Ustoz ulamoi kiromlarimiz aytadilar:
“Juda oz bo'lsa ham,
kuniga sadaqa qilishni odat qiling!"
Chunki "SADAQA – RADDI BALO".
1) Sadaqa – jannat eshiklaridan biridir.
2) Sadaqa – solih amallarning eng afzali.
3) Sadaqa Qiyomat kuni o'z sohibiga soyabon bo'ladi.
4) Sadaqa qabr issig'ini pasaytiradi.
5) Sadaqa – mayyitga qilinadigan eng yaxshi va eng foydali hadyadir. Alloh taolo uni ko'paytirib beradi.
6) Sadaqa nafsni poklaydi.
7) Sadaqa Qiyomat kunidagi qo'rqinchdan omonlik beradi.
8) Sadaqa xato va gunohlarga kafforat bo'ladi.
9) Sadaqa – o'lim oldi xotimani go'zal qiladi.
10) Sadaqa xursandchilikka sabab bo'ladi.
11) Sadaqa qiluvchi – odamlarning eng yaxshisidir.
12) Sadaqa sohibiga juda ham ko'p va beqiyos buyuk yaxshiliklar va juda ham ulkan savoblar va'da qilingan.
13) Sadaqa qilish – taqvodorlarning sifatlaridandir.
14) Sadaqa – saxovatning belgisidir.
15) Sadaqa – duo qabul bo'lishiga sababdir.
16) Sadaqa – tashvishning arishiga sababdir.
17) Sadaqa baloni qaytaradi.
18) Sadaqa umrni uzaytiradi.
19) Sadaqa – dardga davo, kasallikka – shifo, eng foydali muolajadir.
20) Sadaqa o't tushishidan, suvda cho'kishdan, o'g'ri urishidan asraydi.
21) Sadaqaning savobi – naqd, garchi u hayvon-parrandalarga qilinsa ham.
22) Sadaqaning afzali – ochga taom berishdir.
23) Sadaqa qiluvchi kishi odamlar mehrini qozonadi.
24) Sadaqa – sadaqa qiluvchining mol-davlatini ko'paytiradi.
25) Sadaqa rizq ziyoda bo'lishiga sabab bo'ladi.
26) Sadaqa – sadaqa qilgan kishini odamlar yaxshi ko'rishlariga sabab bo'ladi.
27) Sadaqa nusratga sabab bo'ladi.
28) Sadaqa ishida qatnashganlar savobga sherik bo'ladilar.
29) Sadaqa – balo va qazolardan himoya qiladi.
30) Sadaqa o'z egasini yomon o'limdan asraydi.
31) Sadaqa bergan bilan mol-dunyo kamayib qolmaydi.
32) Sadaqa beradigan odamning moliga farishtalar baraka tilab duo qiladilar.
33) Sadaqa Parvardigorning g'azabini o'chiradi.
34) Sadaqa – sadaqa beruvchining shaytonlar ustidan g'alabasidir.
35) Sadaqa Qiyomat kunida bu dunyoda boy berilgan narsalarga afsus qildirmaydi.
36) Sadaqa – g'am-anduhdan xoli etguvchidir.
37) Sadaqa Qiyomat kuni to'siq bo'lib, himoya qilib, sadaqa qiluvchini do'zaxdan to'sadi.
38) Sadaqa qalbning qattiqligini yumshatadi.
39) Sadaqa – Qiyomat kunida sadaqa qilganning yuzining jilosidir.
40) Sadaqa qilingan mayyitga ham, sadaqa qilgan odamga ham Alloh taolo savoblarini ko'paytirib beradi.
41) Sadaqa – yomonliklarni daf etish uchun sababdir.
42) Sadaqa farishtalarning duosiga sabab bo'ladi.
43) Sadaqa savoblarni ko'paytiradi.
44) Sadaqa – qayg'udan asraguvchidir.
45) Sadaqa – qabr olovini so'ndirguvchidir.
46) Sadaqa – hasanotlarni o'n hissaga ko'paytirguvchidir.
47) Sadaqa bu dunyodagi 70 xil yomonlik eshiklarini yopadi.
48) Sadaqa – sohibini qabr azobi va olovdan ozod etguvchidir.
49) Sadaqa – sadaqa beruvchining quvonchiga sababchidir.
50) Suv ho'l-quruqni kuydirib borayotgan olovni o'chirgani kabi, insonning ikki dunyosini kuydirib borayotgan xato va gunohlarini sadaqa o'chiradi.
51) Sadaqa vafotingizdan keyin ham ajr-savobingizni ko'paytirib turadi.
52) Sadaqa qiluvchi Alloh taologa yaqin bo'lib, O'zining mehriga sazovor bo'ladi.
53) Uzr sababli tutolmay qolgan farz qilingan ro'zani ham sadaqa bilan kafforat etiladi.
54) Sadaqa Ramazon oyida tutilgan ro'zani mukammal qilib beradi.
55) Sadaqa qilayotganingizda mablag'laringizni yo'qotayotgan bo'lmaysiz, balki uni boshqa payt uchun o'zingizga jo'natayotgan bo'lasiz.
56) Sadaqa – saxiy va himmatli ishlardan va ezgu alomatlardan biridir.
57) Sadaqa – duoning ijobat bo'lishiga sababchidir.
58) Sadaqa qiluvchilarni O'zining go'zal mukofotlari ila siylaydi.
59) Sadaqa – Qiyomat kunida sadaqa qilganning yuzini yorug' qiladi.
60) Sadaqa – sadaqa beruvchidan va uning yaqinlaridan baloni daf qiladi.
61) Sadaqa – sadaqa beruvchining obro' va hurmatini saqlaydi.
62) Sadaqa beradigan xonadonga Hudoi taoloning rahmati yog'iladi.
63) Sadaqa beradigan odamga fayzu ilohiy, xayr-baraka beriladi.
(Kalomulloh – Qur'oni Karimning oyati karimalari va Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflaridan).
Ibrohimjon domla Inomov
Ota – oilaning suyanchi, farzandning qalqoni, jamiyatning ustuni. Farzand tarbiyasi – bu faqat onaning emas, balki otaning ham vazifasidir. Chunki oila ikki qanot, sog‘lom bo‘lsagina, to‘g‘ri parvoz eta oladi. Alloh taolo kalomida bunday deydi: “Ey mo‘minlar, o‘zlaringizni va oilangizni do‘zax o‘tidan saqlang!” (Tahrim surasi, 6-oyat). Bu oyatdan ma’lumki, Alloh taolo har bir musulmon erkakni o‘z oilasi, xususan, farzandlari uchun javobgar qilib qo‘ygan. Ularning ma’naviy-axloqiy darajada yuksak bo‘lishi bir tomondan otaning ham vazifasidir.
Ota – oilaning imomidir, u namozdagi imomdek, oilasini to‘g‘ri yo‘lga boshlashi kerak. Chunki bir jihatdan, oyatda zikr etilganidek, ular ayollarga ham rahbardirlar, o‘z hukmronligi mustahkam bo‘lgan oilada, albatta, farzandlar ham aqlli, farosatli bo‘lib yetishadi. Yosh bolaning qalbi oppoq sahifaga o‘xshaydi. Ota bu sahifaga qanday so‘zlar yozsa, farzandning kelajagi shunga ko‘ra shakllanadi. Demak, bolaga iymon, halollik, sabr, mehr-oqibat, fidoyilik kabi fazilatlarni berish otaning birinchi navbatdagi burchidir.
Afsuski, ayrim otalar farzandining jismoniy ta’minotini qilib, axloqiy va ma’naviy tarbiyasini unutmoqda. Mehrsiz go‘zal oqibat shakllanmaydi. Farzandga yangi telefon, kiyim olish emas, uni namozga o‘rgatish, halol-haromni anglatish, Alloh sevgisini yuragiga solish muhimroq. Chunki bola ota nima qilsa, o‘sha yo‘ldan yuradi. Bolalar otalarini o‘zlariga “qahramon” sifatida tanlashadi. Ota tongda bomdodga tursa, farzand ham tongda uyg‘onishni o‘rganadi. Ota halol mehnat qilsa, farzand halollikni qadrlaydi. Farzandlar otalarning vijdoni, ularning pok e’tiqod natijasidir.
Ota – o‘z hayoti bilan dars beradigan inson. Islom olamining yetuk namoyandasi Fotima Samarqandiyaning otasi – buyuk muhaddis va faqih Muhammad ibn Ahmad Samarqandiyning o‘zaro munosabatlarida ko‘ramiz. Fotima Samarqandiya yoshligidan ilm o‘rgandi. Otasi uni nafaqat dunyo ilmlariga, balki Qur’on, fiqh va hadisga oshno qildi. Fotima ilmda otasining eng yaqin shogirdi, hayotda esa eng sodiq yordamchisi edi. Ustoz sifatida otasi uni buyuk alloma sifatida tarbiyaladi. Otasi unga o‘z qo‘li bilan fiqhiy masalalar yozilgan daftarini ishonib topshirgan. Bu nafaqat ilmiy ishonch, balki otalik e’tibori va muhabbatining yorqin belgisi edi.
Farzandingiz sizga Allohning omonati. Uni faqat dunyoviy emas, axloqiy va diniy tarbiya bilan ham boyiting. Har bir o‘rgatgan duoingiz, har bir qilgan mehribonligingiz, har bir amalingiz – siz uchun sadaqai joriyadir. Bu dunyodan o‘tganingizdan so‘ng ham sizga ajr bo‘lib qaytaveradi. Unutmang, yaxshi farzand bu – otaning eng buyuk merosidir.
Mahfuza BOZOROVA,
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
“Mo‘minalar” jurnalining 2025 yil 9-sonidan