Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni menga eng yaqin kishilar, albatta, menga ko'p salavot aytganlardir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Sahobalar roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Yo Rasululloh sizga salavot aytish qanday bo'ladi?” deb so'raganlarida U zot sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma solli a'la Muhammadin va a'la oli Muhammad, kama sollayta a'la Ibrohiyma va a'la oli Ibrohiym. Innaka hamiydummajiyd. Allohumma barik a'la Muhammadin va a'la oli Muhammad, kama barokta a'la Ibrohiyma va a'la oli Ibrohiym. Innaka hamiydum majiyd”, deb aytinglar, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad.
Davron NURMUHAMMAD
Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida mehr-muruvvat, xayriya va saxovat tadbirlari keng ko‘lamda tashkil etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi vakillari joylarda bo‘lib, ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olmoqda hamda ularning ko‘ngillarini ko‘tarishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Shunday xayrli tadbirlardan biri Buxoro viloyatida ham yuqori saviyada tashkil etildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali rahbari, Buxoro shahridagi “Mohitobon” masjidi imom-xatibi Azizbek domla Ashurov boshchiligida hududdagi bir qator ehtiyojmand xonadonlarga bayramona kayfiyat ulashildi.
Muruvvat tadbiri doirasida quyidagi xayrli ishlar amalga oshirildi:
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 50 ta ehtiyojmand oila vakillari uchun maxsus ehson dasturxoni yozilib, ularga bayram sovg‘alari topshirildi.
Hududda istiqomat qiluvchi ko‘makka muhtoj oilalarning yashash joylariga bevosita tashrif buyurilib, kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan ozi-ovqat mahsulotlari to‘plami yetkazib berildi.
Saxovat tadbirlari davomida tashkilotchilar xonadon egalarini yaqinlashib kelayotgan qutlug‘ ayyom — Qurbon hayiti bilan muborakbod etib, ularning haqqiga xayrli duolar qilishdi. Bu kabi tadbirlar yurtimizda insoniylik, oqibat va mehr-muruvvat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati