Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi arafasida mamlakatlarimiz milliy nashrlari “Yangi O'zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalarida chop etilgan O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan interv'yu etakchi arab ommaviy axborot vositalarida katta qiziqish uyg'otdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Hususan, Misrning “Al-Hasod al-arabiy” va “Al-Diplomasi” gazetalari o'z sahifalarida tashqi siyosat idorasi rahbari interv'yusining arab mamlakatlari bilan O'zbekiston o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikka bag'ishlangan jihatlariga alohida e'tibor qaratdi.
“Al-Hasod al-arabiy” gazetasi o'z maqolasida arab davlatlari bilan O'zbekistonning ko'p qirrali hamkorligiga to'xtalar ekan, mamlakatlarimizni o'zaro ishonch va do'stlikka asoslangan tarixiy va madaniy aloqalar bog'lab turishini qayd etdi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil may oyida Saudiya Arabistoniga, 2019 yil mart oyida BAAga tashriflarini, 2018 yil sentyabr' oyida esa Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining O'zbekistonga tashrifi alohida ta'kidlanadi.
Prezident Abdulfattoh as-Sisining mamlakatimizga tashrifi davomida hukumatlarimiz o'rtasida 4 ta bitim, vazirlik va idoralar o'rtasida hamkorlik bo'yicha qator bitim va o'zaro anglashuv memorandumlari imzolangani yuqori baholangan.
Misrning “Al-Diplomasi” gazetasi 2017-2020 yillarda O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan Misr, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, BAA, Marokash, Iordaniya kabi arab davlatlari Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasida siyosiy maslahatlashuvlar o'tkazilganiga e'tibor qaratib, ushbu tadbirlar mamlakatlarimiz munosabatlarini rivojlantirish va turli sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishda qulay imkoniyat yaratganini qayd etadi.
Maqolalarda ta'kidlanishicha, bugungi kunda O'zbekiston bilan arab davlatlari o'rtasidagi investitsiya sohasidagi hamkorlik doirasida 1,6 milliard dollar qiymatdagi 60 dan ziyod loyiha amalga oshirilayotgani yangi marralar mavjudligining tasdig'idir.
Misrlik nashrlar O'zbekiston tashqi ishlar idorasi rahbarining Misr Arab Respublikasi bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish haqidagi fikrlarini yuqori baholamoqda.
Jumladan, «Al-jurnal al-arabiy» umumarab jurnalida e'lon qilingan «O'zbekiston tashqi ishlar vaziri: Misr bilan aloqalar turli sohalardagi o'zaro manfaatli munosabatlarga asoslangan» sarlavhali maqolada Misr bilan O'zbekiston o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlik istiqbollariga katta e'tibor qaratildi.
«Al-axbar al-masai» gazetasi esa «Yashasin O'zbekiston – Misr do'stligi: O'zbekiston tashqi ishlar vaziri turli sohalardagi o'zaro manfaatli munosabatlarga asoslangan Misr bilan aloqalarni ta'kidladi» sarlavhali maqolani o'z o'quvchilari e'tiboriga havola qildi.
Mazkur maqolada ham O'zbekistonning Misr va boshqa arab davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida olib borayotgan tashqi siyosati masalalari qayd etiladi. Hususan, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining 2018 yil sentyabr' oyida O'zbekistonga tashrifi yakunlari va unda erishilgan ikki va ko'p tomonlama hamkorlik bo'yicha kelishuvlar ijrosi yuzasidan so'z yuritiladi.
Shuningdek, 2019 yil O'zbekiston va Misr vazirliklari va idoralari delegatsiyalari tomonidan amalga oshirilgan 40 dan ziyod o'zaro tashriflar aloqalar mustahkamlanayotganiga yaqqol dalil ekani qayd etilgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Shri-Lankaning “Uthaym” nashrida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Materialda Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuksak baholangan.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan takomillashtirish, xalqning ko‘p asrlik boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish hamda uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Mamlakatda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar va arxivlar faoliyatini modernizatsiya qilish, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi sifatida alohida e’tirof etilgan. Muallif fikricha, mazkur g‘oya nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ilmiy an’analarini qayta tiklash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan umummilliy dastur sifatida baholanmoqda.
Gazetaning yozishicha, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar faqat madaniy sohadagi islohotlar bilan cheklanmaydi. Ular mamlakatning ilmiy, ma’naviy va intellektual taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy manbalarni tadqiq etish, madaniy merosni muhofaza qilish va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.
Maqolada Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur betakror majmua O‘zbekistonning madaniy va ilmiy siyosatidagi eng muhim istiqbolli loyihalardan biri bo‘ldi. Markazda VII asrga oid noyob Usmon Mus'hafi saqlanayotgani uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Shu bilan birga, bu yerda qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, restavratsiya qilish, arxiv materiallarini tizimlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Gazetada O‘zbekistonning YUNЕSKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularni xalqaro turizm va ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati