Habaringiz bor, shu yilning 16-17 sentyabr' kunlari O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o'rta maxsus islom ta'lim muassasalariga kirish uchun hujjat topshirgan abituriyentlar Davlat test markazi tomonidan test sinovlarida ishtirok etdilar.
Shu kunlarda ota-onalar, abituriyentlar va ularning yaqinlari tomonidan madrasalarga kirish imtihonlari natijalari qachon e'lon qilinishi borasida juda ko'p murojaatlar bo'lmoqda.
Test sinovlari Davlat test markazi tomonidan olinganini inobatga olsak, imtihon natijalari ham ushbu markaz tomonidan e'lon qilinadi. Ayni kunlarda imtihon natijalarini tekshirish jarayonlari davom etmoqda.
Madrasalarga kirish imtihonlari natijalari qachon e'lon qilinishi to'g'risidagi rasmiy xabar O'zbekiston musulmonlari idorasining muslim.uz internet sayti va “Telegram” messenjeridagi https://t.me/muslimuzportal kanalida e'lon qilinadi.
Barcha abituriyentlarga Alloh taolodan omad va zafarlar tilaymiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Toshkent islom institutida “May – Hadis ilmlari fan oyligi” munosabati bilan ulug‘ muhaddis Imom Muhammadning “Muvatto” asarini o‘qib tugatgan talabalarga ijoza berish va “Xatmi kutub” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur xayrli an’ana doirasida “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi katta o‘qituvchilari Rahmatulloh Maxsuxonov hamda Mansur Jambilov boshchiligida magistratura va bakalavriat bosqichi talabalari ushbu bebaho asarni to‘liq xatm qildilar.
Institut mas’ullari va O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari ishtirok etgan tadbirda ustozlar tomonidan xatmi kutub qilishning fazilati, Imom Muhammadning hadis ilmida tutgan yuksak o‘rni va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muhabbatli bo‘lish mas’uliyati alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ustozlar talabalarga hadis rivoyat qilish uchun rasmiy ijoza (silsila) va sertifikatlarni topshirib, ularning haqqiga xayrli duolar qilishdi. Shuningdek, talabalarga ushbu bebaho asarni o‘rgatgan fidoyi ustozlar institut rahbariyati tomonidan tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Toshkent islom instituti
Matbuot xizmati