Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ishtirokida sentyabr' oyida vazirlikda korruptsiyaga qarshi kurash tizimining yaratilishi va bu borada erishilgan natijalarga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazildi. «Daryo» muxbiri Mirolim Isajonovning xabar berishicha, Davletov korruptsiyaga qarshi kurashda harom-halol diniy tushunchasining samaradorligi qay darajada ekanligi to'g'risidagi savolga o'z munosabatini bildirdi.
«Harom va halol tushunchasi, albatta, din munosabatlari bilan bog'liq. Biz bundan faoliyatimizda foydalanishimiz mumkin. Chunki O'zbekiston aholisining 90 foizi musulmon, ota-onasidan harom-halolni o'rganadi, ular hayoti davomida tarbiya ko'radi. Ammo bu faqat korruptsiyaga kelganda ishlamay qoladi. Agar ishlaganida, bunday bo'lmasdi, sababi hammamiz musulmonmiz.
Davlat boshqaruvi, korruptsiya bu boshqa narsa. Harom-halolni ko'pincha oddiy narsalarda bajarish juda zo'r. Oziq-ovqatga kelganida, bu harom ovqat, chunki halol ovqatni al'ternativi juda ko'p. Harom ovqatni chetga surib, halolini iste'mol qilish mumkin. Lekin korruptsiyada al'ternativ yo'qligi uchun, bu ko'p holatlarda ishlamayapti. Musulmon mamlakatlarga e'tibor qiling, ularda korruptsiya bilan bog'liq ko'plab muammolar mavjud.
Birlashgan Arab Amirligi korruptsiyaga qarshi kurashda dunyo bo'yicha 23-o'rinda turibdi. Tahlil qilsangiz, Dubayda korruptsiyaga qarshi juda kuchli tizim yaratilgan. Oxirgi 20-25 yil ichida katta o'zgarishlar qilindi. Bu davlat dunyoga mashhur xorijiy konsalting agentliklari va auditorlarni jalb qilish orqali ularga millionlab dollar berib, davlat organlari faoliyatini baholatadi. Ular bu tizimga millionlab mablag'ni bekordan-bekorga sarflayotgani yo'q.
Agar korruptsiya faqat harom-halol bilan hal bo'lganida edi, biz qachonlardir bu muammodan qutulgan bo'lardik. Ammo shunga qaramay, harom-halol tushunchasi juda yaxshi, biz uni bolalikdan singdirib, rivojlantirishimiz kerak. Barcha dinlarda birovdan pora olib, ishni bitirish gunoh, deb qaraladi. Bizning Islom dinimizda ham bu juda katta gunoh. Shu bois korruptsiyaga qarshi kurash kabi ijtimoiy maqsadlarda mana shunday diniy tushunchalarni ishlatishimiz kerak. Bu katta yordam beradi», — dedi Adliya vaziri.
Davletov o'z nutqida korruptsiyaga qarshi kurash uni 30 foizga ham qoniqtirmasligini ta'kidladi.
«Tizim ichidagi muammolardan o'zimiz yaxshi xabardormiz. Bilganlarimdan biri shuki, gap ta'sir qilmaydi. Masalan, siz yig'ilish o'tkazasiz, juda qattiq gapirasiz, kuyunasiz, hatto o'lib ketasan, qamatamiz, deganiz bilan ham ta'sir qilmaydi. Buni qisqa muddatda ta'siri bo'lishi mumkin. U 10 kundan keyin hayotdagi real muammolarga duch kelganida so'zlaringizni unutadi. Shuning uchun har tomonlama o'ylashimiz kerak: u nimaga ko'proq moyil, unga oylik ko'p to'layapmizmi yoki yo'qmi?
Li Kvang Yuning bitta gapi bor: «Insofsiz xodimlarga ko'proq oylik to'lashimizning foydasi yo'q». Nopok xodim katta maoshini olib ham shu ishini davom ettiraveradi. Shu sababli biz tizimni tozalashimiz va haqiqatan shunga loyiq bo'lgan xodimlarga oshirilgan ish haqini to'lashimiz kerak. Qisqasi, bu borada qiladigan ishlarimiz hali juda ko'p», — dedi Ruslanbek Davletov.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Osmonlaru yerni yaratgan Zotning qarshisiga ma’siyatlar ila chiqa ko‘rmang, g‘azabiga toqatingiz, iqobiga sabringiz va azobiga qudratingiz yetmaydi.
Doktor Abdul Muhsin Ahmad o‘zining bir qarindoshi bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Voqeaga ko‘ra bir yigit ukasiga doim “Allohga hamd aytgin” desa, ukasi: “Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?” – der, Yaratganga bo‘yin eggisi kelmasdi.
Axir uning bu gapini olamlar Rabbi bo‘lgan Zot eshitib turibdi! Alloh uni ikki oyog‘i bilan yurg‘izib qo‘yibdi, qancha odamlar yura olishmaydi. Necha-necha insonlar ko‘rish ne’matidan mosuvo bo‘lganida, uning ko‘zlari ko‘rib turibdi.
Vaqt o‘tib yigit avtohalokatga uchraydi. Uning a’zolari qattiq shikastlanadi. Operatsiyadan so‘ng doktor Abdul Muhsin Ahmad uni bir umr nogiron bo‘lib qolganligini, tanasining yarmi ishlamasligini, aniqrog‘i, bir o‘limdan qolganligini aytadi.
Alloh buyuk! Uning ne’matlari cheksiz. Biz bandalar doim shukrda bo‘lmog‘imiz lozim. Zero, Alloh taolo aytadi: «...Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir»[1].
Tasavvur qiling, bordi-yu, siz do‘zaxiylardan bo‘lsangiz, u yerdagi azobga chiday olasizmi?! Albatta, yo‘q.
Shunday ekan Allohga tavba qiling! U Zotga xush kelmaydigan ishlardan qayting. Solih amallar ila Rabbingizga yaqinlashing.
Alloh bergan ne’matlarga shukr qiling. Gunoh va ma’siyatning kichikligiga qaramang. Allohning buyukligini nazaringizdan qochirmang.
Alloh buyuk! U Zot sizni kutilmaganda ushlamasidan avval qalbingizni qo‘rquv ila to‘ldiring. Qazoingiz yaqinlashmasidan avval poklaning. O‘lim kelgandagi pushaymondan naf yo‘q va buning uchun imkon berilmas...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Hud surasi, 102-oyat.