Aholining kam ta'minlangan, yordamga muhtoj qatlamini moddiy qo'llab-quvvatlash maqsadida «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan xayriya tadbirlari o'tkazilishi rejalashtirilgan.
Hayriya tadbirlari 2020 yil 25-30 dekabrda (6 kun) Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining barcha tuman/shaharlarida o'tkaziladi.
Respublikaning 360 ta mo''tabar ziyoratgoh va qadamjolarida O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, ulamolar, tuman/shahar bosh imom-xatiblari ishtirokida qurbonlik marosimlari tashkil etiladi. Qurbonlik so'nggida Qur'oni karim tilovat qilinadi hamda yurtimizning tinchliligi, osoyishtaligi va taraqqiyoti, turli balo va ofatlardan omonda bo'lishini so'rab duolar qilinadi.
Respublikamizning barcha — 2 079 ta masjidida 6 kun davomida hufton namozidan keyin jami 12 480 ta Qur'oni karim xatmi amalga oshiriladi.
Sirdaryo va Buxoro viloyatlaridagi ziyoratgohlarda ham Qur'oni karimning xatmi ado etilib, ofatdan zarar ko'rgan vatandoshlarimiz haqiga ezgu duolar qilinadi.
Shuningdek, xayriya tadbirlari yakunida yurtimizdagi qadimiy an'anaga muvofiq Imom Buxoriyning «Sahihi Buxoriy» kitobi iqtidorli imomlar tomonidan xatm qilinadi. Ushbu marosimning yakuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov tomonidan Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasida amalga oshiriladi.
Ulamolar, imom-xatiblar Qur'oni karim va «Sahihi Buxoriy» kitoblarining xatmi yakunida yurtimizga tinchlik, xotirjamlik, xonadonlarimizga qut-baraka, yangi yilda mamlakatimizning yanada taraqqiy etishini so'rab duo va iltijolar qiladilar.
«Vaqf» fondi tomonidan har bir mahallada muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari to'plami tarqatiladi. Imom-xatiblar «Vaqf» fondining hududiy vakillari bilan hamkorlikda muhtoj xonadonlarga kirib borib, xayriyani tarqatadi.
Joylardagi «Mehribonlik», «Saxovat» va «Muruvvat» uylarida osh dasturxonlari tashkil etilib, maishiy texnika vositalari tarqatiladi. Hayriya tadbirlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritiladi.
Muborak Qurbon hayiti arafasida Qashqadaryo viloyatida aholini ijtimoiy va tibbiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, og‘ir va nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan bolalarning jarrohlik amaliyotlari, onkologik va gematologik xastaliklari bor bemorlarni davolash, shuningdek, jigar va buyrak transplantatsiyasi xarajatlarini qoplash uchun ajratilgan mablag‘lar “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan o‘z egalariga topshirilmoqda.
Mazkur savobli ishlarda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Nizom Qurbonov hamda viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonovlar ishtirok etib, bemorlar xonadoniga tashrif buyurdilar va ularning haqqiga xayrli duolar qildilar.
Bu kabi ezgu tadbirlar yurtimizda inson qadrini ulug‘lash va ehtiyojmand fuqarolarga mehr-muruvvat ko‘rsatishning go‘zal namunasi bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati