Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Aprel, 2026   |   26 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:44
Peshin
12:28
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:24
Bismillah
15 Aprel, 2026, 26 Shavvol, 1447

Tili azizning eli aziz

11.10.2020   2363   5 min.
Tili azizning eli aziz

21 oktyabr' – O'zbek tili bayrami kuni

Ellarni, qaysiki ro'yi zaminda kuchlik bo'lgan, o'z aytarini o'tkazadigan millatlarni jamlaylikda til xususida bir gurung qilaylik. Har kim o'z tili va uning hozirgi iqtidori haqida so'z aytsa.

Avval ingliz eliga navbatni bersakda, quloq tutsak, u aytar: “Maning tilim ikki asr oshdiki, olamni bog'lovchi, ilmni chog'lovchi, mag'rib-u mashriqqa, g'arib-u boshliqqa urf bo'lgan podisho tildir. Halqlar bolalarida maning tilimni hosil qilmoq uchun jahd qiladur, buni barcha biladir, ko'p gapirsam yuk bo'ladir. Kimsaki, tilimni xor qilsa, o'zi avom qoladir” deydiyu gerdaygancha boshqalarga jim quloq solar.

Galni farangi olib deydi: “Tillar saltanatida sobiq qirolligim hurmatidan olam ahli mani ko'p ehtirom qilgay. Zero, maning tilim fasohatidan, ham nafosatidan slavyan-u rus, Ovrupayu Afriko quvvat olib baraka topganini bilarsiz. Bashar tilimni muhabbat zaboni deya bugun ko'ngil hislarini maningla izhor qilar. Yurtimda kimki tilimga bee'tibordir, aning ro'zg'origa mushkuli bordir” deya u-da kekkayish maqomin olgay.

Germon ham qatordan qolmay deya so'z boshlar: “Asli Ovrupaning aksar g'olib ellari maning tomirlarimdan obi-hayot sipqorgan ersada, bugun tilimning ilm-u ma'rifat olamidan bo'lak shijoati ikki ming yillikning qa'ridan sas beradi, xolos. Biroq kimsaki Vatanimda ona tilimga egri kelsa, aning qonunlarim oldida hisobi qat'iy bo'lgay” deb, og'ir va mag'rur joy oladi.

“Ovrupaning kunchiqarida, Osiyoning bari kengliklarida, ayniqsa, aning yurak-bag'rida maning tilim mo''tabar va mukarramdir. Ahli olamga kuch va g'ayrat, adabiyat, ilm-u ma'rifat, boringki, ko'p ellarga madaniyatning etishida rusiy tilim beli hamisha bog'lidir. Yurtimda ikki yuzga yaqin elat istiqomat qilsa-da, qat'iyatimiz sabab kimki tilimizdan or qilsa, kimsaning jism-u joni dog'lidir”, deb o'rusiyalik “og'amiz” so'z oladir.

Chin yurtidan vakil aytar: “Tavorixdan ma'lumki, bugun qaysiki til iste'moldadir, aning o'tmishida bir necha karra isloh, o'zgarishlar qayta-qaytadir. Ammo maning “Osmondan erga tushgan” tilim ming yillarki, o'z shamoyilin avvalda qanday kechgan ersa, shunday saqlab, islohlari tuslanmagan yagona imlodadir. Tilimning ushbu fazilatidan olam ahli qadimning asrorlarin bizdan izlaydir. Chin tilimni o'rganib bitmoq qanchalik mushkul ersa, andan mosuvo bo'lmoq-da g'oyat mashaqqatdir”.

Sipolik ila navbatni arabiyga bersak: “Bismillahir rohmanir rohiym. Yakkayu yagona hamda mehribon Ollohning irodasi ila bizning tilimiz Odam naslidan bo'lganlarning barchasi uchun aziz va mukarram bo'lgan, barchamizni Haq yo'liga chorlovchi, Parvardigori olamning biz osiylarga nusrati bo'lgan Qur'oni Karim nozil qilingan zabondir. Bundan ortiq tilimiz va biz uchun sharaf yo'qdir. Kimsaki, tilimizdan g'ofildur, yurar rohi botildur” deya barchani sergak qiladir.

Hamma qatori sergak tortgan, ammo bir chekkada o'tirgan o'zbekim uff tortgan kuyi so'z boshlaydir: “Maning tilim turkiy tillar shodasida eng sara durdir. Biroq ushbu durning qiymati bugun beqadr qolib, o'lda-jo'ldadir. Sababin ko'p o'yladik, zakonlar tetik, joyida, barchaga barobar belgilab berilgan qoida, har yili ulug' oktyabrda til bayramin jar solamiz, afsuski na rezultat bor, na foyda..!”

Barcha jim qoldiyu, mashvaratning hadi ko'rindi. Gapni indallosini aytsak, barchaning rahmi keldiyu, qo'lidan nima ham kelardi ularning o'zbekka madad bo'lgulik. Axir, dardning yonida shifosi ham bo'ladi. Buni kimdir bilmas, kimdir biladi.

Shu asnoda maqolamizga ustoz Alixonto'ra Sog'uniyning ushbu so'zlarini iqtibos qilsak: “Hozirgi o'qimishlik, tushungan Vatan bolalarimiz, agar milliy hislik bo'lmas ekanlar, ulardan bizga, ya'ni o'z xalqiga foyda etishi hech vaqt mumkin emasdir. Balki bolta sopini o'zimizdan chiqargandek, yov qo'lida tub ildizimiz bilan kesib quritishga qurol bo'ladilar. U holda esa o'zlaridan umid etilgan Vatan o'g'illarining qo'llari bilan Vatan ahllarini ko'mishga chuqur qaziladi demakdir”.

Azizlar, bizdan bir o'tinch: “Til bilgan el biladir”, “Tili azizning eli aziz” deydi xalqimiz. O'g'illarimiz, qizlarimizga o'z tilimizni avval mukammal o'qitaylik, o'rgataylik, Navoiyni, Bedilni, Ogahiyni, Mashrabni siz meni tushunganday anglasinlar, tilimizda o'ylasinlar, tilimizda so'ylasinlar, o'zlik eshiklarin ochsinlar, olamga baralla o'zbekman deb aytsinlar. So'ngra mag'rib-u mashriq tillarini o'rgataylik, ilm eshiklarin ochsinlar, yurtga Beruniylar, Horazmiylar, Farobiylar, Farg'oniylar, Ibn Sinolar qaytsinlar.

G'.Otajonov,
“Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati
Horazm viloyati hududiy bo'limi
bosh mutaxassisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabi tashkil etildi

13.04.2026   7584   2 min.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabi tashkil etildi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabini tashkil etildi. Mazkur muhim ilmiy-ma’rifiy loyiha buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan «Temuriylar davri xattotlik merosi — an’analar davomiyligi» mavzusidagi seminarda e’lon qilindi. 
 

Seminar islom san’ati, tarix va filologiya sohalaridagi yetakchi mutaxassislarni birlashtirib, xattotlik san’atining ma’naviy va madaniy ahamiyatini keng muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘ldi. 

-  Hattotlik maktabi Islom sivilizatsiyasi markazida ochish tashabbusi 2025 yil 29 yanvarida muhtaram Prezidentimiz tomonidan taklif etilgandi. Bir yil o‘tgach, ushbu tashabbusni barcha halqaro tashqilotlar qo‘llab-quvvatlab, Temuriylar tamadduniga bag‘ishlangan konferensiya doirasida bu loyihaga start berildi. Xattotlik maktabining tashkil etilishi mamlakatimizda madaniy merosni asrash va targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomidir, - dedi F. Abduxoliqov tadbir ishtirokchilariga qaratilgan nutqida.


Qayd etilganidek, Temuriylar davrida xattotlik san’ati yuksak taraqqiyot cho‘qqisiga ko‘tarilib, madaniy yuksalish ramziga aylangan. Olimlar taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Amir Temur markazlashgan davlat barpo etgach, turli o‘lkalardan eng mohir xattotlarni poytaxtga jamladi. Suls, nasta’liq va kufiy xat turlari o‘zining cho‘qqisiga chiqdi. Qur’oni Karimning "Boysunqur" nusxasi kabi ulug‘vor asarlar bitildi.

Xalqaro ekspertlar ushbu tashabbusni yuqori baholadilar. Jumladan, IRCICA bosh direktori Mahmud Erol Qilich islom xattotligining jahon madaniyatidagi o‘rni, uning yuksak estetik va ma’naviy qiymati haqida fikr bildirdi. Turkiya Qo‘lyozma asarlar boshqarmasi raisi Jo‘shqin Yilmaz Suleymaniya kutubxonasida saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar haqida ma’lumot berib, ularning katta qismi Markaziy Osiyo tarixi bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi. Buyuk Britaniyadagi Al-Furqan Islamic Heritage Foundation direktori Sali Shaxsuvari esa Temuriylar davrini haqiqiy ma’rifiy va madaniy uyg‘onish davri sifatida baholadi.

Ta’kidlanishicha, Xattotlik maktabi nafaqat ta’lim muassasasi, balki ilmiy-tadqiqot va madaniy markaz sifatida faoliyat yuritadi. Uning doirasida mutaxassislar tayyorlash, qo‘lyozmalarni saqlash va restavratsiya qilish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan. 

t.me/islommarkazi 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabi tashkil etildi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Xattotlik maktabi tashkil etildi
O'zbekiston yangiliklari