Kun yorug'ligidagi zamonaviy, keng masjid. Farg'ona viloyati Oltiariq tumanida yangidan qurilayotgan «Oq do'ppi eshon» jome masjidi asosiy xonaqohi balandligi 20 metrga yaqin bo'lib, derazalarining balandligi va ko'pligi bilan yanada yorug' va keng ko'rinadi. Loyihaga ko'ra, 4 tomondan 30 metrlik minora 4 ta kichik gumbaz ustiga qurilgan katta gumbazni qurshab turadi. Ichki tomondan esa to'rt tomondagi nafis qubbalar xonaqohga o'zgacha go'zallik bag'ishlab qolmay, muayyan vazifalarni ado etadi. Bir vaqtlar bunday masjidlar viloyatlar aholisi uchun orzu edi. Ming shukurki, bugun omonlik zamonasida mehnatsevar xalqimiz munosib shart-sharoitlar asosida yashash, ibodat qilish imkoniyatiga ega bo'lmoqda.

Yaqinda qurilishi boshlab yuborilgan masjid poydevoriga g'isht qo'yish marosimi bo'lib o'tdi. Unda Farg'ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev, imom-xatiblar va mahalla faollari qatnashdilar. Ezgu niyat va ixlos ila xayrli tashabbusga xizmat qilayotgan kishilar haqlariga duolar qilindi.
Qapchig'ay mahallasi va qo'shni mahalla aholisi uchun torlik qilayotgan ushbu masjidning eski binosi 300-400 kishini sig'dirgan bo'lsa, yangi qad rostlayotgan masjidning katta xonaqohida 3000 ga yaqin, er to'la qismida esa yana 2500 kishi ibodat qilishi mumkin. Shuningdek, zamonaviy tahoratxona va ma'muriy binolar ham qulay imkoniyatlar asosida barpo etilishi rejalashtirilgan.

Alloh taolo baytining obodligi yo'lida qilinayotgan har bir harakatga O'zi barakotlar ato etsin, masjid tez orada qad ko'tarib, xalqning quvonchiga, iymon va ma'rifatining yuksalishiga sabab bo'lsin!












O'zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo'limi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugun, 13 mart kuni juma namozini Toshkent viloyati Qibray tumani “Baytqo‘rg‘on” jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga muborak oyning oxirgi dahasini g‘animat bilish, bu damlardan unumli foydalanib qolish borasida go‘zal suhbat qilib berdilar.
Alloh taolo oxirgi o‘n kunlikni o‘ziga xos fazilat va lutfu ehsoni bilan sharafli qilganki, bunga boshqa kun va oylarda yetishishning iloji yo‘q. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham boshqa oylarda qilmagan ba’zi amallarni shu oyda qilganlar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu oxirgi o‘n kunlikda ibodatlarga yanada jiddu jahd bilan kirishish, vaqtni g‘animat bilish, Qadr kechasini izlash kabi amallarni sanab o‘tar ekan, ayniqsa, Qadr kechasida qilingan solih amal boshqa ming oyda qilingan amaldan yaxshiroq bo‘lishini oyati karima bilan keltirib o‘tdilar. Zero, Alloh taolo Qadr surasining 3-oyatida “Qadr kechasi ming oydan ham yaxshiroqdir” deb marhamat qilgan.
Ma’ruzada jamiyatdagi birlik, inoqlik, o‘zaro yordam va muhabbat asosida qarindoshlarga yaxshilik qilish yotishi ta’kidlandi. O‘zaro arazlashganlar bo‘lsa yarashishga chaqirildi.
Shuningdek, bu yilgi Ramazon oyi o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruhda o‘tayotgani, buning asosiy sababi – Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan keng ko‘lamli xayriya va ijtimoiy ko‘mak tadbirlarining amalga oshirilayotgani ekani e’tirof etildi.
Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu g‘animat damlardan unumli foydalanib, O‘zining roziligiga erishadigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati