Yaqinda bir yigitning: “Ayrim imomlar qimmat avtoulov minib, eng yaxshi kiyimlarni kiyib, maza qilib yuradi. Tag'in kamtar va xokisor bo'lish, isrof qilmaslik to'g'risida nasihat qilishadi. Axir, o'zi markabini sotib, yo'qsillarga tarqatsa, bo'lmaydimi?..” deganini eshitib qoldim.
Afsuski, odamlar orasida shunday fikrlaydiganlar oz emas. Ba'zi kishilar ko'z o'ngida imom, umuman, musulmon kishi deganda, qandaydir qoloq bir inson qiyofasi jonlanadi. Go'yo, mo'min-musulmonlarning hayot tarzi, tutumi masjidda o'tirishu ma'rakaga borishdan iboratdek...
Bunday qarash qayoqdan paydo bo'ldi?! Imom, musulmon deganda faqat nochor, jonsarak, ovozi zo'rg'a chiqadigan kishini tasavvur qiluvchilar ko'ziga “zamonaviy” ko'ringan mo'min-musulmon dinga amal qilmayotgandek ko'rinadi, shekilli. .
Holbuki, kimning boy yoki faqir bo'lishi Allohning izni bilan, qanday hayotni tanlashi o'zining ishi. Nasihat qilish, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish – nafaqat imom, balki har bir mo'minning vazifasi.
Alloh taolo halol kasb bilan topilgan boylikni hech kimga harom qilmagan. Boshqalarga yarashgan boylik nega endi mo'min-musulmonga yarashmas ekan?! Nikoh o'qiyotgan imom kuyovga: “Ayolingizning ta'minoti, kiyim-kechagi, zeb-ziynati, uy jihoziyu ro'zg'or buyumlari zimmangizda”, deb shariat ko'rsatmasini eslatsa-yu, o'zi nochor yashasa?! Minbarda: “Farzandlaringizni o'qiting, ta'lim yo'lida molingizni ayamang, deb o'zi birovning qo'liga qarab tursa? Imomlikni uddalab, bo'sh vaqtida tijorat bilan shug'ullansa – buning nimasi yomon?!
“Imom” so'zi istilohda “oldinda turuvchi” degan ma'noni anglatadi. U odamlarga peshqadamdir. U namozda oldinda turganidek, boshqa ishlarda ham peshvo bo'lishi kerak. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ham imom – har bir ishda oldinda turuvchi edilar. U zotdan keyin Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali roziyallohu anhum xalifa, shuningdek, imom edilar. Ular faqirlikka targ'ib qilishmagan. Tuya o'sha davrning eng yaxshi ulovi hisoblanib, u zotlarning bir qanchadan yaxshi tuyalari bor edi. Hech biri tuya qimmatli ulov, eshak minamiz, deyishmagan. Jannat bashorati berilgan ulug' sahobalar orasida Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu eng boyi edi.
Sahobalar halol tijoratda o'zaro musobaqalashar edilar. Nabiy alayhissalom hech kimga nega boy bo'lib ketyapsan, demaganlar. Agar boylik ayb bo'lganida, Alloh taolo Sulaymon alayhissalomga boylik bermagan bo'lardi.
Islomda boy bo'lish emas, balki mol-dunyoga hirs qo'yish qoralangan. Haq taolo bunday marhamat qiladi: «U sizlar uchun er yuzidagi barcha narsani yaratgan zot» (Baqara surasi, 29-oyat). Boshqa bir oyatda: «Ayting: “Bandalari uchun chiqargan Allohning ziynatini va pok rizqlarni kim haromga chiqardi?”» «Ayting: “U (ziynat va pok rizqlar) bu dunyoda imon keltirganlar (va boshqalar) uchun, qiyomat kunida esa xolis (mo'minlarning o'zlari uchun bo'lur)”», deyiladi (A'rof surasi, 32-oyat). Mo'min boy bo'lsa, zakotini joyiga bersa, qanday yaxshidir! .
Shayx Muhammad G'azzoliy (1917–1996) bunday degan: “Qorun ega bo'lgan mulkdan ko'prog'iga ega bo'ling! Sulaymonning saltanatidan kattaroq saltanatni qo'lga kiriting! Haqiqat qo'llovga muhtoj zamonda, uni qo'llash uchun bularning barini ilkingizda tuting! O'lim onlari kelgan paytda esa ularni Alloh yo'lida qoldiring! Kambag'al, soyilday yashash jannat yo'li deb ishonish telbalik va aldanishdir”.
Abdulloh ALIQULOV
Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. 24 may – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 25 may – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.
Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Ishchi guruhi rahbari - Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.
Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi.
Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va Podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish, begona shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlarining oldini olish kabilarga urg‘u qaratildi.
Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.
Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati