O'zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Din ishlari bo'yicha qo'mita hamda O'zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida shu kunlarda mutaxassislardan iborat ishchi guruh Janubiy Koreya Respublikasida bo'lib turibdi.
Ishchi guruh a'zolari orasida Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ham bor.
Ishchi guruh a'zolari Inchon shahridagi sanoat zonasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshiryotgan yurtdoshlarimiz, ish beruvchilar bilan uchrashib, ularning ish va yashash sharoitlarini o'rgandi.
Shuningdek, yurtdoshlarimiz bilan muloqot davomida ularni qiziqtirgan savollarga javob berilib, turli yot g'oyalar ta'siriga tushib qolmaslik bo'yicha tavsiyalar berildi.
Safar davom etadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugungi kunda insoniylik, qadr-qimmat va ma’naviyat kabi oliy tushunchalarni jamiyatimizda mustahkamlashda ilmu irfon sohiblari, xususan, diniy soha ustozlari va faxriy imomlarning tutgan o‘rni beqiyos. Shu ma’noda, hududlarda ulug‘ va faxriy imomlar hamda hayot tajribasi boy ustozlarni ziyorat qilish, ularning duo-nasihatlarini eshitish, yosh avlodga ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tayotgan muhim amallardan biriga aylanmoqda.
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev boshchiligida ustozlar va faxriy imomlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Ziyorat chog‘ida ularning o‘tgan hayot yo‘li, din va jamiyat uchun qilgan xizmatlari, og‘ir sharoitlardagi sabr va matonatlari haqida samimiy suhbatlar bo‘lib o‘tdi.
Hayotdagi barcha ne’matlar, tinchlik, erkin ibodat, ilm olish kabi imkoniyatlarning qadrini anglashda o‘tmishdagi og‘ir sinov va qiyinchiliklarni eslash, ulardan saboq chiqarish juda muhim. Ziyorat chog‘ida ustozlar o‘z hayotlaridagi shunday davrlar haqida so‘z yuritar ekanlar, “Bugungidek sharoit bizga nasib bo‘lmagan, yoshlar esa ne’matlar qadriga yetishlari lozim”, degan fikrlarini bayon etdilar.
Ular o‘z nasihatlarida shukronalikni hayot shiori qilish, insonning o‘z ahvoliga rozi bo‘lib, biror ne’mat berilar ekan, undan ilm va amal bilan foydalanish kerakligini ta’kidladilar.
Shuningdek, masjidlarda faoliyat qilayotgan imomlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etarkanlar, ularga doimiy izlanishda, pok niyat va xolislik ila xizmat qilish lozimligi haqida pandu nasihatlar qilishdi. Bunday so‘zlar har bir yosh imomning qalbida mas’uliyat tuyg‘usini kuchaytirishi, shubhasiz.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati