Insonda bo'lgan buyuk ne'matlardan biri bu tildir. Bu haqda Qur'oni karimda bayon qilingan. Alloh taolo marhamat qiladi: “(Biz insonga) til va ikki labni (bermadikmi)?” (Balad surasi, 9-oyat).
Bu oyati karima orqali Alloh taolo insonga bu ikki a'zolarni o'zi ato qilganligini aytmoqda. Agar har bir inson o'zining a'zolarining harakatiga, xizmatiga va manfaatlariga, jumladan, tiliga tafakkur nazari bilan e'tibor qiladigan bo'lsa, Alloh taolo har bir narsani hikmat bilan, behudaga yaratmaganligiga yana bir karra ishonch hosil qiladi.
Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam bir kuni Abbos roziyallohu anhuga: “Go'zalligingizmeniajablantiradi” dedilar. U kishi: “Insonning go'zalligi nima, yo Allohning Rasuli?», dedilar. Payg'ambar Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam: “Uning tili” dedilar. Demak, ushbu hadisdan kelib chiqib xulosa qiladigan bo'lsak, til insonning go'zalligi hisoblanar ekan.
Millat borligi va uning tarixi haqida ma'lumot beruvchi vosita
Ayni damda orzu umidlarimiz, istiqlolimiz, qalbimiz oynasi hamdir. Shuning uchun ona tilimizga doimo hurmat va e'tiborda bo'lib, uning jamiyatimizdagi mavqeini yuksaltirishga har birimiz o'z hissamizni qo'shishimiz zarur.
Mahmud Qoshg'ariyning “Devonu lug'otit turk” asarida “Erdam boshi tildir”, ya'ni “Barcha fazilatlar, ezguliklar tildan boshlanadi” deyiladi. Tilimizning nafisligi, boyligi va ma'no nozikliklari hazrat Alisher Navoiy ijodida o'zining yuksak ifodasini topdi. Ulug' mutafakkirning “Muhokamat ul-lug'atayn” asarida she'riyat va badiiyat tiliga nomunosib deb qaralgan tilimizning keng imkoniyatlari, jozibasi o'ta nazokat bilan sharhlangan. «Layli va Majnun»da so'z, demakki, til aytgan bilan sovumaydigan tarona, olgan bilan tugamaydigan xazina, deb ta'riflanadi:
Aytib sovumas taronasen sen,
Olib qurumas xizonasen sen.
Millatning boyligi, tuganmas xazinasi, ko'zgusi
Vatanimiz mustaqillikka erishgach, ona tilimiz o'zining haqiqiy o'rni va mavqeiga ega bo'ldi, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo'yildi. Shu tariqa o'zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog'i, gerbi, madhiyasi, konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yo'li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi.
Til – millat qiyofasining bir bo'lagi. Dunyodagi barcha xalqlar o'zining milliy rasmiy tiliga ega deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bog'liq. Mutaxassislarning so'zlariga qaraganda, bugungi kunda har ikki xaftada bitta til yo'qolib bormoqda. Bu o'z navbatida o'sha tilda so'zlashuvchi xalqlarning yo'qolishini anglatadi.
Millatning ma'naviy boyligi
Til nafaqat muammola vositasi, balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Turli xalqlarning tillariga hurmat esa o'z navbatida o'zaro tushunishni, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Tillarni saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qo'llab-quvvatlash zarurdir. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va hurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir. Shu sababli ham har bir xalq o'z tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi.
Har bir millat madaniyati o'zagi
Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o'qitadi, urf-odat, an'analarini saqlaydi. Shunday ekan ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro'-e'tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo'shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashimiz kerak bo'ladi. “Horijiy tillarni bilish insonning madaniyatidan, ziyoliligidan darak beradi. Ona tilini bilish esa har bir fuqaro oldidagi muqaddas burch”, deganida donishmandlar ming marta haq fikrni aytishgan.
O'zbek adabiy tili, o'zbek adabiyotini rivojlantirish sohasida o'z oldiga qo'ygan vazifalarni yuksak darajada ado etgan Alisher Navoiy o'zining ajoyib nazm durdonalarini, yuksak badiiy qimmatga ega bo'lgan «Hazoyin-ul maoniy», «Hamsa» kabi asarlarini ona tilida yozish orqali o'zbek tilining qudratini, uning boy tasviriy vosita va imkoniyatlarga ega ekanligini, to'liq ma'noda badiiy adabiyot tili ekanligini amaliy tarzda isbotlab berdi. O'z xalqi uchun uning madaniyati uchun va umuman kelgusi avlodlar uchun katta sharafli ishlarni amalga oshirdi, bu bilan faxrlanib:
Turk nazmida chu tortib men alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam.
yoki:
Men ul menki, to turk bedodidur,
Bu til birla to nazm bunyodidur.
Falak ko'rmadi men kabi nodire,
Nizomiy kibn nazm aro qodire.
deb ajoyib faxriyalar yozdi.
Ana shunday go'zal ne'matdan hayotimizda chiroyli tarzda foydalanib, go'zal amallar qilishga oshiqaylik!
Alisher Naimov,
Quvasoy shahar bosh imom-xatibi
"Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li" I Xalqaro islom forumi doirasida yurtimizga tashrif buyurgan Iroqdagi Imom A’zam No‘mon ibn Sobit universiteti doktori Fahmiy Ahmad Abdurahmon Qazzoz Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga keldi.
Markaz direktori Shovosil Ziyodov mehmonni dastlab Imom Buxoriy muzeyi faoliyati, olim va tadqiqotchilar uchun yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan tanishtirib, allomaning ilmiy safarlari va bugungi kunda yurtimiz fondlarida saqlanayotgan asarlarining nusxalari haqida so‘zlab berdi. Xususan, Imom Buxoriyning Bog‘dodda imtihon qilinishi aks etgan ekspozitsiya mehmonda katta taassurot qoldirdi.
Markaz kutubxonasi bilan tanishuv davomida iroqlik olim o‘zining yillar davomida yozgan 20 ga yaqin kitobini Markaz fondiga taqdim etdi. Mavzulari rang-barang bo‘lgan bu asarlar fiqh, aqida va hadislarga bag‘ishlangan bo‘lib, ayrimlarida yot unsurlarning buzg‘unchi g‘oyalari asossizligi va faqat g‘arazli maqsadlar xizmat qilishi ochib berilgan.
Muloqot davomida hamkorlikda Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosini tadqiq qilish, olimlarimiz izlanishlarining natijalarini o‘zbek va arab tillarida nashr etish, Markaz ilmiy xodimlari bilan birgalikda qo‘shma ilmiy loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish hamda xalqaro seminarlar tashkil etish istiqbollari haqida fikr almashildi.
Eslatib o‘tamiz: doktor Fahmiy Ahmad Iroqda Zoom dasturi orqali minglab talabalarga hadis ilmlari va "Al-Jome' as-sahih" asari bo‘yicha "Xatmul kutub" asosida saboq berib keladi.
Uchrashuv yakunida mehmon Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. Markaz rahbariyati tomonidan olimga Imom Buxoriyning o‘zbek tiliga tarjima qilingan "Xalqu af’olil ibod" asari tuhfa etildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati