Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyul, 2025   |   14 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
09 Iyul, 2025, 14 Muharram, 1447

Aslo cho'chimang, islom – mo''tadil din!

26.11.2020   2519   10 min.
Aslo cho'chimang, islom – mo''tadil din!

Dolzarb mavzu

Bugun, afsuski, ayrim g'alamis kimsalar muqaddas dinimizni yomonotliqqa chiqarib, dunyoning ko'pgina davlatlarida, xususan, G'arb mamlakatlarida ataylab “islomofobiya” (ya'ni, odamlarni Islomdan qo'rqitish, dindan bezdirish)ni tarqatishga chiranishmoqda.

Qo'li qonga botgan manfur, mal'un, sotqin kimsalar “jihod” niqobi ostida dunyoning arzimas matohiga uchib, tinch aholining halovatini buzish, odamlar o'rtasida sarosima uyg'otish maqsadida olomon orasida o'zini portlatayotib “Allohu akbar” deya hayqirmoqda. Din dushmanlari qayerda qing'ir ish qilmoqchi bo'lishsa, yana o'sha ulug' kalom – “Allohu akbar” yangraydi.

Tabiiyki, insonparvar, mo''tadil, o'z nomi bilan tinchlikni targ'ib qiladigan dinimizning asl mohiyatidan bexabar kimsalar Islomdan cho'chib qolishmoqda. Bu masalaning birinchi jihati.

Yana bir jihati shuki, ayrimlar (hatto aholisining aksariyati musulmon bo'lgan dityorlarda ham) ataylab dinimiz buyruqlarini kishilarga mashaqqatli qilib ko'rsatishmoqda. Bu ham kishilarni, dindan yuz o'girmasa-da, lekin Islom arkonlarini bajarishdan cho'chitmoqda.

Ho'sh, aslida ham shundaymi: ba'zilar aytayotganidek, dinimiz rostdan ham mashaqqatlimi? Islomning arkonlarini bajarish shunchalik mushkulmi?   

Islom haddan oshish va nuqsonga yo'l qo'yish o'rtasidagi mo''tadillikni tutgan din bo'lib, u eng to'g'ri yo'l sanaladi. Qur'on va sunnatdagi shariat matnlari mo''tadil yo'lni tutishga buyuruvchi va g'uluv nomi bilan to'g'ridan-to'g'ri mubolag'aga berilish yoki tajovuz, zolimlik, adovat, murosasizlik hamda chuqur ketish kabi g'uluvni ifoda etuvchi narsalardan qaytaruvchi umumiy dalillar bilan kelgan.

Keling, musulmonlarning asosiy manbai bo'lgan Kalomullohga dmurojaat qilaylik. Zero, ilohiy kalomdan oshirib bir so'z deyish bashariyat uddalaydigan ish emas.

  1. Alloh taolo aytadi: «Ey, ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmang va Alloh haqida haqdan boshqani aytmang»(Niso surasi, 171-oyat).
  2. Boshqa bir oyati karimada: «Ey, ahli kitoblar! Diningizda haddan oshib, nohaqlik qilmang. Va oldin o'zlari adashib va ko'pchilikni adashtirib, to'g'ri yo'ldan umuman chiqqanlarning havoyi naflariga ergashmang»(Moida surasi, 77-oyat), deb marhamat qilingan.

Ushbu ikki oyatda ahli kitoblarni dinda g'uluv ketishdan qaytariqlar bordir. Qur'oni karimda ahli kitoblarga xitob qilingan har bir buyruq yoki qaytariqlarda bu ummat nazarda tutilgan bo'ladi. Chunki bu (Qur'on) bilan aslida musulmonlarga xitob qilinadi. Agar Alloh ularni g'uluv ketishdan qaytargan bo'lsa, demak, biz, birinchi navbatda, undan man etilganmiz. Ahli kitoblar orasida g'uluvga ketishning turli ko'rinishlari bor edi. Jumladan, ba'zilar Alloh taoloning yaratgan narsalari haqida g'uluvga ketishardi. Masalan,  nasroniylar Iso va uning onasi, yahudiylar esa Uzayr va buzoq borasida g'uluvga ketishdi. Ular ibodatda g'uluv ketishdi. Nasroniylar esa Alloh  biror hujjat nozil qilmagan tarkidunyochilik va undan boshqa g'uluv ko'rinishlarini o'ylab topishdi.

  Nabiy sollallohu alayhi va sallam bu ummatni  yahudiy va nasroniylar adashgani kabi g'uluvda ularga ergashishlaridan xabar berganlar. Bu esa ummat orasida ularda bo'lgani kabi g'uluvga ketish sodir bo'lishini ifoda etadi. Ularni g'uluvdan qaytarish voqelikda aynan bizga ham tegishlidir.

  1. Alloh taolo aytadi: «Ey iymon keltirganlar! Alloh sizga halol qilgan pok narsalarni harom qilmang. Haddingizdan oshmang. Albatta, Alloh haddan oshuvchilarni sevmas»(Moida surasi, 87-oyat).
  2. Yana bir oyati karimada: «Bas, sen va sen bilan tavba qilganlar mustaqiym turinglar va tug'yonga ketmanglar. Chunki U nima qilayotganingizni ko'rib turguvchidir»(Hud surasi, 112-oyat), deya amr etilgan.

Ushbu ikki oyatda g'uluv ketishdan qaytariq bor. Chunki haddan oshish – shar'iy chegaradan chiqish demak. Bu esa g'uluv ma'nosidadir, shuningdek, tug'yonga ketish ham haddan oshishdir. Ikkala oyat mo''tadillik, vasatiylik va istiqomatga buyurmoqda, g'uluv ketishdan qaytarmoqda.

Shu bilan birga, muborak hadislar ham Islom ummatining istiqomatda bo'lishi uchun muhim mayoqdir. 

  1. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: «Aqaba kunining tongida Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ulovlari ustida turgancha menga: “Otishim uchun tosh terib ber”, dedilar. Men u zotga mayda toshlarni terib berdim. U zot: “Bu kabi toshlarni otinglar. Sizdan oldingilarni dinda g'uluv ketish halok qilgan”, dedilar (Imom Nasoiy va Ibn Moja rivoyati. Lafz Nasoiyniki, sanadi sahih).

Ushbu hadis dinda g'uluv ketishdan qaytaruvchi eng qat'iy dalillaridan biridir. Hadis shaytonga tosh otishda toshlar borasida mubolag'a qilishdan qaytarish uchun aytilgan bo'lsa-da, Nabiy sollallohu alayhi va sallam ushbu hadisni dinning barcha boblarida g'uluv ketishdan qaytarishni o'z ichiga olgan umumiy ibora bilan bayon qildilar.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bizdan oldin o'tganlarni dinda g'uluvga ketib, halok bo'lganlarini bayon qilmoqdalar. Nuh qavmining halokati Allohni qo'yib, solihlarga ibodat qilishlari bo'ldi. Yahudiylarning halokatiga esa Uzayr va buzoq borasida g'uluvga ketishlari sabab bo'ldi. Ular haddan oshib, hatto payg'ambarlarni qatl qilishdi. Nozil qilingan kitoblarni buzib talqin qildilar. Nasroniylarning halok bo'lishiga Iso va uning onasi Maryam haqida g'uluvga ketish sabab bo'ldi. Ular dinga undan bo'lmagan ibodatlarni yangilik qilib kirgizishdi. Bu ummatning ham eng ko'p halokatga duchor qiluvchi omil g'uluv hisoblanadi.

  1. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Uch marta g'uluvga ketganlar halok bo'ldilar”, dedilar» (Imom Muslim rivoyati).

Abu Dovud rivoyatida esa: “Ogoh bo'ling! G'uluvga ketganlar halok bo'ldilar”, dedilar. Bu so'zni uch bor aytdilar. Imom Navaviy: “Muta'annitlar –so'z va amallarida chegaradan chiqib, haddidan oshadiganlardir”, degan.

Bu hadis yuqoridagi “Sizdan oldingilarni dinda g'uluv ketish halok qilgan” hadisining aynan ma'nosi bo'lib, uni yanada ta'kidlab kelmoqda. 

  1. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Darhaqiqat, din engildir. Biror kishi dinni qiyinlashtirsa, uni mag'lub qiladi. Bas, to'g'ri amalda bo'linglar, yaqinlashib yuringlar, yaxshilik bashoratini beringlar. Sahar chog'ida, tushdan keyin va kechaning oxirida yordam talab qiling”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
  2. Imom Buxoriy va Imom Muslim Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan quyidagilarni rivoyat qiladilar: «Menga Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam: “Menga xabar berilishicha, sen kechani bedor o'tkazib, kunduzning ro'zasini tutar emishsan?” dedilar. Men: “Albatta, men o'shandoq qilurman”, dedim. U zot: “Agar sen shundoq qiladigan bo'lsang, ko'zing zaiflashadi, nafsing malol oladi. Albatta, senda nafsingning ham haqi bor, ahlingning ham haqi bor. Bas, ro'za ham tut. Og'zing ochiq ham yur. Bedor ham bo'l, uxla ham”, dedilar».
  3. Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan: “Albatta, bu din mustahkamdir. Shunday ekan, uning ichiga engillik bilan kirib boring. O'zingizni Allohning ibodatidan nafratlantirib qo'ymang”, dedilar».

Hulosa qilib aytganda, dinimiz, ayrimlar o'ylaganchalik, mashaqqat emas. Islomning barcha arkonlarini bemalol bajarsa bo'ladi. Bularning hech qiyin joyi yo'q. Aslida dinimiz oson. Lekin o'zimiz uni qiyinlashtirib olamiz. Agar biz birgina Imom Buxoriy bobomiz rivoyat qilgan “Yengillashtiring, aslo qiyinlashtirmang, bashorat bering, aslo nafratlantirmang”, hadisga rioya qilganimizda edi, bugun vahima qilinayotgan “islomofobiya” ham, “dinimizdagi mashaqqatlar” ham o'z-o'zidan barham topgan bo'lar edi.

 

Nuriddin domla HOLIQNAZAROV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish muhokama qilindi

09.07.2025   123   1 min.
Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish muhokama qilindi

8 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi elchisi Yusuf al-Utaybiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildilar. 

Muloqotda so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, ayniqsa, haj va umra ibodatlarini uyushtirish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida qayd etildi. Xususan, “Haj – 2025” mavsumi har jihatdan muvaffaqiyatli o‘tgani, mutasaddilar sa’y-harakati bilan hojilarga yuqori darajada sharoit va imkoniyatlar hozirlangani, o‘zbekistonlik ziyoratchilar tartib-intizomi, odob-axloqi bilan barchaga namuna bo‘lib, risolagidek toatu ibodat qilganlari e’tirof etildi.  

Uchrashuvda tomonlar kelgusida ham diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, Haj va Umra ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirib borish kabi masalalarni muhokama qilishdi. Shuningdek, hamkorlikda o‘tkaziladigan ma’rifiy tadbirlar yuzasidan o‘zaro fikr-mulohaza almashildi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
 

Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish muhokama qilindi Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish muhokama qilindi Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish muhokama qilindi Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish muhokama qilindi Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish muhokama qilindi
O'zbekiston yangiliklari