Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Yanvar, 2026   |   1 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:44
Peshin
12:39
Asr
15:43
Shom
17:28
Xufton
18:45
Bismillah
20 Yanvar, 2026, 1 Sha`bon, 1447

29.04.2024   1525   1 min.
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov – xalqaro diniy diplomatiya professori

20.01.2026   586   11 min.
Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov – xalqaro diniy diplomatiya professori

Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov

 tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlanadi

XX asr ikkinchi yarmida SSSR tashqi siyosatida din omili, ayniqsa islom bilan bog‘liq masalalar alohida, ehtiyotkorona va tizimli tarzda yuritildi.

SSSRda islom omilining xalqaro munosabatlarda cheklangan, ammo maqsadli qo‘llanilishi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi (qisqacha O‘OQMDB, ruscha qisqartmasi SADUM, 1993 yildan O‘zbekiston musulmonlari idorasi) faoliyati bilan uzviy bog‘liq bo‘ldi. Ushbu tizimda shakllangan va amalda xalqaro diniy diplomatiyani yuqori saviyada olib borgan eng muhim shaxslardan biri – Shayx Yusufxon Shokirov (1926–2000) hisoblanadi. U yarim asrga yaqin vaqt davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi (O‘OQMDB) tizimida xizmat qilib, sobiq ittifoqning musulmon dunyosi bilan aloqalarida amaliy, tashkiliy va intellektual bog‘lovchi vazifasini bajardi.

Tabarruk oila

Yusufxon to‘ra Shokirov 1926 yilda Qirg‘iziston Respublikasining To‘qmoq shahrida mashhur islom olimlari oilasida tavallud topdi. Shu o‘rinda mintaqamizda islom dini rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan sulolalar qatorida Shokirovlar oilasini ham alohida qayd etish joiz. Yusufxon to‘raning otalari – Olimxon to‘ra Shokirov, Qo‘qon xoni Xudoyorxon amriga muvofiq shariat xizmati uchun Bolasug‘unga jo‘natilgan andijonlik Shokirxon to‘raning katta o‘g‘li bo‘ladilar (Shokirxon to‘raning Olimxon to‘radan keyingi ikkinchi o‘g‘li Alixon to‘ra Sog‘uniy ekani hammaga ma’lum). Olimxon to‘ra O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining 1943 yildagi ta’sis qurultoyi faol ishtirokchisi, mazkur qurultoy qaroriga ko‘ra, O‘OQMDBning Qirg‘izistondagi birinchi vakili-qozisi (hozirgi tilda aytganda, muftiysi), O‘OQMDB Prezidiumining a’zosi. Shokirovlar sulolasining din yo‘lidagi xizmatlarini davom ettirgan holda, Yusufxon to‘raning o‘g‘illari Muhammad-Akmalxon Shokirov ham uzoq yilllar O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida rahbar lavozimlarda (bo‘lim boshlig‘i, prorektor) faoliyat yuritdi.

Diniy va dunyoviy ilmlar bilimdoni

Yusufxon to‘ra Shokirov dastlabki ta’limni otalaridan olgan bo‘lsalar, sovet tuzumining ateistik siyosatiga qaramay, keyinchalik ham diniy, ham dunyoviy bilimlarni mukammal egallashga muvaffaq bo‘ldilar.

Dastlab 1948–1955 yillarda Buxorodagi mashhur Mir Arab madrasasida Qur’on qiroati va tajvid, tafsir, hadis, fiqh, islom tarixi, arab tili, mantiq va balog‘at fanlarini puxta o‘zlashtirdilar.

1955–1961 yillarda esa Misr Arab Respublikasidagi mashhur “Al-Azhar” universitetida o‘qib, arab tili fakultetini a’lo baholar bilan tamomladilar. Al-Azhar universitetidagi ta’lim Yusufxon to‘raning xalqaro tafakkurini kengaytirib, an’anaviy islom ilmlari bilan zamonaviy gumanitar fanlar uyg‘unligida islom olamidagi intellektual jarayonlarni anglash va kelgusidagi diplomatik faoliyati uchun mustahkam poydevor bo‘ldi.

Yu.Shokirov 1962–1967 yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti)ning Sharq fakultetida tahsil oldi. Lekin bu bilan cheklanib qolmay, keyinchalik 1974 yilda Moskva shahrida sovet davri uchun imkonsiz bo‘lgan din bilan bog‘liq mavzuda – Al-Azhar – ming yil davomidagi arab filologiyasi markazi”  mavzusida arab filologiyasi fanlari bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.

Shuningdek, u O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi huzuridagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida tadqiqotlar olib bordi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi (O‘OQMDB) tizimidagi faoliyat: diplomatiya va islom ta’limi

1961 yilda Misrdan qaytgach, Yu.Shokirov diniy idorada yangi tashkil etilgan xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri lavozimida ish boshlab, yirik din arboblari hisoblangan Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon, Ismoil Maxdum Sottiyevdan din va siyosat muvozanatini saqlash, “diniy diplomatiya” mahoratini o‘rgandilar.

Bu davr SSSR tashqi siyosatida Yaqin Sharq, Osiyo va Afrika mamlakatlari bilan munosabatlarni faollashtirish bosqichiga to‘g‘ri keldi. Sovetlar hukumati musulmon mamlakatlarni dekolonizatsiya (mustamlakadan ozod bo‘lish) jarayoni va milliy ozodlik harakatlarida qo‘llab-quvvatlash orqali ularni kapitalizm (AQSH va Yevropa davlatlari) ta’siridan o‘ziga og‘dirishga harakat qilar edi.

1960-1980 yillarda musulmon yetakchilari Sharq (asosan musulmon) mamlakatlaridan kelgan xorijiy delegatsiyalarga go‘yoki “din erkinligi mavjud” ekanini namoyish qilishlari, xalqaro maydonda “tinchlik uchun kurash”da  faol ishtirok etishlari, sovuq urush davrida qurolsizlanish siyosatini targ‘ib qilishlari SSSR tashqi siyosati uchun ijobiy baholandi.

Bu 1958 yil fevral oyida SSSR Ministrlar Soveti qoshidagi Din ishlari bo‘yicha kengash raisi A.A.Puzinning KPSS Markaziy Qo‘mitasi kotibi N.A.Muxitdinovga (mashhur o‘zbek siyosatchisi Nuriddin Akramovichni ko‘pchilik yaxshi biladi) taqdim etgan “SSSRning musulmon va boshqa diniy tashkilotlaridan Sharq mamlakatlarida sovet ta’sirini kuchaytirish maqsadida foydalanish yuzasidan” xatida ham o‘z aksini topgan.

O‘z navbatida, diniy idora rahbariyati bu siyosatdan diniy kitoblar (Qur’oni karim, Imom Buxoriy asarlari, diniy taqvim, diniy jurnal va b.)ni chop etish, yirik ziyoratgoh va masjidlarni ta’mirlash, Haj safarini tashkil qilish, xalqaro anjumanlar o‘tkazish, oliy islom institutini ochish kabi musulmonlar uchun manfaatli maqsadlarda samarali foydalandilar.

1961 yili sobiq ittifoqdagi diniy idoralar orasida birinchi bo‘lib O‘OQMDBda xalqaro aloqalar bo‘limi tashkil etildi. 1962 yil 30-31 oktyabrda Toshkentda o‘tkazilgan diniy ulamolari xalqaro konferensiyasi qaroriga ko‘ra, to‘rrta musulmon diniy idoralari taklifiga binoan, Moskvada SSSR musulmon tashkilotlarining xalqaro aloqalar bo‘limi tashkil etildi hamda muftiy Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon unga rahbar etib tayinlandilar.

Bundan tashqari, Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon Islom konferensiyasi (hamkorlik) tashkiloti, Islom olami uyushmasi qoshidagi Butunjahon masjidlar oliy kengashi, Jahon tinchlik kengashi, Sovet va O‘zbekiston tinchlik qo‘mitalari, Sovet va O‘zbekiston tinchlik jamg‘armalari, Osiyo va Afrika mamlakatlari birdamlik qo‘mitasi, Sovet va O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy aloqalar jamiyati Boshqaruv kengashi a’zosi bo‘lganlari diniy idora 70 dan ortiq xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishiga olib keldi.

Aynan shu davrda puxta bilim va tajribaga ega, arab, ingliz, turk, rus va fors kabi asosiy tillar bilan bir qatorda, jami 17 ta tilni mukammal bilgan Yusufxon to‘ra Shokirov diniy idoraning tashqi dunyo bilan aloqalarida asosiy muloqotchiga aylandi. Uning rahbarligida:

  • xorijiy musulmon delegatsiyalarini qabul qilish;

  • O‘OQMDB vakillarining xalqaro anjumanlarda ishtirokini tashkil etish;

  • rasmiy murojaatlar va bayonotlarni tayyorlash;

  • haj safarlari bo‘yicha xalqaro hujjatlarni muvofiqlashtirish;

  • har bir o‘tkazilgan tadbir va muloqot bo‘yicha rahbariyatga tahliliy hisobot va takliflar taqdim etish ishlari amalga oshirildi.

Ayniqsa, 1974 yil 20-23 avgust kunlari Samarqandda Imom Buxoriy tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro konferensiya O‘OQMDB xalqaro siyosatida burilish nuqtasi bo‘ldi. Anjumanda 20 dan ortiq davlatdan 60 nafarga yaqin xorijiy ulamolar ishtirok etdi. Yusufxon Shokirov ushbu tadbirda xalqaro tashkiliy qo‘mita kotibi sifatida ish yuritdi.

Muftiy Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon, o‘rinbosarlari  Ismoil Maxdum Sottiyev, xalqaro bo‘lim mudiri Yusufxon to‘ra Shokirovning Imom Buxoriy tavalludining 1200 yilligini nishonlash va xalqaro darajada mehmonlarni kutib olishda malakali xizmat ko‘rsatadigan diniy kadrlarni tayyorlash bo‘yicha takliflari doirasida 1971 yilda Toshkent shahrida Oliy ma’had tashkil etishga muvaffaq bo‘lindi. Shu sababli mazkur oliy ma’hadga rahbarlik qilish bir vaqtning o‘zida diniy idora xalqaro aloqalar bo‘lim mudiri vazifasini bajargan Yusufxon to‘ra Shokirov zimmasiga yuklatildi.

Avvaliga hujjatlarda “oliy diniy madrasa”, “oliy diniy maktab” (visshaya duxovnaya shkola) deb yuritilgan mazkur bilim dargohiga 1974 yilgi Imom Buxoriy konferensiyasi munosabati bilan buyuk yurtdoshimizning nomi berildi hamda u rasman “Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti” deb nomlanadigan bo‘ldi (diniy soha vakillari va xalq orasida hanuzgacha “oliy ma’had” nomi eng ko‘p qo‘llanilib kelmoqda).

O‘ziga xos maktab yaratgan rahbar va ilmiy-ma’rifiy meros

1975–1997 yillarda Yusufxon to‘ra Shokirov O‘OQMDB (keyinchalik O‘zbekiston musulmonlari idorasi) raisining noibi sifatida faoliyat yuritdi. 1997 yildan umrining oxirigacha u Bosh maslahatchi lavozimida ishlab, xalqaro munosabatlar va diniy diplomatiya sohasidagi tajribasini shogirdlari – yangi avlod kadrlarga o‘tkazdi.

SSSRning sovuq urush, qayta qurish va parchalanish davridagi (1961–1991) diniy diplomatiya sohasida to‘plangan tajriba aynan uning maktabi orqali saqlab qolindi hamda diniy idora xalqaro siyosatida institutsional vorislik ta’minlandi.

Yusufxon to‘ra Shokirov yurtimizdagi an’anaviy islom ta’limi, xalqaro islom ilm markazlari va sovet akademik maktabini birlashtirgan noyob shaxs sifatida Diniy idoraning musulmon dunyosi bilan munosabatlarida muhim rol o‘ynadi va uni tom ma’noda “xalqaro diniy diplomatiya professori” deb atash adolatli bo‘ladi.

Yusufxon to‘ra Shokirov samarali mehnat faoliyati bilan bir qatorda, Mir Arab madrasasi va Toshkent islom institutida talabalarga tafsir, hadis, arab adabiyoti va balog‘at fanlaridan dars berdi hamda ko‘plab shogirdlarga ustozlik qildi.

U islom ilmlari va filologiya sohasida 200 dan ortiq maqola, ma’ruza va chiqishlar muallifi bo‘lib, eng mashhur asarlari quyidagilar:

  • Al-Azhar – ming yil davomidagi arab filologiyasi markazi” nomli monografiya (Moskva, 1975);

  • 4 jildli Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati kitobining Xazoyinul ma’oniy (B harfidan boshlanuvchi lug‘at) asari (Toshkent, 1983);

  • Qissai Rabg‘uziy kitobidagi oyat va hadislarning o‘zbek tilidagi tadqiqi (Toshkent, 1992);

  • Islom – iymon, e’tiqod va hayot tarzi” kitobi (Toshkent, 1993).

Xotira va tarixiy ahamiyat

Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov 2000 yilning 28 sentyabrida 74 yoshda Toshkent shahrida vafot etdi. Janoza namozini muftiy Abdurashid qori Bahromov o‘qidi va “Minor” qabristoniga dafn etildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar tashabbuslari bilan 2026 yil yanvar oyida Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov tavalludining 100 yilligi keng nishonlanmoqda. Uning hayoti va faoliyati diniy idora tizimining barcha xodimlari – ulamolar, imomlar, mudarrislar hamda yangi yosh avlod vakillari uchun buyuk ibrat maktabi hisoblanadi.

Uyg‘un G‘AFUROV,

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti

rektori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Manba: https://oliymahad.uz/46061

Idora faoliyati