بسم الله الرحمن الرحيم
الحمد لله رب العالمين و الصلاة و السلام على سيدنا محمد و على آله و أصحابه أجمعين
لا حول و لا قوة إلا بالله
Dinimizning asosiy yo'nalishi nasihatdan iboratdir. Bu haqda Tamim Doriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisni ko'rishimiz mumkin. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Din nasihatdir”, dedilar. So'radilar: “Kim uchun?”. Nabiy alayhissalom: “Alloh uchun, U Zotning Kitobi uchun, U Zotning Rasuli uchun va musulmonlarning imomlari hamda ommalari uchun”, dedilar (Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyati).
Amri ma'ruf va nahyi munkar imkoni bor har qanday musulmonga farz. Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Nafsim qo'lida bo'lgan zotga qasamki, albatta yaxshi ishga buyurasiz va, albatta munkar ishdan qaytarib turasizlar. Yoki bo'lmasa to'satdan Alloh ustingizga uqubat (jazo)ni yuboradiki, so'ngra duo qilsalaringiz ham ijobat bo'lmay qoladi” (Imom Termiziy rivoyati).
Mazkur nasihat avvalo oiladan boshlanishi kerak. Biroq oila boshlig'i bo'lmish otaning o'zida odob bo'lmasa, amal bo'lmasa, ilm va ma'rifat bo'lmasa, qandoq qilib ham nasihat qilsin?
Shuning uchun tarbiyani avvalo o'zimizdan boshlashimiz kerak. Biz o'zimizni isloh qilmas ekanmiz, boshqalarga nima ham deya olardik?
Oila boshlig'i bir erkak sifatida tirikchilik ishlarini ado qilib, oila uchun, bola tarbiyasi uchun ham vaqt ajratmas, ularning ustidan zimdan nazorat qilib turmas ekan, bunday oilada voyaga etgan farzanddan nimani kutish mumkin?
Keyingi navbat qarindosh-urug'larni ham vaqti-vaqti bilan tartibga solib turishdir. Zero, ularning javobgarligi ham bizning zimmamizdan soqit emasligini unutmaslik kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam butun bashariyatga, nainki bashariyatga, balki jinlarga ham payg'ambar bo'lib yuborilgan bo'lsalar-da, Alloh taolo u zotga xitob qilib qarindoshlarni ogohlantirishni alohida ta'kidlagan: “Yaqin qarindoshlaringni ogohlantir” (Shu'aro, 214).
Ana endi navbat butun jamiyat a'zolariga keladi. Shu yurtdagi, shu zamindagi, shu jamiyatdagi bolalar tarbiyasi uchun ham mas'ulmiz. Bu masalaga shariatimiz ko'rsatmalarida e'tibor yuqori bo'lgan.
Shahobiddin PARPIYeV,
Asaka tumanidagi “Muhammadsolih” jome masjidi imom-xatibi.
Ota – oilaning suyanchi, farzandning qalqoni, jamiyatning ustuni. Farzand tarbiyasi – bu faqat onaning emas, balki otaning ham vazifasidir. Chunki oila ikki qanot, sog‘lom bo‘lsagina, to‘g‘ri parvoz eta oladi. Alloh taolo kalomida bunday deydi: “Ey mo‘minlar, o‘zlaringizni va oilangizni do‘zax o‘tidan saqlang!” (Tahrim surasi, 6-oyat). Bu oyatdan ma’lumki, Alloh taolo har bir musulmon erkakni o‘z oilasi, xususan, farzandlari uchun javobgar qilib qo‘ygan. Ularning ma’naviy-axloqiy darajada yuksak bo‘lishi bir tomondan otaning ham vazifasidir.
Ota – oilaning imomidir, u namozdagi imomdek, oilasini to‘g‘ri yo‘lga boshlashi kerak. Chunki bir jihatdan, oyatda zikr etilganidek, ular ayollarga ham rahbardirlar, o‘z hukmronligi mustahkam bo‘lgan oilada, albatta, farzandlar ham aqlli, farosatli bo‘lib yetishadi. Yosh bolaning qalbi oppoq sahifaga o‘xshaydi. Ota bu sahifaga qanday so‘zlar yozsa, farzandning kelajagi shunga ko‘ra shakllanadi. Demak, bolaga iymon, halollik, sabr, mehr-oqibat, fidoyilik kabi fazilatlarni berish otaning birinchi navbatdagi burchidir.
Afsuski, ayrim otalar farzandining jismoniy ta’minotini qilib, axloqiy va ma’naviy tarbiyasini unutmoqda. Mehrsiz go‘zal oqibat shakllanmaydi. Farzandga yangi telefon, kiyim olish emas, uni namozga o‘rgatish, halol-haromni anglatish, Alloh sevgisini yuragiga solish muhimroq. Chunki bola ota nima qilsa, o‘sha yo‘ldan yuradi. Bolalar otalarini o‘zlariga “qahramon” sifatida tanlashadi. Ota tongda bomdodga tursa, farzand ham tongda uyg‘onishni o‘rganadi. Ota halol mehnat qilsa, farzand halollikni qadrlaydi. Farzandlar otalarning vijdoni, ularning pok e’tiqod natijasidir.
Ota – o‘z hayoti bilan dars beradigan inson. Islom olamining yetuk namoyandasi Fotima Samarqandiyaning otasi – buyuk muhaddis va faqih Muhammad ibn Ahmad Samarqandiyning o‘zaro munosabatlarida ko‘ramiz. Fotima Samarqandiya yoshligidan ilm o‘rgandi. Otasi uni nafaqat dunyo ilmlariga, balki Qur’on, fiqh va hadisga oshno qildi. Fotima ilmda otasining eng yaqin shogirdi, hayotda esa eng sodiq yordamchisi edi. Ustoz sifatida otasi uni buyuk alloma sifatida tarbiyaladi. Otasi unga o‘z qo‘li bilan fiqhiy masalalar yozilgan daftarini ishonib topshirgan. Bu nafaqat ilmiy ishonch, balki otalik e’tibori va muhabbatining yorqin belgisi edi.
Farzandingiz sizga Allohning omonati. Uni faqat dunyoviy emas, axloqiy va diniy tarbiya bilan ham boyiting. Har bir o‘rgatgan duoingiz, har bir qilgan mehribonligingiz, har bir amalingiz – siz uchun sadaqai joriyadir. Bu dunyodan o‘tganingizdan so‘ng ham sizga ajr bo‘lib qaytaveradi. Unutmang, yaxshi farzand bu – otaning eng buyuk merosidir.
Mahfuza BOZOROVA,
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
“Mo‘minalar” jurnalining 2025 yil 9-sonidan