Ma'lumki ko'pgina ayanchli transport hodisalari kelib chiqishiga asosiy sabab yo'l qoidalariga amal qilmaslik, katta tezlik, boshqaruvdagi bepisandlik va boshqa sabablardir. Bundan tashqari boshqa maxfiy sabablar ham mavjud. Tabiblar ogohlantirgan ko'zi ojizlik, bosh og'rig'i kabi kasalliklar ham yo'l transport hodisalariga sabab bo'ladi.
Yo'l transport hodisasi sabablari quyidagi ishlarda jamlanadi:
Katta tezlik.
Voqelikda har qanday boshqaruvchiga katta tezlikni jilovga olish mumkin bo'lavermaydi. Chunki bu narsa yo'llarni keng yoki torligi, transportlar tiqilinch yoki tiqilinch emasligiga ham bog'liq. Bir transport boshqa transportdan farq qiladi. Shuning uchun aytamizki, davlat muayyan tezlikni belgilab qo'ygan bo'lsa, imkon qadar ana shu belgilangan tezlikda boshqarish vojib bo'ladi. Chunki voliyning amriga itoat qilish vojib. Ayniqsa inson manfaatlari bo'lgan narsalarda batariqa a'lo bo'ladi. Hursand bo'lmaydigan ish sodir bo'lib, boshqaruvchi o'sha vaqtda nadomat chekib yurmasligi uchun belgilangan tezlikdan oshirib yubormaslik lozim. Faqatgina zarurat vaqtida, hojat tushganda istisno qilinadi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mulohazakorlik Allohdan, shoshqaloqlik shaytondan”, dedilar [1].
Ibn al-Qoyyum rohimahulloh aytadilar: “darhaqiqat shoshqaloklik shaytondan bo'ladi. Chunki shaytonlar engiltak va o'ylamay ish qiladigan, bandalarni sobitlik, hilm va viqor singari sifatlardan to'sishga g'ayratli bo'lgan maxluqlardir. Shaytonlar narsani o'z o'rnidan boshqa joyga qo'yadigan, yomonlikka chaqirib yaxshilikdan to'sadigan toifadandir. Ular ikki mazammat qilingan narsada paydo bo'ladilar. Birinchisi tavrit(juda sustkashlik), ikkinchisi vaqtidan oldin shoshiltirish”.
Qizil chiroqda o'tish.
Shak-shubha yo'qki svetofor chorrahalarda transportlar harakatini tartibga solib turish uchun qo'yilgan. Transport boshqaruvchisi qachon to'xtab, qachon harakatga tushishni u orqali biladi. Svetoforning qizil ishorasiga amal qilmaslik yo'l qoidalari buzilishidagi eng katta xatarlardan biri. Chunki uni buzgan boshqaruvchi boshqa transportlar harakatlanmasidan avval, tezda o'tib ketmoqchi bo'ladi, shunda to'satdan yo'ldan bir inson o'tib qolishi yoki yashil ishoraga tayanib boshqa tarafdagi transportlar harakatlanib qolishi mumkin. Natijada svetofor ishorasiga amal qilmagan kishi bir insonni urib yuborishi yoki boshqa transport bilan to'qnashib ketishi, bu esa o'z navbatida o'zi va boshqalar uchun ko'ngilsiz voqealarni kelib chiqishiga sabab bo'ladi.
Garchi chorrahaning boshqa tarafida transport bo'lmasada qizil ishorada qat'iy to'xtab turish lozim. Chunki to'satdan qandaydir holatlar yuzaga kelib qolish ehtimoli bor. Alloh taolo: “Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Payg'ambarga va o'zingizdan bo'lgan ishboshilarga itoat qiling” [2] degan. Ishboshilar yo'lni tartibga solib turish uchun maxsus belgilarni joriy qilganlar. Ana shu belgilar insonga “yur!”, “to'xta!” deb ishora qiladi. Mana shu ishoralar ishboshilarning so'zi o'rnida. Go'yoki ishboshi sizga “yur!” yoki “to'xta!” deyayotganday. Ishboshiga itoat qilish vojib. Bunda boshqa tomonda transport yo'q bo'ladimi, bor bo'ladimi hukm bir xilligicha qoladi.
Charchoq holatda mashinani boshqarish.
Bunda transport boshqaruvchisi sergak tortishi lozim bo'lgan uyqusirash, charchash kabi sabablar kiradi. Chunki bu holatda mashinani boshqarish katta yo'l transport hodisasiga sabab bo'layotganini bugungi voqelik ham ko'rsatib turibdi.
Transportga e'tiborsizlik va uni sozligini nazorat qilmaslik.
Transportning texnik sozligini nazorat qilib turish lozim. Ularni yoqilg'ilarini, ehtiyot qismlarini yaxshi ishlayotganiga ishonch hosil qilish kerak. Ayniqsa tormozini yaxshi sozlab olish kerak bo'ladi. Chunki transportga e'tiborsizlik oqibatida boshqaruvda kamchilikka yo'l qo'yilmagan holatda ham yo'l transport hodisalariga sabab bo'lishi mumkin.
Boshqaruv vaqtida telefondan foydalanish va xavfsizlik kamarini taqmaslik.
Transport boshqaruvchisi telefondan foydalanayotganda e'tibori chalg'ishi, telefon orqali suhbatda a'zolarni band qilib qo'yishi, suhbatdan ta'sirlanishi va hissiyotga berilishi kabi yo'l transport hodisasiga olib boradigan sabablar vujudga keladi. Havfsizlik kamarini taqmaslikda o'z jonini xatarga qo'yish holati kuzatilishi mumkin. Chunki birdaniga to'xtashga majbur bo'lganda tana a'zolarini transport qismlariga urish natijasida shakastlanishi mumkin.
Yo'l transport hodisasiga olib keladigan sabablardan yana biri al'kogol mahsulotlarini iste'mol qilish. Buni iste'mol qilgan kishi tomonidan yuzaga kelgan hodisa engilroq hodisaga kirmasligi barchaga ayon. Chunki alkogol iste'moli natijasida sodir etilgan talofatlar kamida o'lim hodisasi bilan yakunlanmoqda.
Alloh taolo: “Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho'plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas undan chetda bo'ling. Shoyadki najot topsangiz”[3], degan.
Tutqanoq va xushini yo'qotib qo'yish kasalligi kasalliklar orasida yo'l transport hodisasiga olib boradigan eng xatarli kasallik turidan hisoblanadi. Hatarlisi shundaki, bu kasallik qaysi vaqt ro'y berishini hech kim bilmaydi. Agar transport boshqarayotganda shunday kasallik xuruj berib qolsa katta talofatga olib borishi aniq. Bunday kasallik bilan kasallangan kishilar transport boshqaruviga o'tirishi man qilinadi.
Bundan ko'rinadiki, har bir kishi yo'l transport hodisasiga bevosita yoki bilvosita sababchi bo'lishdan ehtiyot bo'lishda yuqoridagi sabablardan saqlanishi lozim. Yo'l qoidalariga amal qilishda, transportlarni boshqarishda, yo'lda insonlar bilan go'zal muomala qilishda, baxtsiz hodisalar vujudga kelganda yordamga shoshishda musulmon kishi boshqalarga namuna bo'lishi dini yaxshi sanagan ishlar sirasiga kirishi hech kimga sir emas.
A'zam SAMINOV
[1] Bayhaqiy 3390-raqam bilan rivoyat qilgan.
[2] Niso surasi, 59-oyat.
[3] Moida surasi, 90-oyat.
Yaxshilar yodi
Muhammadlatif domla dastlabki ta’limni otasi Shayx mulla Olim rahmatullohi alayhdan o‘rganish barobarida u zotning duolarini ham olishga muvaffaq bo‘lgan. Ana shu duoning sharofati bilan u kishi katta olim bo‘lib yetishdi.
Maktabni oltin medal bilan tamomlagan ustoz harbiy xizmatdan qaytgach, Buxorodagi Mir Arab madrasasida, so‘ngra Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil oldi. O‘sha kezlarda ma’hadga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari mudir edi.
Muhammadlatif domla institutni tugatgach, Buxorodagi Mir Arab madrasasiga talabalarga saboq berish uchun yuboriladi. Keyinchalik yana Toshkentga qaytib, ma’hadda mudarris bo‘lib ishlaydi. O‘sha paytda Toshkent islom institutida eronlik, tojikistonlik va afg‘onistonlik talabalar ham ta’lim olishgan. Muhammadlatif domla fors tilini yaxshi bilgani uchun chet ellik talabalarga shu tildan dars bergan. Qattiqqo‘lligi bois ayrim dangasa talabalar domlaning ustidan shikoyat qilishgan.
Shikoyat chet ellik talabalar nomidan bo‘lgani uchun Tashqi ishlar vazirligi darajasigacha chiqqan. Tabiiyki, bu shikoyat qanoatlantirish uchun O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi rahbariyatiga topshirilgan. Idora rahbariyati rektor Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga murojaat qilib, shikoyat yozilgan qog‘ozni ko‘rsatgan.
Shunda Shayx hazratlari muftiyga: “Talabalarning bilmasdan yozgan shikoyatlari sababli tajribali o‘qituvchini ishdan olish adolatdan emas. Agar shunday qilinsa, shikoyatlar yana ko‘payishi mumkin. Buning o‘rniga Muhammadlatif domlaning darsini kuzatish uchun maxsus vakil tayinlayman. Agar vaziyat rostdan ham talabalar shikoyat qilganidek bo‘lsa, u domla bir kun ham ishlamaydi”, degan. Vakil darsni kuzatib, hech qanday e’tiroz yo‘qligini va domlaning talabi o‘rinli ekanini aytadi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi muftiysi bo‘lganida, Muhammadlatif domla Toshkent islom intitutiga rektor etib tayinlandi. Ikki ulamo O‘zbekistonda diniy ta’limni tubdan isloh qilishga, talabalar sonini ko‘paytirishga va xalqimiz o‘rtasida diniy ta’limni keng yoyishga harakat qiladi.
Shayx hazratlariga o‘sha paytlarda tuhmatlar bo‘ldi va bu tuhmatlardan Muhammadlatif domla ham benasib qolmadi. Ikkala ulamo ishdan bo‘shashga majbur bo‘lishdi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari chet elga chiqib ketdi. Muhammadlatif domla esa “Ko‘kaldosh” madrasasida o‘qituvchi va “To‘xtaboyvachcha” jome masjidiga imom bo‘lib ishga kirdi. Lekin tuhmatlar tinmadi. Oqibatda domla Rossiyaning Qozon shahriga ketib, u yerdagi islom universitetiga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirdi. Keyinchalik Chechenistonning prezidenti Ahmad Qodirovning taklifiga binoan Grozniy shahridagi islom universitetiga mudarris bo‘ldi.
Muhammadlatif domla sarf va nahv ilmini yaxshi bilish barobarida fiqh, tafsir va boshqa ilmlarni puxta o‘zlashtirdi. “Kofiya”ni yod oldi. Talabalarga shu fanlardan yoddan dars o‘tar edi. Shu bois u kishi ilm ahli orasida “Abu nahv”, ya’ni nahv ilmining otasi, deya tanildi.
Muhammadlatif domla Chechenistonda dars berib yurgan paytlarida 57 yoshida Qur’oni karimni to‘liq yod oldi. Domladan shogirdlari: “Kalomullohni keksaygan chog‘ingizda yodlashingizning boisi nima?” deb so‘rashganida, u kishi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Qur’on sohibi jannatga kirganida unga: “O‘qi va ko‘taril!” deyiladi. Bas, u o‘qiydi va har bir oyatni o‘qiganida bir daraja yuqorilaydi. (Qur’ondan) oxirgi narsani o‘qigunicha shunday bo‘ladi” (Ibn Moja rivoyati), degan hadislari menga qattiq ta’sir qildi. Ko‘plab talabalarga saboq berdim. Ularning ko‘pi Qur’oni karimni to‘liq yod olishdi. Men, inshoalloh, Allohning inoyati bilan jannatga kirsam, Qur’oni karimni yodlamaganim uchun behishtning quyida qolib ketishni xohlamayman», degan.
Alloh taolo marhum ustozimizning oxiratlarini obod qilsin. Niyatlariga yarasha jannatning eng oliy darajalaridan nasib qilsin.
Tolibjon NIZOM