Alloh senga ravo ko'rganiga rozi bo'l! Ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadilar: “Alloh senga taqsimlab qo'yganiga rozi bo'l, odamlarning eng boyi bo'lasan. Alloh senga harom qilgan narsalardan chetlan, odamlarning eng taqvodori bo'lasan. Alloh senga farz qilgan narsalarni to'kis ado et, odamlarning eng obidi bo'lasan”.
Senga eng mehribon bo'lgan Zot ustidan senga rahm qilmaydiganlarga shikoyat qilma! Allohdan yordam so'ra, Allohga tayan, shunda Uning xos bandalaridan bo'lasan!
Uboda ibn Somit roziyallohu anhu aytadilar: “Odamlarning qo'lidagi narsadan umidingni butunlay uz, zotan shu haqiqiy boylikdir. Ta'magirlikdan, hojatlaringni odamlardan so'rashdan saqlan, zero, bu ayni faqirlikdir. Namoz o'qisang oxirgi namozingni o'qiyotgandek o'qi!”.
Endi bu haqda salaflarning hayotidan namunalarni keltirib o'tsak:
Zahabiyning “Tazkirotul huffoz” kitobida buyuk peshvolardan biri Imom Mansur ibn Zozon As-Saqafiy Al-Vositiy (131-hijriy yilda vafot etgan) rahimahullohning tarjimai holida bunday deydi: “Shogirdi Hushaym aytadi: U kishiga farazan: “O'lim farishtasi eshik tagida turibdi, deyilsa ham amalida ziyodalik bo'lmasdi” (ya'ni shundoq ham o'limi yaqin odamdek amal qilardi).
U kitobda yana Imom Mansur ibn Mo'tamir As-Sulamiy Al-Kufiy (132-hijriy yilda vafot etgan) rahimahullohning tarjimai holida bunday keladi: “Uning shogirdi Sufyon Savriy aytadi: Agar (ustozim) Mansurni namoz o'qiyotganini ko'rsangiz (shunchalik xushu' bilan o'qiyotganidan) hozir o'lib qolsa kerak, deb o'ylaysiz. Uning yana bir shogirdi Zoida ibn Qudoma aytadi: Mansur qirq kun ro'za tutdi, qirq tun qoim bo'lib, tuni bo'yi yig'lardi, tong otsa ko'ziga surma surib, chehrasini ochib, boshini yog'lab chiqardi. Onasi uni ko'p yig'laganini, qo'rquvini, Alloh taologa uzoq ibodat qilganini ko'rib, odam o'ldirib qo'ydingmi (bunchalar tavba-tazarru' qilasan)? – dedi. Shunda u aytdiki: “Nafsim nima qilganini o'zim bilaman!”.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘iz Respublikasining yuksak mukofotini davlatimiz rahbariga Prezident Sadir Japarov topshirdi.
O‘zbekiston yetakchisi qardosh Qirg‘iziston Prezidenti va xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlar hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarini yangi tarixiy bosqich – ittifoqchilik darajasiga olib chiqishga qaratilgan mushtarak intilishlarning yuksak e’tirofi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.
1996 yilda ta’sis etilgan “Manas” ordeni Qirg‘iz Respublikasining oliy davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi. Respublika va xorij fuqarolariga davlatchilik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv rishtalarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi.