketdi. Birozdan so‘ng katta bir daftarni olib chiqib, oldimga qo‘ydi: “Bu – shayx Mavzun aytib yozdirgan gaplar, men unga biron bir qo‘shimcha qo‘shmagan holda chiroyli qilib ko‘chirib chiqdim”. “Bu katta kitob ekan. Uni o‘qish uchun uyimga olib borib, ikki kundan keyin sizga qaytarib bersam maylimi?” dedim. U: “Turkchani bilasizmi?” dedi. Men: “Ha, uni juda yaxshi bilaman”, dedim. U: “Bu kitobim mendan sizga hadya. Unda otangizning kitobidan qisqartirib olishni rejalashtirgan mavzu, shuningdek, zalolatda yurgan va imonga kirgan kunlarim bilan bog‘liq tafsilotlar barchasi bayon qilingan. Uni olib arab tiliga tarjima qiling, chop ettirib odamlarga tarqating. Buning uchun sizdan haq so‘ramayman. Ammo ulug‘ Allohdan so‘raganim shuki, bu ishimni O‘zining roziligi uchun xolis qabul etsa va odamlar uchun foydali qilsa. Vafot etib, amallarim to‘xtaganidan so‘ng menga ham foydasi tegadigan bir amal bo‘lsa...”.

Imom Buxoriy ziyorati

Boyagi odam bir necha kundan so‘ng Hijozga safar qildi. Men esa kitobni tarjima qilishga kirishdim va bu bir necha yil davom etdi. Keyin zamona zayli bilan Toshkentga safar qiladigan bo‘lib qoldim. Eng buyuk maqsadim – Imom Buxoriy roziyallohu anhuning qabrini ziyorat qilish, undan so‘ng Hayron ibn Az’af bilan uchrashib, tarjima qilingan kitobni uning o‘ziga ko‘rsatish edi. Bu ishda menga mamlakatning eng katta muftiysi, otamning do‘stlaridan biri bo‘lmish solih, obid, zohid va avliyo zot Boboxon rahimahullohning o‘g‘li oliyjanob va muruvvatli zot Shayx Ziyouddin yaqindan yordam berdi. U Xartangga borish haqidagi niyatimni bilgach, Samarqandga, u yerdan Xartanggacha menga hamrohlik qildi.

O‘sha yerda masjid xodimidan surishtirib bildimki, Hayron ibn Az’af haj ibodatini ado qilish uchun Makkaga jo‘nab ketgan va o‘sha yerlarda qazo qilgan. Biz Imom Buxoriyning qabrini ziyorat qildik. Marqadi ustida bir muddat tik turib qoldik. Yon-atrofga boqib, masjidning Hayron rahimahulloh menga ta’riflab berganidek Taynol masjidiga o‘xshab ketadigan jihatlari borligiga guvoh bo‘ldim: Bog‘-rog‘lar ichida bir o‘zi qad rostlab turibdi. Imom Buxoriyning qabri kichkina bog‘ ichida, soyali daraxt tagida o‘z holicha  ajralib turibdi... atrofi o‘ralmagan, hech qanday bezak berilmagan va suvalmagan.

Men Hayron va ustozi dars o‘qigan kichkina xonaga kirdim. Ko‘rdimki, uning o‘zi menga ta’riflab berganidek, u Imom Buxoriyning qabriga qarab solingan edi.

Shayx Nadim orzu qilgan majmua

Taniqli adibimiz Shayx Nadim Jisrning Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilishi haqidagi maqolasini “U Imom Buxoriy marqadiga qilgan safari haqida biron nima yozganmi-yo‘qmi, afsuski, bexabarmiz”, deb tugatganidek, bizda ham, afsuski, javobsiz bir savol paydo bo‘ldi: Shayx Nadim Jisr hozir hayot bo‘lib, Imom Buxoriyning muborak qabrini ziyorat qilish uchun kelganida, bugungi holatni ko‘rib nima degan bo‘lar edi? Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tarafidan ilgari surilgan tashabbus – Imom Buxoriy mangu qo‘nim topgan maskan uning islom olamidagi mavqeiga munosib bo‘lishi zarur, degan maqsad ortidan qad ko‘targan mahobatli majmuani ko‘rib, qanday holatga tushar edi? O‘zi ta’riflaganidek, 1956 yillarda “kichkina bog‘ ichida, soyali daraxt tagida o‘z holicha  ajralib turibdi... atrofi o‘ralmagan, hech qanday bezak berilmagan va suvalmagan”, xullas, tashlandiq holga kelib qolgan qabr va u bilan tutash maskanda bunyod etilgan ulkan ziyoratgohni, balki kattayu kichik ziyoratchilar uchun ilm-ma’rifat, tarbiya va ma’naviyat maskaniga aylantirilganini ko‘rib, uni e’tirof etgan bo‘lmasmidi?

Alouddin NЕ’MATOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

Dunyo yangiliklari