Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Sentabr, 2026   |   11 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:51
Quyosh
06:10
Peshin
12:16
Asr
16:32
Shom
18:25
Xufton
19:40
Bismillah
22 Sentabr, 2026, 11 Rabi`us soni, 1448

Imom Ja'farning 3 nasihati

30.04.2024   739   3 min.
Imom Ja'farning 3 nasihati

Sufyoni Savriy rahmatullohi alayh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning avlodlaridan bo'lmish Imom Ja'far Sodiq rahmatullohi alayhning huzurlariga borib: “Menga nasihat qilmaguningizcha yoningizdan ketmayman”, dedi.

Men sizga nima ko'proq foyda keltirsa, shuni aytaman, ey Sufyon, deb Imom Ja'far quyidagi uchta hikmatli nasihatlarini bayon qildi:

1. Agar Alloh sizga biror narsani bergan bo'lsayu, uni davomli va barqaror bo'lishini istasangiz, bu in'omi uchun Allohga ko'proq hamd va shukr ayting. Darhaqiqat, Alloh taolo o'z Kitobida: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman”, degan (Ibrohim, 7).

2. Agar rizqingiz kechiksa, gunohlaringiz uchun Allohga tez-tez istig'for ayting. Zero, Alloh taolo: “Bas, o'z Robbingizga istig'for ayting, albatta, U gunohlarni ko'plab mag'firat qiluvchidir, dedim. U zot osmondan ustingizga ketma-ket baraka yomg'irini yuboradir”, deb marhamat qilgan (Nuh, 10-12).

3. Va agar biror narsa sizni xafa qilgan bo'lsa, unda “Allohdan boshqada kuch va qudrat yo'qdir” – “Laa havla va laa quvvata illa billah” so'zini ko'p takrorlang, chunki bu so'z jannat xazinalaridan, xursandchilik va engillik kalitidir”.

Shunda Sufyon: “Bu uch nasihat naqadar ajoyib-a”, dedi.

Abu Abdulloh Ja'far ibn Muhammad hijriy 83, milodiy 700 yili Madinada tug'ilgan. Nasablari ota tomondan Hazrati Aliga, ona tomonidan esa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhumga boradi. Taba' tobe'inlardan, ahli baytning eng taniqli ulamolaridan, tafsir, hadis, fiqh ilmlaridan tashqari kimyo, fizika, hisob kabi tabiiy ilmlarda ham peshqadam bo'lganlar. Ba'zi manbalarga ko'ra Abu Hanifa va Imom Molikning ham ustozi bo'lganlar. Hijriy 148, milodiy 765 yili vafot etgan. Qabrlari Baqi' qabristonida, otalari Muhammad Boqir, bobolari Zaynulobidin, katta amakilari Imom Hasan yonlariga dafn etilgan.

Sufyoni Savriy hijriy 97, milodiy 716 yil Kufada tug'ilib, hijriy 161, milodiy 778 yil vafot etgan. Abu Abdulloh Sufyon ibn Sa'id ibn Masruq Savriy Kufiy, u zotning to'liq ismi sharifi hisoblanadi. Mujtahid, hadis bo'yicha mo'minlar amiri unvoniga ega, “Al-jome'” kitobi muallifi, ilmiga amal qiluvchi, o'z zamonasidagi olimlarning sayyidi bo'lgan. Sufyoni Savriy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'n ettinchi bobolari Ilyos ibn Muzarning chevarasi Savr ibn Abdumanot avlodiga mansub bo'lgani uchun “Savriy” deyiladi!

Abu Nuaymning "Hilyatul avliyo”, Zirikliyning "Al-A'lom" asarlari asosida TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi katta o'qituvchisi Po'latxon KATTAYeV tayyorladi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

«Chekka va chegaraoldi hududlarda yot g‘oyalarga moyilligi bo‘lgan fuqarolarni sog‘lom hayotga qaytarish» loyihasiga start berildi

22.09.2026   1383   1 min.
«Chekka va chegaraoldi hududlarda yot g‘oyalarga moyilligi bo‘lgan fuqarolarni sog‘lom hayotga qaytarish» loyihasiga start berildi

21 sentyabr kuni Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida «Chekka va chegaraoldi hududlarda yot g‘oyalarga moyilligi bo‘lgan fuqarolarni sog‘lom hayotga qaytarish» loyihasiga start berishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda loyihaning maqsad va vazifalari, asosiy yo‘nalishlari hamda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining hududlarida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

Jumladan, 11 oyga mo‘ljallangan loyiha doirasida ma’naviy-ma’rifiy va profilaktik yo‘nalishlarda keng qamrovli ishlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, 36 ta targ‘ibot tadbiri, 23 ta seminar va 1 ta ilmiy-amaliy seminar hamda hujjatli film, videoqo‘llanma, qo‘llanmalar, risola, elektron va bosma materiallar, podkastlar hamda ko‘rsatuvlar tayyorlanadi.

Tadbirda hududlardagi ishlarni samarali tashkil etish, mahalla va ta’lim muassasalari, shuningdek, hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi buyurtmasi asosida amalga oshiriladi. Loyiha ijrochisi — Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi.

Loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar bugungi kunda jamiyat oldida turgan dolzarb vazifalardan biri — radikalizm, ekstremizm va turli buzg‘unchi g‘oyalarning oldini olish, yoshlarni bunday ta’sirlardan asrashga qaratilgan.

Zero, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqan yurtimizda ma’rifat va ezgulikni keng targ‘ib qilish, jaholat va buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi ma’naviy immunitetni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu ma’noda, mazkur loyiha fuqarolar bilan manzilli ishlash, sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish va jamiyatda ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari