Erta uyg'onishda hikmat ko'p. Mo'min kishi tongda turib Alloh taolodan kunning xayrini, barakasini, yaxshiligini so'rasa, shubhasiz, duoga ko'tarilgan qo'llari quruq qaytmaydi.
Abu Molik Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Sizlardan biringiz tong otganida va so'ngra kech kirganida bunday desin: “Biz ham, mulk ham olamlar Parvardigori Allohniki bo'lgan holda tong ottirdik. Ey Rabbim, bu kunning barcha yaxshisini, dushmanlar ustidan g'alabani, nurini, barakasini, hidoyatini so'rayman. Va Sendan bu kunning va bu kundan keyingisining yomonligidan panoh tilayman”, dedilar» (Abu Dovud rivoyati).
Banda ushbu ne'matning qadriga etib, Alloh taolodan tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, rizq, baraka va boshqa ko'plab yaxshiliklarni so'rasa, kunning yomonligidan panoh tilasa, ana shu duolarining ijobatini topadi.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qiladilar: “Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg'onganida oilasi tinch, tani sog' va uyida bir kunlik eguligi bo'lsa, bilsin, unda dunyodagi barcha ne'matlar mujassam ekan”(Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda baxtli mo'minning holati aks etgan. Tongda tinchlik-omonlikda, sog'u salomatlikda, oilasi bag'rida uyg'onish – katta ne'mat. Shuning bilan birga, bir kunga etgulik eguligi bo'lsa, u oila to'kisdir. Afsuski, o'tkinchi dunyoning hoyu-havaslariga hirs qo'yib, shukrni unutgan, boylikning ketidan quvgan kishilar atrofimizda ko'plab topiladi. Ular mudom pulni pulga, molni molga uradilar. Ammo bu molu davlat qayoqdan kelmoqda, deb, hech o'ylab ko'rmaydilar. Alhol, bir kun kelib ishlari ortga ketsa, boshiga tashvish tushsa, darrov Allohni eslab qoladilar. Zotan, bunday kishilar o'zlariga ziyon qiluvchilardir. Shuning uchun ham banda bir burda nonga qanoat qilib, tongda sog'u salomat uyg'onganini ulkan davlat deb bilishi, ato etilgan ne'matlar uchun shukrni kanda qilmasligi lozim.
“Tafsiri Irfon”da bunday yoziladi: «“Shukr” so'zi aslida minnatdor bo'lish, rahmat aytish ma'nolarida bo'lib, ne'matlarni yolg'iz Alloh taolodan deb bilish va U rozi bo'ladigan tarzda sarflashni anglatadi. Alloh taolo bandalariga behisob ne'matlarni ato etib qo'ygan. Hammamiz eng afzal ne'matlar ichidamiz. Nafasimizning kirib-chiqib turgani, tanamizning sog'ligi, yurtimizning tinchligi, etarli ozug'imiz va kiyim-kechagimizning borligi, havo va suvning mavjudligi, farzandlar berib qo'yilgani – bularning hammasi Alloh taoloning ulug' in'omidir. U moddiy va ma'naviy ne'matlarni mukammal berib qo'ygan. Buning evaziga esa bizdan faqat bir narsani – o'ziga itoat qilishimizni, ne'matlariga shukr aytishimizni talab qiladi, xolos».
Demak, banda o'zini ko'p ne'matlarga egaman deb bilishi kerak. Buning uchun har qancha shukronalar qilsak ham ozdir.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam sahobalarga qarata bunday deb marhamat qilganlar: “Sizlar qanday tong ottirdilaringiz?”. Sahobalar: “Yo Rasululloh, biz Allohga iymon keltirgan holatda tong ottirdik”, dedilar. U zot: “Iymoningizni alomati nima?” dedilar. Sahobalar: “Yo Rasullulloh, iymonning alomati Alloh taolo tomonidan keladigan balolarga sabr qilish, mo'l-ko'lchilikka shukr qilish va qazoi kadarga rozi bo'lishdir”, dedilar. Shunda Rasululloh alayhi va sallam: “Haqiqatda sizlar chin mo'minsizlar”, deb marhamat qildi (Imom Taboroniy rivoyati).
Hullas, har kim erta tongni uyg'oq holda qarshi olib, kunning yaxshiliklariga musharraf bo'lishimizni nasib etsin. Zotan, Alloh taoloning behisob ne'matlariga shukr qilgan, sinovlarga sabr qilib, borchiligu yo'qchilikka rozi bo'lgan mo'min chin mo'mindir.
Dilmurod SODIQOV
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Do‘stlik” festivali yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda Qo‘mita rahbariyati, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari hamda Birodar shaharlar alyansi vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Unda festivalning asosiy maqsad va vazifalari, dastur doirasida rejalashtirilgan madaniy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy hamda ommaviy tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, festivalning asosiy tadbirlaridan biri hisoblangan I xalqaro “Birodar shaharlar forumi”ga to‘xtalib o‘tilib, mazkur tadbir 24–25 iyul kunlari qadimiy va navqiron Samarqand shahri mezbonligida bo‘lib o‘tishi, unda 30 ga yaqin davlatdan 100 ga yaqin xorijiy mehmonlar, olimlar, xalqaro tashkilotlar vakillari bir maydonda jamlanishi haqida batafsil axborot berildi.
Anjumanda festivalning mamlakatimizda millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va xalq diplomatiyasini rivojlantirishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 30 iyul sanasi Xalqaro do‘stlik kuni sifatida e’tirof etilgan. Shu munosabat bilan har yili ushbu sana butun dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni sifatida nishonlanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati