Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2026   |   28 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2026, 28 Zulhijja, 1447

Tavakkul

26.10.2023   798   3 min.
Tavakkul

So'fi Ollohyor “Sabotul ojizin” asarida bir hikoyatni keltiradi: “Abdulloh ibn Muborak sahro­da yo'ldan adashdi. Yurib-yurib, uzoqdan bir quduqni ko'rgach, endi arqon va bir chelak bo'lsaydi, deb ko'ngildan o'tkazdi”.

Quduqqa yaqin borgach, chelak ham, arqon ham yo'q, suv ancha pastda edi. Ibn Muborak hayron bo'lib bir chetga borib o'tirdi. Shu payt sahro qo'ynidan bir kiyik quduq tomon kela boshladi. Yetib kelgach, tumshug'ini quduqqa suqqan edi, suv ko'tarildi, hatto quduqdan toshib chiqdi.

Keyin suv ichib yana sahro bag'riga kirib, g'oyib bo'ldi. Bundan hayronu lol bo'lgan Abdulloh yugurib quduq boshiga bordi, suv esa Abdulloh etib borgunicha yana pastlab ketdi.

Shunda uning qalbidan bir nido otilib chiqdi va dedi: “Yo Rab, berursan ohuga ob, menga bermassan, ey sulton Vahhob”. Shu payt Abdulloh ibn Muborakning qalbiga bir nido keldi: “O'sha sen ko'rgan ohu sahroga rizq istab chiqqan paytda mendan boshqaga tavakkal qilmagan edi. Sen esa quduqni ko'riboq qalbingni chelak va arqon tashvishi egalladi...”

Ibn Muborak bu nidoni eshitib, behol bo'ldi, bu tanbehdan qalbida zavq daryosi jo'sh urdi va shundan so'ng umrining oxirigacha chanqamadi.

Ha, azizlar! Alloh O'z do'stlarining qalbidagi bir lahzalik g'aflat uchun ham tanbeh beradi. Zero, yuksak cho'qqidagi odamga xatar ham katta bo'ladi.

Rizqlar taqsimlanadigan soat

Oysha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi. Nabiy alayhissalom: “Barvaqt turib rizqlaringizni talab qilinglar. Kunning avvali baraka va najot vaqtidir”, deganlar (Imom Bazzor va Imom Taba­roniy rivoyati).

Fotima binti Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilinadi: «Men subh vaqtida uxlab yotgan edim. Shunda Rasululloh mening oldim­dan o'tib qoldilar va uyg'otib: “Ey qizim, tur, Rabbingning rizq (taqsimlashiga) shohid bo'l va zinhor g'ofillardan bo'lma!” dedilar» (Imom Bayhaqiy).

Darhaqiqat, Alloh tong otgandan quyosh chiqqungacha bo'lgan vaqt mobaynida odamlarning rizqlarini taqsimlaydi.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam barchalarimizni barvaqt turib, rizq talab qilishga undaganlar, tong paytida g'aflat holidan chiqarish maqsadida haqqimizga xayr va baraka so'rab duo qilganlar.

"Hidoyat" jurnalidan

Hamroqul HOLBOYeV,
Bekobod tumani “Ulug'bek” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Hijriy yangi yil: Muharram oyini qanday o‘tkazish kerak?

15.06.2026   1408   3 min.
Hijriy yangi yil: Muharram oyini qanday o‘tkazish kerak?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

2026 yilning 16 iyun kuni – yangi 1448 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2026 yilning 25 iyun, payshanba kuniga to‘g‘ri keladi.


Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


Ashuro qanday kun?
 Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.

Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.

Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

 

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar