IJTIMOIY TARBIYa MAS_''ULIYaTI
Ijtimoiy tarbiyadan maqsad – bolani yoshligidanoq odamlar bilan yaxshi muomala qilish odobiga o'rgatib, ma'naviy barkamol etib voyaga etkazishdir. Bu tarbiya ham muborak Islom aqidasi va chuqur imon tuyg'usidan oziqlanadi. Bunday tarbiya ko'rgan bola jamiyatda go'zal muomalasi, odobi, aqli bilan ajralib turadi.
Shubhasiz, bola tarbiyasi ota-ona, murabbiylar uchun muhim mas'uliyat hisoblanadi. Yuqorida aytib o'tilganidek, har qanday tarbiya imon, xulq va nafs tarbiyasining umumiy mahsulidir. Ijtimoiy nazorat va to'g'ri siyosat ta'sirida tarbiya topgan bola o'z burchlarini bajarib, odob qoidalariga rioya qiladi.
Tajribadan ma'lum, jamiyat sog'lom, kuchli va mustahkam bo'lishi uchun uning har bir a'zosi har tomonlama sog'lom bo'lishi zarur. Bu o'rinda Islom ta'limotining ijtimoiy va axloqiy tarbiyadagi beqiyos o'rnini alohida ta'kidlash muhim. Ustoz-murabbiylar ijtimoiy tarbiyada katta mas'uliyat va g'ayrat ko'rsatishlari kerak. Ijtimoiy tarbiyaning amaliy uslublari nimalardan iborat? Bu uslub to'rt ishda ko'rinadi.
Taqvo
Taqvo Allohdan va azobidan qo'rqish, kechirishini va savobini umid qilishdir. U nafsni nazorat qilish bilan hosil bo'ladigan imon shuurining tabiiy samarasi va muqarrar natijasidir. Ulamolar unga quyidagicha ta'rif beradilar:
“Taqvo Alloh qaytargan ishga yaqin yo'lamaslik va buyurgan ishidan og'maslikdir”. Boshqa ba'zi ulamolar quyidagicha ta'riflaydi:
“Yaxshi amallar ila Alloh g'azabidan saqlanish va Allohdan yashirin va oshkor qo'rqish”. Qur'oni karim ko'p oyatlarda taqvo fazilatiga buyuradi va unga qiziqtirishga ahamiyat beradi. Shuning uchun sahobalar va salaf olimlar taqvoga katta e'tibor berishgan, uni topganlar, unga intilganlar va u haqda so'raganlar.
Ubay ibn Ka'b Umar ibn Hattobdan (roziyallohu anhu) taqvo haqida so'radi. U kishi: “Tikonli yo'lda yurganmisan?” dedilar. Ubay: “Ha, yurganman”, dedi. Umar ibn Hattob: “Qanday yurgansan?” deb so'radilar. U: “Kiyimimni shimardim va tirishdim”, dedi. U kishi: “Mana shu taqvo”, dedilar.
Taqvo mo'min qalbiga Allohdan qo'rqish va Uning nazoratida ekanini anglash hissini to'ldiradi. U barcha ijtimoiy odoblar manbai, gunohlar va mufsidlardan saqlovchi yagona yo'ldir. Shuningdek, u jamiyatni but qiluvchi omildir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Taqvo mana bu erda”, deb uch bor ko'krakni ko'rsatganlar. Bundan esa ijtimoiy tarbiyada qalb katta ahamiyatga ega ekani anglashiladi.
Taqvoning ta'siri haqida ba'zi namunalar: Imom G'azzoliy “Ihyo” kitobida rivoyat qiladi. Yunus ibn Ubaydning do'konida qiymati 400 dirhamlik va 200 dirhamlik matolari bor edi. Bir kuni namoz o'qish uchun masjidga ketishida o'rniga akasining o'g'lini qo'ydi. Bir a'robiy kelib 400 dirhamlik matoni so'radi. Sotuvchi unga 200 dirhamlik matoni ko'rsatdi. U uni chiroyli deb rozi bo'ldi va 400 dirhamga sotib oldi. Yo'lda unga Yunus ro'para keldi va matoni tanib qolib: “Qanchaga sotib oldingiz?” deb so'radi. U: “400 dirhamga”, dedi. Yunus: “Bu mato 200 dirhamdan baland turmaydi, uni qaytarib ber”, dedi. Shunda a'robiy: “Bizning shahrimizda 500 dirhamdan sotishadi, men bu narxga roziman”, dedi. Yunus esa: “Men bilan qayt, chunki dinimizda to'g'rilik mol-dunyo va undagi narsalardan yaxshidir”, dedi. So'ngra uni do'konga olib borib, 200 dirham qaytarib berdi. Va akasining o'g'liga bu borada tanbeh berdi. So'ngra: “Allohdan uyalmaysanmi? Allohdan qo'rqmaysanmi? Musulmonlarni aldab, pul foyda qilasanmi?” dedi. Shunda haligi xaridor: “Allohga qasam, u rozi bo'lgani uchun oldim”, dedi. Yunus: “O'zing undan rozi bo'lganingdek, unga ham rozi bo'lmaysanmi?” dedi.
Abdulloh ibn Dinor shunday rivoyat qiladi: “Umar ibn Hattob (roziyallohu anhu) bilan Makkaga yo'lga chiqdik, yo'lda dam olish uchun to'xtadik. Tog'dan bir cho'pon yonimizga keldi. Unga: “Ey cho'pon, bir qo'y sotgin”, dedik. U: “Men qulman”, dedi. Umar ibn Hattob (roziyallohu anhu) sinash uchun: “Ho'jangga bo'ri edi, deb aytgin”, dedi. Shunda cho'pon: “Ho'jayinku ishonar, lekin Allohni nima deb aldayman?” dedi. Umar ibn Hattob (roziyallohu anhu) yig'ladilar, so'ngra qul bilan bilan birga uyiga borib, uni xojasidan sotib oldi va ozod qildi. So'ng: “Bu so'z seni bu dunyoda ozod qildi, oxiratda ham (do'zaxdan) ozod qilishidan umidvorman”, dedi.
Ona bilan qiz o'rtasida bo'lib o'tgan ushbu qissani ko'pchilik biladi: ona sutga suv qo'shib, ko'proq foyda ko'rishni xohlaydi, qizi esa mo'minlar amiri bundan qaytarganini eslatadi. Ona: “Biz qayerdamiz, amir qayerda? U bizni ko'rib o'tiribdimi?” deydi. Qiz esa qat'iyat bilan qarshilik ko'rsatadi: “Mo'minlar amiri ko'rmayotgan bo'lsa ham, mo'minlar amirining Rabbisi bizni ko'rib turibdi”, deydi.
Farzandlarni taqvoga o'rgatish vojibdir.
Islom Alloh yo'lidagi qardoshlikka undaydi. Uning maqsadi, burchlari Qur'on oyatlari va hadislarda bayon qilindi.
إِنَّمَا ٱلۡمُؤۡمِنُونَ إِخۡوَةٞ
«Albatta, mo'minlar dinda o'zaro birodardirlar...»(Hujurot, 10).
سَنَشُدُّ عَضُدَكَ بِأَخِيكَ ...
«Biz seni birodaring (Horun) bilan quvvatlantirurmiz...»(Qasas, 35).
وَٱذۡكُرُواْ نِعۡمَتَ ٱللَّهِ عَلَيۡكُمۡ إِذۡ كُنتُمۡ أَعۡدَآءٗ فَأَلَّفَ بَيۡنَ قُلُوبِكُمۡ فَأَصۡبَحۡتُم بِنِعۡمَتِهِۦٓ إِخۡوَٰنٗا
«...o'zaro adovatda bo'lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo'ygan Allohning ne'matini yodda tuting. Uning ne'mati tufayli birodarlarga aylandingiz...»(Oli Imron, 103).
Imom Muslim rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmon musulmonning qardoshi, unga zulm qilmaydi, (dushmanga) topshirmaydi, xorlamaydi, tahqirlamaydi. Musulmon kishining birodarlarini tahqirlashi unga yomonligiga kifoya qiladi. Musulmonga boshqa musulmonning qoni, moli va obro'si haromdir. Taqvo mana bu erda”, deb uch marta aytib, ko'kraklariga ishora qildilar.
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati: “Odam o'zi yaxshi ko'rgan narsani birodariga ilinmagunicha haqiqiy mo'min bo'la olmaydi”.
Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati: “Do'stlashish, o'zaro mehribonlik va rahmdillikda mo'minlar bir vujudga o'xshaydi. Uning bir a'zosi azob cheksa, boshqa a'zolari ham vaqtni uyqusizlik va isitma qilish bilan o'tkazadi”.
Imom Muslim “Sahih” kitobida rivoyat qiladi. Alloh taolo qiyomat kuni: “Mening jalolim ila muhabbat qilishganlar qani? Mening soyamdan o'zga soya bo'lmagan bu kunda ularni O'z soyamga olurman”, deydi.
Asrlar osha Islom jamiyatida odamlarning o'zaro muomalasi, ko'ngil so'rashi, boshqalarni o'zidan ustun qo'yishi va o'zaro yordamni ayamasligi Alloh yo'lidagi muhabbat va qardoshlik (birodarlik) natijasidir.
Ba'zi ibratli misollar bilan tanishsak.
Hokim “Mustadrak”da rivoyat qiladi: Muoviya ibn Abu Sufyon (roziyallohu anhu) Oysha onamizga (roziyallohu anho) 80 ming dirham yubordilar. U kishi ro'zador edilar. Egnilarida eski ko'ylak. Bu pullarni o'sha vaqtning o'zida faqirlar, miskinlarga taqsimlab berdilar. Undan bir dirham ham qolmadi. Shunda u kishiga xizmatchisi: “Ey mo'minlar onasi, iftor qilish uchun o'zimizga ham biror dirham olmadingizmi?” dedi. “Ey qizim, agar eslatganingda, albatta olardim”, dedilar u zot (roziyallohu anho).
Tabaroniy “Kabir”da rivoyat qiladi. Umar ibn Hattob (roziyallohu anhu) 400 dinor pulni hamyonga soldilar va xizmatkoriga: “Buni Abu Ubayda ibn Jarrohga olib borib ber”, dedilar. Hizmatkor pulni olib bordi va: “Mo'minlar amiri siz bularni o'z hojatingizga ishlatishingizni aytdilar”, dedi. Abu Ubayda: “Alloh Umarga rahmat yog'dirsin”, dedilar, so'ngra: “Ey xizmatchi, bu etti dinorni falonchiga, bu besh dinorni falonchiga va bu besh dinorni falonchiga olib borib ber”, deb pulni taqsimladilar. Hizmatchi Umar (roziyallohu anhu) yoniga qaytib, voqeani so'zlab berdi. Umar (roziyallohu anhu) yana shuncha dirhamni Muoz ibn Jabal uchun tayyorlab qo'ygan edi. “Buni Muozga olib borib ber!” dedilar. Hizmatchi pulni olib borib berdi va: “Buni o'z hojatingizga ishlatishingizni mo'minlar amiri aytib yubordilar”, dedi. U kishi: “Alloh u kishiga rahmat yog'dirsin”, dedilar. So'ngra: Ey xizmatchi, bunchasi falonchiga va bunchasi falonchiga”, deb taqsimlayotganlarida bir ayol kelib qoldi. U Muozning xotini edi. U ayol: “Allohga qasam, biz kambag'almiz, bizga ham bering”, dedi. Hamyonda ikki dirham qolgan edi. Muoz shu ikki dirhamni ayolga otdi. Shundan so'ng xizmatchi kelib, Umarga (roziyallohu anhu) voqeani aytib berdi. Bundan Umar (roziyallohu anhu) xursand bo'ldilar va: “Ular bir-birlari bilan qardosh (birodar)dirlar”, dedilar.
Hazrat Umar (roziyallohu anhu) davrlarida qattiq qahatchilik bo'ldi. Shomdan Hazrat Usmonning ming tuyada oziq-ovqat va liboslari yuklangan karvon keldi. Tijoratchilar har tomondan bu karvondagi yuklarni sotib olish istagida yugurib kelishdi. Ularga: “Qancha foyda berasizlar”, deyildi. Ular: “Besh foiz foyda beramiz”, deyishdi. “Bu foydadan ko'proq beradiganni topdik”, deyildi. Ular: “Bu foydadan ko'proq beradiganni bilmaymiz”, dedilar. Ularga Usmon (roziyallohu anhu): “Men bir dirhamga 700 va undan ko'proq beruvchini topdim. Men Allohni topdim”, dedi va ushbu oyatni o'qidi:
مَّثَلُ ٱلَّذِينَ يُنفِقُونَ أَمۡوَٰلَهُمۡ فِي سَبِيلِ ٱللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنۢبَتَتۡ سَبۡعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنۢبُلَةٖ مِّاْئَةُ حَبَّةٖۗ وَٱللَّهُ يُضَٰعِفُ لِمَن يَشَآءُۚ وَٱللَّهُ وَٰسِعٌ عَلِيمٌ٢٦١
“Alloh yo'lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go'yo bir donga o'xshaydiki, u har bir boshog'ida yuztadan doni bo'lgan ettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko'paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir”(Baqara, 261).
Sizlar guvohsizlar, ey savdogarlar! Karvon va undagi bug'doy va un, zaytun va sariq yog' hammasini Madina fuqaro (kambag'al)lariga hiba qildim va albatta, u musulmonlarga sadaqadir”, dedi hazrat Usmon (r.a).
Imom Buxoriy “Adab al-Mufrad” kitobida Ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Bir vaqtlar keldi, biron kishi dinor va dirhamcha musulmon birodaridan haqliroq bo'lmadi”.
Bolalarimizni birodarlik, o'zaro mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash bizga vojibdir.
Imom Termiziy, imom Abu Dovud va imom Ahmad rivoyat qiladilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Mehribonlarga Alloh mehribon bo'ladi, (erda) boshqalarga mehribon bo'linglar, sizlarga ham osmondagi Zot mehribon bo'lur”, dedilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mehribonlikdan mahrum bo'lganlarni baxtsiz kishi deb ta'riflaganlar.
Imom Termiziy, imom Abu Dovud va boshqalar rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Baxtsiz kishida mehribonlik bo'lmaydi” dedilar. Mo'min faqat mo'min qardoshiga emas, boshqalarga ham mehribonlik ko'rsatadi.
Tabaroniy rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobiylariga: “Bir-biringizga mehribon bo'lmaguncha mo'min bo'lmaysizlar”, dedilar. Hazrat Umar: “Yo Rasululloh, barchamiz mehribonmiz”, dedi. Shunda u zot: “U biringiz o'z do'stiga qilgan mehribonlik emas, balki xalqqa qilingan mehribonlikdir”, dedilar. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) bu ko'rsatmalaridan ma'lum bo'ladiki, mehribonlik faqat musulmonlarga emas, balki barcha insonlarga mehribon bo'lish ekan. Ana shunday mehribonlik insonning haqiqiy mo'minligini ko'rsatadi. Agar bunday mehribonligi bo'lmasa, inson komillikka etisholmaydi. Mo'min kishi taqvo qiladi va birovga ozor berishdan tiyiladi.
Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bir fohisha ayol itga suv bergani uchun Alloh gunohidan o'tib, unga jannat eshiklarini ochgani va boshqa bir ayol mushukni qamab qo'yib, unga suv va non bermay o'ldirgani sabab, rahmsiz ayolni do'zaxga mahkum qilgani haqida so'zlaganlar.
Demak, inson odamlarga, hayvonot va nabototga ham mehribon bo'lishi kerak. Hazrat Umar (roziyallohu anhu) bir kishi qo'yini so'yish uchun oyog'idan sudrab olib borayotganini ko'rdi. Shunda unga: “Sening holingga voy bo'lsin! Uni o'limga chiroyli holda olib bor”, dedi.
Islomiy tarbiya natijasida shakllanadigan mehribonlikka ayrim misollar keltirsak:
Tarixchilar rivoyat qiladi. Amr ibn Os Misr fathida qurgan chodirining ustiga kabutar in qurdi. Amr ketmoqchi bo'lganida inni ko'rib qoldi va chodirni buzib, qushga zulm qilishni istamadi. Chodirni buzmay tashlab ketdi. Chodir atrofida aholi ko'paydi va bu joy “Fustot”, ya'ni “Chodir” deb ataluvchi shaharga aylandi. Bu Misr shahrining eski nomidir.
Umar ibn Hattob johiliyat vaqtlarida qalbi qattik, rahm-shafqatsiz deb tanilgan edi. Islom tarbiyasi uning qalbida mehribonlik (rahmat) bulog'ini ochgach, har bir ishi uchun Alloh huzurida mas'uliyat seza boshladi. Hatto yo'l bermagani oqibatida yiqilib o'lgan xachir uchun ham o'zini javobgar hisoblardi.
Abu Bakr (roziyallohu anhu) Usoma ibn Zayd askarlariga: “Ayollarni, keksalarni va go'daklarni o'ldirmanglar, xurmo va mevali daraxtlarni kesmanglar, uylarida yolg'iz o'tirgan kishilarga tegmanglar”, deb nasihat qilgan edi.
Islom ta'limoti ayollar, keksalar va go'daklarga, mevali daraxtlarga, uyda o'tirgan tinch aholiga urush vaqtida ham zarar etkazmaslikka undaydi. Hozirda dunyoda ro'y berayotgan qo'poruvchilik va tinch aholini portlatish kabi voqealar Islom ta'limotiga zid xatti-harakatlardir.
Musulmonlar huzuridagi vaqf mol-mulklari:
Shuningdek, ochni to'ydirish, chanqaganga suv berish va yalang'ochga kiyim berish, mayitni ko'mish, etimni kafillikka olish, iztirob chekayotgan kishiga yordam berish va ojizning ko'nglini so'rashga yo'naltirilgan vaqflar ham bor.
Shubhasiz, vaqf va xayriya jamg'armalari ilm dargohlari va boshqalarga ko'mak berishi, yaxshilikka intilish kabilar Alloh mo'minlarning ko'ngliga solgan mehribonlik (rahmat)dan qolgan izlardir.
Bu qadriyatlar asrlar osha qon-qonimizga singdi, madaniyatimizga aylandi. Biz ham farzandlarimizda shunday fazilatlarni tarbiyalashimiz lozim.
Bizga Qur'oni karimda Islom jamiyati a'zosi bo'lgan ansoriylarning sifatlari keltirilgani ibratdir. Bu sifatlar o'zaro muloyimlik, boshqalarni afzal ko'rish va hamdardlikda ko'rinadi.
وَٱلَّذِينَ تَبَوَّءُو ٱلدَّارَ وَٱلۡإِيمَٰنَ مِن قَبۡلِهِمۡ يُحِبُّونَ مَنۡ هَاجَرَ إِلَيۡهِمۡ وَلَا يَجِدُونَ فِي صُدُورِهِمۡ حَاجَةٗ مِّمَّآ أُوتُواْ وَيُؤۡثِرُونَ عَلَىٰٓ أَنفُسِهِمۡ وَلَوۡ كَانَ بِهِمۡ خَصَاصَةٞۚ وَمَن يُوقَ شُحَّ نَفۡسِهِۦ فَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡمُفۡلِحُونَ٩
«Ulardan (muhojirlardan) ilgari (Madinadek) diyorda yashagan va imonni saqlaganlar (ansorlar) esa o'zlari (yonlari)ga hijrat qilib kelgan kishilarni suygaylar va dillarida ularga berilgan narsa (o'ljalar) sababli hasad sezmaslar hamda o'zlarida ehtiyoj bo'la turib, (ehson qilishda boshqa muhojirlarni) ixtiyor qilurlar. Kimki o'z nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o'shalar (oxiratda) najot topuvchilardir»(Hashr, 9).
O'z ixtiyori bilan o'zidan boshqani afzal ko'rish va ijtimoiy hamdardlik ansoriylar xulqida jilolandi, bashariyat tarixida ularning o'xshashini topa olmaysiz. Ansoriylar dinlari uchun quvilgan va vatanlaridan haydalgan, dunyo ziynatlari va matolaridan uzilgan muhojir birodarlarini o'zlariga sherik qildilar. Ularga yordam berdilar. Hayot nasibalarida ularni o'zlaridan afzal ko'rdilar. Agar ulardan biri vafot etsa, ikkinchilari merosxo'r bo'lishdi.
Jamiyatda boshqani afzal ko'rish namunalari. Imom G'azzoliy “Ihyou ulumid-din” kitobida Ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
U kishi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalaridan biriga bir qo'y kallasi hadya qilindi. Shunda u: “Mendan ham muhtojlar bordir”, dedi va qidirib topib, unga berdi. U ham o'zidan muhtojroqni izlab topib, unga berdi. Shu tarzda biridan boshqaga o'tib, hatto etti kishidan so'ng yana birinchi sahobaga qaytib keldi», dedi.
Mo'minlar onasi, Asad qabilasidan bo'lgan Zaynab binti Jahsh “ummul masakin”, ya'ni “faqirlar onasi” laqabini olganlar. Bunga o'zlaridan boshqani afzal ko'rish va hamdard bo'lishlari sabab bo'ldi.
Ibn Saad “Tabaqot” asarida rivoyat qiladi.
Baraza binti Boyi' aytib berdi. Hadyalar yig'ilganida, Umar ibn Hattob uning (Zaynabning) ulushini berib yubordi. Yuk tashuvchi kirganida: “Alloh Umarni mag'firat qilsin! Birodarlarim orasida buni taqsimlashga mendan ko'ra u munosibroq”, dedi. Shunda ular: “Buning barchasi senga”, deyishdi. “Subhanalloh”, deb kiyimi bilan uni berkitdi va: “To'kinglar va ustiga ko'ylakni tashlanglar”, dedi. Qissachi aytadi: “So'ngra menga: “Qo'lingni tiq va qismlab olib falonchining bolalariga etkazib ber, falonchining bolalariga ham... deyaverdi, hatto hadyadan faqat ko'ylak ostidagisi qoldi”. Zaynab binti Jahshga Baraza binti Boyi': “Sizni Alloh mag'firat qilsin, ey mo'minlar onasi, Allohga qasam, bunda mening haqim bor edi”, dedi. Shunda: “Ko'ylak ostidagi sizga”, dedi. Bizlar ko'ylakni olib qarasak, sakson besh dirham qolgan ekan.
Oldingi sahifalardan birida Oysha onamiz (roziyallohu anho) ming dirhamga teng bo'lgan hadyalarni faqir va kambag'allarga taqsimlab, o'zlariga iftorlik qilishlari uchun bir dirham ham qoldirmaganlari haqida rivoyat keltirilgan edi. Agar xizmatchilari eslatganida, Oysha onamiz (roziyallohu anho) albatta olar edilar, lekin boshqalarni xursand qilish uchun o'zlarini unutgan edilar.
Qurtubiy rivoyat qiladi: «Yarmuk kuni amakimning o'g'lini izlab chiqdim. Qo'limda suv bor edi. Va men: “Agar chanqagan kishi bo'lsa, suv beraman”, dedim. Nogoh amakim o'g'lini ko'rdim va: “Suv beraymi?” dedim. U boshi bilan “ha” deb ishora qildi. Shunda boshqa kishi “oh... oh...” derdi. Amakim o'g'li suvni unga berishimni ishora qildi. Borsam, u Hishom ibn Os ekan. Unga: “Suv beraymi?” dedim. U “ha” deb ishora qildi. Shunda boshqa bir kishi “oh... oh...” deganini eshitdim. Hishom unga olib borib berishimni ishora qildi. Unga borganimda u o'lgan ekan, shunda tezlik bilan Hishomga borsam, u ham o'lgan. Shundan so'ng amakimning o'g'lini yo'qladim, afsus, u ham o'lgan ekan». Ular o'zlaridan boshqani afzal ko'rgani uchun birontasi suv ichmadilar. Yaxshilikni o'zidan ko'ra boshqalarga ilinish, boshqalarni deb o'zidan kechish ulug' xulq, ulug' fazilatlardandir.
Qur'oni karim shunga buyuradi va ko'p oyatlarda unga chaqiradi:
وَأَن تَعۡفُوٓاْ أَقۡرَبُ لِلتَّقۡوَىٰۚ وَلَا تَنسَوُاْ ٱلۡفَضۡلَ بَيۡنَكُمۡۚ
«...Kechib yuborishingiz taqvoga yaqindir. O'zaro bir-biringizga fazl (muruvvat) qilishni unutmangiz...»(Baqara, 237).
«Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo'lmas. Siz (yomonlikni) go'zalroq (muomala) bilan daf qiling! (Shunda) birdan siz bilan o'rtalaringizda adovat bo'lgan kimsa qaynoq (qalin) do'stdek bo'lib qolur» (Fussilat, 34).
وَعِبَادُ ٱلرَّحۡمَٰنِ ٱلَّذِينَ يَمۡشُونَ عَلَى ٱلۡأَرۡضِ هَوۡنٗا وَإِذَا خَاطَبَهُمُ ٱلۡجَٰهِلُونَ قَالُواْ سَلَٰمٗا٦٣
«Rahmonning (suyukli) bandalari erda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema'ni) so'z qotganda, “Salomatlik bo'lsin!” deb javob qiladigan kishilardir»(Furqon, 63).
وَٱلۡكَٰظِمِينَ ٱلۡغَيۡظَ وَٱلۡعَافِينَ عَنِ ٱلنَّاسِۗ وَٱللَّهُ يُحِبُّ ٱلۡمُحۡسِنِينَ١٣٤
“...g'azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”(Oli Imron, 134).
Ma'lumki, mo'min kishi halim, kechiruvchan va muruvvatli bo'lsa, u muloyimlik, oliy xulq va chiroyli his-tuyg'uda boshqalarga o'rnak bo'ladigan darajaga etadi. Bamisoli pok, sof farishtadek bo'ladi. Halim, kechiruvchan, muruvvatli bo'lib o'tgan salaflarning hayotlaridan ba'zi namunalar keltiramiz:
Abdulloh ibn Tohir bunday hikoya qiladi: Ma'munning huzurida edim. U xizmatchisini “Ey xizmatchi!” deb chaqirdi. Hech kim javob bermadi. So'ngra ikkinchi bor qichqirib: “Ey xizmatchi!” dedi. Shunda bir turk xizmatchi kirib keldi va: “Hizmatchi eb-ichmasinmi, har qachon yoningizdan ketsak, ey xizmatchi, ey xizmatchi, deb qichqirasiz?” dedi. Ma'mun boshini uzoq vaqt egib turdi va menga qarab: “Ey Abdulloh, agar xojasining xulqi chiroyli bo'lsa, xizmatchisining xulqi yomon bo'lar ekan. Men xizmatchimning xulqi yaxshi bo'lsin deb, o'zimning xulqimni yomon qila olmayman”, dedi.
Zaynul Obidin ibn Husayn (roziyallohu anhu) xizmatchisini ikki marta chaqirdi, u javob bermadi. Shunda Zaynul Obidin: “Chaqirganimni eshitdingmi?” deb so'radi. Hizmatchi: “Eshitdim”, dedi. Shunda u kishi: “Javob berishdan seni nima qaytardi?” dedi. Hizmatchi: “Sizdan tinchman va xulqingiz halimligini bilaman, shu bois javobda erindim”, dedi. U kishi: “Hizmatchimni mendan tinch-omon qilgan Allohga shukrlar bo'lsin”, dedi.
Yana shu kishidan rivoyat qilinadi:
Bir kuni u kishi masjidga chiqdi. Masjidda bir odam uni haqoratladi. Shunda u kishining xizmatchisi uni urmoqchi bo'lgan edi, Zaynul Obidin uni qaytardi. Va ularga: “Qo'llaringni tiyinglar” deb, so'ngra o'sha odamga qarab: “Hoy, men sen aytganingdan ham ziyodman. Men sen bilganingdan ko'pini bilaman. Agar xohlasang, aytib beraman”, dedi. Shunda u odam uyalib, qilgan ishidan xijolat chekdi. So'ngra Zaynul Obidin ko'ylaklarini echdi va unga ming dirham berishga buyurdi. U odam ketar ekan: “Guvohlik beraman, albatta bu yigit Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) avlodlaridan”, dedi.
Yana u kishidan rivoyat qilinadi.
Bir kun xizmatchisi sopol oftobada suv quyib turganida, oftoba tushib ketib sindi, Zaynul Obidinning oyoqlari jarohatlandi. Hizmatchi shoshib: Ey xo'jayin, Alloh:
وَٱلۡكَٰظِمِينَ ٱلۡغَيۡظَ
«...g'azablarini yutadigan...»(Oli Imron, 134) dedi.
Shunda Zaynul Obidin “g'azabimni yutdim”, dedi. Va xizmatchi dedi:
وَٱلۡعَافِينَ عَنِ ٱلنَّاسِۗ
«...odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir»(Oli Imron, 134).
Shunda u kishi: “Seni kechirdim”, dedi. Hizmatchi yana:
وَٱللَّهُ يُحِبُّ ٱلۡمُحۡسِنِينَ١٣٤
«... Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar»(Oli Imron, 134) dedi.
Shunda Zaynul Obidin: “Alloh yo'lida ozodsan”, dedi. Hizmatchi qul edi, ozod bo'ldi.
Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Uyayna ibn Hasan kelgach, amakisining o'g'li Harr ibn Qays uyiga tushdi. U kishi Umarga yaqin kishilardan edi. Chunki u kishi mo'minlar amirining keksa va yosh mashvarat ashoblarini mehmon qilar edi. Uyayna mo'minlar amiriga: “Kirishga izn bering”, dedi. Unga izn berdi. U kirgach: “Ey Ibn Hattob, Allohga qasam, bizga ko'p bermading va bizning o'rtamizda odillik bilan hukm chiqarmading”, dedi. Umar g'azablandi, hatto unga tashlanmoqchi bo'ldi. Shunda Harr: “Ey mo'minlar amiri, Alloh taolo Payg'ambariga bunday dedi:
خُذِ ٱلۡعَفۡوَ وَأۡمُرۡ بِٱلۡعُرۡفِ وَأَعۡرِضۡ عَنِ ٱلۡجَٰهِلِينَ١٩٩
«Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o'giring!»(A'rof, 199).
Allohning kalomi o'qilganida u to'xtadi.
“Sababi nuzul”da keladi. Musattah ismli kishi Abu Bakrga (roziyallohu anhu) xolavachcha edi. U munofiqlar ifk hodisasida Oysha onamiz (roziyallohu anho) obro'larini tushirish uchun tarqatgan mish-mish tufayli taqvo qilmadi. Musattah shu o'rinda Islom haqini, yaqinlik va o'zaro birdamlik haqini unutdi. Abu Bakrning (roziyallohu anhu) jahlini chiqardi va o'rtadagi yaqinlikni uzish uchun bordi-keldi qilmaslikka qasam ichdi. Shunda bu oyat nozil bo'ldi:
وَلَا يَأۡتَلِ أُوْلُواْ ٱلۡفَضۡلِ مِنكُمۡ وَٱلسَّعَةِ أَن يُؤۡتُوٓاْ أُوْلِي ٱلۡقُرۡبَىٰ وَٱلۡمَسَٰكِينَ وَٱلۡمُهَٰجِرِينَ فِي سَبِيلِ ٱللَّهِۖ وَلۡيَعۡفُواْ وَلۡيَصۡفَحُوٓاْۗ أَلَا تُحِبُّونَ أَن يَغۡفِرَ ٱللَّهُ لَكُمۡۚ وَٱللَّهُ غَفُورٞ رَّحِيمٌ٢٢
«Sizlardan fazilat va keng mol-mulk egalari qarindoshlarga, miskinlarga va muhojirlarga Alloh yo'lida ehson qilmaslikka qasam ichmasin, balki ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni mag'firat qilishini istamaysizmi?! Alloh mag'firatli va rahmlidir»(Nur, 22).
Shundan so'ng Abu Bakr uni kechirdi, quchog'iga oldi va “Alloh meni mag'firat qilishini yaxshi ko'raman”, deb avvalgidek hadyalar bera boshladi.
Sahobalarning bu xulqlari qanchalar ibratli, ulug' bo'lgan. Ulardan o'rnak olib halimlikni, muruvvatpeshalikni farzandlarimizga ham singdirsak, uning mevasi qanchalar totli bo'lar edi.
Imom Abu Dovud Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) rivoyat qiladi: U zot: “Kim qodir bo'laturib g'azabini yutsa, qiyomat kuni Alloh xaloyiq ichida chaqiradi, hatto, “huri ayn”dan tanlash ixtiyori beriladi”, dedilar.
Tabaroniy Ubbod ibn Somitdan rivoyat qiladi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarga nima bilan Alloh binolarni baland va darajalarini yuqori qilishining xabarini beraymi?” dedilar. Ular: “Ha, ey Allohning rasuli”, dedilar. Shunda u zot (alayhissalom): “Senga johillik qilganga halim bo'l, zulm qilganni afv qil, senga bermaganga bergin va sendan uzilganga bog'lan”, dedilar.
Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) ko'rsatmalari va ibratli xulqlari insonning ulug' darajaga ko'tarilishiga sabab bo'ladi. U kishining ko'rsatmalariga ko'ra, o'ch olishga kuchi eta turib afv qilgan kishiga qiyomatda hurlardan tanlash ixtiyori berilishi juda katta mukofotdir.
Abu Bakr (roziyallohu anhu) Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) keyingi mo'minlarning eng afzali bo'lganlar. U kishi haqida: “Allohga qasam, agar Abu Bakrning imoni bilan er ahli imonini taroziga tortilsa, albatta, Abu Bakrning imoni og'ir keladi”, deganlar.
Abu Bakrning Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etgan kundagi holatlari. Musulmonlar sarosimaga tushgan, qayg'u ularni es-hushidan ayirgan. Hazrat Umar (roziyallohu anhu): “Kim Muhammad o'ldi desa, bo'ynini shu qilichim bilan kesaman!” dedi. Shu o'rinda Abu Bakr to'xtab, baland ovozda azon aytdi va: “Kim Muhammadga ibodat qilayotgan bo'lsa, u vafot etdi, kim Allohga ibodat qilayotgan bo'lsa, U tirik, barhayot”, dedi va Alloh taoloning quyidagi oyatini o'qidi:
وَمَا مُحَمَّدٌ إِلَّا رَسُولٞ قَدۡ خَلَتۡ مِن قَبۡلِهِ ٱلرُّسُلُۚ أَفَإِيْن مَّاتَ أَوۡ قُتِلَ ٱنقَلَبۡتُمۡ عَلَىٰٓ أَعۡقَٰبِكُمۡۚ وَمَن يَنقَلِبۡ عَلَىٰ عَقِبَيۡهِ فَلَن يَضُرَّ ٱللَّهَ شَيۡٔٗاۗ وَسَيَجۡزِي ٱللَّهُ ٱلشَّٰكِرِينَ١٤٤
«Muhammad payg'ambardir, xolos. Undan oldin ham payg'ambarlar o'tgan. Mabodo, u o'lsa yoki o'ldirilsa, ortingizga (kufrga) qaytib ketasizmi?! Ortiga qaytgani bilan hech kim Allohga sira zarar etkaza olmas. Alloh shukr qiluvchilarni, albatta, mukofotlagay»(Oli Imron, 144).
Undan keyingi holatlari. Musulmonlar Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) o'limidan oldin rejalashtirilgan Usoma askarlarini Shomga yuborish borasida ikkilanib qoldilar. Sahobalar Abu Bakrdan bu askarlarni to'xtatishni talab qiladilar, sababi Payg'ambarning (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan keyin nimalar bo'lishini hech kim bilmasdi. Lekin Abu Bakr ularga qat'iyat bilan javob berdi va: “Abu Bakrning joni ko'lida bo'lgan Zotga qasamki, agar yirtqich meni olib ketishini o'ylasam ham, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) buyurgandek, Usomani jo'nataman. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo'llari bilan bog'lagan tugunni echmayman. Agar qishloqda mendan boshqa hech kim qolmasa ham, albatta uni jo'nataman”, dedi.
Abu Bakrning Islomdan qaytib, zakotdan bosh tortgan murtadlar jangidagi holati. Musulmonlar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etganlaridan keyin, xuddi Oysha (roziyallohu anho) aytganlaridek, yomg'irli kechada qolgan qo'ylarga o'xshab qoldilar. Hatto ba'zi musulmonlar Abu Bakrga: “Ey Rasululloh xalifasi, arablarning hammasi bilan kurashishga sizning toqatingiz etmaydi. Uyingizga kiring va eshikni berkitib, sizga haqiqat xabari kelguncha Rabbingizga ibodat qiling”, dedilar. Abu Bakr Allohdan qo'rqib, tezda ko'ziga yosh oluvchi, ipakdek yumshoq, onadek mehribon, halim kishi bo'ldilar. Ammo haqiqat oldida dengizdek jo'shqin, sherdek jur'atli kishiga aylandilar. U kishi hazrat Umarga qarab: “Johiliyat davrida kuchli bo'lgan odam Islomda zaifmi?! Batahqiq, vahiy to'liq mukammal bo'ldi. Allohga qasam, Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) beriladigan tuyalar zakotidan meni kim man qilsa, albatta, ular bilan urushaman. Allohga qasam, qo'lim qilichni ushlar ekan, albatta ular bilan jang qilaman”, deb qichqirdi. Umar (roziyallohu anhu): “Batahqiq, Alloh Abu Bakr qalbini jangga ochdi”, dedi. Bildik, u haq edi (Ustoz Yusuf Qarzoviyning “Imon va hayot” kitobidan).
Haqiqatni aytishga jasorat fazilati eng ulug' jiddu jahddir. Imom Abu Dovud, Imom Termiziy va Ibn Moja Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) rivoyat qiladi:
U zot (alayhissalom): “Jahdning afzali haq so'zni sulton (podshoh)ga aytishdir”, derdilar. Shuning uchun Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qayerda bo'lsa ham, sahobalaridan haqiqatni aytishga va'dalarni olar edilar.
Imom Muslim “Sahih” kitobida Ubboda ibn Somitdan rivoyat qiladi: “Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) qiyinchilik va engillikda ham itoat qilishga, ish ahlida ochiq kufrni ko'rganida va Allohdan dalil bo'lganda qarshi chiqishga va qayerda bo'lsa ham Alloh yo'lida malomatchilar malomatidan qo'rqmasdan haqiqatni aytishga so'z berdik”, dedi.
قَالَ مُتۡرَفُوهَآ إِنَّا وَجَدۡنَآ ءَابَآءَنَا عَلَىٰٓ أُمَّةٖ وَإِنَّا عَلَىٰٓ ءَاثَٰرِهِم مُّقۡتَدُونَ٢٣
«...u joyning maishatparastlari: “Albatta, bizlar ota-bobolarimizni (ma'lum) bir din uzra topdik va albatta, bizlar ularning izlaridan ergashuvchidirmiz”, deganlar»(Zuxruf, 23).
Shundan so'ng sulton o'sha qovoqxonani yopishga buyruq berdi.
Abu Hozim deb kunyalangan Salama ibn Dinor Muoviyaning huzuriga kirganida: “Assalomu alaykum, ey xodim”, der edi. Shunda Abu Hozimga: “Assalomu alayka, ey amir”, deb ayt deyishdi. Abu Hozim bundan bosh tortdi va Muoviyaga boqib: “Sen bu xalqning xodimisan, Rabbing ularning rioyasi uchun seni yollagan”, dedi.
U bilan Sulaymon ibn Abdulmalik o'rtasidagi suhbatni esga olish ham foydadan xoli emas. Sulaymon: “Ey Hozim, nimaga biz o'limni yomon ko'ramiz?” dedi. Abu Hozim: “Chunki sizlar oxiratingizni xarob qilib, dunyoni gullatib-yashnatgansiz. Shunday ekan, gullab yashnagan joydan xarob joyga o'tishni yomon ko'rasizlar”, dedi.
Sulaymon: “Ertaga (qiyomatda) Alloh huzuriga borish qay holda bo'ladi?” dedi. Abu Hozim: “Muhsin (muruvvat ko'rsatuvchi) kishi xuddi g'oyib bo'lgandan keyin o'z ahliga kelgandek bo'ladi. Ammo yomon ishga sababchi bo'luvchi kishi xuddi qochgan qul o'z xojasining oldiga kelgandek bo'ladi”, dedi.
Sulaymon: “Eng odil so'z qaysi?” dedi.
Abu Hozim: “O'zi qo'rqadigan va hayiqadigan kishi huzurida to'g'ri so'z aytish”, dedi.
Sulaymon: “Mo'minlarning eng ahmog'i kim?” dedi.
Abu Hozim: “Zolim birodari istagiga o'zini qo'ygan kishi va dunyo uchun oxiratni sotgan kishi”, dedi.
Sulaymon: “Ey Abu Hozim, bizga ergashasanmi? (Agar ergashsang) bizdan biron foyda olursan va biz sendan biron foyda olurmiz”, dedi.
Abu Hozim: “A'uzubillah” (Allohdan panoh so'rayman), dedi.
Sulaymon: “Nega unday deysan?” dedi.
Abu Hozim: “Sizlarga ozgina suyanib qolishdan qo'rqaman. Shu sababli menga Alloh hayot va o'lim tangligini tottirmasin”, dedi.
U turib ketaman deb turganida Sulaymon: “Ey Abu Hozim, menga nasihat qil”, dedi.
Abu Hozim nasihat qildi: “Rabbingni ulug'la va Uni seni qaytargan ishda ko'rishidan va buyurgan ishda yo'qolib qolishingdan pokla (qaytargan ishni qilma, buyurgan ishni qoldirma)”, dedi.
Bularning barchasi jasorat va matonat tarbiyasida biz uchun qimmatli dasturlardir.
Qalb ildizi
Qalb ildizi bu Islom ta'limotidir. U faqat qalbga ekiladi. Qachon, degan savol tug'iladi? Bolalikdan, tarbiya orqali, deb javob beramiz. O'tmishda ham, ilm-fan rivojlangan bugungi kunda ham islomiy tarbiyaning naqadar ustunligi, barqarorligi tan olinmoqda. Bu hol imon va e'tiqodda, taqvoda, bag'rikenglikda, mehribonlikda, boshqalarni o'zidan ustun qo'yishda, halimlik va jur'atda yaqqol ko'zga tashlanadi. Bunday ta'lim olgan yoshlar vojib amallarni bir umrga ijro etadilar. Buning sababi ta'lim ildizi sog'lom va baquvvatligidir. Aks holda, farzandlarimiz kuz kelmay barglari sarg'aya boshlagan daraxtga o'xshab qoladilar. Niholi kasallansa, mirishkor bog'bonlar buning sababini ko'proq ildizdan ko'radilar. Kishilik jamiyatida ham xuddi shunday. Biror odam qandaydir nuqson sodir etsa, “Ha, tarbiya ko'rmagan”, deyishadi. Bu malomat o'sha odamning ota-onasi, bolalikdagi tarbiyachisiga ham qaratilgan, albatta. Aksincha, boshqa bir odamda yaxshi fazilat kuzatilsa, “Yaxshi tarbiya ko'rgan ekan”, deb qo'yishadi. Bu olqish, albatta, o'sha odamning ota-onasiga, tarbiyachisi, ustoziga qaratilgan bo'ladi. Ta'lim negiziga chuqurroq yondashadigan bo'lsak, hayot faqat ta'lim va tarbiyadan iboratligini ko'ramiz. Faqat inson emas, hatto oddiy jonivor ham o'ziga xos tarbiyaga muhtoj bo'ladi. Shunday qilinmasa, u odamzotga bo'ysunmaydi, jilovini tutqazmaydi. Qaysi jamiyat tinch va osoyishta yashab, gullab-yashnar ekan, demak, uning ta'lim va tarbiya ildizlari sog'lom, deya yana bir marta takrorlaymiz.
HULOSA
Halqimiz azaldan o'zining bolajonligi, oilaparvarligi bilan ajralib turadi. Albatta, farzandga mehr qo'yish, qornini to'q, ustini but qilish o'z yo'li bilan, lekin ularni yoshlik chog'idan boshlab ta'lim-tarbiyali, axloq-odobli, yuksak ma'naviyatli qilib voyaga etkazish biz uchun doimo muhim ahamiyat kasb etadi. Bu masalaga e'tibor bermaslik nafaqat ayrim ota-onalarga, balki butun jamiyat uchun juda qimmatga tushishini ko'pgina hayotiy misollarda ko'rish mumkin.
Yosh avlodni buyuk ajdodlarimizga munosib, shu bilan birga, zamon talablariga javob beradigan qilib tarbiyalashdek mas'uliyatli va sharafli vazifani o'z zimmasiga olgan, bu yo'lda kuch-quvvati, qalb qo'rini ayamasdan mehnat qilayotgan fidoyi o'qituvchi va murabbiylarga har qancha tahsinlar aytsa arziydi.
Hech kimga sir emas, insonning qalbi va ongini egallash, ayniqsa, yoshlarning ma'naviy dunyosini zaharlashga qaratilgan turli xavf-xatarlar ham kuchayib borayotgan bugungi kunda o'zining kimligini, qanday buyuk zotlarning avlodi, qanday bebaho meros vorislari ekanini teran anglab, ona yurtga muhabbat va sadoqat hissi bilan yashaydigan, imon-e'tiqodi mustahkam yosh avlodgina muqaddas zaminimizni yot va begona ta'sirlardan, balo-qazolardan saqlashga, Vatanimizni har tomonlama ravnaq toptirishga qodir bo'ladi.
Hazrat Ali (roziyallohu anhu): “O'zingizga va ahlingizga yaxshilikni ta'lim beringlar va ularni odobli qilinglar”, deganlar.
Demak, har bir ota-ona yoki murabbiy farzandning imon-e'tiqodi, odob-axloqi va boshqa jihatlariga muntazam ahamiyat berishi lozim. Farzand – ota-onasi uchun bir sinov, uning qalbi pokiza gavhar. U har qanday naqshni qabul qilaveradi. Agar yaxshilikka o'rgatilsa, oqil farzand bo'lib kamol topadi. Uning savobiga ota-ona va murabbiy sherik bo'ladi, aksincha bo'lsa, uning gunohi valiyiga ham tegadi.
Farzanddan yaxshi xulq va maqtovga loyiq sifat namoyon bo'lsa, uni taqdirlash va oila davrasida e'tirof etish lozim. Ba'zan arzimas beadablik qilsa, ko'pchilik orasida bilmaganga olib, aybini oshkor aytmaslik kerak. Lekin vaqti, o'rnini topib chiroyli odobga o'rgatish shart.
Yoshligidan solih bo'lib o'sgan o'g'il-qizlar ota-onaga mehribon, Vatani va xalqiga muhabbatli bo'ladi, yaxshilik va mehr-muhabbat qalbidan mustahkam o'rin oladi.
Imom G'azzoliy “Ey farzand!” kitobida solih insonlarga xos vazifalarni bayon etib, bunday deydi: “Bola bir asalari mumi kabidir. Murabbiy uni istagan shaklga solishi mumkin. Bola ota-onasining yonida bir pok sahifa kabidir. Uning qalbiga hech bir naqsh yo surat solinmagan. Ammo bunday qalb har qanday naqshni olishga hozir, ya'ni hamma narsaga moyildir. Shuning uchun ham uni go'zal amallar bilan band etish lozim. Bu qalb ezguliklar va bilimlar bilan to'ldirilsa, farzand barkamol inson bo'lib etishadi”.
Bunday farzandlar etishib chiqishining garovi ota-ona va murabbiylar mas'uliyatni to'liq ado etishlaridadir. Dinimiz esa farzandning barkamol inson bo'lib etishishi uchun barcha ulug'vor ko'rsatmalarni bergan.
Mas'uliyatni his qilish murabbiyning vijdonidan kelib chiqadi. Bu javobgarlik farzandning imoni va axloqi, aqli va ijtimoiy tarbiyasida katta o'rin tutadi. Ota-ona farzand tarbiyasida g'ofil qolsa, oqibati yaxshi bo'lmaydi, bu boradagi loqaydligi uchun nadomat chekishi, ko'z yosh to'kishi foyda bermaydi. Shu boisdan dinimiz barcha ota-ona va murabbiylar zimmasiga farzand tarbiyasini yuklaydi.
Ma'naviy yuksalishning fidoyilari bo'lgan ziyolilarimizning, ko'plab jonkuyar o'qituvchi va muallimlar, ustoz va domlalarning Vatanimiz taraqqiyotiga qo'shayotgan ulkan hissasini e'tirof etamiz, ularga hamisha chuqur hurmatda va ehtiromdamiz.
O'zaro birdamlik asoslari jamiyatda tinchlikni barqaror qiladi. Tinchlik bor joyda hamma sohada o'sish, rivojlanish, taraqqiyot bo'ladi. Yurtboshimiz Islom Karimov janoblari ta'kidlaganlaridek: “Barcha ezgu niyatlarimizning markazida farzandlarimizni ham jismoniy, ham ma'naviy jihatdan sog'lom qilib o'stirish, ularning baxtu saodati, faravon kelajagini ko'rish, dunyoda hech kimdan kam bo'lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi turadi”.
KYeYINGI MAVZULAR:
UChINChI KITOB
Tarbiyaning nozik jihatlari
Jinsiy tarbiya mas'uliyati
Izn so'rash odobi
Nazar solish odobi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Kunlarini bomdod namozi bilan yoki undan avvalroq boshlar edilar.
2. So‘ngra muyassar bo‘lganicha Qur’on oyatlari tilovati va zikrlarni o‘qir edilar.
3. Ilmiy mutolaa va asarlar ustida ishlashga kirishar edilar.
4. Ertalabki 8 va 9 lar orasida nonushta qilar edilar.
5. Zuho namozini o‘qir edilar.
6. Nashriyotdan kelgan (nashrga yuborilgan) kitoblarning qoralamalarini tahrirlash, ayrim o‘rinlarini ko‘zdan kechirish ishlari bilan band bo‘lardilar.
7. Peshin namozini o‘qir edilar.
8. Toliqqan jism va zo‘riqqan miyaga bir soatcha dam berardilar, orom olardilar.
9. Yana kitobot ishlariga qaytardilar. Shu bilan birga yozishmalar, savol-javoblar bilan band bo‘lardilar.
10. Keldi-ketdi, ziyoratlarni biroz kamaytirardilar.
11. Shayx doimo qog‘oz va qalam bilan olib yurardilar.
Doktor Mahmud Muhammad Najjor