Hanafiy mazhabida qabrlar ziyorati mandub amallardandir. Avvalo niyatni to'g'rilamoq, ixlos bilan, xolis Alloh uchun o'tganlarning yaxshi amallarini xotirlab ziyorat qilmoq lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Islomning ilk davrlarida qabrlarni ziyorat qilishni ta'qiqlagan edilar.
Chunki unda ba'zi johiliya davrining odatlari saqlanib qolgan bo'lib, ayrim qabilalar maqtanish va g'ururlanish uchun o'liklarining qahramonliklarini sanab, baqir-chaqir qilar, oshkora yig'i-sig'iga zo'r berar edilar. Islom odob va ahloqi insonlar qalbiga o'rnashgach, qabrlar ziyoratiga izn berildi. Qabrlarni ziyoratiga da'vat qiladigan eng mashhur darajada sahih bo'lgan hadisi shariflar mavjuddir. Ularda qabr ziyoratining xosiyati haqida bunday deyiladi:
Men sizlarni qabrlar ziyoratidan qaytargan edim. Endi, ularni ziyorat qilaveringlar! Chunki, u oxiratni eslatadi, sizlarga o'limni esga soladi. Chunki, u qalbni yumshatadi, ko'zni yoshlantiradi. Cizlarga unda ibrat bor. U dunyoda parhezkor qilib qo'yadi” (Muslim, Termiziy, Abu Dovud, Ibn Moja, Hokim, Tabaroniy rivoyatlari).
Ushbu hadisdan ma'lum bo'ladiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nafaqat izn berdilar, balki bu ishga amr qildilar, targ'ib etdilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qabr ziyorati oxiratni eslatadi, dunyoda zohid qiladi”, deganlar. Ya'ni, oxiratni eslatib, dunyoga hirs qo'yishdan saqlaydi. Inson ziyoratga borib, o'zini o'nglaydi, dunyoning bir o'tkinchi ekanligini eslaydi, odamzotdan o'zi qilgan yaxshiliklari qolishini anglaydi. To'plangan mol-dunyolar insonga vafo qilmasligi, bu dunyodan ulardan biror narsa olib keta olmasligi, faqatgina insonning xayrli amallari qolishi ziyorat asnosida ko'ngildan o'tadi. Qabrlarni ziyorat qilish o'limni eslamoq, dunyo muhabbatini ketkazmoq, manmanlik va maqtanish, g'ururlanishni tark etmoq uchun mashru' qilingan (ya'ni shari'atda ruxsat qilingan)dir.
Ulamolar erkaklarning qabrlarni ziyorat qilishlari mumkinligi borasida barchalari ittifoq bo'lishgan. Lekin ayollarning ziyoratini esa jumhur ulamolar makruh sanashgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Alloh qabrlarni ziyorat qiluvchi ayollarni la'natlasin”, dedilar” (Termiziy rivoyat qilgan).
Ushbu hadisda ayol kishilarning qabrlar ziyoratiga borishi yaxshi emasligi qattiq ta'kidlanmoqda.
Jumhur “ulamolar: “Hadisda aytilgan la'nat qabrlar ziyoratiga borib, dod solib yig'lagan, sabrsizlik qilgan va noshar'iy xatti-harakatlar qilgan ayollarga xosdir”, deydilar”.
Hanafiy mazhabi ulamolari esa makruh emas, deyishgan va bunga yuqorida birinchi keltirilgan hadisni dalil qilib keltiradilar.
Erkaklar uchun qabr ziyorati mustahab, savobli amaldir. «Riyozu-s-solihiyn» ning turkiy sharhida esa ayollar uchun ham qabr ziyoratining zarari yo'q, deganlar. Faqat bunda fitnadan xoli bo'lish, islom axloqi va intizomiga, ziyorat odobiga rioya qilish shartdir.
«Ayollarga oid fiqhiy masalalar» kitobida esa: «Oxiratni eslamoq uchun qabrni ziyorat qilmoq erkak va ayolga mandubdir (ravodir, savoblidir)» deyilgan. (289-sahifa).
Ahmad Izuddin al-Bayyanuniyning «Tahorat va namoz hukmlari» kitobining «Qabrlarni ziyorat etish va ular haqqiga duo qilish» bobida bunday deyiladi:
«Qabrlarni ziyorat qilish erkaklar uchun joiz bo'lganidek, agar fitna xavfi bo'lmasa, oxiratni eslab, o'limdan ibrat olish uchun ayollar ham ziyoratga borsalar joiz. Agar ziyorat safar masofasida bo'lsa, unda, albatta, mahram bo'lishi shartdir» (147-sahifa).
Hanafiy mazhabiga oid fiqhiy manbalarda esa ayollarning qabrlarni ziyorat qilishi joiz, deyilgan. Zotan, ayollar ham o'z ota-onalari hamda qarindoshlari qabrlarini ziyorat qilishga haqlidirlar. Bunga bir necha dalillar mavjud. Oisha onamiz roziyallohu anho: “Qabrlarni ziyorat qilganimda nima deyman?”, deb so'raganlar. Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Assalom, 'ala ahl ad-diyor min al-mo''minin va-l-muslimin!”, deb salomlashasan”, deganlar. Buni muhaddislardan Imom Muslim va Imom an-Nasoiy rahimahumulloh rivoyat qilganlar.
Kim bo'lishidan qattiy ziyoratda niyatni to'g'rilamoq lozim. Umar (r.a.) dan rivoyat qilinadi. Payg'ambar (s.a.v.) aytadilar:
“Albatta, barcha amallar niyatga qarab e'tibor qilinadi. Har bir kishi o'z niyatiga etgusidir. Bas, kimki (Makkadan Madinaga) Alloh taolo va uning Payg'ambari uchun hijrat qilsa, unga Alloh va Rasuli uchun hijrat qilganlik savobi yozilur. Har kim dunyo uchun hijrat qilsa – dunyoga, ayol uchun hijrat qilsa ayolga etgusidir. Bas, nimani niyat qilib hijrat qilsa, o'shani e'tiborga olinadi”.
Niyat qilish lug'atda “qasd qilish va iroda” ma'nolarini anglatadi. Demak, qabr ziyorat qilayotganlarning niyatiga e'tibor qilinadi. Agar ziyoratchining niyati o'tganlarni xotirlash, ularga savob yo'llash qolaversa, o'limni eslash, undan ibratlanish bo'lsa, bu juda savobli ish bo'ladi.
Qabr ziyorati Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlaridek, “qalbni yumshatadi, ko'zni yoshlantiradi”. Halqimizda:“Ko'ngling cho'ksa, bozorga bor! Ko'ngling ko'tarilsa, mozorga bor!”, degan naql bor. Inson hayotda o'zi bilmagan holda manmanlikka, kibru havoga berilib qolishi mumkin. Inson o'z aybu nuqsonlarini gohida ko'rmay qoladi. Shuning uchun unday odamlarga qabr ziyorati juda foydali. Ayniqsa, boy-badavlat insonlar, mansab kursisiga o'tirganlar qabrlarni ko'proq ziyorat qilib turishi kerak. Qabrlar ziyorati payshanba, juma, shanba, dushanba kunlarida bo'lsa yaxshi. Ziyorat tik turgan holatda bo'ladi.
Mirjon EGAMBYeRDIYeV
Bugun, 20 noyabr kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining bir qudsiy hadis sharhiga bag‘ishlangan “Ey bandalarim...” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
An’anaga ko‘ra Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov, institutning “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi mudiri Soatmurod Primov, shuningdek, boshqa o‘qituvchi va talabalar ishtirok etishdi.
Taqdimotda e’tirof etilganidek, mazkur salmoqli asar dinimizning ko‘pgina asoslari, hukmlari, odoblari, qalb ishi bilan bog‘liq nozik nuktalarni qamrab olgan.
Kitob nomiga asos bo‘lgan “Ey bandalarim...” deb boshlanuvchi uzun hadisda Alloh taolo bandalariga bir necha marta xitob qilib, zulmdan, zalolatdan uzoq bo‘lishga chorlaydi. Har nafasda O‘ziga muhtoj ekanimizni eslatadi. “Ey bandalarim! Bular sizning amallaringiz. Men ularni hisoblab qo‘yaman...” deya bizni ogoh etadi.
Qalb Xudoning nazargohi ekan, kitobda keltirilgan mana bu parcha har bir o‘quvchining o‘z qalbini yumshatib, poklab turishida dastur vazifasini o‘taydi:
Ibn Javziy rahmatullohi alayh "Soydul xotir" kitobida aytadi: “Bildimki, agar raqoiq (qalbni yumshatuvchi so‘zlar) va salafi solihlar hayotlariga nazar solish aralashmasa, fiqh va hadis eshitish bilan shug‘ullanishning o‘zi qalbni isloh qilishda yetarli bo‘lmaydi. Faqat halol va haromni bilishning o‘zi qalbni yumshatishda katta ta’sirga ega emas, balki raqoiq hadislar va salafi solihlarning qissalarini zikr etish qalbni yumshatadi”.
So‘zga chiqqanlar asarning ana shunday muhim masalalarni eslatishi bilan ham ahamiyatli ekanini ta’kidlashdi. Yakunda kitob yurtimiz mo‘min-musulmonlari uchun manfaatlarga boy bo‘lishini tilab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati