Munosabat
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Allohga shukrki, O'zbekiston taraqqiyotining yangi davrida Prezidentimizning tinimsiz sa'y-harakatlari va ilg'or tashabbuslari bilan yurtimizda din va e'tiqod erkinligi borasida juda katta ishlar amalga oshirildi. Ushbu keng ko'lamli islohotlar samarasi jahon hamjamiyati tomonidan tan olinmoqda.
Yana bir yuksak e'tirof — 2020 yil 7 dekabr' kuni Amerika Qo'shma Shtatlari Davlat departamenti rasmiy bayonot berib, O'zbekistonni diniy erkinliklar sohasidagi “Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro'yxati”dan chiqarilganini e'lon qildi. Jumladan, Davlat kotibi Maykl Pompeo mamlakatimiz e'tiqod erkinligini ta'minlash sohasida ulkan o'sishga erishganini e'tirof etdi. O'zbekiston endilikda din erkinligi to'liq ta'minlanadigan mamlakat sifatida baholanadi.
AQSh Davlat departamenti qarori Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 28 yilligi arafasida e'lon qilingani chuqur ramziy ma'noga ega. Zero, Bosh qomusimizda O'zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanishi, ularga ko'ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi belgilab qo'yilgan. Mamlakatimizda insonlarning din va e'tiqod erkinligini ta'minlash borasida olib borilayotgan islohotlarning xalqaro miqyosda tan olinishi ham Konstitutsiyamizning hayotimizdan naqadar mustahkam o'rin egallab borayotganini ko'rsatadi.
Shubhasiz, bunday yuksak e'tirof Prezidentimizning qat'iy irodasi, bilim va salohiyati, jasorati, bag'rikenglik, adolat tamoyillariga asoslangan oqilona siyosati mahsulidir.
Bayonotda maxsus ro'yxatdan chiqishda O'zbekiston tajribasiga yuqori baho berildi. Jumladan, AQSh Davlat kotibi “O'tgan yil davomida O'zbekiston hukumati tomonidan erishilgan muhim, aniq yutuqlarga asoslanib, O'zbekiston “Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro'yxati”dan chiqarilganini e'lon qilishdan mamnunman. O'zbekistonning qonunlari va amaliyotdagi jasorati boshqa millatlar uchun namuna bo'lmoqda”, deb alohida e'tirof etdi.
AQShning Halqaro diniy erkinliklar sohasidagi maxsus topshiriqlar bo'yicha elchisi Sem Braunbek Davlat kotibi qarori Prezident Shavkat Mirziyoevning e'tiqod erkinligini ta'minlash sohasidagi mustahkam irodasi, uning bevosita rahbarligida amalga oshirilgan keng ko'lamli faoliyat, o'zgarishlar va islohotlar natijasi ekanini ta'kidladi.
Qayd etish lozimki, O'zbekistonning din erkinligini ta'minlashda erishgan natijalari tan olinib, mamlakatimiz 2018 yilda alohida xavotirdagi mamlakatlar ro'yxatidan chiqarilgandi. O'zbekistonda diniy erkinlik borasida amalga oshirilgan islohotlar tufayli mamlakatimiz 12 yildan so'ng ushbu ro'yxatdan chiqarilib, “Maxsus kuzatuvdagi davlatlar ro'yxati”ga o'tkazilgandi. Mana, ikki yil o'tib, mamlakatimiz mazkur ro'yxatdan ham chiqarildi. Bu O'zbekiston uchun juda ham katta xalqaro e'tirofdir.
Haqiqatan, mazkur qaror kutilgan xushxabar edi. Chunki O'zbekistonda hayotning barcha jabhasida ulkan o'zgarishlar, tarixiy yangilanishlar yuz beryapti. Halqaro diniy erkinliklar bo'yicha nufuzli tashkilotlar vakillari o'tgan yillarda O'zbekistonga qilgan tashriflari chog'ida diniy erkinliklarni ta'minlash, ibodat qilish uchun munosib sharoitlarni hozirlash, islom ma'rifatini keng tarannum etish borasidagi amaliy sa'y-harakatlarga bevosita o'zlari guvoh bo'ldi.
Ayniqsa, o'z ahamiyati bo'yicha O'zbekiston tarixida yangi voqelik — minglab mahkumlarning afv etilishi yoki o'tgan ikki yildan ko'p vaqt mobaynida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bir paytlar ekstremistik guruhlarga aloqasi bor, deb nazoratga olingan 20 mingdan ziyod fuqaro “maxsus hisoblar”dan chiqarilgani ko'pchilikning e'tiboriga molik ish bo'ldi.
Ma'lumki, O'zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Halqimizning boy tarixiy, ilmiy, ma'naviy merosini har tomonlama o'rganish, jahon afkor ommasiga keng tanishtirish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida Prezidentimiz tomonidan bir qator ilg'or tashabbuslar ilgari surildi.
Ushbu tashabbuslar zamirida “Jaholatga qarshi — ma'rifat” shiori mujassam. Shu negizda mamlakatimizda muborak dinimizni, buyuk ajdodlarimizning boy merosini o'rganish, tarixiy obidalarni asrab-avaylashga katta e'tibor qaratilmoqda.
Keyingi davrda Samarqandda — Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi, Toshkentda — Islom tsivilizatsiyasi markazi, Buxoroda — Mir Arab oliy madrasasi, Termizda — Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy o'rta maxsus islom bilim yurti muqaddas dinimiz ma'rifatini keng targ'ib qilishga xizmat qilmoqda. Aqida, kalom, hadis, fiqh va tasavvuf ilmi maktablari ishlamoqda. O'zbekistondagi xalqaro Islom akademiyasi ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash bo'yicha jadal faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, masjid-madrasalarni davlat ro'yxatidan o'tkazishda bir qator imtiyoz va engilliklar berilishi, haj qiluvchilar soni 7 mingdan oshirilishi, umra safariga cheklanmagan miqdorda ziyoratchilar borishi, diniy ta'lim muassasalarida mo'min-musulmonlar uchun “Qur'oni karim va tajvid” kurslari tashkil etilishi, yurtimiz ulamolari xalqaro tadbirlarda munosib ishtirok etishi kabilar yangi davrdagi ishlar bo'ldi.
Bundan tashqari, islom olami bilan aloqalar mustahkamlanib, musulmon dunyosining eng mo''tabar ulamolari o'lkamizga tashrif buyurishdi. Ayniqsa, Misr bosh imomi, Azhari sharif shayxi Ahmad Toyyibning yurtimizga tashrifi va musulmon dunyosining eng tabarruk ulamolari ishtirokida o'tkazilgan xalqaro konferentsiyalar diniy-ma'rifiy sohadagi ishlarning jahon hamjamiyatida keng tarannum etilishiga katta omil bo'ldi.
Bag'rikenglik va o'zaro hamjihatlik, ma'rifat va barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan O'zbekiston tashabbuslarining xalqaro doirada e'tirof etilgani, shubhasiz, bizga yanada katta kuch-g'ayrat va rag'bat bag'ishlaydi.
Alloh taolo mamlakatimizda din va e'tiqod erkinligi borasidagi ezgu ishlarni yanada bardavom aylasin, butun dunyoda yurtimizning maqomi va nufuzini yanada ziyoda qilsin.
Usmonxon ALIMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.
2026 yilning 25 may kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti jamoasi uchun quvonchli voqea yuz berdi. Institut Kengashining yig‘ilishida rektor Uyg‘un G‘afurov tomonidan “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi dots.nt vazifasini bajaruvchisi, islomshunoslik fanlari falsafa doktori (PhD) Ma’murjon Rahmonberdiyevich Erkayevga Fiqh, kalom ilmi (Ilohiyot) ixtisosligi bo‘yicha dots.nt ilmiy unvoni tantanali ravishda topshirildi.
Ma’murjon Erkayev 2005 yilda Toshkent islom institutini, so‘ngra O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi magistraturasini muvaffaqiyatli tamomlagan. Olim 2024 yilda “Burhoniddin Mahmud Buxoriyning “Muhitul Burhoniy” asarida ijara shartnomalari” mavzusidagi dissertatsiyasini yuksak saviyada himoya qilgan edi. Jonkuyar pedagog sifatida u so‘nggi uch yilda “Faroiz ilmi” va “Fiqh ilmiga kirish” o‘quv qo‘llanmalari hamda “Hidoyatul muhtor” asarini nashr ettirdi, shuningdek, mahalliy va xalqaro jurnallarda o‘nlab ilmiy maqolalari e’lon qilindi.
Muhtaram ustozni ushbu yuksak ilmiy unvon va e’tirof bilan muborakbod etib, ularning ilm yo‘lidagi xayrli izlanishlariga zafarlar va kuch-quvvat tilab qoladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati