Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

04.12.2020 y. Ijtimoiy illatlar (firibgarlik, o'zgalar molini nohaq eyish)

30.11.2020   4879   14 min.
04.12.2020 y. Ijtimoiy illatlar (firibgarlik, o'zgalar molini nohaq eyish)

بسم الله الرحمن الرحيم

IJTIMOIY ILLATLAR

(Firibgarlik, o'zgalar molini nohaq eyish)

Muhtaram jamoat! Islom dini shaxsni tarbiyalash va isloh qilishga qanchalik e'tibor qaratgan bo'lsa, jamiyatni isloh qilishga undan ham ko'proq ahamiyat qaratgan. Voqe'likda firibgarlik, o'zgalar molini nohaq eyish kabi illatlar borki, ulardan jamiyatni xalos etish har bir musulmonning burchidir. Bu borada dinimiz ko'rsatmalarini o'rganib, unga amal qilish shubhasiz, yurtimizning gullab-yashnashiga katta hissa qo'shadi. Jamiyat vakillarining o'z vazifalarini suiiste'mol qilib, shaxsiy manfaatlarini birinchi o'ringa qo'yishi, davlat mol-mulkidan noqonuniy foydalanishi, jamiyatning turli jabhalarida o'sish va rivojlanishdan to'xtab qolishi, oddiy xalqning islohotlarga bo'lgan ishonchining yo'qolishi va boshqa shu kabi salbiy oqibatlarga olib keladi. 

Taassufki, aksariyati musulmonlardan iborat bo'lgan diyorimizda firibgarlik, o'zgalar molini nohaq eyish kabi ota-bobolarimiz qattiq hazar qilgan gunohlar ro'y berib turibdi.

  Holbuki, dinimizda birovning molini aldov, firibgarlik, chuv tushirish yo'li bilan o'zlashtirishdan qattiq qaytarilgan. Qur'oni karimda bu haqda shunday bayon etilgan. Alloh taolo aytadi:

وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ وَتُدْلُوا بِهَا إِلَى الْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِنْ أَمْوَالِ النَّاسِ بِالْإِثْمِ وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ

ya'ni: “Mol va boyliklaringizni o'rtalaringizda botil yo'llar bilan emangiz. Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo'l bilan eyish maqsadida uni hukm chiqaruvchilarga havola etmangiz” (Baqara surasi, 188-oyat).

Albatta, zarurat uchun qarz olish yoki sherikchilik bilan shug'ullanish joiz. Biroq, olgan qarzini paysalga solmay qaytarish, sherikchilikda esa xiyonat qilmaslik lozim. Aks holda boshlangan ishlar ortga ketib, kasodga uchrashi tayin. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

"مَنْ أَخَذَ أَمْوَالَ النَّاسِ يُرِيدُ أَدَاءَهَا أَدَّى اللَّهُ عَنْهُ وَمَنْ أَخَذَها يُرِيدُ إِتْلَافَهَا أَتْلَفَهُ اللَّهُ" (رواه الامام البخاري).

ya'ni: “Kim odamlarning molini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh taolo unga yordamchi bo'ladi. Kim odamlarning moliga talofat etkazish (chuv tushirish) uchun olsa, Alloh taolo uning o'zigi talofat etkazadi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Ayniqsa, savdo-sotiq vaqtida haridorga firib berish, masalan, aybli molni aybini yashirib sotish yoki soxta molni asl mol, deb sotish eng og'ir gunohdir. Quyidagi hadislar bunga ochiq dalil bo'ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam don sotayotgan odamning yonidan o'tib qolibdilar. Uning doni orasiga qo'l tiqib ko'rsalar, namlanib qolgan ekan. “Bu nimasi?”, deb so'radilar. Sotuvchi: “Ey Rasullulloh, unga yomg'ir tegibdi”, dedi. Shunda Rasullulloh sallallohu alayhi vasallam: “Uni ustiga chiqarib quymaysanmi, odamlar ko'rar edi”, dedilar va:

    ﻣَﻦْ ﻏَﺸَّﻨَﺎ ﻓَﻠَﻴْﺲَ ﻣِﻨَّﺎ (رواه الإمام الحاكم).

ya'ni: “Kim bizni aldasa, u bizdan emas”,  dedilar (Imom Hokim rivoyatlari). Imom Tabaroniyning rivoyatlarida esa:

 َﺍﻟﻤَﻜْﺮُ ﻭَﺍﻟﺨّﺪِﻳْﻌَﺔُ ﻓِﻲ ﺍﻟﻨّﺎﺭِ (رواه الإمام الطبراني).

ya'ni: “Makr va aldov do'zaxdadir” deganlari ziyoda qilingan.

Demak, aldov, firibgarlik, biror narsani soxtalashtirish musulmonning ishi emas.

O'zgalar molini nohaq eyishning bir misoli poraxo'rlikdir. “Pora” yoki arabcha “rishva” so'zini islom ulamolari quyidagicha ta'riflaganlar: “Pora – kishi  haqli bo'lmagan narsasiga erishish yoki zimmasiga lozim bo'lgan narsadan qutulish uchun taqdim etgan mol yoki manfaat”.

Ta'rifdan quyidagi xulosalarni chiqarish mumkin. Birinchidan, pora pul shaklida bo'lishi shart emas ekan. Balki biror ishini qilib berish kabi xizmatlar orqali to'langan narsalarni ham o'z ichiga olar ekan.

Ikkinchidan, pora beruvchining niyati yaxshi bo'lmas ekan. U o'zi haqli bo'lmagan narsaga erishishni, ya'ni etarli ilm va malakaga ega bo'lmasdan oliy o'quv yurti talabasi yoki biror korxona, tashkilotda mansabdor bo'lmoqchi bo'ladi.

Uchinchidan, pora oluvchining buzg'unchiligi esa juda katta ekan. U botil yo'l bilan, oson yo'l bilan mo'may pul topib, haqli bo'lmagan insonlarni yuqori mansablarga ko'tarilishiga sababchi bo'lib, jamiyat taraqqiyotini orqaga ketishida katta hissa qo'shadi.

Islomda elga xizmat qilish eng oliy maqomlardan biri hisoblanadi. Ammo uning asosiy sharti adolat va sidqidil bilan xizmat qilish kerak bo'ladi. Qur'oni karimda bunday deyiladi:

إِنَّ اللَّهَ يَأْمُرُ بِالْعَدْلِ وَالْإِحْسَانِ وَإِيتَاءِ ذِي الْقُرْبَىٰ وَيَنْهَىٰ عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنكَرِ وَالْبَغْيِ ۚ يَعِظُكُمْ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ

ya'ni: “Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytaradi. Eslatma olursiz, deb (U) sizlarga (doimo) nasihat qilur” (Nahl surasi 90-oyat). 

Odatda ko'pchilik poraxo'rlar porani hadya, sovg'a sifatida berdi, deb gumon qiladigan bo'lib qolgan. Beruvchilar ham ko'ngildan chiqdi, atadik va boshqa chiroyli so'zlar bilan qabih niyatlarini amalga oshirishga odatlanishgan. Shuning uchun ushbu o'rinda hadyani ham ta'riflab o'tish to'g'ri bo'ladi. “Hadya” – birortasiga foydalanishi uchun molni hech qanday evazsiz berish. Hadyani odatda berilayotgan odamning mehrini, muhabbatini qozonish yoki shunchaki uni ehtiromini joyiga qo'yish yoki unga ehson qilish yoki qilgan yaxshiligiga yarasha muomala qilish kabi maqsadlar nazarda tutiladi. Undan biror narsani nohaq undirish niyati bo'lmaydi. Mana shu narsa hadyaning poradan asosiy farqini ko'rsatib turibdi.

Poraxo'rlar shuni yaxshi bilishlari kerakki, ular bu ishlari bilan o'z vazifalariga, davlatga, xalqqa xiyonat qilmoqdalar.

Abu Humayd So'idiy raziyallohu anhu rivoyat qiladi:

اسْتَعْمَلَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ رَجُلًا مِنَ الْأَسْدِ، يُقَالُ لَهُ: ابْنُ اللُّتْبِيَّةِ - قَالَ عَمْرٌو : وَابْنُ أَبِي عُمَرَ - عَلَى الصَّدَقَةِ، فَلَمَّا قَدِمَ قَالَ: هَذَا لَكُمْ، وَهَذَا لِي، أُهْدِيَ لِي، قَالَ: فَقَامَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَلَى الْمِنْبَرِ، فَحَمِدَ اللَّهَ، وَأَثْنَى عَلَيْهِ، وَقَالَ: مَا بَالُ عَامِلٍ أَبْعَثُهُ، فَيَقُولُ: هَذَا لَكُمْ، وَهَذَا أُهْدِيَ لِي، أَفَلَا قَعَدَ فِي بَيْتِ أَبِيهِ، أَوْ فِي بَيْتِ أُمِّهِ، حَتَّى يَنْظُرَ أَيُهْدَى إِلَيْهِ أَمْ لَا؟ وَالَّذِي نَفْسُ مُحَمَّدٍ بِيَدِهِ، لَا يَنَالُ أَحَدٌ مِنْكُمْ مِنْهَا شَيْئًا إِلَّا جَاءَ بِهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ يَحْمِلُهُ عَلَى عُنُقِهِ بَعِيرٌ لَهُ رُغَاءٌ، أَوْ بَقَرَةٌ لَهَا خُوَارٌ، أَوْ شَاةٌ تَيْعِرُ (رواه الإمام مسلم).

ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sadaqa (zakot) yig'ishda Ibn Lutbiya ismli Baniy Sulaymlik kishining xizmatidan foydalandilar, u zakot yig'ib kelib hisob-kitob berayotganda: “Bu (zakot) sizniki, bunisini esa menga hadya qilishdi”, – dedi. Shunda Nabiy alayhissalom minbarga chiqib: “Nega men yuborgan xizmatchi: “Bu sizga, bunisi esa menga”, – deb aytadi? Otasi yoki onasining uyida qolganda, unga hadya olib kelisharmidi? Mening jonim Uning qo'lida bo'lgan Zotga qasamki, kimki o'ziga tegishli bo'lmagan narsani olsa, Qiyomat kuni elkasida o'kirayotgan tuyani yoki marayotgan sigirni yoki barayotgan qo'yni olib keladi”, deb aytdilar” (Imom Muslim rivoyatlari).

Demak, har bir vazifador kishi uyda o'tirganimda shu “hadya” menga berilarmidi, degan savolga insof bilan javob berib ko'rishi lozim.

Boshqa bir hadisda Adiy ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kimni biror ishga boshliq qilsag-u, u ignadek narsani yashirsa, Qiyomat kuni omonatga xiyonat qilgani uchun javobgarlikka tortiladi”, dedilar. Shunda al-Ansor qabilasiga mansub qora tanli bir kishi Nabiy alayhissalomning yonlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli! Menga topshirgan ishingizni qaytarib oling (ya'ni zakot va sadaqa yig'ish vazifasini)”, deb aytdi. Rasuli akram alayhissolatu vasallam: “Senga nima bo'ldi?” – deb so'raganlarida haligi odam: “Siz shunday-shunday deganingizni eshitdim”, deb javob berdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Hozir yana qaytarib aytaman, kimni biror ishga boshliq qilsak, oziniyam, ko'piniyam yashirmay olib kelsin. Nimani bersak, uni olsin. Nimadan qaytarsak, uni olishdan o'zini tiysin”, dedilar” (Imom Muslim rivoyatlari).

Joylarda kam ta'minlanganlar, boquvchisini yo'qotganlar, nogironlar va boshqalar kabi aholining nafaqaga muhtoj qatlamiga davlat tomonidan ajratilgan mablag'larini suiste'mol qilish, noqonuniy o'zlashtirish kabi holatlarni eshitib qolamiz. Bu boradagi dinimiz ta'limotlariga qarasak, ularning qanchalik gunoh qilayotganini ko'rishimiz mumkin.

Havla binti Amr raziyallohu anho Payg'ambarimiz alayhissalomdan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ba'zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo'lishadi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Poraxo'rlar va ularga ushbu razil maqsadlarini amalga oshirishda ko'maklashayotganlar uchun dinimizda nihoyatda og'ir hukmlar kelgan bo'lib, har qanday musulmon uchun bu o'ta jiddiy ogohlantirishdir.

Abdulloh ibn Umar Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar:

لعنَ رسولُ اللَّهِ صلَّى اللَّهُ عليهِ وسلَّمَ الرَّاشيَ والمُرتشيَ

ya'ni: “Rasululloh pora berganni ham, pora olganni ham la'natladilar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Korruptsiya, ya'ni tanish-bilishchilik borasida ham dinimiz ko'rsatmalari qattiq. Bu haqida rivoyat qilingan hadisda Oisha raziyallohu anho aytadilar: “Mahzum qabilasidan bo'lgan bir ayol qarzga narsa olib, uni qaytarmas va tan olmas edi. Jinoyati isbotlangach,  Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam unga jazo berishni buyurdilar. Ayolning qarindosh-urug'lari Usoma ibn Zaydning oldiga kelib, jazoni yumshatishni iltimos qilishdi. Usoma Payg'ambarmiz sallallohu alayhi vasallamga ayol haqida gapirgan edi, u zot sallallohu alayhi vasallam: “Ey Usoma, Alloh azza va jallaning had(jazo) laridan biri borasida ham o'rtaga tushasanmi?”, dedilar. So'ng odamlarga o'tgan qavmlar agar oralarida sharafli, obro'li kishilar jinoyat qilsa, avf etib, zaif kishi jinoyat qilsa, jazolaganlari sababli halok bo'lganlarini aytdilar. Yana qasam ichib aytdilarki, agar qizlari Fotima jinoyat qilsa ham, jazosiz qolmaydi. Keyin jinoyatchiga jazo berildi” (Imom Muslim, Imom Ahmad va Imom Nasoiy rivoyatlari). 

Dinimizda pora berganni ham olganni ham baravar azobga duchor bo'lishi xabari berildi. Bundan poraxo'rlikka qarshi kurashish jamiyatning har bir a'zosining burchi deb, xulosa qilish mumkin.

Alloh taolo barchamizni haq yo'lda sobitqadam qilsin, jamiyatimizni turli illat va balolardan asrasin! Omin!

 

 

Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi Hikmatning boshi – Allohdan qo'rqishdirhaqida bo'ladi, inshaalloh.

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

9.01.2025   1326   4 min.
Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:

Birinchisio‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.

Ikkinchisihaqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.