Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu salomlar bo'lsin.
Butun dunyoda Hazrati Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan Rabi'ul avval oyi boshlandi. Jome masjidlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlari tarannum etilmoqda, qorilarning Qur'on tilovatlari-yu nashidalari yangramoqda va mavlidi shariflar o'qilmoqda. Bunday fayziyob kunlar musulmon ummatiga katta quvonch bag'ishlamoqda...
Ayni shu kunlarda ayrim bosma nashrlarda, turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoq safihalarida Payg'ambar alayhissalomga nisbatan nomunosib, haqoratomuz karikatura chop etilishi va uning ortidan kelib chiqqan turli ko'ngilsiz holatlar ayrim bahs-munozaralar, ixtilof va tushunmovchiliklar hamda noto'g'ri xatti-harakatlarga sabab bo'lmoqda.
O'z navbatida, O'zbekiston musulmonlari idorasi mo'min-musulmonlarning hissiyotini qo'zg'ash, fitna chiqarish va diniy qadriyatlar, muqaddasotlarga nisbatan haqoratni ifodalovchi har qanday holatni jiddiy qoralashini hamda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sha'nlari mo'min-musulmonlar uchun eng oliy qadriyat ekanini qat'iy ta'kidlaydi.
Shuningdek, bu kabi munosabatlar xalqlar o'rtasidagi o'zaro totuvlikni buzishga qaratilgan fitna hamda odamlarning diniy e'tiqodi bilan bog'liq his-tuyg'ularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish, millatlararo va dinlararo adovat uyg'otish, deb baholaydi.
Ta'kidlash kerakki, kim bo'lishidan qat'iy nazar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni har qancha kamsitishga urinmasin yoki musulmonlar yo Islom diniga tosh otmasin bu bilan dinimizga yoki musulmonlarga zarracha ham ziyon etkaza olmaydi.
Kezi kelganda aytib o'tamizki, ushbu holatga nisbatan yurtdoshlarimiz turli munosabat bildirayotganlarini kuzatyapmiz. Bu holatdan ularning imon-e'tiqodlari jo'sh urgani, o'y-kechinmalari tinchlik bermayotgani va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo'lgan muhabbatlari tug'yon qilayotganini guvohi bo'lmoqdamiz. Endi bir faraz qilib ko'raylik, mana shunday holatga Nabiy alayhissalom qanday yo'l tutar edilar..? Albatta, siyrat va tafsir kitoblarida bunday holatlarning batafsil bayoni kelgan, aksariyatimiz ularni mutolaa qilganmiz.
Bu borada Payg'ambar alayhissalom butun ummatga ibratdirlar. Bir johil kishi «Menga o'lja bermading», deb yoqalaridan olib bo'g'ganida ham, bir ayol zaharli go'sht berganida ham u zot ularni so'kmaganlar yoki duoibad qilmaganlar, balki Allohdan ularga insof va hidoyat so'raganlar. Islom dini hatto la'natlangan shaytonni ham so'kishdan qaytargan, so'kish o'rniga uning yomonligidan panoh so'rab, Allohga yolborishga buyurgan. Chunki uni so'kish ojizlikdan, Allohdan panoh so'rash esa imon mustahkamligidandir. Shunday ibratli so'z bor: «Qorong'ulikni so'kib o'tirmay, shamni yoqaqolsang-chi...». Haqiqatan, qorong'ulikni qancha so'kmaylik, u baribir o'zgarmaydi, yorishib qolmaydi. So'kish o'rniga uni yoritish yo'lini axtarganimiz ma'qul va avlodir.
Mo''tabar tafsir kitoblarida, din dushmanlariga qo'pol muomalada bo'lib, ularning «iloh»lari va peshvolarini so'kishdan qaytarilgani bayon etilgan. Agar haqoratga biz ham haqorat bilan javob qaytarsak, bunday jirkanch ishning ikkinchi to'lqiniga sabab bo'lish ehtimoli juda katta. Bu foydadan ko'ra, ko'proq zarar keltiradi. Qur'oni karimdagi quyidagi oyati karimani eslatib o'tamiz: «Ularning Allohdan o'zga ibodat qiladiganlarini so'kmangiz. Bas, bilmasdan zulm ila Allohni so'kib yurmasinlar. Shunday qilib, har bir ummatga amalini ziynatlab qo'ydik. So'ngra esa, qaytib boradigan joylari Robbilarigadir. Bas, U, qilib yurgan ishlarining xabarini berur»,(An'om surasi, 108-oyat).
E'tibor berilsa, ushbu oyati karimada mushriklarning butlarini haqorat qilmaslik buyurilmoqda. Zero, musulmon kishi mushrikning sanamini so'ksa, bundan g'azablangan mushrikning ham bunga javoban Alloh taoloni haqorat qilishiga sababchi bo'lib qoladi. Demak, biz ham mo'min-musulmonlar Muhammad alayhissalomni haqorat qilishga sabab bo'ladigan har qanday ishdan hazar qilmog'imiz kerak.
Fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ushbu oyati karimaning «Shunday qilib, har bir ummatga amalini ziynatlab qo'ydik», degan qismiga “Tafsiri Hilol” kitoblariga shunday izoh berganlar: – “Inson tabiati shunday. Qilayotgan amali o'ziga go'zal va ziynatli ko'rinaveradi. Hatto butun insoniyat qabohat deb ittifoq qilgan ishni maqtashga so'z topadi. Shuningdek, mushriklarga ham shirklari juda ham ziynatli bo'lib tuyuladi. Ana shu e'tibordan, ularning butlari haqoratlangan chog'da g'azablanishlari mumkin. Musulmon odam odobli bo'lgani uchun ham bu ishni qilmasligi kerak. Allohga havola qilib qo'yaversa, u yog'ini Allohning O'zi biladi”.
Aslida, bu kabi fitnalar musulmonlarni yomonotliq qilish yoki bir yurtda turli din vakillarining emin-erkinlikda, o'z dinlariga bemalol amal qilib, tinch va osoyishtalikda, o'zaro bag'rikenglikda yashayotganini ko'ra olmayotgan g'arazli kuchlar tomonidan uyushtirilayotganini yoddan chiqarmaslik zarur.
Shu o'rinda Islom dinini terror bilan yonma-yon qo'yadigan ayrim kimsalarga Misr bosh imomi, al-Azhar majmuasi shayxi Ahmad Muhammad Toyyib hazratlarining quyidagi so'zlarini keltiramiz: “Islomni terrorizm deb atash ushbu sof din haqida hech narsa bilmaslikni anglatadi. Yana bu ish o'zgalar e'tiqodiga hurmatsizlikni ifodalovchi mulohazasizlikdir. Adovat va zo'ravonlikka ochiq chaqiruv, o'rta asrlar vahshiyligiga qaytish va ikki milliardga yaqin musulmonlarning tuyg'ularini qo'zg'atuvchi fitnadir”.
Ushbu holatlar haqida keng fikr qilib, chuqur mushohada yuritishimiz kerak. Biz ham mo'min-musulmonlarni hissiyot bilan emas, tafakkur ila ish tutishga chaqiramiz. Din dushmanlari fitnasiga zamin yaratib, vaziyat yanada keskin tus olishiga sababchi bo'lib qolmaylik. Bu bo'layotgan ishlar hammasi fitna, g'animlar tomonidan rejali amalga oshirilmoqda, bunday vaziyatda o'ylab ish tutish kerak. Hazrati Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamni ardoqlash tajovuzkorona xatti-harakatlar bilan emas, balki aql ila bo'ladi.
Yana bir muhim masalani aytmoqchimizki, g'animlar musulmonlarga bo'lgan fitnalarini aynan juma, hayit kunlari yoki Ramazon oyi yo ayni kunimizdagi kabi mavlid oyida amalga oshirishni zimdan reja qilganlari aniq. Shunday ekan, muborak mavlid oyining haqiqiy zavqi – siyratni tarannum etish, salavot aytish, mavlidi sharif o'qish, Qur'oni karim tilovat qilish va zikrulloh bilan ongu shuurlarimizni band qilaylik, ulug' oyning ilohiy fayzidan nasibador bo'lishga intilaylik. Sevikli Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga bag'ishlangan suhbatlar orqali Rasulimizni yaxshiroq tanishga oshiqaylik.
Aziz dindoshim, barchamizning Rasulimizga muhabbatimiz cheksiz, jonimiz fido. Shunday ekan, fayzli kunlarni behuda o'tkazib yubormang, siyrat kitoblarini mutolaa qilib, “Allohumma solli a'la sayyidini Muhammad” kabi salavotlarni ko'p ayting, ushbu kalimalar ila hech kim yordam berolmaydigan Qiyomat kunida shafoatga erishing!
Hulosa, musulmon kishi hadislarda keltirilganidek, doimo hushyor, ziyrak bo'lishi, atrofda sodir bo'layotgan har xil fitna va qaltis jarayonlarga teran nazar ila boqishi lozim. Ta'kidlaganimizdek, bunday harakatlarga nisbatan tajovuzkorona emas, balki Payg'ambar alayhissalomga xos bosiqlik va zukkolik bilan munosabat bildirishimiz kerak.
Alloh taolo barchaga insofu tavfiq bersin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shafoatlarini nasib etsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Ramazon oyi davomida bir guruh ulamolar, imom-domlalar va mohir qorilar chet eldagi vatandoshlar bilan ma’rifiy suhbatlar qilish, Ramazoni sharif bilan qutlash, ularning diniy savollariga javob berish hamda taroveh namozida ishtirok etish maqsadida AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya singari mamlakatlarda xizmat safarida bo‘lib turibdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolov, Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrullo domla Abdullayev, Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar “Islom” masjidi imom-xatibi Alisher domla Naimov, , Toshkent shahar Olmazor tumani “Imom at Termiziy” masjidi imom-xatibi Yahyo domla Abduraxmonov, Toshkent shahar Yunusobod tumani “Yunus ota” masjidi imom noibi Jamoliddin domla Qodirov, Andijon shahar “Chinor” masjidi imom-xatibi Avazbek domla Mo‘minov, Andijon tumani “Usmoni Zinnurayn” masjidi imom-xatibi Fazliddin domla Abdullayev Janubiy Koreyaning Seul, Chengju, Mokpo, Dayegu kabi shaharlaridagi tadbirlarda qatnashib, manfaatli suhbatlar o‘tkazmoqdalar.
AQSHning Nyu-York, Filadelfiya, Orlando, Sinsinnati, Chikago, Nyu-jersi shaharlaridagi vatandoshlar Toshkent shahar “Siroj solih” masjidi imom-xatibi Hasan domla Qodirov, Toshkent shahar “Shayx Muhammadsodiq Muhammadyusuf” masjidi imom-xatibi Ismoil domla Muhammad Sodiq, Andijon viloyati “Eski Gumbaz” masjidi imom-xatibi Botir domla Tojiboyev, Toshkent shahar “Firdavs” masjidi imom-xatibi Baxtiyor domla Sattorov, Namangan shahar “Mulla Bozor Oxund” masjidi imom-xatibi Zoxidjon domla Nomonov, Toshkent shahar “Hazrati Umar” masjidi imom-xatibi Fazliddin domla Mamadaliyev, Samarqand viloyati “Xo‘ja Abdu Darun” masjidi imom-xatibi Zafar domla Mahmudov, Farg‘ona viloyati “Xo‘ja Abdulloh” masjidi imom-xatibi Abduvohid domla Mansuraliyevning ma’ruzalari va xatmi Qur’onlariga some’ bo‘lmoqdalar.
Mana shunday tadbirlar Rossiya Federatsiyasining Magandan va Xabarskiy kabi hududlariga ishlash, ta’lim olish uchun borgan vatandoshlarimiz uchun ham tashkil etilmoqda. Ushbu mintaqalardagi uchrashuvlarda Namangan viloyati “Mulla Abduqodir” masjidi imom-xatibi Muzaffar domla Ibragimov, Toshkent shahar Chilonzor tumani “Choshtepa” masjidi imom-xatibi Hakimjon domla Xotamov ishtirok etmoqda.
Safar davomida diniy soha xodimlari vatandoshlar bilan muloqotlarda Islom dini qadriyatlari, Ramazon oyi fazilatlari, ona-Vatanga muhabbat va buzg‘unchi g‘oyalarga aldanmaslik kabi mavzularda ham suhbatlar qilmoqdalar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati