Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan qaytsalar avvalo masjidga kirardilar. Bu haqda Abu Sa'laba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan qaytganlarida oldin masjidga kirar, ikki rakat namoz o'qir, so'ng qizlari Fotimaga uchrar, shundan keyingina uylariga ketar edilar”(Imom Tabaroniy rivoyati).
Ka'b ibn Molik roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan faqatgina kunduzi tong vaqtida kelardilar. Safardan kelsalar, masjiddan boshlardilar va unda ikki rakat nafl namoz o'qib, so'ngra o'tirardilar. Odamlar u kishiga kelib salom berishar edi” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Ahmad rivoyati).
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Keling, biz ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq safardan qaytishda masjidga kirishga odatlanaylik.
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad
Davron NURMUHAMMAD
"Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug‘lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!" (Haj surasi, 37-oyat).