Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Mart, 2026   |   13 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:38
Quyosh
06:56
Peshin
12:40
Asr
16:30
Shom
18:19
Xufton
19:30
Bismillah
02 Mart, 2026, 13 Ramazon, 1447

O'n bir asrga teng ziyoratgoh yangilanmoqda, undagi masjid esa 7000 namozxonni o'z bag'riga sig'diradi

17.09.2020   2460   5 min.
O'n bir asrga teng ziyoratgoh yangilanmoqda, undagi masjid esa 7000 namozxonni o'z bag'riga sig'diradi

Samarqand shahridagi ko'plab muqaddas qadamjolar orasida “Ho'ja Abdu Darun” majmuasi alohida o'rin tutadi. Tahminan VIII– IX asrlarda yashab o'tgan, mutasavvuf olim, adolatli qozi, diniy va dunyoviy ilmlar egasi bo'lgan Ho'ja Abdu Darun hazratlarining hoki poylari yotgan ushbu dargoh XII asrdan beri saqlanib keladi.

Ul zoti muazzamning maqbaralari Samarqandning qadimiy devori – Devori qiyomatning ichkari (tojikcha - darun) tomonida joylashgani uchun Abdu Darun laqabini olganlar.

Ho'ja Abdu Darunning asl ismi Mu'izuddin bo'lib, xo'ja Muhammad Yaqubning farzandi, u esa xo'ja Abdi bin Usmonning o'g'lidir.

Boshqa manbalarda allomaning Payg'ambarimiz (s.a.v) avlodalaridan ekanligi keltirilgan.

 “Qandiya”da keltirilishicha, “Hazrati Shayx Abu Mansur Moturidiy aytgan ekanlarkim: “Bizning vafotimizdan keyin Hazrati Hoja Abdu Darunning yaqinlariga dafn etingkim, ul kishi yarim farsax ergacha atrofidagilarni o'z himoyalariga olib shafoat qilurlar va biz ul kishining shafoatlaridan mahrum bo'lib qolmaylik”.[1]

Mana shundan ikki muhim xulosa kelib chiqadi: birinchidan, Ho'ja Abdu Darun chindan ham ulug' inson ekanligi zero Shayx Moturidiy kabi ulug'vor agar u kishining shafoatlariga muhtoj ekan; ikkinchidan, ul buzurgvor ko'milgan qabristonning qadimiyligi (IX asr), ya'ni u Shohi Zinda qabristonidan ham qadimiyroqdir. Manbalarda ko'rsatilishicha, alloma milodiy 861 yilda vafot qilgan[2].

XIX asrda maqbara hovlining g'arb tomoniga peshayvonli masjid va madrasa qurilgan. Peshtoq va devor naqshlari orasida masjidni bunyod etgan me'mor va naqshkorlar nomlari yozilgan hamda qurilish tugallangan vaqt 1908-1909 yillar ekani ko'rsatilgan.

Masjid 1981 yildan buyon rasmiy faoliyat ko'rsatib kelmoqda. Bugungi kunda «Vaqf» xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali tasarrufidagi ushbu majmuada ta'mirlash-rekonstruktsiya ishlari olib borilmoqda. Masjid to'liq yangidan kengaytirib qurilmoqda.

“Vaqf” fondi tomonidan majmuaning maqbara qismi ta'mirlanayotgan bo'lsa, mahalliy aholi, sahovatpesha insonlarning ko'magida etti ming namozxonni sig'dirdira oluvchi, milliy me'morchilik  andozalari asosidagi katta masjid qurilmoqda. Qurilish ishlari 2019 yil mart oyida boshlangan.

 

Pandemiya sharoitida ham ishlar to'xtab qolmadi, yozning jazirama kunlarida ham ustalarimiz jonbozlik bilan mehnat qilmoqdalar. Har kim o'z himmaticha masjid obodligi uchun hissa qo'shib kelmoqda. Savob ilinjida qurilish materiallarini arzonlashtirilgan narxlarda etkazib berishmoqda”, deydi masjid imom-xatibi Zafar Mahmudov.

Bugungi kunga kelib, 39x41 o'lchamdagi 3 qavatlik xonaqoh hamda minora devorlari ko'tarilmoqda. 100 o'rinlik tahoratxona qurilib, bitkazildi. Hozirda so'ngi pardozlash ishlari olib borilmoqda. Hizmat xonalari, yordamchi xonalarni qurish, tashqi fasad, obodonlashtirish ishlari ham barobar olib borilmoqda. Nasib bo'lsa, tez orada majmua tarkibida o'zining yuqori imkoniyatlari bilan keng jome bo'y ko'rsatadi. Va ushbu masjid o'zining sig'imi bo'yicha yaqinda Urgut tumanida qurib bitkazilgan masjiddan so'ng viloyatdagi ikkinchi katta masjid bo'ladi.

 

Ibodatgoh qurilishi ishlarida xizmat ko'rsatayotgan barcha fidoiy insonlarga Alloh taolodan madad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz. Hissalarini qo'shish istagida bo'lganlar uchun:

H/r 20212000600361444001

INN 202610531

Milliy bank kod 00278

Click, Payme:

UzCard: 8600 0201 3353 7899     Mahmudov Zafar

VisaCard: 4790 9122 1007 1066   Mahmudov Zafar

 

 

[1] Abul Hakim Samarqandiy. Qandiya–S., 1994 “Sug'diyon”. 37-b.

[2] “Qandiya”– 37-b.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Masjidlar bo'limi

 

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qalb qanday ro‘za tutadi?

27.02.2026   4248   5 min.
Qalb qanday ro‘za tutadi?

Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga iymon keltirsa, U zot uning qalbini hidoyatga solur…” (Tag‘obun surasi, 11-oyat).

Qalb har bir amalning asli va barcha harakatlarning negizidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ogoh bo‘linglar, jasadda bir parcha go‘sht bor. Agar u to‘g‘ri bo‘lsa jasadning barchasi to‘g‘ri bo‘ladi, agar u fasod bo‘lsa jasadning barchasi fasod bo‘ladi. Ogoh bo‘linglar, u qalbdir”.

Qalbning to‘g‘ri bo‘lishi dunyo va oxiratdagi saodat, uning buzuq bo‘lishi esa halokatdir. Alloh taolo aytadi: “Albatta, bunda qalbi borlarga va zehn bilan quloq osganlarga eslatma bordir” (Qof surasi, 37-oyat).

Har bir yaratilgan jonzotda qalb bo‘ladi. Ammo bu qalblar ikki xil: biri iymon ila munavvar, taqvo ila obod bo‘lgan tirik qalb; ikkinchisi xarob bo‘lib so‘ngan, kasal va o‘lik qalbdir. Alloh taolo aytadi: “Ularning qalblarida kasal bor. Alloh kasallarini ziyoda qildi. Va ularga yolg‘on gapirganlari uchun alamli azob bor” (Baqara surasi, 10-oyat). Alloh taolo boshqa oyatda esa bunday marhamat qiladi: «Va ular: “Qalbimiz g‘iloflangan”, deyishadi. Yo‘q, unday emas, kufrlari sababli Alloh ularni la’natlagan. Bas, ozginagina iymon keltiradilar» (Baqara surasi, 88-oyat).

Alloh taolo o‘lik qalblilar haqida yana bunday deydi: «Ular: “Qalblarimiz sen da’vat qilayotgan narsadan g‘iloflardadir, quloqlarimizda og‘irlik bor, sen bilan bizning oramizda esa, parda bor. Bas, sen amalingni qilaver, biz ham, albatta, o‘z amalimizni qilguvchilarmiz”, dedilar» (Fussilat surasi, 5-oyat).

Allohning dushmanlarida ham qalb bo‘ladi, lekin u hech narsani anglamaydi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday duo qilar edilar: “Ey, qalblarni boshqaruvchi! Mening qalbimni diningda sobit qil!”.

Mo‘minning qalbi doimo ro‘za tutadi. Uning ro‘za tutishi halokatga olib boruvchi shirk, botil e’tiqod, yomon vasvasa va niyatlardan forig‘ qilish bilan bo‘ladi. Mo‘minning qalbi Allohning muhabbati ila oboddir.

Mo‘minning qalbida unga zulmat aralasha olmaydigan yorqin nur bor. Bu abadiy risolat, samoviy ta’limotlar va rabboniy shariat nuridir. Ushbu nurga Alloh taolo bandaga tabiiy fitrat qilib bergan nur qo‘shiladi va ikki ulkan nur jamlanadi. Alloh taolo aytadi: (Bu) nur ustiga nurdir. Alloh xohlagan odamni O‘z nuriga hidoyat qilur. Alloh odamlarga misollarni keltirur. Alloh har bir narsani o‘ta bilguvchidir” (Nur surasi, 35-oyat).

Mo‘minning qalbi chiroq kabi porlaydi, Quyosh kabi nur sochadi va subh kabi yaltiraydi. U oyati karimalarni tinglaganda, ularning ma’nolarini tafakkur qilganda qalbidagi ishonchi yanada ziyoda bo‘ladi.

Mo‘minning qalbi kibrdan ro‘za tutadi, chunki u qalb ro‘zasini buzib yuboradi. Kibr uning qalbiga o‘rnashmaydi, zero, u harom amaldir. Kibrning asl o‘rni qalbda bo‘ladi, agar kibr qalbga o‘rnashsa o‘z sohibini halok qiladi. Hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: “Kibriyo Mening ridoyimdir, ulug‘lik Mening izorimdir. Kim ikkisida Men bilan talashsa uni azoblayman”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim Allohga takabburlik qilsa uni xorlaydi. Kim Alloh uchun tavoze’li bo‘lsa uni yuksaltiradi”.

Mo‘minning qalbi ujbdan ham ro‘za tutadi. Ujb – insonning o‘zini mukammal, boshqalardan afzal va unda boshqalarda yo‘q narsa bor deb tasavvur qilishidir. Bu esa ayni halokatdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsa halok qiluvchidir: kishi o‘z nafsidan ajablanishi, qattiq xasislik va ergashiladiga havo (havoyi nafs)”, deganlar.

Ujbning davosi inson o‘z ayblari, xatolarining ko‘pligini hamda minglab qilgan, so‘ngra ularni esdan chiqargan gunoh va yomonliklarini yodidan ko‘tarmasligidir. Binobarin, ularning hisobi Robbimiz huzurida, U adashmaydi va unutmaydi.

Mo‘minning qalbi hasaddan ro‘za tutadi. Chunki hasad yaxshi amallarni olov kabi kuydiradi, qalbning nurini o‘chiradi va bandani Alloh tomon yurishini to‘xtatib qo‘yadi. Alloh taolo aytadi: “Yoki Alloh odamlarga O‘z fazlidan bergan narsalarga hasad qilmoqdalarmi?” (Niso surasi, 54-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Bir-biringizga hasad qilmanglar, bir-biringizdan nafratlanmanglar, o‘zaro urushmanglar va o‘zaro najsh (insonla o‘zaro kelishib bir narsaning narxini oshirishi) savdosini qilmanglar. Ba’zingiz ba’zingizning savdosi ustiga savdo qilmasin”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch marta sahobalaridan bir kishining jannat ahlidan ekanining xabarini berdilar. U kishi nima evaziga jannatga kirgani haqida so‘ralganida: “Qalbimda biror mo‘minga hasad, nafrat yoki muttahamlik bor holida hech uyquga yotmadim”, deya javob berdi. Oriflarning ro‘zasi bo‘lmish qalb ro‘zasini tutuvchilar bormi? Shoir aytadi:

Oriflar ro‘zasi ichra olamlar Robbi rizosin istash bordir,
Har zamon ular qalbi soim, sahar vaqti hollari istig‘fordir.

Allohim, qalblarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlagin, ularni iymonda sobit ayla!


Doktor Oiz al-Qarniyning
"Ro‘zadorlar uchun darslar" kitobidan

Maqolalar