Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan qaytsalar avvalo masjidga kirardilar. Bu haqda Abu Sa'laba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan qaytganlarida oldin masjidga kirar, ikki rakat namoz o'qir, so'ng qizlari Fotimaga uchrar, shundan keyingina uylariga ketar edilar”(Imom Tabaroniy rivoyati).
Ka'b ibn Molik roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan faqatgina kunduzi tong vaqtida kelardilar. Safardan kelsalar, masjiddan boshlardilar va unda ikki rakat nafl namoz o'qib, so'ngra o'tirardilar. Odamlar u kishiga kelib salom berishar edi” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Ahmad rivoyati).
Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga etkazuvchi bo'lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko'pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham etkazaylik.
Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo'lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan etkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so'ngra etkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Keling, biz ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq safardan qaytishda masjidga kirishga odatlanaylik.
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Dinimizda ovqatlanishni to‘ymasdan avval to‘xtatish sunnat, deyilgan. Ammo to‘ygandan keyin ham yeyishga qanday qaraladi? Chunki hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda tanilish yoki boshqa maqsadlarda ko‘pchilik to‘yadigan ovqatni bir kishining yakka o‘zi yeb qo‘yayotganiga o‘xshash holatlar tarqatilmoqda.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Vatandoshimiz, buyuk muhaddis Imom Termiziy rahimahulloh o‘zlarining “Sunani Termiziy” asarlarida sog‘lom turmush tarzining oltin qoidasi bo‘la oladigan go‘zal bir hadisi sharifni keltirganlar: Miqdom ibn Ma’diykarib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni qorindir. Odam bolasiga qaddini tutadigan yemaklar kifoyadir. Agar juda lozim bo‘lsa, (qorinning) uchdan biri taom, uchdan biri ichimlik va uchdan biri nafasi uchun”, dedilar.
“Fatovo Olamgiriya”da quyidagilar aytilgan:
“Taomlanish bir necha darajalarga bo‘linadi:
1. Farz ovqatlanish. Halok bo‘lishdan saqlanish uchun zarur bo‘lgan miqdorni yeyish farz hisoblanadi. Shuning uchun kishi yeyish va ichishni tark etib, halok bo‘lsa, gunohkor bo‘ladi.
2. Ajr beriladigan taomlanish. Bunga namozni tik turib o‘qishga va ro‘za tutishga kuchi yetishi uchun farz miqdoridan ko‘proq yeyish kiradi.
3. Muboh (ruxsat berilgan) taomlanish. Bunga tananing quvvati yanada ziyoda bo‘lishi uchun to‘yguncha yeyish kiradi. Bunda savob ham, gunoh ham yo‘q. Agar haloldan bo‘lsa, yengil hisob-kitob qilinadi.
Harom taomlanish. To‘ygandan keyin ham ortiqcha yeyish mumkin emas. Ammo bundan maqsad ertangi ro‘zaga quvvat yig‘ish yoki mehmonni xijolat qilmaslik maqsadida unga hamrohlik qilish bo‘lsa, zarari yo‘q. "Haviy lil-fatavo" kitobida shunday kelgan”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.