Sayt test holatida ishlamoqda!
12 May, 2026   |   24 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:08
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:36
Xufton
21:02
Bismillah
12 May, 2026, 24 Zulqa`da, 1447

Qabriston – ibrat maskani

15.11.2020   4030   4 min.
Qabriston – ibrat maskani

Dinimizda targ'ib qilingan amallardan biri bu qabristonlarni ziyorat qilishdir. Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam:

عَنْ سُلَيْمَانَ بْنِ بُرَيْدَةَ عَنْ أَبِيهِ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- « قَدْ كُنْتُ نَهَيْتُكُمْ عَنْ زِيَارَةِ الْقُبُورِ فَقَدْ أُذِنَ لِمُحَمَّدٍ فِى زِيَارَةِ قَبْرِ أُمِّهِ فَزُورُوهَا فَإِنَّهَا تُذَكِّرُ الآخِرَةَ »

“Sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Batahqiq, Muhammadga onasini ziyorat qilishga izn bo'ldi. Bas, u(qabr)larni ziyorat qiling. Albatta, ular oxiratni eslatadi”, deganlar ( Imom Termiziy rivoyati).

Islom dini kelgan dastlabki yillarda Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tillari ila qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edi. Bu qaytariq umumiy bo'lgani sababli Payg'ambarimiz alayhissalom ham onalarining qabrini ziyorat qila olmagan edilar. Sababi, odamlar orasida Islom aqidasi va boshqa ilmlar to'liq shakllanmagan, insoniyat shirkdan butkul xalos bo'lmagan edi.

Ko'p amallar qatori qabrlarni ziyorat qilishda ham johiliyat amallari aralashib qolishining xavfi bor edi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kishilar qalbini Islomiy ta'limot bilan sug'orib, odamlarning diniry saviyasi oshgach, marhumlarning qabrlarini ziyorat qilishga ruxsat berildi. Shunda Rasuli akram alayhissalom mazkur hadisni aytdilar va kishilarga qabriston ziyoratidan ko'zlangan asl maqsadni ham eslatib, ta'kidlab qo'ydilar. Maqsad – oxiratni eslash.

So'nggi yillarda mamlakatimizda juda ko'p joylar, xususan, masjidlar, madrasalar va qadamjolar obod etildi. Dinimiz va ilm-fan rivojiga benazir hissa qo'shgan ajdodlarimizning mangu qo'nim topgan maskanlari qatori deyarli barcha qabristonlar obod qilindi. Bundan ko'zlangan maqsad ziyoratchilar uchun qulayliklar yaratish, Qur'on tilovati sababli o'tganlarimiz ruhlarini shod etish, xolos.

Shu bilan birga, dunyo tashvishlaridan charchagan, hayot jozibadorligiga berilib, oxiratni unutgan kishilarni tafakkurga undash, har bir jon bir kun shu manzilda yotishi muqarrar ekanligini eslatishdir.

Biroq so'nggi paytlarda odamlar orasida qabristonning qanday joy ekanini unutganlar ko'paydi. Uning haybatini his qilmasdan, qabrlardan ibrat olmaydigan kishilar uchrab turibdi. Hatto janozaga borib, qaysidir yaqinini lahadga qo'yib ham ibrat olmaydiganlar bor. Qabristonda ham dunyoviy gaplar, g'iybat, mish-mishlar urchidi. Ta'ziyalarda, qabristonlarda tamaki tutatib, nos chekuvchilarni ko'rib, dilimiz xufton bo'lyapti.

Axir, nahotki ular qabriston bu dunyo manzili emasligini anglamaydilar? Ularning ko'z oldida turgan bu qabrlar ostida yo jannat yoki do'zaxdan bir tuynuk ochilganini his qilmaydilar. Loaqal, o'n besh daqiqa o'limni eslab, qilgan gunoh va kamchiliklarini ko'z oldiga keltirib, Allohga istig'for aytmaydilar. Qanchadan-qancha duo va istig'forga muhtoj marhumlar uchun loaqat ikki oyat Qur'on o'qib, duo qilmaydilar?

Nahotki, qalbimiz shunchalar qorayib ketdi? Azizlar, qabriston bu oddiy joy emas. Bu pushaymonlar, umidvorlar, azob yoki rohat egalari yotadigan joy. Uning odobini joyiga qo'ying.

Hasan Basriy rahmatullohi alayh bir qabr ro'parasida ovqat eyayotgan kishini ko'rdilar va: “Allohga qasamki, bu kishi munofiq”, dedilar. Shunda yonlaridagi kishilar so'rashdi: “Ey imom, nima sababdan bir kishini qasam bilan munofiqligiga guvohlik beryapsiz? Sababi nima?” U kishi javob berdilar: “Ko'z oldida jannat yoki do'zax, azob yoki rohat turganini bilib, ko'rib turib tomog'idan ovqat o'tayotgan kishi munofiq bo'lmasdan kim ham bo'lishi mumkin?”.

Shunday ekan, mo'minlar yotgan joyni, yaxshi amallari uchun ham, yomon amallari uchun ham hisob-kitob kutib yotgan kishilar makonini behurmat qilmang. Alloh nasib qilsa, bir kun shu manzilda yotish barchamizning boshimizda bor. Bas, shunday ekan, yotar joyingizni bugun “obod” qilib qo'ying. Marmarlar, dabdabalar bilan emas, solih amallar, yaxshiliklar va ibodatlar bilan obod qiling!

 

Nuriddin domla HOLIQNAZAROV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hojilarimiz yuksak e’tibor va munosib sharoitlardan mamnun

08.05.2026   10702   1 min.
Hojilarimiz yuksak e’tibor va munosib sharoitlardan mamnun

Bu yilgi haj safari yuqori saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidlash joiz. Hojilarimiz uchun barcha tashkiliy masalalar puxta yo‘lga qo‘yilgan. Safardan tortib joylashish, ovqatlanish, transport va tibbiy xizmatgacha bo‘lgan barcha jarayonlar tizimli tashkil etilgani sababli ziyoratchilarimiz xotirjam holda ibodatlarini ado etishyapti.

 

Ayniqsa, keksalar va ehtiyojmand hojilarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik alohida tahsinga loyiq. Har bir hojining kayfiyati ko‘tarinki, ruhiyati tetik. Ularning chehralarida mamnuniyat va shukronalikni ko‘rish mumkin.

 

Shu bilan birga, safar davomida hojilarimiz uchun muntazam ma’rifiy suhbatlar, diniy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Bu suhbatlarda haj ibodatining mazmun-mohiyati, odob-axloq masalalari, yurt tinchligi va qadriyatlarimiz haqida fikr almashilmoqda. Bu esa ziyoratchilarimizning ma’naviy olamini yanada boyitishga xizmat qilmoqda.

 

Hojilarimiz yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlar va muqaddas safar uchun ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnun holda, xalqimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi va yurtboshimiz haqlariga samimiy duolar qilishmoqda.

Abduqahhor YUNUSOV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Yangiliklar