Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Oktabr, 2026   |   5 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:17
Quyosh
06:36
Peshin
12:09
Asr
15:58
Shom
17:45
Xufton
19:00
Bismillah
16 Oktabr, 2026, 5 Jumadul avval, 1448

Siyrat ilmining buyuk ustozi

27.10.2020   9603   26 min.
Siyrat ilmining buyuk ustozi

Arab tilida yozilgan manbalarni mutolaa qilar ekansiz Buxoriy, Samarqandiy, Shoshiy, Termiziy, Nasafiy, Horazmiy, Keshiy, Farg'oniy, Namangoniy deya tanilgan yuzlab, balki minglab olimlarning ismiga va ularning yozgan nodir asarlariga duch kelasiz. Ular haqida aytilgan maqtovlar, ularning ilm darajalari va qilgan xizmatlarini o'qisangiz beixtiyor ana shunday zotlarning avlodi ekaningizdan faxrlanasiz. Ana shunday zotlardan biri ulug' muhaddis Abu Iso Termiziydir. U zotning siyrat fanida yozgan “Shamoil” kitobi bu sohada katta burilish yasadi. Quyida u zotning hayotlari va ushbu asarlari haqida olib borilgan ilmiy tadqiqot ma'lumotlarini e'tiboringizga havola qilamiz.

Imom Termiziyning nasabi: Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok[1] bo'lib, manbalarda kelgan bobolari ismining eng ishonchlisi mana shudir. Ayrim tarjima kitoblarda Muhammad ibn Iso ibn Yazid ibn Savra deb ham kelgan[2]. “Irshod ila ma'rifati ulamoi-l-hadis” kitobining muallifi Imom Termiziyni Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Shaddod deb keltirgan[3]. Lekin ko'pchilik tarixchi olimlar Muhammad ibn Iso ibn Savraga ittifoq qilganlar.

Kunyasi: Imom Termiziyning kunyasi Abu Iso bo'lib, Imom Termiziyni o'zi ham bu kunyani yaxshi ko'rar edi. U zot bu kunyani o'z ismiga ixtiyor qilib, o'zini faqat Abu Iso, deb nomlanishini yaxshi ko'rgan[4].

Imom Termiziyga al-Bug'iy, at-Termiziy va as-Sulamiy deb nisbat berilishiga quydagilar sabab bo'lgan:

- Termiziy – ushbu nisbat Termiz shahrida tug'ilgan insonlarga berilgan. Bunday nisbat berish islom olamida juda mashhur bo'lib, har bir inson o'zi tug'ilgan joyga nisbati berilgan.

- Bug'iy – bunga sabab Imom Termiziy tug'ilgan qishloq bo'lib, bu qishloq Termiz shahridan olti farsax uzoqlikda joylashgan. Hozirda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida. Lekin Markaziy Osiyolik mashhur tarixchi Abu Sa'ad Abdulkarim as-Sam'oniy (1113-1167) Termiziy Bug' qishlog'ida vafot etganligi uchun Bug'iy taxallusini olgan degan.

- Sulamiy deb nisbat berilishining tarixchi olimlar ikki qabilaga nisbat bergan. Ulardan biri Sulaym ibn Mansur bo'lib, bu arab qabilalari ichidagi mashhur qabiladir. Bu nisbatni “al-Ansob” kitobi sohiblari bergan[5]. Mulla Ali al-Qori bo'lsalar Sulaym ibn Fahm qabilasiga nisbat bergan[6]. Shu o'rinda aytish lozimki, Imom Termiziyning oilalari va ota-onalari haqida manbalarda aniq ma'lumot yo'q. Olimlar Imom Termiziydan faqatgina “Bobom asli Marvlik bo'lib, Lays ibn Sayyor davrida Marvdan Termizga ko'chib kelgan ”, degan so'zini keltiradilar[7].

Tavalludi: Imom Termiziy hijriy III asrning avvalida 209/824 yili Termizdagi Bug' qishlog'ida o'rtahol bir oilada tavallud topgan. Imom Zahabiy o'zining "Siyar a'lam an-nubalo" kitobida hijriy 210 sana boshlarida deb keltirgan[8]. Ibn Asir o'zining “Jome'-al-usul” kitobida  hijriy 209 sanada tavallud topganini keltirgan[9]. Imom Termiziy umrining oxirida ko'zi ojiz bo'lib qolgani uchun u zotga “Zariyr” degan taxallus berilgan[10].

Imom Termiziyni ilmga yuzlanishi va ilm talabidagi safarlari: Imom Termiziy yoshlik chog'ida g'oyatda tirishqoq, idrokli va zakovatli bo'lib, bu fazilati bilan o'z tengdoshlaridan batamom ajralib turgan. Imom Termiziyni yoshlik chog'ida ilmga o'ta qiziqish va ishtiyoqi o'sha davrning ko'pgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallashida yaqqol namoyon bo'ldi. Imom Termiziy ilm olishda faqat o'z yurti yoki qo'shni viloyatlar bilan cheklanmadi. Tarixchi olimlar Imom Termiziyning ilmiy safarga chiqishi 240/850 yildan, ya'ni yigirma olti yoshidan boshlanganini, ilm talabida uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlarga safar qilganini aytishgan. Jumladan, u zot Buxoro, Marv[11], Ray [12], Basra, Kufa va Hijoz (Makka va Madina)ga safar qilib, ko'plab muhaddislar, ulamolar bilan muloqotda bo'lib, ulardan ta'lim olgan. Imom Termiziyning Bag'dodga kirgani haqidagi ma'lumot borasida olimlar ixtilof qilganlar.

Vafoti: Uzoq yillik ilmiy hayotdan so'ng Imom Termiziy 279/892 yil rajab oyining o'n uchinchisida, dushanba kuni vatani bo'lmish Termizning Bug' qishlog'ida vafot etdi. Hozirda u zotning qabri O'zbekistondagi mashhur ziyoratgohlardan biri hisoblanadi.

U zot haqida aytilgan maqtovlar: Imom Sam'oniy “Imom Termiziy hech shubhasiz o'z asrining imomidir”, degan[13]. Imom Sam'oniy yana boshqa bir o'rinda “Imom Termiziy hadis ilmi borasida iqtido qilinadigan imomlardan biri bo'lib, “Jome'”, “Tavorix” va “Ilal” kabi buyuk asarlar muallifi, u zotning zehni borasida zorbulmasallar keltirilgan”, degan[14]. Hokim Abu Ahmad men Umar ibn Alakdan “Muhammad ibn Ismoil Buxoriy vafot etdi. Hurosonda o'zidan keyin ilm va taqvoda Abu Isoga o'xshashini qoldirgani yo'q. U ko'p yig'laganidan hatto ko'r bo'lib qoldi”, deganini eshitdim” degan[15]. Abul Fazl Baylamoniy “Men Nasr ibn Muhammad Shayrokuhiydan u men Muhammad ibn Iso Termiziydan u Menga “Muhammad ibn Ismoil Men sendan ko'rgan foyda sen mendan ko'rgan foydadan ko'proqdir”, deganini eshitdim”,[16] degan.

Ibn Kasir “Imom Termiziy bu ish (hadis ilmi) borasida o'z zamonasining imomlaridan edi”, degan[17]. Hofiz Abul Hajjoj Mizziy “Imom Termiziy ko'zga ko'ringan hofiz imomlardan biri bo'lib, Alloh u bilan musulmonlarni manfaatlantirdi”,[18] degan. Mulla Ali Qori “Termiziy imom, hujjat, ishonchli, hofiz, mutqindir”, degan[19]. Bundan tashqari boshqa juda ko'plab olimlarni imom Termiziy haqida aytgan so'zlarini keltirish mumkin. Bularning hammasi Imom Termiziyning hadis ilmi borasida katta olimlardan bo'lgani va salaf solihlarning fiqhini yaxshi o'zlashtirganiga dalolat qiladi. U zot ilm va amalni jamlagan insonlardan biri bo'lgan.

“Shamoili Muhammadiya” kitobi haqida olimlarning aytgan maqtovlari: Ushbu kitob Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shamoillari borasida yozilgan eng ulug' va foydali manba hisoblanadi. Muallif ushbu kitobda mavzuning asl chashmasi, duru gavharlari va barcha qirralarini keltirib, chiroyli uslubda tartibga solgan va muxtasar holda jamlagan. Kitob shu darajaga etganki, o'quvchiga malol keladigan darajada uzun ham, maqsadni ifodalashda biror kamchilik paydo qiladigan darajada qisqa ham bo'lmay, o'z mavzusini to'la qamrab olishi jihatidan o'rta hajmli kitoblar sirasiga kiradi. Bunga Ibn Kasir “Bidaya-van-nihoya” kitobida ishora qilib shunday degan: “Insonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shamoillari borasida qadimda ham, hozirda ham aynan shu mavzuda va bu mavzuga aloqador kitoblarni bitganlar. Shamoil borasida juda foydali va a'lo darajada hadislarni jamlagan asarlar sirasiga Imom Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra Termiziyning kitobini keltirishimiz mumkin. U zot bu yo'nalishda mashhur “Shamoili Muhammadiya” kitobini yozgan. Kaminada u zotga etadigan muttasil sanad mavjud”,[20] degan. Muhammad ibn Abdurauf Munoviy (v.1031 h.) “Shamoili Muhammadiya” kitobiga yozgan sharhining muqaddimasida shunday deydi: “Rivoyat va diroyat olimi Imom Termiziyning (Alloh taolo u zotning qabrini hushbo'y miskning hididan muattar bo'lgan jannat bog'chalaridan qilsin) “Shamoili Muhammadiya” kitobi o'z bobida tengsiz, tuzilish va ma'lumotlarni qamrab olish jihatidan yakka-yu yagonadir. Biron kishi bu kitobga teng bo'luvchi yoki o'xshashini yozmagan. Muallif kitobni yozishda go'zal uslub tutgan. Hadis va xabarlarning chashmasi bilan naqsh solgan. Hatto bu kitob Alloh taolo tarafidan in'om etilgan iqtidorning samarasi deb hisoblangan va mashriqu mag'ribda dong'i ketgan”[21]. Mulla Ali Qori kitob haqida: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning axloqlari va shamoillari borasida yozilgan kitoblarning eng go'zali Termiziyning Rasululloh sollollohu alayhi vasallam siyratlari borasida mukammal tarzda yozilgan jome muxtasar kitobdir. Bu kitobni o'qigan kishi U janobning tashqi ko'rinishini ko'rgandek va har bobda U zotning sharafli xislatlarini tasavvur qiladi”,[22] degan. Kitobning yaxshiliklari, foydalari va samaralari haqida ko'p naqllar rivoyat qilingan. Shuningdek, oldin ham, keyinchalik ham ahli ilmlar tomonidan bu kitobga xizmat qilish maqsadida muxtasar, sharh, tahqiq qilish va nazmga solish kabi turli yo'nalishlarda katta mehnatlar amalga oshirildi.

Kitobning nomi: “Shamoil” so'zi ishlatilganda insonning xislatlari, sifatlari, o'ziga xos xususiyatlari, axloqu odoblari va shunga o'xshash ma'nolar nazarda tutiladi. Falonchi go'zal shamoil egasi deyilganda go'zal axloq egasi degan ma'no tushuniladi. Oliyjanob shamoil egasi deyilganda oliyjanob axloq egasi degan ma'no tushuniladi. Shuning uchun Imom Termiziy va u zotdan boshqa ahli ilmlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sifatlari, axloqlari, odoblari va shunga tegishli bo'lgan boshqa xislatlarni “Shamoil” deb nomlaganlar. Imom Termiziyning “Shamoil” kitobi turli nomlar bilan nashr qilingan. Nusxa ko'chiruvchi xattotlar, kitobni rivoyat qiluvchilar va olimlar unga turli nomlarni ishlatganlar. Bu nomlardan eng mashhurlari “Shamoili Nabaviyya” yoki “Shamoil Nabiy sollallohu alayhi vasallam” bo'lib, bu nomlar eng ko'p ishlatilgan. Ba'zan “Shamoili Muhammadiya”, “Shamoili Mustafo” nomlari ham ishlatiladi. Goho olimlar kitobni muallifiga ham nisbat berib “Shamoil Termiziy” yoki “Shamoil Termiziyya” deb ham ishlatganlar[23].

“Shamoil” kitobini sharhlagan Abdurazzoq ibn Abdumuhsin Badr kitob muqaddimasida: “Oldingi ahli ilm olimlar kitobni “Shamoil Nabiy sollallohu alayhi vasallam” deb nomlaganlar. Keyingi mutaaxxir olimlar bo'lsa, “Shamoili Muhammadiya” deb nomlaganlar” degan. Olim ushbu so'zi bilan kitobni nomlarini jamlashga harakat qilgan. Kitobning ismi borasida olib borilgan izlanishda yuqorida zikr qilingan nomlardan ham uzunroq nom uchradi. U “Shamoili Muhammadiya va Hosai-l- Mustofaviyya” nomidir[24]. Bu nomni asosan arab mamlakatlaridagi nusxalarda ko'rish mumkin. Hususan, bu nomni Marokash davlati poytaxti Rabot shahridagi Podsho fondida saqlanayotgan qo'lyozma nusxalarda uchratish mumkin[25]. Kitob nomi turli xil nomlanishiga sabab kitobning umumiy muqaddimasi yo'qligidir. Chunki mualliflarning kitob yozishdagi odatlari kitobni qaysi mavzu borasida yozilganini, kitob nomi nima ekani va undagi yo'nalishni bayon qilib so'ngra kitobni boshlaganlar. Imom Termiziy bo'lsa, basmala va hamd aytgandan so'ng to'g'ridan to'g'ri kitobni boshlab ketgan. Shuning uchun kitob turlicha xil nomlana boshlagan. Ehtimol muallif o'zi yozgan nusxada kitobning nomini yozgan bo'lishi mumkin. Kitobni undan rivoyat qilganlar va naql qilganlar uni o'zlari turlicha nomlaganlari uchun aniq bir nom qaror topmagan bo'lishi ham mumkin. Modomiki hozirgacha bu ixtilof bor ekan, demak, Imom Termiziy kitobga qanday nom qo'yganini hech kim aniq keltira olmaydi. Biz esa yurtimizda tanilgan nomi bo'lgan “Shamoili Muhammadiya” nomini maqolamizga kiritdik.

Kitobning qo'lyozma nusxalari: Imom Termiziyning shamoil kitoblari islom olamida eng ko'p tarqalgan kitoblardan biri hisoblanadi. Bunga bir necha sabablarni keltirish mumkin:

  1. “Shamoili Muhammadiya” kitobi Alloh taoloning oxirgi payg'ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqlarida bo'lgani uchun islom ummati bu kitobni jiddu jahd bilan o'rganishga harakat qilgan.
  2. Imom Termiziy hadis ilmida iqtido qilinadigan (ergashiladigan) Imomlardan bo'lgani uchun omi xalq va olimlar orasida kitob keng tarqalgan.
  3. Imom Termiziy nafaqat olim, balki juda taqvodor zot bo'lganlar, bu ham kitobning keng tarqalishiga sabab bo'lgan. Bundan tashqari boshqa ko'plab sabablarni ham keltirish mumkin.

Kitobning qo'lyozma nusxalari soni haqida gapiradigan bo'lsak, uning aniq adadini aniqlash juda mushkul. Kitobning qo'lyozmalari qancha ekanligini aniq aytib bo'lmaydi. Chunki ba'zi qo'lyozma nusxalar shaxsiy fondlarda saqlanayotgan bo'lishi mumkin. Jumladan, Damashqdagi Asad kutubxonasining o'zida kitobning 23 ta qo'lyozma nusxasi bor.

O'zbekiston musulmonlari idorasidagi “Shamoili Muhammadiya” kitobining qo'lyozma nusxalari quyidagilar:

  1. “Shamoili Muhammadiya” kitobiga yozilgan fors tilidagi sharh. Sharhlovchi Abul Hayr Fazlulloh ibn Ruzibahondir. Bu kitob “Shamoili Muhammadiya” asarining fors tiliga tarjimasi bo'lib, avval arabcha matn yozilgan. So'ngra yozuv ostidan forscha yozilib, keng uslubda sharhlangan. Qo'lyozmaning oxirgi 10 varaqqa yaqin qismiga bir oz shikast etgan. Hammod ibn Salamadan rivoyat qilingan hadis bilan tugagan bo'lib, to'liq holatda emas. 299 varaqdan iboratdir. Kitob № 2351 raqam ostida saqlanadi.
  2. “Jamu-l-Vasoil sharh Shamoil” kitobining qo'lyozma nusxasi № 422 raqam ostida saqlanadi. Bu nusxada bir jildda kitobni hammasi jamlangan. Ushbu qo'lyozma juda ravon nasx xatida yozilib, hijriy 1231 sana rabiul-avval oyida tugallangan.
  3. “Shamoili Muhammadiya” kitobiga yozilgan arabcha sharh. Sharhlovchi ismi noma'lum, chunki qo'lyozmaning avvalgi va oxirgi varaqlari yo'q. Qo'lyozma 639 varaqdan iborat. Har bir betda 19 ta qator bo'lib, № 461 raqam ostida saqlanadi. Ushbu qo'lyozma hijriy 555 sanada yozilgan.
  4. Jamlanma kitobda kelgan qo'lyozma nusxa bo'lib, № 441 raqam ostida saqlanadi. Ushbu qo'lyozma hijriy 1350 sanada yozilgan.
  5. “Shamoili Muhammadiya” kitobining hijriy 990 sanada Makkai Mukarramada yozilgan qo'lyozma nusxasi. U 90 varaqdan iborat bo'lib, № 481 raqam ostida saqlanadi.
  6. Ushbu qo'lyozma XVI asrga oid bo'lib, 104 varaqdan iborat. 1980 yilda “Shamoili Muhammadiya” kitobining ushbu qo'lyozmasi ofset bosmada chop etilgan bo'lib, undagi qisqacha so'zboshi sobiq O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasi hay'atining raisi, marhum muftiy Ziyovuddinxon Ibn Eshon Boboxon hazratlari tomonidan yozilgan. Ushbu qo'lyozmaning boblarni boshi qizil rangda bo'lib, chiroyli nasx xati bilan yozilgan. Hoshiyasida boshqa nusxalardan rivoyatlar bor. U № 2797 raqam ostida saqlanadi.

 

«Shamoil Muhammadiya» asariga yozilgan sharhlar: “Shamoili Muhammadiya” asariga ko'plab sharhlar yozilgan. Ularni biron bir adad bilan chegaralash mumkin emas. Ko'pchilik tadqiqotchilar kitob tahqiqini keltirishdan oldin kitob muallifining hayoti va ilmiy faoliyati haqida bir oz so'z yuritadilar. So'ngra kitobning ahamiyati va unga yozilgan sharhlar haqida ma'lumot beradilar. Huddi shuningdek, “Shamoili Muhammadiya” kitobi borasida tadqiqot olib borgan olimlar unga yozilgan sharhlarni keltirganlar. Ularning ba'zilari o'nta, ba'zilari yigirmata sharhni keltirgan. Hozirgacha qilingan tadqiqotlarda eng ko'p sharhlarning nomlarini jamlagan tadqiqot bu Abduh Ali Kushkning tadqiqoti bo'lib, unda 72 ta sharhning nomi va mualliflari ismlari keltirilgan. Ammo ilmiy tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, kitobga yozilgan sharhlar 80 tadan oshiqroq bo'lib, ularning nomlari tarix kitoblarida kelgandir.

Ulardan mashhurlari:

  • “Ittihafatur-Robboniyya bisharhish-shamoili Muhammadiya” – Ahmad ibn Abduljavvod Dumiy.
  • “A'zobul-manoxil ala shamoil” – Ahmad ibn Ja'far Kattoniy.
  • “Asnal-vasoil bi sharhish-shamoil” – Alloma, muhaddis, mufassir, muarrix Nahviy Ismoil ibn Muhammad Ajluniy.
  • “Ashroful-vasoil” – Ismoil Mufid ibn Ali Attor Rumiy.
  • “Ashroful-vasoil ila fahmish-shamoil” – Faqih Ahmad ibn Muhammad ibn Hajar Makkiy, Haytamiy, Ansoriy.
  • “Ashroful-vasoil sharhi shamoil” – Sayfulloh ibn Nurulloh Buxoriy, Dehlaviy.
  • “Aqrobul-vasoil fi sharhish-shamoil” – Hofiz Muhmmad ibn Abdurahmon Saxoviy.
  • “Anjahul-vasoil” – Abulqosim ibn Muhammad ibn Abulbarokat ibn Maxlas.
  • “Tuhfatul-axyor ala shamoilil muxtor” – Muhaddis Abulhasan Ali ibn Ahmad Hurayshiy.
  • “Rovzul-azhar fi shamoil Nabiy muxtor” – Abdussalom ibn Ahmad Imroniy Fosiy.
  • “Duraru fazoil-sharh shamoil” – Alimuddin ibn Fasihiddin Qonnujiy.
  • “Zahrul-xamoil ala shamoil” – Jaloliddin Abdurahmon ibn Abu Bakr Suyutiy.
  • “Turar ala shamoil” – Orif Abu Zayd Abdurahmon Fosiy.
  • “Sharh shamoil” – Abdurazzoq ibn Abdulmuhsin Badr.
  • “Itru shaziy fi sharh muxtasar shamoil Termiziy” – Faqih Abdulmajid Shurnubiy, Azhariy.
  • “Ixtisor sharh shamoil li jassus” – Muhammad ibn Hasan Hajaviy.
  • “Fathul-ayman maqbul val-sharh muhda ashrof rosul” – Fozil Muhmud ibn Abdul Muhsin ibn Muvaqqe' Shofeiy.
  • “Favaid jalilatul-bahiyyatu ala shamoili Muhammadiya” – Muhaddis, faqih, Muhammad ibn Qosim ibn Jassus.
  • “Kitabatu ala shamoil” – shayx Ali ibn Zayniddin Ujhuriy.
  • “Kashful-fazoil” – Nur ibn Muhammad Koshoniy.
  • “Muxtar min sharhil” – Hasan ibn Ishoq ibn Mahdiy.
  • “Mavahibul-laduniyya ala shamoil Muhammadiya” – Shayx, Ibrohim ibn Muhammad Bajuriy.

               Shamoil Muhammadiya asariga fors tilida ham sharhlar yozilgan bo'lib, ulardan quyidagilarni keltirish mumkin:

  1. “Sharh” – Shayx Muhammad Oshiq ibn Umar Hanafiy.
  2. “Sharh” – Shayx Muhammad Fayz ibn Muhammad Bilikromiy.
  3. “Sharh” – Abilxayr Fazlulloh ibn Ruzibahon.

 

               Turkiy sharhlardan bo'lsa eng mashhuri shayx Hisomiddin Hasan ibn Muhammad Naqshbandiyning sharhlaridir. Kitob dunyoning bir nechta tillariga tarjima ham qilingan. Bular: o'zbek,  ingliz, frantsuz, urdu, fors tillaridir. Keltirib o'tilgan ma'lumotlardan Islom olamida mazkur asarning o'rni beqiyosligini anglash mumkin.

Hulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, hadis ilmining rivoji va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini keng ommaga etib borishida ulug' vatandoshimizning xizmatlari buyukdir. Zero, yuqorida keltirilgan ulamolarning maqtovlari ham so'zimizni tasdiqlaydi. Hususan, u zotning “Shamoil” asari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulq-atvorlari, tashqi ko'rinishlari, hayotning har bir jabhasida namuna bo'lib, amalga oshirgan ishlarini mukammal tarzda bayon etib bergan. Kitobni mutolaa qilgan kitobxon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yanada yaqindan taniydi. Alloh taolo bu bobokalonimizning xizmatlarini qabul etib, jannatdagi martabalarini yuqori qilsin!

 

Manbalar asosida Toshkent viloyati Qibray tumani “Sa'dulla ota” jome masjidi imom-xatibi,

Toshkent islom instituti “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi o'qituvchisi Mirhamidov Obidjon tayyorladi.

 

[1] Qarang: Iyod Holid. Imom Termiziy. – Damashq, Dorul qalam 2001. –B.37.

[2] Qarang: ibn Hajar Asqaloniy.Tahzibut tahzib. – Bayrut, Dorul ma'rifa 1395 h. – 9/ 387.

[3] Qarang: Abu Ya'lo Haliliy. Al-Irshod. – Riyoz, Maktabatul Rushd 1409-h. – 3/904

[4] Muhammad Abdurahmon ibn Abdurohim. Muqaddima Tuhfatul-Ahvuziy. – Bayrut, Dorul kutub ilmiyya 1990. – B. 242.

[5] Imom Sam'oniy. Ansob. – Bayrut, Dorul Muhammad Amin, 1401. J.2. – B.361.

[6] Qarang: Iyod Holid. Imom Termiziy. – Damashq, Dorul qalam, 2001. –B.38.

[7] Taqyuddin Isirdiy. Fazoilal-kitab al-Jome'. – Bayrut, Olamul kutub, 1409 h. – B. 40..

[8] Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Siyaru a'lomin-nubalo. – Bayrut, Muassasatu-r- risola, 1302h. J. 13. –B.371.

[9] Qarang: Iyod Holid. Imom Termiziy. – Damashq, Dorul qalam, 2001. –B.39..

[10] Taqyuddin Isirdiy. Fazoilal-kitab al-Jome'. – Bayrut, Olamul kutub, 1409 h. – B. 40.

[11] Turkmaniston hududida joylashgan..

[12] Hozirgi kunda Eron poytaxti Tehron.

[13] Iyod Holid. Imom Termiziy. – Damashq, Dorul qalam, 2001. –B.51

[14] Imom Sam'oniy. Ansob. – Bayrut, 1401 h. J.2. –B.45.

[15] Ibn Hajar Asqaloniy.Tahzibu-t-tahzib. – Bayrut, Dorul ma'rifa, 1395 h. J.9. – B.389

[16] Ibn Hajar Asqaloniy.Tahzibu-t-tahzib. – Bayrut, Dorul ma'rifa, 1395 h. J.9. – B.389

[17] Iyod Holid. Imom Termiziy. – Damashq, Dorul qalam, 2001. –B.52.

[18] Abul Hajjoj Yusuf.Tahzibu-l-Kamol. – Bayrut, Muassasatur-risola, 1407 h. J.26. –B. 250.

[19] Iyod Holid. Imom Termiziy. – Damashq, Dorul qalam, 2001. –B.53.

[20] Ibn Kasir. Bidaya–van-nihoya. –Bayrut, Hijr, 1997. J.6. –B.13.

[21] Imom Munoviy. Sharh Shamoil. – Misr, Matbatul adabiya, 1317 h. J.1. –B.2.

[22] Ali Qori. Jamu-l-vasoil. – Misr, Matbatu-l-adabiya, 1317 h. J.1. –B.2.

[23] Hasson Holiy. Shuruh Mag'ribiyya. – Rabot, Manbaatu Abu Raqroq, 2012. – B.30.

[24] Hasson Holiy. Shuruh Mag'ribiyya. – Rabot, Manbaatu Abu Raqroq, 2012. – B.30.

[25] Podsho fo'ndida 1615,11806- raqamlar ostida saqlanayotgan nusxalarda shu nom bilan keladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Besh yo‘nalish, 16 mamlakat, bir buyuk meros: “Sahih al-Buxoriy” bo‘yicha yangi xalqaro tadqiqot nashri tayyorlanmoqda

16.10.2026   25562   10 min.
Besh yo‘nalish, 16 mamlakat, bir buyuk meros: “Sahih al-Buxoriy” bo‘yicha yangi xalqaro tadqiqot nashri tayyorlanmoqda

Axborot manbasini aniqlash, ma’lumot kimdan olinganini tekshirish, turli rivoyatlarni o‘zaro solishtirish va ishonchli dalilni shubhali xabardan ajratish bugungi axborot makonining eng dolzarb masalalaridan biriga aylangan. Bundan qariyb o‘n ikki asr muqaddam Imom Buxoriy hadislarni saralashda manba zanjiri, roviylar ishonchliligi va rivoyatlarni qiyosiy tekshirishga tayangan ilmiy an’ananing eng mukammal namunalaridan birini namoyon etgan edi, xabar bermoqda iccu.uz.

2026 yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi tashkilotchiligida Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti — ICESCO hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida o‘tkazilgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi – yirik xalqaro ilmiy loyiha ana shu merosga zamonaviy tadqiqot nuqtayi nazaridan qayta murojaat qildi. Ana shu forum doirasida Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada xalqaro olimlar, tadqiqotchilar tomonidan bir qator ma’lumotlar, yangiliklar taqdim etilgan. Bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu materiallar asosida 16 mamlakat olim va tadqiqotchilari ishtirokida Imom Buxoriy shaxsiyati, “Al-Jomi’ al-musnad as-sahih” asarining ilmiy metodologiyasi, qo‘lyozmalari, jahon ilmiy maktablaridagi o‘rni hamda asar atrofidagi tanqidiy bahslarni besh asosiy yo‘nalishda qamrab olgan qariyb 800 sahifalik ilmiy nashr ustida ishlamoqda.

Buxorodan boshlangan ilmiy yo‘l

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy 194 hijriy, 810 milodiy yilda Buxoroda tug‘ilgan. Yoshligidan hadis ilmiga qiziqqan alloma keyinchalik Makka, Madina, Iroq, Shom, Misr va Xuroson kabi o‘sha davrning yirik ilm markazlarida bo‘lib, ko‘plab muhaddislardan ta’lim olgan.

Uning eng mashhur asari — “Al-Jomi’ al-musnad as-sahih”, keng tarqalgan nomi bilan “Sahih al-Buxoriy”, sunniy islom ilmiy an’anasida eng nufuzli hadis to‘plamlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

Asarning ahamiyati faqat unda hadislar jamlangani bilan cheklanmaydi. Tadqiqotchilar uchun uning asosiy xususiyatlaridan biri — rivoyatlarni qabul qilish va saralashda qo‘llangan murakkab ilmiy mezonlardir.

Islom ilmlari tarixida sanad — xabar yoki hadisning bir roviydan boshqasiga yetib kelganini ko‘rsatuvchi rivoyat zanjiri — markaziy ahamiyat kasb etgan. Muhaddislar roviylarning tarjimayi holi, ishonchliligi, xotirasi, bir-biri bilan uchrashish imkoniyati va bir xabarning turli yo‘llar orqali qanday rivoyat qilinganini qiyosiy o‘rgangan.

Imom Buxoriy ana shu ilmiy muhitda faoliyat yuritib, hadislarni tekshirish va tasniflashda o‘ta yuqori talablar qo‘ygan olim sifatida tarixda qoldi.

“Sahih al-Buxoriy” — faqat to‘plam emas, ilmiy yondashuv

Imom Buxoriy merosiga bag‘ishlangan zamonaviy tadqiqotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri uning hadislarni tanlash uslubi va asarni tayyorlash yondashuvini o‘rganishga qaratilgan.

Manbalarda alloma “Sahih al-Buxoriy” ustida 16 yil ishlagani qayd etiladi. Asarni yaratishga turtki bergan omillar qatorida uning ustozi, IX asrda yashagan buyuk muhaddis, faqih va Qur’on tafsiri olimi, Xurosonning eng nufuzli ulamolaridan biri Is'hoq ibn Rohavayhning sahih hadislarni alohida kitob shaklida jamlash haqidagi taklifi ham keltiriladi.

Biroq ilmiy nuqtayi nazardan asarning qimmati uni yaratish uchun sarflangan vaqtdan ko‘ra qo‘llangan metodologiyada yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

Imom Buxoriy rivoyatlarning sanadiga, roviylarning maqomiga, ular o‘rtasidagi aloqa imkoniyatiga va hadislarning boshqa rivoyat yo‘llari bilan munosabatiga alohida ahamiyat bergan. Asardagi bob sarlavhalari ham oddiy texnik taqsimot emas: ular ko‘p hollarda muallifning fiqhiy xulosasi, dalilni qanday anglagani va bir rivoyatdan qanday huquqiy yoki axloqiy ma’no chiqarganini ko‘rsatadi.

Shu sababli “Sahih al-Buxoriy” asrlar davomida faqat o‘qilgan emas — sharhlangan, qiyoslangan, ko‘chirilgan, o‘qitilgan va tanqidiy tahlil qilingan.

Ilmiy konferensiya nimani o‘rgandi?

2026 yil 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida 9–10 iyul kunlari Samarqandda “Imom Buxoriyning “Al-Jomi’ as-Sahih” asari — Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etilgan konferensiyaning ilmiy dasturi Imom Buxoriy merosini bir yoqlama tarixiy xotira sifatida emas, balki kompleks tadqiqot obyekti sifatida o‘rganishga qaratildi. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi tomonidan tayyorlanayotgan ilmiy nashr bu jihat alohida ahamiyat kasb etdi. Olimlar va tadqiqotchilar tomonidan quyidagi 5 yo‘nalishda Imom Buxoriy merosi tahlil qilindi.

Birinchi yo‘nalish Imom Buxoriy shakllangan tarixiy, jug‘rofiy, ijtimoiy va ilmiy muhitni qamrab oldi. Bunda Buxoro va Movarounnahrning hadis ilmi taraqqiyotidagi o‘rni, oilaviy tarbiya, ustozlar muhiti va allomaning ilmiy shaxsiyati shakllanishiga ta’sir qilgan omillar tadqiq etildi.

Ikkinchi yo‘nalish “Al-Jomi’ as-Sahih”ning ichki ilmiy mexanizmiga qaratildi. Tadqiqotchilar Imom Buxoriyning isnod tizimi, hadislarni saralash va tasniflash mezonlari, rivoyatlardagi yashirin nuqsonlarni aniqlash usuli, bob sarlavhalarini shakllantirish mahorati hamda dalillash prinsiplarini tahlil qildi.

Bu yo‘nalish asarga oddiy hadislar majmuasi sifatida emas, balki murakkab ilmiy arxitekturaga ega manba sifatida qarash imkonini beradi.

Uchinchi yo‘nalish dunyo kutubxonalari va qo‘lyozma xazinalarida saqlanayotgan “Sahih al-Buxoriy” nusxalariga bag‘ishlandi. Qo‘lyozmalardagi qiroat, samo’, ijoza, muqobala va turli ilmiy qaydlar asarning asrlar davomida qanday o‘qilgani, ko‘chirilgani va avloddan avlodga yetkazilganini o‘rganish uchun muhim material hisoblanadi.

Bunday manbalar bir matnning tarixiy harakatini kuzatish, nusxalar o‘rtasidagi farqlarni aniqlash va asarning ilmiy transmissiyasini tiklash imkonini beradi.

To‘rtinchi yo‘nalish turli mamlakat va ilmiy maktablarning “Sahih al-Buxoriy”ni o‘rganishga qo‘shgan hissasini qamrab oldi. Asar asrlar davomida Shimoliy Afrikadan Markaziy Osiyoga, Yaqin Sharqdan Janubiy Osiyogacha bo‘lgan keng hududlarda o‘qitildi, sharhlandi va tadqiq qilindi.

Bu geografiya Imom Buxoriy merosining faqat bir davlat yoki mintaqa doirasidagi tarixiy qadriyat emasligini ko‘rsatadi.

Beshinchi yo‘nalish “Sahih al-Buxoriy” atrofida turli davrlarda bildirilgan ilmiy e’tirozlar, bahsli masalalar va ularga berilgan javoblarni o‘rganishga bag‘ishlandi.

Bu yo‘nalishning konferensiya dasturiga kiritilishi muhim: ilmiy merosni asrash uni faqat ulug‘lash bilan emas, balki unga qaratilgan savollarni ham ochiq ilmiy muhokama qilish bilan amalga oshirilishini ko‘rsatadi.

16 mamlakat tadqiqotchilari ishtirokidagi nashr

Konferensiya yakunlari keyinchalik alohida ilmiy nashrga aylandi.

ICESCO 2026 yil 16 iyulda “Imom Buxoriyning “Al-Jomi’ al-musnad as-sahih” asari: Ummat kitobi. Isnod va tasdiq sivilizatsiyasining ilmiy timsoli” nomli fundamental nashr tayyorlanmoqda.

Nashrda 16 mamlakat olimlari va tadqiqotchilari ishtirok etdi. Unda konferensiyaning yuqorida sanab o‘tilgan besh asosiy ilmiy yo‘nalishi bo‘yicha taqdim etilgan tadqiqotlar jamlanmoqda.

Nashr hadis ilmi tarixi bilan birga manbashunoslik, qo‘lyozmashunoslik, matn tanqidi, rivoyat metodologiyasi va islom intellektual tarixi uchun ham yangi tadqiqot materiallarini bir maydonga to‘pladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa to‘plamdagi tadqiqotlar annotatsiyalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishda ishtirok etdi.

Qadimiy sanad tizimi va zamonaviy axborot muhiti

Imom Buxoriyning ilmiy uslubini zamonaviy jurnalistika yoki bugungi faktcheking tizimi bilan aynan tenglashtirish tarixiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ular turli davrlar, vazifalar va ilmiy muhitlarga tegishli.

Biroq ular o‘rtasida muhim intellektual nuqta bor: axborotning o‘zi yetarli emas — uning manbasi ham tekshirilishi kerak.

Hadisshunoslik an’anasida “Bu xabar kimdan keldi?”, “Uni yetkazgan shaxs qanchalik ishonchli?”, “U mazkur ma’lumotni bevosita olishi mumkin bo‘lganmi?”, “Boshqa rivoyatlarda bu xabar qanday keltirilgan?” kabi savollar ilmiy tekshiruvning bir qismiga aylangan.

Bugun raqamli platformalar orqali ma’lumot bir necha soniya ichida millionlab odamlarga yetib borayotgan sharoitda ham manbani aniqlash, birlamchi ma’lumotni topish, mustaqil tasdiq izlash va xabarni kontekstda baholash ishonchli axborotning asosiy shartlaridan bo‘lib qolmoqda.

Shu nuqtayi nazardan Imom Buxoriy merosi faqat diniy yoki tarixiy ahamiyatga ega emas. U ma’lumot bilan ishlashda mas’uliyat, tekshirish va dalilga tayanish madaniyati qanday shakllanganini o‘rganish uchun ham muhim tarixiy tajribadir.

Imom Buxoriy tadqiqotlari uchun institutsional baza

Imom Buxoriy merosini tizimli o‘rganish O‘zbekistonda so‘nggi yillarda maxsus ilmiy muassasalar faoliyati bilan ham mustahkamlanmoqda.

2016 yil 18 oktyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida o‘sha paytda Prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida buyuk allomalar merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan.

2017 yil 27 martda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlariga oid Prezident qarori qabul qilindi.

Bugun Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va boshqa ixtisoslashgan ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik qo‘lyozmalarni o‘rganish, ilmiy nashrlar tayyorlash va O‘zbekistonda shakllangan intellektual merosni xalqaro akademik muhitga olib chiqish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro konferensiya va 16 mamlakat olimlari ishtirokida tayyorlanayotgan yangi ilmiy nashr esa Imom Buxoriy merosini faqat tarixiy xotira sifatida emas, balki hali ham tadqiq qilinishi, bahs qilinishi va yangi ilmiy savollar qo‘yilishi mumkin bo‘lgan tirik intellektual meros sifatida namoyon etishi kutilmoqda.

Axborot hajmi ortib, haqiqat bilan talqin, ishonchli manba bilan tasdiqlanmagan xabar o‘rtasidagi chegara tobora murakkablashayotgan bir davrda bu merosdan chiqadigan eng muhim xulosa sodda: ishonchli bilim manbani tekshirishdan boshlanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

 

Besh yo‘nalish, 16 mamlakat, bir buyuk meros: “Sahih al-Buxoriy” bo‘yicha yangi xalqaro tadqiqot nashri tayyorlanmoqda Besh yo‘nalish, 16 mamlakat, bir buyuk meros: “Sahih al-Buxoriy” bo‘yicha yangi xalqaro tadqiqot nashri tayyorlanmoqda
O'zbekiston yangiliklari