Sevimli payg'ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam moturidiy e'tiqodli hanafiy mazhabidagi odamlarni maqtab bashorat qilganlari e'tiqod va amaliyotdagi ushbu ikki mazhabning haqligini tasdiqlaydi!!!
Zotan, xurofot va botil hamda uni qiluvchi shaxslar hech qachon maqtalmaydi. Gap shundaki, Rasuli akram, Habibi muhtaram, Nabiyyi mukarram, ruhiy va ruhu-l-olamina fidohu, sollallohu alayhi va sallam qadimiy Qustantiniyaning fath etilishini bashorat qilganlarida, fath qiluvchi amirni va askarlarni maqtaganlar. Qustantiniyani ovro'poliklar Konstantinopol' deyishgan, baxtli musulmonlar qo'lida fath qilingandan so'ng Islombo'l! deb atala boshlagan, hozirda Istanbul deyiladi. Bashoratomuz hadisi sharif ushbudir:
عن عبيد الله بن بشر الغنوى (الخثعمى) عن ابيه انّه سمع النبىّ صلى الله عليه و سلم يقول لتفتحنّ القسطنطينية فنعم الأمير أميرها و نعم الجيش ذلك الجيش قال مسلمة بن عبد الملك فسألنى فحدّثه فغزا القسطنطينية
“Qustantiniya albatta fath etilajak. Uning amiri qanday ham yaxshi amirdir! Bu qo'shin qanday ham yaxshi qo'shindir!”.
Roviy aytadi: “Maslama ibn Abdulmalik meni chaqirib, ushbu hadisni mendan so'radi. Meni aytib beruvdim, u Qustantiniya fathiga jo'nadi”.
(Buxoriy, “at-Tarix al-kabir”, 2/1760; Buxoriy, “at-Tarix as-sag'ir”, 1/1482; Ahmad, 4/18977; Hokim, “al-Mustadrak”, 4/8300; Tabaroniy, “al-Mo''jam al-kabir”, 2/1216; Abu Nuaym, “Ma'rifat as-sahoba”, 1/1177; Ibn Qone', “Mo''jam as-sahoba”, 1/117).
Mazkur hadisi sharif oltita sahih hadislar to'plamida uchramasa ham, biroq, hadisshunos muhaddislar uning roviylarini ishonchli bo'lgan sahih hadis deganlar:
Muhaddis Ibn Hibbon rahimahulloh “Kitob as-Siqot” (“Ishonchli roviylar”) nomli asarida mazkur hadis roviysi Bishr al-G'anaviy raziyallohu anhuning ushbu hadisni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan eshitganligini alohida qayd qilganlar (“as-Siqot”, 3/102).
Muhaddis Imom Hokim rahimahulloh mazkur hadisni “al-Mustadrak”da rivoyat qilar ekan, uning sahihligini alohida ta'kidlaganlar (“al-Mustadrak”, 4/8300).
Imom az-Zahabiy rahimahulloh o'zining “Talxis al-Mustadrak” asarida mazkur hadisni sahih degan (“Talxis al-Mustadrak”, 4/8300).
Imom as-Suyutiy rahimahulloh o'zining “al-Jome' as-sag'ir” asarida mazkur hadisni sahih deganlar (“al-Jome' as-sag'ir”, 2/7227).
Hofiz al-Haysamiy rahimahulloh “Majma' az-zavoid”da mazkur hadisning roviylarini ishonchli deganlar (“Majma' az-zavoid”, 6/10384).
Ibn Abdulbarr rahimahulloh “al-Isti'ob fiy ma'rifat al-ashob” asarida mazkur hadisning roviysi Bishr al-G'anaviy ta'rifida uning isnodini hasan deb qayd qilganlar (“al-Isti'ob”, 1/52).
Hadisshunos Ahmad al-Busiriy rahimahulloh o'zining “Ittihof al-xiyarat al-mahara” asarida ushbu hadisni muhaddislardan Imom Ahmad rahimahulloh va Ibn Abu Shayba rahimahulloh rivoyat qilganlari hamda uning roviylarini ishonchli ekanini qayd qilganlar (“Ittihof al-xiyarat al-mahara”, 8/7595).
Imom al-Munoviy rahimahulloh ham “at-Taysir” asarlarida mazkur hadisni sahihligini qayd qilganlar (“at-Taysir bi-sharh al-Jome' as-sag'ir”, 2/564).
Hofiz Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh “Ta'jil al-manfaat” va “al-Isoba fiy tamyiz as-sahoba” asarlarida ushbu hadisni keltirib, uning isnodi borasida sukut ixtiyor qilganlar. Uning biror hadis borasidagi sukuti ushbu hadisning dalillanishga yaroqli ekanini bildiradi (“Ta'jil al-manfaat”, 1/91; “al-Isoba”, 1/685).
Biror hadisni o'tmishdagi hamma tan olgan hadisshunos, muhaddislar sahih deb turganida, hozirgilarning uni zaifga yoki mavzu' (soxta)ga chiqarishlarining mutlaqo ahamiyati yo'q puch gapdir! Zotan, bu hadisi sharifni Imom al-Buxoriy rahimahulloh bobomiz “Sahihi Buxoriy” asarlarida keltirilgan quyidagi: أوّل جيش من أمّتى يغزون مدينة قيصر مغفور لهم – “Ummatimning avvalgi qo'shini Qaysarning shahriga g'azot uyushtiradilar: ular mag'firat qilingandirlar!”, degan rivoyati bilan quvvatlash ham mumkin (Buxoriy, 2/2924). Ya'ni, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning doimiy e'tibor va istaklari, targ'ibotlari Qustantiniyani fath qilishga qaratilgan edi.
Ushbu hadisning haqiqatdan ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bashoratlari ekanligini boshqa ulug' sahobalar ham bilganlar. Jumladan, Ibn Haldun rahimahullohning jahonga mashhur “Muqaddima” asarlarida keltirilishicha, Hazrati Umar raziyallohu anhu ham ushbu bashoratni aytib yurganlar (Ibn Haldun. Muqaddima // al-Maktabat ash-Shomila. Isdori solis, 2006. – B. 1/442).
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Madinaga hijrat qilganlarida buyuk sahoba Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhuning uylari eshigi oldiga tuyalari cho'kkandi. Shu bahona Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uning uylarida 7 (etti) oy yashaganlar. Ushbu buyuk zot – Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhu yuqoridagi bashoratni bilib, Qustantiniyaga 52/672 yili Hazrati Muoviya raziyallohu anhu davrida (aniqrog'i, uning o'g'li Yazidning xalifalik paytida) g'azot qilib borganlar va u erda vafot qilganlar. O'zlari u erga dafn qilinishini vasiyat qilganlar. Sahobalar davrida Qustantiniyani fath qilishga urinish bo'lganini muhaddis Imom at-Termiziy rahimahulloh ham yozib qoldirganlar (Termiziy, 4/2239). Mazkur fath qilishga urinish chog'ida sahobalardan Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu, Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu, Abdulloh ibn az-Zubayr, Zurora al-Kilobiy, Avf ibn Molik al-Ashja'iy, Abu Shayba al-Hudriy raziyallohu anhu kabilar ham birga bo'lishgan.
Abu Dovud rahimahulloh, Imom Hokim rahimahulloh va Imom al-Bayhaqiy rahimahulloh kabi muhaddislar yozib qoldirishlaricha, taniqli sahoba Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhuning qabrlari Qustantiniyada ma'lum va mashhur, odamlar ziyoratga boradilar, qahatchilik vaqtlarida uni vasila qilib yomg'ir so'raydilar (Abu Dovud, 2/2512; Hokim, 3/5928-5929; Bayhaqiy, 2/18659).
Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhuni odamlar vasila qilib yomg'ir so'rashini Ibn Hajar al-Asqaloniy rahimahulloh va Badriddin al-Ayniy rahimahulloh “Sahih al-Buxoriy”ga yozgan sharhlari “Fath al-Boriy” va “Umdat al-qoriy”da ham aytib o'tganlar (Ibn Hajar al-Asqaloniy. Fath al-Boriy. 6-jild. – Misr: Matbaat al-kubro, 1882. – B. 75; Badriddin al-Ayniy. Umdat al-qoriy. 14-jild. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2001. – B. 277).
Mavlono Ali al-qori rahimahulloh esa “Mirqot al-mafotih”da Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhuning qabrlariga odamlar shifo istab borishlarini va shifo topib ketishlarini yozib qoldirganlar (Ali al-qori. Mirqot al-mafotih. 2-jild. – Bayrut: Dor al-fikr, 1994. – B. 53).
Hozir ham Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhuning qabrlari Istanbulda “Ayyub sulton” nomidagi katta ziyoratgohlardan biridir.
Sahih hadisda Qustantiniyani fath qilinishi bashorat qilingani bois, juda ko'p sarkardalar va g'oziylar fath qilishga o'ndan oshiq marta urunganlar. Lekin, Alloh taolo 1453 yili may oyida Sulton Muhammad II Fotih Sulton rahimahulloh tomonidan Qustantiniyaning fath qilinishini iroda qilgan ekan, bu sharafga o'sha davr musulmonlari musharraf bo'ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning mazkur bashoratlarini Sulton Fotih o'zlarining Istanbulda qadim vizantiyaliklarning “O'n ikki havoriy” ibodatxonasining o'rnida barpo qilgan, 1455 yildan boshlab qurdirishga kirishgan, va nihoyat, 867-875 h./1463-1470 m. yillarda batamom qurib bitkazilgan “Fotih jome'si va kulliyasi” majmuasining peshtoqiga faxr-iftixor bilan yozdirib qo'yganlar. Bugun ham u erda ushbu katiba lavhasini ko'rish mumkin.
Mazkur hadisning bashoratiga ko'ra, ushbu amir va fathda qatnashgan qo'shin eng yaxshi amir va eng yaxshi qo'shindir! Bular esa e'tiqodda moturidiy, amalda hanafiy edilar!
Ayrim haddan oshgan bemazhablar aytganidek, moturidiy-hanafiylar zalolatga ketgan bo'lganida, ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tomonlaridan maqtalgan bo'larmidilar?! Demak, mazkur bashoratning bo'lishi moturidiy-hanafiylikning Alloh taolo va uning Rasuliga maqbul ekanligini bildiradi.
Sulton Muhammad Fotih rahimahulloh va uning qo'shinidagilar hanafiy-moturidiy ekanligini qayerdan bilamiz? Aslida, bu ochiq-ravshan bo'lib, quyoshni isbot qilgandekdir. Biroq, ayrim bexabarlar e'tiroz bildirmasligi uchun uni dalillab o'tsak yomon bo'lmaydi:
Qustantiniya-Istanbul fathida qatnashganlar kimlar edi?
Sulton Muhammad Fotih rahimahulloh Qustantiniya – Istanbulni fath qilgan chog'da amirning yonlarida turgan olim va ulamolar hanafiy va moturidiy bo'lganlar. Ularning eng ulug'i shak-shubhasiz naqshbandiya va bayramiya tariqatidagi so'fiy bo'lib, taniqli mutasavvif Oq Shamsiddin quddisa sirruhu hisoblanadi.
Demak, yuqorida tilga olingan sahih hadisi sharif bashoratiga ko'ra hanafiy va moturidiylik singari naqshbandiya tariqati ham, so'fiylik ham haq tariqat, haq so'fiylik bo'lib, unda yurgan musulmonlar “qanday ham yaxshi!”, deb ta'riflanishga loyiq odamlar bo'lgan ekan.
Muhammad ibn Hamza Oq Shamsiddin ar-Rumiy (vaf. 865 h./1461 m.) qudisa sirruhu hazratlari Sulton Fotihni Istanbul fathiga shijoatlantirganlar, “Musulmonlar falon kuni falon joydan qal'aga kiradilar”, deb bashorat qilganlar. O'sha kungi fotih musulmonlar ushbu buyuk avliyoning xos duosini olgan edilar. Sulton Fotih: “Men bugun ushbu fathga mazkur zotning mening zamonimda yashaganidan ko'ra ko'proq quvonmadim!”, deb Oq Shamsiddin quddisa sirruhu bilan faxrlangan ekan. Istanbul fath qilinganidan so'ng, as'asa-yu dabdaba bilan ulug' shayxning huzuriga tashrif buyurganida, yonboshlab yotgan Oq Shamsiddin quddisa sirruhu unga o'rnida qo'zg'alib ham qo'ymagan ekan. Keyinchalik Sulton Fotihga vazirlar uning fath sababli g'ururga berilmasligi uchun shunday qilingan, deb tushuntirgan ekanlar.
Fath kunlari har kuni Sulton Fotih Oq Shamsiddin quddisa sirruhuning orqalarida namoz o'qir, bomdoddan keyin esa u zotning “Avrod”ni o'qishlariga tizzalab o'tirib, ixlos bilan quloq solib o'tirar edi.
Oq Shamsiddin quddisa sirruhuning maxsus ko'rsatmasi bilan hozirgi kundagi Istanbuldagi eng katta va eng mashhur ziyoratgoh sahoba Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhuning dafn qilingan joyi aniqlanib, mahobatli maqbara tiklanishiga sabab bo'lingan.
Oq Shamsiddin quddisa sirruhu mohir tabib bo'lganlar. Tibga oid risolasi bo'lgan. Shuningdek, tasavvufga bag'ishlangan risola yozganlar. Sulton Fotih uning avlodlariga atab vaqflar ajratgan. Hozirgacha ushbu vaqflar uning avlodlari qo'lidadir.
Bayramiya tariqatining taniqli vakili Mavlono Muhammad Ziyrak quddisa sirruhu ham Istanbulning ilk mudarrislaridan biri edi. U zotga “Ziyrak” degan laqabni Hoji Bayram valiy quddisa sirruhuning aynan o'zlari qo'ygan edi. Mavlono Ziyrak quddisa sirruhuni Sulton Muhammad Fotih rahimahulloh Istanbulga oldirib, unga har kuniga 50 (ellik) dirhamdan maosh ta'yinlagan.
Mavlono Abdulkarim rahimahulloh Sulton Fotihning xos xodimlaridan biri bo'lgan, bosh vazir Mahmud poshshoh rahimahullohning eng hurmatli odamlaridan biri hisoblangan. Qustantiniya – Istanbul fath etilganidan so'ng ilk qurilgan sakkizta madrasadan biriga bosh mudarris qilib ta'yinlangan. Istanbulda qoziaskar va muftiy lavozimida ham faoliyat yuritgan. U zot Sa'duddin at-Taftazoniy rahimahullohning hanafiylik fiqhiga oid mashhur “at-Talvih” asariga sharh bitganlar.
Sulton Fotihning ustozlari
Sulton Muhammad Fotih rahimahullohning ustozlari hanafiy mazhabidagi moturidiy e'tiqodli zotlar edi. Ana shu ma'lumotning o'ziyoq Qustantiniya – Istanbulning fath qilgan zotlar Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning bashoratlariga noyil bo'lgan haq yo'ldagi odamlar ekanligini tasdiqlaydi. Ular hanafiy-moturidiy zotlar edi:
Sulton Muhammad Fotih rahimahullohning ilk ustozlaridan biri avval shofi'iy mazhabida bo'lgan, keyinchalik hanafiylikni qabul qilgan Shahobiddin Ahmad al-Ko'roniy (813-893 h./1410-1488 m.) rahimahulloh hisoblanadi. U ash'ariy-moturidiy ta'limotidagi olim bo'lgan. Imom as-Subkiy rahimahullohning “Jam' al-javome'” asariga sharh bitganlar.
Ulardan yana biri Ho'jazoda nomi bilan tanilgan Mustafo ibn Yusuf al-Bursaviy (vaf. 893 h./1488 m.) rahimahulloh degan olimdir. U Adirnada, Qustantiniyada qozi bo'lgan, Bursada muftiylik qilgan, Imom G'azzoliy rahimahulloh va Ibn Rushd rahimahulloh falsafiy ta'limotini o'rganish maqsadida, aynan Sulton Muhammad Fotih rahimahulloh buyrug'iga binoan “Tahofut” asarini yozganlar, ash'ariy-moturidiy ta'limotiga oid “al-Mavoqif” asariga sharh bitganlar.
Sulton Muhammad Fotih rahimahullohga tafsirdan dars bergan Ibn at-Tamjid laqabi bilan tanilgan mufassir Muslihiddin Mustafo ibn Ibrohim (vaf. 880 h./1475 m.) rahimahulloh ham hanafiy mazhabidagi olim edi.
Mavlono Sinon laqabi bilan shuhrat qozongan Sinoniddin Yusuf ibn Hizrbek (vaf. 891 h./1486 m.) rahimahulloh ham Sulton Muhammad Fotih rahimahullohning muallimlaridan biri hisoblanadi. U zot Adirnadagi “Dor al-hadis” madrasasiga mudarris qilib ta'yinlangan. Keyinchalik, Sulton Fotihning xos muallimlaridan biri sifatida, sulton yonidan ajralmagan. Sulton Fotihning amri bilan Qozizoda Rumiy rahimahullohning Chag'miniy rahimahulloh asariga yozgan sharhiga sharh bitgan ekanlar. Keyinchalik bir muddat Sulton Fotihning vaziri ham bo'lib turgan. Ash'ariy-moturidiy ta'limotiga oid “Sharh al-Mavoqif” asariga sharh bitganlar. Tariqat namoyandasi sifatida esa turkiy tilda “Munojot” nomli asari bor.
Sulton Muhammad Fotih rahimahullohning muallimlaridan biri Ibn al-Hatib laqabi bilan tanilgan Muhyiddin Muhammad (vaf. 901 h./1495 m.) rahimahullohdir. U zot Istanbulning ilk sakkiz nafar mudarrislaridan biri hisoblanadi. Gapga chechan fasohatli, bahslarda doim engib chiqadigan o'ta bilimli zot bo'lganlar. Sulton tomonidan unga har kuni 100 (yuz) dirham maosh belgilangan ekan. Barcha ulamolar sulton bilan qo'lini o'pib ko'rishar, yolg'iz ugina sultonning qo'lini o'pmas ekanlar. U zot moturidiylik aqidasiga oid “Sharh at-Tajrid”ga, shuningdek, mashhur tafsir “al-Kashshof”ga sharh bitganlar. Hanafiylik fiqhining e'tiborli fiqhiy manbasi “Sharh al-Viqoya”ga ham sharh-hoshiya yozganlar.
Sulton Muhammad Fotih rahimahullohning muallimlaridan yana biri Hasan ibn Abdussamad as-Somisuniy (vaf. 891 h./1486 m.) rahimahulloh hisoblanadi. Qustantiniy – Istanbulning ilk qozilaridan biri, sakkizta madrasasidan birining bosh mudarrisi bo'lganlar. U zot mohir xattot bo'lib, aynan Sulton Fotih uchun “Sihoh al-Javhariy” asarini kitobat qilib bergan ekanlar. O'zlari moturidiy olimi Sayyid Sharif al-Jurjoniy rahimahullohning bir necha asarlariga sharh yozganlar.
Sulton Muhammad Fotih rahimahullohning muallimlaridan yana biri Hoja Hayriddin rahimahulloh hisoblanadi. U o'z hisobiga Qustantiniya – Istanbulda ilk madrasa qurdirgan zotlardan biridir. Ash'ariy-moturidiy ta'limotiga oid “Sharh al-Mavoqif” asarini o'qitish bilan shuhrat qozongan.
Sulton Fotih davri olimlari va unga atab bitilgan asarlar
Qustantiniya – Istanbulni fath qilganlar aynan hanafiy va moturidiylar ekanligini Sulton Muhammad Fotih rahimahullohga atab bitilgan moturidiya ta'limoti, hanafiy mazhabiga oid asarlar orqali ham bilish mumkin. Sulton Fotih hurmat va izzat ko'rsatgan, ehtirom qilgan o'sha davr olimlarining hanafiy va moturidiy ekanligi hamda tariqat so'fiylari bo'lganligi inkor qilib bo'lmas haqiqatdir! Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bashoratlariga noyil bo'lgan bu xildagi olimlar biz yo'llarida yurishimiz lozim bo'lgan hanafiy-moturidiy-naqshbandiy edilar:
Jumladan, Mulla Hizrbek nomi bilan tanilgan Hizr ibn Jaloliddin ar-Rumiy (810-864 h./1407-1459 m.) rahimahulloh Qustantiniya – Istanbulning eng birinchi qozisi hisoblanadi. U moturidiya ta'limotiga oid “al-Qasidat an-Nuniya” asarini Sulton Muhammad Fotih rahimahullohga bag'ishlagan. U, aslida, “Javohir al-aqoid” deb atalgan.
Mulla Hizrbek rahimahulloh qalamiga mansub “Javohir al-aqoid” (“Aqidalar gavhari”) nomli aqidaviy manzumaning har bir bayti “nun” harfi bilan tugagani uchun manzuma “Qasidai nuniyya” nomi bilan shuhrat qozongan. Muallif manzumani yozib, Istanbulni fath qilgan Sulton Fotih Muhammadxon rahimahullohga jo'natadi. Sulton Fotihga qasida maqbul bo'ladi, lekin oldida o'tirgan bir olim qasidaning ilk baytiga e'tiroz bildirib qoladi. Shunda Sulton Fotih uning e'tirozini darhol yozib, olimga jo'natadi. Olim ertalabgacha o'z qasidasiga to'la sharh yozib, e'tirozga javob o'laroq quyidagi ikki oyatni bitib yuborgan ekanlar:
فى قلوبهم مرض فزادهم الله مرضا
“Qalbida marazlik (illat) borlarga Alloh marazni ziyoda qiladi” (Baqara, 10).
و اذا تليت عليهم آياته زادتهم ايمانا
“Ularga oyatlari tilovat qilinsa, imonlari ziyoda bo'ladi” (Anfol, 2).
Ya'ni, bu javob zimnida hanafiy mazhabi, motridiya e'tiqodiga asosan bitilgan ushbu qasida Qur'on oyatlari va sahih hadisi shariflarga binoan yozilgan bo'lib, uni sevib o'qib-o'rganganlarning imonlari nuri ziyoda bo'ladi, bilaks, hanafiy mazhabi va motridiya e'tiqodini yomon ko'rganlar, uni yoqtirmasdan undan bid'at va xato axtaradiganlar qalbida marazlik bor, degan ma'no mavjud edi.
Ana shu qasidaga bitilgan mo'jaz sharhcha “Ujolatu layla av laylatayn” (“Bir yoki ikki kechada shoshilinch bitilgan qasida”) nomini olgan. Chunki, uning oxirida Sulton Fotihga xitoban quyidagi baytlar bor edi:
الا يا أيّها السلطان نظمى، عجالة ليلة او ليلتين
مع الأشغال فى ايّام درسى، و ما فارقت شغلى ساعتين
“Ayo, ey Sulton! Mening bu nazmim bir yoki ikki kechada darslarim kunlarida mashg'ulotlarim bo'lib turganida mashg'ulotlarimdan ikki soat ham ajrata olmay tugatilgan!”.
Hullas, mazkur “Qasida-i nuniyya” hanafiy mazhabi, moturidiya e'tiqodiga muvofiq bitilgan!
Mulla Husrav Muhammad ibn Faromurz (vaf. 885 h./1480 m.) rahimahulloh taniqli hanafiy olimi bo'lib, o'zlarining hanafiylik fiqhiga oid “Durar al-hukkom” asari bilan shuhrat qozongan. Sa'duddin at-Taftazoniy rahimahullohning mashhur “at-Talvih” asariga sharh bitganlar, hanafiylik usul al-fiqhiga oid “Mirqot al-vusul” nomli asari ham mashhur. U zot Istanbulning ilk qozisi, “Ayo So'fiya”ning ilk mudarrisi edi. U zot jum'a kuni “Ayo So'fiya”ga kirib kelganida masjiddagi tamomi xalq uning hurmatiga o'rinlaridan turar ekanlar, mehrobgacha yo'l ajratilar ekan. U zot dabdaba bilan mehrobga borib, namoz o'qishga kirishar ekan. Uni uzoqdan kuzatib turgan Sulton Muhammad Fotih rahimahulloh har safar o'z a'yonlariga qarab, “O'z zamonining Abu Hanifasiga qaranglar!”, deb iftixor qilar ekan. U zot “Durar al-hukkom” asarining muqaddimasida Imomi A'zam Abu Hanifa rahimahullohni millat va dinning chirog'i deb vasf qiladilar, uning mazhabiga baxtli insonlargina ergashadi, deganlar. Islom faqihlari uning mazhabiga ko'ra fatvo berishlarini, ko'plab mujtahidlar unga ergashishlarini ta'kidlaganlar.
Mulla Husrav rahimahulloh mohir xattot bo'lganlar. U zot vafot qilganida, o'z qo'llari bilan ko'chirilgan ikkita nusxada Sayyid Sharif Jurjoniy rahimahullohning “Sharh al-Mavoqif” asarining qo'lyozma nusxalarini topishgan. Mazkur asar ash'ariy-moturidiy ta'limotini yorituvchi eng mashhur asarlardan biri hisoblanadi. Bu uni ko'chirgan zot ash'ariy-moturidiy ta'limotiga ergashuvchi ahli sunnat va jamoat vakili ekanini to'la isbotlaydi. Ularning har biri Istanbul fathida qatnashgan ulamolar tomonidan 6000 (olti ming) dirhamga sotib olingani ham ma'lum.
Mulla Husrav rahimahulloh bir muddat Bursaga borib yashab, u erda madrasa qurdirganlar, yana Istanbulga qaytib kelib esa muftiylik qilganlar. “Tafsiri Qozi”ga, shuningdek, hanafiylik usul al-fiqhiga oid “at-Talvih”ga hoshiya bitganlar.
Mavlono Hayoliy (829-861 h./1425-1458 m.) rahimahulloh o'zlarining moturidiya aqidasiga bag'ishlangan “Sharh al-Aqoid” asariga bitgan hoshiya-sharhlari bilan shuhrat qozongan. Bu zot mazkur hoshiyani bitganlaridan so'ng undan Sulton Muhammad Fotih rahimahulloh xabardor bo'lib, “Sharh al-Aqoid”ga hoshiya yozgan shu yigitmi?”, deb so'raydi. Tasdiq javobini olgandan so'ng uni darhol Izniqqa har kuni 130 (bir yuz o'ttiz) dirham maosh ta'yinlab, bosh mudarris qilib jo'natishga farmon beradi. Mavlono Hayoliy rahimahulloh bu paytda hali o'ttiz yoshlariga ham etib ulgirmagan edi. Ilmiy bahsda esa Ho'jazoda rahimahullohni ham engib chiqqan. Kunda bir marta ovqatlanar, nihoyatda taqvo va parhezgorligi bilan tanilgan zot bo'lganlar. U zot o'z ustozi Mulla Hizrbek rahimahullohning yuqorida eslatilgan aqoidiga ham sharh bitganlar.
Mavlono Hayoliy rahimahulloh “Sharh al-aqoid”ga bitgan hoshiya-izohlarida ahli sunnat va jamoat haqida bunday deganlar:
الأشاعرة هم أهل السنة و الجماعة هذا هو المشهور فى ديار خراسان و العراق و الشام و أكثر الأقطار و فى ديار ما وراء النهر اهل السنة و الجماعة هم الماتريدية أصحاب الإمام أبى منصور الماتريدى و ماتريد قرية من قرى سمرقند و بين طائفتين اختلاف فى بعضى المسائل كمسئلة التكوين و غيرها
“Ash'ariylar ahli sunnat va jamoatdir! Ular Huroson, Iroq, Shom va boshqa ko'pgina mintaqalarda mashhur. Movarounnahr diyorida esa ahli sunnat va jamoat moturidiylardir! Ular Imom Abu Mansur al-Moturidiyning shogirdlaridir. Moturid – Samarqand qishloqlaridan biri. Bu ikki guruh orasida takvin va boshqa ayrim masalalarda turlicha fikrlar mavjud”. (Hayoliy. Hoshiya sharh al-Aqoid. – Laknau: Shavkat al-islom, 1894. – B. 19).
Demak, Mavlono Hayoliy rahimahulloh fikricha ahli sunnat va jamoat faqatgina ash'ariy va moturidiylar hisoblanadi. Uning ushbu fikrlarini o'qigan Sulton Fotih rahimahulloh hazratlari ham uni chin dildan tasdiq qilgan hamda ushbu fikrlar muallifini hurmat-izzat qilgan ekanlar.
Muslihiddin Mustafo Qastaloniy (vaf. 901 h./1495 m.) rahimahulloh ham mazkur davrning taniqli olimlaridan biridir. Sulton Muhammad Fotih rahimahulloh u zotni Istanbuldagi sakkiz nafar eng oliy mudarrislardan biri qilib ta'yinlagan, qozi askar qilgan edi. U zot Qustantiniya-Istanbulda jome' qurdirganlar. “Sharh al-Aqoid”ga, “Sharh al-Mavoqif”ga sharhlar bitganlar. Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhu jivorlariga dafn qilingan.
Alouddin Ali al-Arabiy (vaf. 901 h./1495 m.) rahimahulloh ham mazkur davrning taniqli olimlaridan biridir. U zotga Sulton Fotih har kuni 80 (sakson) dirham maosh bilan sakkiz madrasasidan biriga bosh mudarris qilib ta'yinlagan. Keyinchalik Qustantiniya – Istanbulning bosh muftiysi bo'lganlar. Madrasalarda odatda seshanba kuni ta'til bo'lgan ekan. U zot o'z madrasida shanba kuni ta'til berar ekanlar. U zot Sa'duddin at-Taftazoniy rahimahullohning mashhur “at-Talvih” asarini to'la yod olganligi bilan mashhur bo'lgan ekan. Uning bizning vatandoshimiz Ubaydulloh ibn Mas'ud ibn Toj ash-shari'a al-Buxoriy rahimahullohning “al-Muqaddimot al-arba'a” asariga bitgan sharhi bo'lgan.
Mazkur Alouddin Ali al-Arabiy rahimahulloh xalvatiya tariqatining etuk shayxi sifatida ham nom qozongan, majzub avliyolardan bo'lgan. Uzun bo'yli, keng soqolli, nihoyatda issiq mijozli, qishda ham engil kiyimda boshyalang o'tirib dars aytaverar ekanlar. Dars jarayonidagi ovozi uzoq-uzoqlardan ham yaqqol eshitib turar ekan. Joriyalari bilan har kecha mujomaat qilar, har kuni g'usl qilib olib, so'ng tonggacha ham dars berar ekanlar. Uning 67 (oltmish etti) nafar farzandi bo'lgan.
Muhammad ibn Mustafo (vaf. 886 h./1481 m.) rahimahulloh Qustantiniya – Istanbulning ilk qozilaridan biri, sakkizta madrasadan biriga bosh mudarris qilib ta'yinlangan zotlardan biri hisoblanadi. Onato'li, Rumeli viloyatlariga ham qozi qilib yuborilgan. U zot Istanbulda o'z hisobidan maktab, madrasa va jome' qurdirgan. Sulton Fotihga bag'ishlab, “G'aroib al-lug'ot” asarini bitgan. Uning “Mezon as-sarf” asari shuhrat qozongan.
Ali Qushchi rahimahulloh dunyoga mashhur olimlardan biridir. U zot Mirzo Ulug'bek rahimahulloh vafot qilganidan keyin Samarqanddan ketib, Qustantiniya – Istanbulga Sulton Fotih xizmatiga borganlar. Sulton Fotih uni nihoyatda hurmat-izzat va ikrom bilan kutib olgan. Uning Tabrizdan Istanbulga qarab yo'lga chiqqanini eshitib, Sulton Fotih har bir marhala uchun 1000 (ming) dirhamdan unga berilishiga amr qilgan. Istanbulga etib kelishi bilanoq, ilk uchrashuvda Ali Qushchi rahimahulloh o'zining hisob ilmiga oid Sulton Fotihga bag'ishlangan eng mashhur risolasini – “Muhammadiya” nomi bilan atab, unga taqdim qiladi. Keyinchalik hay'at ilmiga oid “Fathiya” nomli asarini ham unga bag'ishlagan. Sulton Fotih uni mashhur “Ayo So'fiya” madrasasiga har kuni 200 (ikki yuz) dirham maosh bilan bosh mudarris qilib ta'yinlagan. Sulton Fotih Istanbulga tashrif buyurgan Ali Qushchi rahimahullohni birga kelgan tamomi kishilarini qandaydir mansablarga ta'yinlashga farmon chiqargan edi. Holbuki, u zot bilan birga ikki yuz nafar zot kelgan ekan.
Ali Qushchi rahimahulloh “Kashshof”ga sharh bitgan, ash'ariy-moturidiy aqidasiga oid “Sharh al-Matole'ga”ga ham hoshiya bog'lagan, hanafiylikning eng mashhur fiqhiy matni bo'lmish “Muxtasar al-Viqoya”ga alohida sharh bitgan zotdirlar. U zot Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhu yonlariga dafn qilingan.
Hasan Chalabiy ibn Muhammadshoh al-Fanoriy rahimahulloh o'sha davrning eng mashhur ulamolaridan biridir. U zot kamtarlik yuzasidan aslo ulovga minmas ekanlar. Avvaliga Adirnadagi “Halabiya” madrasiga mudarris bo'lganlar. So'ngra, Sulton Fotihdan shaxsan ruxsat olib, Misrga borib o'qiganlar. Jumladan, nahv faniga oid mashhur “Mug'niy al-labib” asarini, hadisdan “Sahih al-Buoriy”ni Misrda o'qib, ustozlardan ijoza olib, Qustantiniya – Istanbulga qaytib keladi. “Mug'niy al-labib”ga ajoyib sharh bitib, uni Sulton Fotihga bag'ishlaydi. Sulton Fotih rahimahulloh uni o'qib ko'rib, uning ilmiga tan bergan va Izniqdagi madrasaga mudarris qilib ta'yinlagan ekan. Keyinchalik uni Qustantiniya – Istanbuldagi ilk qurilgan sakkiz madrasadan biriga bosh mudarris qilingan. Ash'ariy-moturidiy ta'limotini o'zida aks ettirgan “Sharh al-Mavoqif”ga, shuningdek, hanafiylik usul al-fiqhiga oid “at-Talvih”ga sharhlar bitganlar.
Hasan Chalabiy rahimahulloh “Hoshiyat at-Talvih” asarida mutashobeh sifatli oyat va hadislarni ta'vil qilishni yoqlab, ta'vilni faqatgina mutaaxxirin olimlar, keyingi davrdagi moturidiylar yoqlagan, degan gapni rad qilib, ta'vil o'tgan davrlardan ham bo'lgan deya: و ليس كذلك بل التأويل كان فى القرن الأوّل و الثانى – “Bunday emas. Balki ta'vil avvalgi va ikkinchi zamonlarda ham (ya'ni, sahoba va tobe'inlar davrida ham) bo'lgan”, deganlar (“at-Tavzih ma'a at-Talvih”. Hasan Chalabiy asari alohida hoshiyada ilova qilingan. – Qozon, 1902. – B. 193).
Shayx Musannifak nomi bilan tanilgan olimlardan biri Shayx Ali ibn Majduddin Muhammad ar-Roziy (vaf. 875h./1470) rahimahulloh bo'lib, taniqli ash'ariy olimi Faxriddin ar-Roziy rahimahullohning avlodidan hisoblanadi. U Qustantiniya – Istanbulga kelganida, Sulton Fotih unga har kuni 80 (sakson) dirham maosh ta'yinlaganlar. U zot juda kichik yoshidan kitob yozishni boshlaganlari uchun “Musannifak” (“Kichkina muallif”) nomi bilan tanilgan ekan. Yuzdan ortiq asarlar yozgani ma'lum, sakson besh yoshlaridan o'tganlaridan so'ng, yozmaslikka qaror qilgan ekanlar. U zot Sulton Fotihning amri bilan Qur'oni karimga fors tilida tafsir yozganlar. Hanafiy olimi sifatida “al-Hidoya”, “Sharh al-Viqoya” kabilarga sharh bitganlar. Moturidiy olimi sifatida esa “Sharh al-Aqoid”ga hoshiya bog'laganlar. Shayx Musannifak rahimahulloh Abu Ayyub al-Ansoriy raziyallohu anhu qabristoniga dafn qilingan.
Mavlono Hamiduddin al-Husayniy (vaf. 908 h./1502 m.) rahimahulloh Qustantiniya – Istanbul qozilaridan va muftiylaridan biri. Sulton Fotihning shaxsan o'zi uni Bursadagi madrasaga bosh mudarris qilgan, keyinchalik Istanbuldagi sakkizta madrasadan biriga bosh mudarris qilib ta'yinlagan.
Mavlono Hamiduddin al-Husayniy rahimahulloh haqlarida: “Agar Istanbuldagi kitoblar yonib ketganida ham, uning hifzi – hofizasi bilan ularni qayta tiklash mumkin edi!”, deyilgan ekan. U zot ash'ariy-moturidiy ta'limotiga oid “Sharh al-Matole'”, “Sharh al-Muxtasar” kabi asarlarga hoshiya-izoh bitganlar.
Faxriddin Yahyo ar-Rumiy (vaf. 864/1460) rahimahulloh Sulton Muhammad Fotih rahimahullohga atab hanafiy fiqhiga oid “Mushtamil al-ahkom” asarini bitganlar. Bu asar o'sha davr qozilari uchun dasturulamal bo'lib xizmat qilgan.
Qora Sinon laqabi bilan tanilgan Yusuf ibn Abdulmalik ar-Rumiy (vaf. 852/1448) rahimahulloh hanafiylik usul al-fiqhiga oid Abulbarakot an-Nasafiy rahimahullohning mashhur “Manor al-anvor” asariga “Zayn al-manor” nomli sharh bitganlar.
Hullas, Qustantiniya – Istanbulni fath qilgan Sulton Fotih Muhammadxon atrofidagi olimlarning barchasi hanafiy mazhabidagi, moturidiy aqidasidagi, mashhur tariqatlardan biriga mansub zotlar edi.
HULOSA
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam moturidiy e'tiqodli hanafiy mazhabidagi, naqshbandiy tariqatidagi odamlarni maqtab bashorat qilganlari e'tiqod va amaliyotdagi ushbu mazhablarning haqligini tasdiqlaydi! Zotan, xurofot va botil hamda uni qiluvchi shaxslar hech qachon maqtalmasligi o'z-o'zidan ma'lum. Sevimli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning: “Qustantiniya albatta fath etilajak. Uning amiri qanday ham yaxshi amirdir! Bu qo'shin qanday ham yaxshi qo'shindir!”, deb maqtaganlari Qustantiniya – Istanbulning fotihi Sulton Muhammad Fotihning u erda qurdirgan ilk jome'sining peshtoqiga iftixor bilan yozib qo'yilgan. Bugungi kunda ham ushbu katiba u erda ko'rk bag'ishlab turibdi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning mazkur hadisi shariflarini bugungi kunning ayrim noahllari zaifga yoki soxta-to'qimaga chiqarishga urunayotganini ko'rish mumkin. Holbuki, hadisshunos muhaqqiq olimlar Ibn Hibbon rahimahulloh, Imom Hokim rahimahulloh, Imom az-Zahabiy, Jaloliddin as-Suyutiy rahimahulloh, Hofiz al-Haysamiy rahimahulloh va Imom al-Munoviy rahimahulloh kabilar mazkur hadisni sahih va uning roviylarini ishonchli deb baholaganlar. Ana shu ma'lumotning o'zi bizga mazkur hadisga ishonishimizga kifoya qiladi.
Qustantiniya – Istanbulni fath qilgan fotihlar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tomonlaridan “eng yaxshi” deb ta'riflangan ekan, biz ularning moturidiy e'tiqodli hanafiy mazhabidagi, naqshbandiy tariqatidagi odamlar ekanini aytishimiz kerak. Biz buni yuqorida birma-bir isbotlashga harakat qildik. Demak, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bashorat qilganlaridek, moturidiy e'tiqodli hanafiy mazhabidagi, naqshbandiy tariqatidagi odamlar musulmonlar ichidagi eng yaxshi odamlar ekaniga shak-shubha yo'q!
Biz hanafiy mazhabiga taqlid qilishimizdan, moturidiy aqidasida mustahkam turishimizdan, naqshbandiya tariqatiga ixlos qilishimizdan faxrlanamiz! Zotan, asil ahli sunnat va jamoat ta'limoti ayni mana shulardir!
Siz ham moturidiy e'tiqodli hanafiy mazhabidagi, naqshbandiy tariqatidagi musulmon bo'lib qolavering. Noahl va nokaslarning safsatalariga quloq tutmang. Shunda, fayz-u futuh, fath-u zafar, yutuq va g'alaba Sizniki bo'ladi!
Hamidulloh Beruniy
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dunyoviy ilmlarni Islomdan ayirish dinimizga begona, ummatimizga xos bo‘lmagan holat! Islom ummati shar’iy ilmlarsiz hayot kechirolmaganidek, dunyoviy ilmlarsiz ham yashay olmaydi.
O‘tgan asrlarda musulmonlar “foydali ilm” tushunchasini noto‘g‘ri talqin qila boshlashdi. Ular ongiga faqat shar’iy ilmlar foydali degan fikr o‘rnashib qoldi. Aslida, dunyoviy ilm ham Kitob va sunnatda maqtalgan mutlaq ilmga kiradi. Biroq ba’zi insonlar diniy ilmlarda savob bor, dunyoviy ko‘rinishida esa yo‘q, deb tushunishdi. Keyinchalik “diniy ilm”, “dunyoviy ilm” degan iboralar paydo bo‘ldi.
“Dunyoviy ilmlar” degan termin ko‘pchilik dindorlarda Islomdan uzoqlashtiruvchi ilm degan tasavvur uyg‘otadi. Fizika, kimyo, biologiya kabi fanlarga go‘yoki dindan chalg‘itish uchun o‘qitiladigandek munosabatda bo‘lishadi.
Bu vahimalar asossiz, botil xayollardir. Agar mo‘min niyatni to‘g‘ri qilsa, fizika, kimyo, biologiya kabi ilmlar orqali ham jannatga kirishi mumkin. Dunyoviy ilmlar musulmonlarni aziz qiladigan diniy ilmdir.
Payg‘ambarlarning ham turli xil kasblari bo‘lgan: Odam alayhissalom dehqon, Dovud alayhissalom temirchi, Nuh va Zakariyo alayhimussalom duradgor, Idris alayhissalom tikuvchi, Muso alayhissalom cho‘pon bo‘lganlar. Ular oxirat ishini ham, hissalom dunyo ishini ham barobar olib borganlar.
Umar roziyallohu anhu go‘zal ko‘rinishli kishilarni ko‘rsa, kasbi haqida so‘rar edi, kasbi bo‘lmasa, hurmati bo‘lmas edi (“Fayzul qadir”).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qo‘lingizda ko‘chat bo‘lsayu, qiyomat qoim bo‘lib qolsa, imkon qadar ko‘chatni ekib qoling” (Musnadi Ahmad, “Adab al-Mufrad”).
Dunyoda foydalana olmasa ham ko‘chat ekishga targ‘ib qildilar, bu dunyo ko‘rinishidagi diniy ish.
Keling, bu yog‘iga “dunyoviy ilmlar” iborasini ishlatmaymiz, o‘rniga “hayotiy ilmlar” deb ishlatamiz. Bu ilmlar hayotimiz farovonligi uchun Alloh bizga o‘rganishni buyurgan ilmlardir.
Hayotiy ilmlar yer obodligi, insoniyat manfaati, dinni oliy qilish, bu ummatni aziz qilish uchun yo‘naltirilsa, qanday ulug‘ ilm bo‘lishiga qat’iy hujjatlar va dalillar keltiramiz:
Birinchi dalil. Inson Allohning yerdagi “o‘rinbosar”i ekanini unutib qo‘ydimi?!
“Unutmadi”, degan javob beriladi. Unday bo‘lsa, inson yerdagi hayot ilmini bilmay turib, qanday “o‘rinbosarlik” qiladi?!
Yerda “Allohning o‘rinbosari” bo‘lgan kishiga, Robbini tanish, Unga ibodat qilishi, zamin tabiatini o‘rganishi, undagi ne’matlardan bandalar manfaat topmog‘ini bilishi vojib. Alloh taolo aytadi: “U sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi” (Xud surasi, 61-oyat).
Demak, “o‘rinbosarlik”ning asosiy shartlaridan biri yerni obod qilish, undagi ne’matlar bilan ehtiyojlarini qondirish ekan.
Alloh Odamni yaratdi, ilm bilan ulug‘ladi, qadrini baland qilib, farishtalarni unga sajda qildirdi. “(Alloh) Odam (Ato)ga barcha nomlarni o‘rgatdi” (Baqara surasi, 31-oyat).
Ibn Abbos roziyallohu anhumo oyat tafsirida aytadi: “Hamma narsaning nomlarini, tog‘, daraxt, dengiz, xurmo, hayvonlar nomlarini o‘rgatgan” (“Tafsir Ibn Kasir”).
Alloh taolo Odam alayhissalomga yerda yashash uchun zarur bo‘lgan tabiat ilmlarini o‘rgatgan. Farishtalar tabiat ilmini bilishmagan, chunki ular yerda o‘rinbosar emas edilar. Ularda bu ilmlarga ehtiyoj ham yo‘q edi.
Odam alayhissalom shar’iy ilmlar bilan birga hayotiy ilmlarni ham bilardi. Inson hayotiy ilmga e’tiborsiz bo‘lsa, “o‘rinbosarlik” ishida qusurlik paydo bo‘ladi. Bu kamchilik dinini fahmlagan mo‘minga yarashmaydi.
Ikkinchi dalil. Alloh taolo shar’iy ilmlarni mukammal qilgan: “Ana, endi bugun Diningizni kamoliga yetkazdim, ne’matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islom din bo‘lishiga rozi bo‘ldim” (Moida surasi, 3-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin vahiy to‘xtadi. Din ilmi o‘zgarmas bo‘lib qoldi. Bu shar’iy ilm hukmidir. Ammo, hayotiy ilmlar mukammal emas, qiyomatgacha yangi-yangi kashfiyotlar chiqaveradi. Ba’zi ilmiy haqiqatlar yuz yillab yashaydi. Yangisi yuzaga chiqishi bilan avvalgisi tan olinmaydi. Alloh Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Toki ularga u (Qur’on)ning haq ekani aniq ma’lum bo‘lgunicha, albatta, Biz ularga atrofdagi va o‘z vujudlaridagi alomatlarimizni ko‘rsatajakmiz...” (Fussilat surasi, 53-oyat).
Oyat “ko‘rsatajakmiz” tarzida, ya’ni, kelasi zamonda kelgan, demak, hayotiy ilmlar tobora yangilanib boraveradi. Biz musulmonlar bu ilmlarni puxta o‘zlashtirishimiz kerak.
Uchinchi dalil. Ba’zi fiqhiy masalalar borki, faqihlar ularni halol yoki harom deyish uchun soha mutaxassislarining fikriga ehtiyoj sezadi. Demak, hayotiy ilmning mohir mutaxassisi ba’zi fiqhiy masalani yechishda yordam beradi. Shuningdek, yangi davrda yuzaga kelgan turli masalalarni yechishda iqtisodchi, ishbilarmonlarning hissasi bor.
Faqihlar mutaxassis fikrisiz hukm chiqarishsa, masalada biror shar’iy uzr bo‘lishi mumkin. Iqtisodiy masalada iqtisodchiga, tibbiy masalada hoziq tabibga muhtojmiz.
Tibbiyotda shunday nozik nuqtalar borki, faqih ulamo ularni bilmasligi tabiiy. “Inson a’zosini boshqa insonga ko‘chirish”, “go‘zallik uchun amaliyot qilish”, “bachadonga bola urchitib qo‘yish” kabi zamonaviy tibbiy masalalarni faqih hoziq tabib bilan birga o‘rganishi lozim. Tibbiyotni insonga xizmati, faqihlarning to‘g‘ri fatvo chiqarishiga qo‘shgan hissasi jihatidan jannatga olib boruvchi fan desak, xato bo‘ladimi?!
Musulmonlar hayotiy ilmlarni egallab, Allohning shariatini chuqurroq anglaydilar. Allohning dinini Alloh yaxshi ko‘rgandek tatbiq qiladilar.
To‘rtinchi dalil. Hayotiy ilmlar Alloh taoloni tanishga yo‘ldir. Qur’oni karimda borliq haqida tafakkur qilishga yuzlab chaqiriqlar kelgan. Alloh taolo aytadi: “Albatta, osmonlar va Yerning yaratilishida, kecha va kunduzning almashib turishida, odamlar uchun foydali narsalar ortilgan kemalarning dengizda suzishida, Alloh osmondan tushirib, u sababli “o‘lik” yerni tiriltirgan suvda, turli jonzotlarni unda (yerda) tarqatib qo‘yishida, shamollarni (turli tomonga) yo‘naltirishida va osmon bilan Yer orasidagi itoatli bulutda aqlni ishlatadigan kishilar uchun alomatlar (Allohning qudratiga dalillar) bordir” (Baqara surasi, 164-oyat).
Shu kabi ko‘plab oyatlar kishini borliq haqida tafakkurga chaqiradi. Borliqni anglagan sari mo‘minning Allohga bo‘lgan iymoni ziyoda bo‘ladi. Olamlar Robbini yanada ulug‘laydi, buyukligini e’tirof etadi. Suv, nabotot, hayvonot, inson ilmlari Allohdan qo‘rqishga sabab bo‘ladi.
G‘arb olimi Eynshteyn borliqni tafakkur qilib “nisbiylik nazariyasi”ni kashf qilgandan keyin, Yaratuvchi borligini tan oldi: “Bu borliq ortida men bilmagan bir kuch bor”.
Beshinchi dalil. Hayotiy ilmlar oyatlar va sunnatni yaxshi anglashga xizmat qiladi. Qancha-qancha ixtiro va kashfiyotlar vahiyning mo‘jizaligini ochib berdi. Masalan, Naba’ surasining 6-7-oyatlarini olaylik: “Biz Yerni to‘shak qilib qo‘ymadikmi?! Tog‘larni esa (Yerni tutib turuvchi) qoziqlar qilib qo‘ymadikmi?!”.
Bu ikki oyatni oldingi ulamolar ma’lum bir tushunchada sharhlagan, ilm-fan rivojlangandan keyin tamoman boshqa ma’noda talqin qilina boshladi.
Doktor Zag‘lul Najjor mazkur oyat tafsirida aytadi: “Alloh tog‘larni qoziq qilgani xabarini bermoqda. Bu esa bu baland tog‘lar yer litosferasining ichida uzun ildizi borligini bildiradi. Chunki qoziqning asosiy qismi yer tagida bo‘ladi, uning vazifasi chodirni mahkam ushlab turish bo‘lganidek, tog‘larning vazifasi ham yerni mahkam ushlab turishdir.
Bu haqiqatni zamonaviy ilm yaqinda kashf qildi, tog‘larning yer ostida ildizi uzun ekani aniqlandi. “Qoziq” so‘zi ilmiy jihatdan ham, lug‘aviy jihatidan ham zamon olimlari ishlatayotgan “ildiz” so‘zidan ko‘ra nozikroq ma’nolarni ifoda qiladi”.
Doktor Zag‘lul Najjor Angliyaning tibbiyot universitetida ma’ruza o‘qiydi. Ma’ruzadan so‘ng undan: “Qiyomat yaqinlashdi. (Mana) oy ham bo‘lindi” (Qamar surasi, 1-oyat) oyati Allohning Kitobidagi ilmiy mo‘jizasi bo‘la oladimi, deb so‘rashdi.
Doktor bu Qur’ondagi minglab mo‘jizalardan biri ekanini yaqinda fan ham isbot qilganini aytdi. Shunda bir angliyalik kishi so‘zlashga izn so‘rab, o‘zini tanishtirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, u Dovud Muso Pedkok ismli kishi bo‘lib, u yuqoridagi oyat sababli musulmon bo‘lganini aytadi. Aytishicha, bir musulmon tanishi unga Qur’on ma’nolarining tarjimasini sovg‘a qilgan ekan. Qamar surasini o‘qigan Pedkok undagi Oy yorilgani haqidagi oyatga ishonmay Qur’onni yopib qo‘yadi. Kunlarning birida VVS kanalida amerikalik fazo olimlari ishtirokidagi ko‘rsatuvni ko‘rib qoladi. Unda olimlar Oyni o‘rganish tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqa qator sohalarda yaxshi samara berganini aytishadi.
Jurnalist olimlardan: “Oy rostdan yorilganmi?” deb so‘raydi. Olimlar Oy yorilib, yana ulanganini e’tirof etadi. Pedkok darrov Qur’onni ochib, ilk o‘qigan, lekin ishonmagan oyatga qaraydi. Aynan o‘sha oyat uning musulmon bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Albatta, Qur’on va sunnat ajoyibotlari tugamaydi. Biz bu ikki masdarning sirlarini ochadigan olimlarga muhtojmiz.
Oltinchi dalil. Alloh taolo musulmonlarni har bir sohada yetuk bo‘lishga buyuradi. Tabiiyki, ishni puxta biluvchilar peshqadam hisoblanishadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayxi vasallam aytadilar: “Alloh har bir ishni go‘zal ado qilishga buyurgan…” (Imom Muslim rivoyati).
“Har bir ish” deganda shar’iy ilmlarda ham, hayotiy ilmlarda ham peshqadam bo‘lish tushuniladi.
Alloh Kitobida boshliqlikni Tolutga berganini hikoya qiladi, buning sababini unga ilm va jismda ziyodalik bergani bilan izohlaydi. Tolutga berilgan ilm faqatgina shar’iy ilm emasdi. Unga qo‘mondonlik, siyosat kabi ilmlar ham berilgan edi. Tolut zamonida payg‘ambar ham bor edi, shubhasiz, u shar’iy ilmlarni vahiy orqali bilardi. Lekin qo‘shinni boshqarish uchun hayotiy ilmlarni biluvchi mutaxassis yuborildi. “Ularga payg‘ambarlari: “Alloh sizlarga Tolutni podshoh etib yubordi”, dedi” (Baqara surasi, 247-oyat).
Yusuf alayhissalomga Misrda vazirlik taklif qilinganda: “(Yusuf) dedi: “Meni shu yerning xazinaboni qilib qo‘y! Zero, men (omonatni) saqlovchi va (o‘z ishini puxta) biluvchidirman” (Yusuf surasi, 55-oyat).
Qarang, Yusuf alayhissalom katta amalga darhol rozi bo‘lmadi, balki qo‘lidan keladigan vazifani so‘ramoqda. U zotning “biluvchidirman” deyishi dinni yoki vahiyni emas, yer va dehqonchilik ilmlarini biluvchiman deganidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ulug‘ sahobiy Amr ibn Os roziyallohu anhuni “Zotul salosil” yurishiga qo‘mondon qildilar. Vaholanki, qo‘shinda buyuk sahobalar ko‘p edi. Amr musulmon bo‘lganiga endi besh oy bo‘lgan, shar’iy ilmlarni boshqa sahobalarday bilmasa ham jang ilmini, o‘sha joy strategiyasini yaxshi bilardi. Payg‘ambar alayhissalom u haqida: “U jang mahoratini yaxshi bilgani uchun uni bosh qildim”, deganlar (Suyutiy, “Tarixi xulofo”).
Amr ibn Os bosh qo‘mondon qilib tayinlanishi Payg‘ambarimiz alayhissalom mukammal hayotiy ilmni qanchalar qadrlaganlari nishonasidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni Qur’on tilovatini yetuk sahobalardan o‘rganishga buyurdilar. Jumladan: “Qur’onni to‘rt kishidan Ibn Ummu Abddan (Abdulloh ibn Mas’uddan), Muoz ibn Jabaldan, Ubay ibn Ka’bdan, Abu Huzayfaning mavlosi Solimdan o‘rganinglar” (Imom Buxoriy, imom Muslim rivoyati).
Mazkur to‘rt sahobiyni taqvoda, zuhdda peshqadamligi uchun emas, balki Qur’on ilmida mohirligi, qiroat turlarini yaxshi bilganlari uchun tavsiya qildilar.
Bilol roziyallohu anhuga azon aytish buyurilgani uning namozi, ro‘zasi uchun emas, balki ovozi baland va go‘zal bo‘lgani sababdir. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam azon kalimalarini tushida eshitgan Abdulloh ibn Zaydni muazzin etib tayinlamadi, balki unga: “Bu haq tushdir, Bilolga bu kalimalarni aytib tur, u azonni aytsin, u ovozi baland insondir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Shuningdek, tib ilmida ham eng mohir tabibdan davolash talab etiladi. Imom Molik rahimahulloh “Muvatto”da rivoyat qiladi: “Bir sahobiy jarohat oldi, Rasululloh Bani Anmordan ikki kishini chaqirtirdi, “Qaysi biringiz tabobatda mohirroqsiz?” deb so‘radilar. Ular: “Yo Rasululloh, tibbiyotda ham yaxshilik bormi?” dedi. U zot “Kasallikni tushirgan davosini ham tushirgan!” dedilar.
Ishini yaxshi bilmagan mutaxassis foyda berish o‘rniga zarar keltirib qo‘yadi. Fiqh kitoblarida aytilishicha, kasbini yaxshi bilmagan tabib bemorga ziyon yetkazsa, zararni o‘zi to‘laydi va javobgar bo‘ladi. Lekin hoziq tabib bemorni davolash jarayonida zarar yetkazsa, javobgar bo‘lmaydi va unga jazo berilmaydi.
Payg‘ambarimiz alayhissalomdan rivoyat qilinadi: “Tibbiyotni yaxshi bilmay turib tabiblik qilgan shaxs zararni to‘lovchidir” (Imom Abu Dovud,imom Nasoiy, imom Ibn Moja rivoyati).
Faqih, tabib, faylasuf Ibn Rushd aytadi: “Tabib hoziq bo‘lsa, yetkazgan zararini to‘lamaydi: bemorni o‘ldirib yoki biror a’zosiga shikast yetkazsa ham. Tabib tabobatda no‘noq bo‘lsa, darra uriladi, qamab qo‘yiladi, xun to‘latiladi” (“Bidayatul mujtahid”).
Yettinchi dalil. Islom ko‘rko‘rona taqlid qilish, dalil isbotlarga e’tiborsiz bo‘lishdan qaytaradi. Alloh taolo qo‘r-ko‘rona taqlid qilishni qoralab aytadi: “Ularga (mushriklarga): “Alloh nozil etgan (oyatlar)ga ergashinglar!” deyilsa, ular: “Yo‘q, biz otabobolarimizni ne uzra topgan bo‘lsak, o‘shanga ergashamiz”, deydilar. Ota-bobolari garchi hech narsaga aqllari yetmaydigan va to‘g‘ri yo‘ldan yurmaydigan bo‘lsalarchi?!” (Baqara surasi, 170-oyat).
Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Odamlar yaxshilik qilsa, yaxshilik qilamiz, yomonlik qilsa, yomonlik qilamiz, demanglar. O‘zlaringni yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarishga, yomonlik qilganlarga zulm qilmaslikka o‘rgatinglar” (ImomTermiziy rivoyati).
Alloh insonni aql ne’mati bilan siyladi. Insonning hayvondan farqi ham shunda. Demakki, Islom aqa vositasi ila gumrohlikdan, mutaassiblikdan xalos bo‘lishga chaqiradi. Kimki tafakkur qilmasa, fikrlashdan to‘xtasa, Islomga xilof qilgan bo‘ladi.
Xulosa shuki, har bir sohada yetuk mutaxassis bo‘lishi kerak. Buning uchun ilm, mahorat, tajriba zarur. O‘z sohasini mukammal bilmaydigan kishi qanchalik taqvodor bo‘lmasin, undan maslahat olinmaydi, unga ishonch bildirilmaydi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dehqonchilik, tibbiyot, tijorat, qo‘mondonlik va boshqa sohalarning bilimdonlarini qadrlaganlar. Aslida, Islom bizga shundan ham ta’lim beradi. Biroq, so‘nggi asrlarda dinni noto‘g‘ri tushunish va talqin qilish musulmon larni hozirgi vaziyatga solib qo‘ydi.