Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Avgust, 2026   |   3 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:33
Peshin
12:27
Asr
17:19
Shom
19:25
Xufton
20:49
Bismillah
16 Avgust, 2026, 3 Rabi`ul avval, 1448

Zamonasining tengsiz olimi

24.12.2020   4838   6 min.
Zamonasining tengsiz olimi

Nuriddin Abulhasan Ali ibn Sultonmuhammad hanafiy qiroat ilmida mohir, zukko va zamonasining etuk olimi bo'lgan. U kishi Islom olamida Mulla Aliyyul Qori nomi bilan tanilgan. Allomaning tug'ilgan yili to'g'risida aniq ma'lumot yo'q. Ba'zi manbalarda temuriylar hukmronligi davrida milodiy XV asrda yashab ijod qilgani qayd etilgan[1]. 

Hanafiy mazhabining zabardast olimi Mul­la Ali qori Hirotda ilm tahsilini boshlab, Qur'oni karimni to'la yod oladi. Shayx Muhiddin ibn Hofiz Zayniddin u kishining ilk ustozi. Allomaning talabalik yillari temuriylar saltanati gullab-yashnagan davrga to'g'ri kelgan. U zamonasining taniqli olimlaridan ilm o'rganib, faqih bo'lib etishadi. Safaviylardan Shoh Ismoil ibn Haydar hukmronligi paytida ko'pchilik ulamolar kabi Mulla Ali Qori ham chorasizlikdan mamlakatni tark etadi. Hijriy 952 yili Makka shahridan qo'nim topadi. Bu emin shaharda alloma yana ilmga sho'ng'iydi.

Shayx Shahobiddin Abul Abbos Makkiy (hijriy 973 yili tug'ilgan), Shayx Alouddin ibn Hisomiddin Abdulmalik shofi'iy Misriy, Muhammad Said ibn Mavlono Ho'ja hanafiy Misriy (hijriy 981 yili tug'ilgan) va Shayx Abu Iso Qutbiddin Muhammad ibn Alouddin Ahmad hanafiy Makkiy  kabi olimlar unga  ustozlik qilishgan.

Tafsir, hadis va fiqh ilmlarida nom qozongan Sulaymon ibn Sayfiddin Joniy, Shayx Muhyiddin Abdulqodir ibn Muhammad shofi'iy Makkiy, qozi Abdurrahmon ibn Iso hanafiy Makkiy, Shayx Muhammad Abu Abdulloh Muqallib (vafoti 1061 hijriyda) Sayyid Muhammad Husayniy Balxiy kabi allomalar u zotning shogirdlaridir.

Shayx Muhammad Zohid Kavsariy “Iroq ahlining faqihlari va ularning so'zlari” nomli risolasida: “Imom  Abu Hanifaning izdoshlaridan Mulla Aliyyul Qori hofiz, benazir muhaddis olim edi”, deb yozadi. Shayx Muhammad Idris Kandehlaviy esa “at-Ta'likus Sabih” asarida uni: "Ulug' muhaddis, aqli o'tkir, fozil, zamonasida tengsiz, asrining tanho olimi", deya ta'riflaydi. Zamondosh va maslakdoshlari u zotni "Haqiqatlar sultoni, nodir fiqxiy masalalar bilimdoni, faqih, mufassir, qoriyu mutakallim, muhaddis hamda balog'at va fasohat, nahv ilmlarining muallimi" deb tan olishgan.

Alloma saksondan ortiq kitob yozgan. Ba'zi asarlari necha asrlardan beri o'quv yurtlarida muhim darslik va ko'llanma bo'lib kelmokda. Olimning «Anvarul Qur'on fi asrorul Furqon (Furqon sirlarida Qur'on nurlari)», «An-nasihu val-mansuhu minal hadis (Hadislarning nasx va mansuxlari)», «Adillatu mo''taqadi Abi Hanifa fi abavayi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam (Rasulullohning sollallohu alayhi va sallam ota-onalariga doir aqidada Abu Hanifaning dalili)», «al-Asmarul janiyyatu fi asmail hanafiya (Hanafiy olimlarning ismlari haqida yig'ilgan mevalar)», «al-Ahadisud qudsiyatu arba'iniya (Qirq qudsiy hadis)», «al-Adab fi rajab (Rajab oyi odoblari)» va «Manakibu al-Imomi A'zam va ashobihi (Imomi A'zam va ashoblarining manoqiblari)» kabi kitoblari mashhurdir.

Alloma mazhabimiz fiqhiy masalalariga doir ko'plab risolalar ham yozgan. «Risala-tu fi himayati mazhabil Imomi Abi Hanifa (Imom Abu Hanifa mazhabini himoya qilish tug'risida risola)», «Risalatu fir raddi ala min zammi mazhabil Imomi Abi hanifa (Imom Abu Hanifa mazhabini yomonlovchilarga raddiya risolasi)» shular jumlasidan.

Alloma o'ndan ortiq kitoblarga sharh yozgan. «Sharhi Sahihi Muslim (Imom Mus­lim "Sahih"ining sharhi)», «Sharhu Aynil ilmi va zaynil hilmi («Hilmning ziynati va ilmning bulog'i» kitobiga sharh)», «Sharhu al-Fiqhil akbar ("Fiqhul akbar"ning sharhi)», «Sharhu «Musnad al-Imomi Abi Hanifa (Imom Abu Hanifaning "Musnad"iga sharh)», «Sharhu al-Hidoya lil Marg'inoniy (Marg'inoniyning "Hidoya"siga sharh)», «Sharhu al-Viqoya fi masailil Hidoya ("Hidoya" masalalaridagi "Vikoya"ga sharh)» va «Mirqotil mafotih sharhi Mishkatil Masobih («Mish-katul Masobih»ni sharhlashda ochilgan nozik o'rinlar)» kabi sharhlari butun Islom olamida e'tiborlidir.

Mazhabimizning buyuk allomasi Mulla Ali Qori Imom Abu Hanifa, Sufyon Savriy va Fuzayl ibn Iyoz kabi allomalarning yo'lidan borib, hayotda duch kelgan masalalarga asosli javoblar bergan. Olim ilm va ibodatda sobitqadam va mo''tadil bo'lgan.

Manbalarda u zotning mohir hattot bo'lganligi ham aytiladi. Alloma miskin va muhtojlarga ko'p yordam bergan, halol rizq istab, tarjima ishlari bilan shug'ullangan[2]. Alloma asarlarini tarjima qilgan kishilar aytishicha, u zot har yili bir marta chiroyli xat bilan Mushafni to'lig'icha ko'chirib, tushgan pulni ro'zg'orga ishlatar ekan. Shayx Abdulhalim No''moniy «al-Imomi Aliyul Qori va asarihi fi ilmil hadis» asarida: "Alloma Qur'oni karimni har olti oyda (bir yilda ikki bor) to'la ko'chirar, birining pulini Haramdagi faqir-miskinlarga sadaqa qilar, ikkinchisinikini ehtiyojlariga sarflar edi", deb yozadi.

Hazrat Mulla Ali Qori hanafiy hijriy 1014 yili shavvol oyining 14 kuni Makka shahrida vafot etadi. Ba'zi rivoyatlarda allomaning Makka hududidagi «Muallat» degan joyga dafn kilingani aytiladi.

Abduvohid O'ROZOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

 

[1] “Hulasatul asar”. 3-j., 185-b.; “Samatun nujum”. 4-j.,393-b.

[2] “Mirqotul Mafotih”. Bayrut, 1971. 1-j., 27-b.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   13741   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV