Unutmangki, Alloh taolo O'ziga yuzlanishingiz uchun sizni turli musibatlar bilan sinaydi. Ba'zan Allohdan imtihonlardan muvaffaqiyatli o'tishni yoki soliha juft halol yo yana boshqa narsalarni so'rab oy va yillar davomida duo qilasiz. Ammo duoingiz ijobat bo'lmayotganidan tashvishga tusha boshlaysiz.
“Nega Alloh duolarimni qabul qilmayapti?” degan savollar hayolingizda tinmay aylanadi. Ammo Alloh sizga qancha ne'matlarini tayyorlab qo'yganini bilmaysiz! Siz banda ekaningizni e'tirof etib, noumid bo'lmay Allohdan qancha ko'p so'rasangiz, qalbingiz shuncha yumshaydi. Tobora Allohga muhtoj ekaningizni tushunasiz. Aslida, har bir olgan va chiqargan nafasimiz Allohning bizga bergan cheksiz ne'matidir.
Allohning yuborgan sinovlari sababli banda ojizligini anglash bilan birga, Allohdan boshqa hech kim unga yordam bermasligini tushunib etadi. Bu bandaning iymonini yanada mustahkamlaydi.
Agar Sizdan “Allohga eng yaqin bo'lgan vaqtiniz qachon bo'lgan?” deb so'rasalar siz “Oila qurganimda”, “farzandli bo'lganimda” yoki “yangi ishga kirganimda” deb aytmaysiz. Balki hayotingizning eng qiyin lahzalarini, qiyinchilikka duch kelganingizda vaziyatdan qanday chiqishni bilmay qolganingizni, farzandingiz kasal bo'lganda, onangizdan ayrilganingizda Allohga yanada yaqin bo'lganingizni eslaysiz.
Siz hayotingizning ana shunday eng mushkul vaziyatlarida Allohga har qachongidan ham ko'ra ko'proq yolvorib duo qilgansiz.
Nega? Chunki faqat Alloh sizni bu qiyinchiliklardan qutqarishi mumkinligini bilgansiz. Allohdan boshqa hech kim yordam bera olmasligini anglab etgansiz.
Ha, ayrim bandalar turli sinov-musibatlar sababli Allohga yuzlanadi, Robbiga qaytadi.
Yana ba'zi bandalarning esa Alloh taologa qaytishiga gunoh amallar sabab bo'ladi. Bu haqda Ibn Atoulloh Sakandariy rahmatullohi alayhi bunday deydilar: “Gohida U Zot senga toat eshigini ochadi va qabul eshigini ochmaydi. Gohida senga gunohni taqdir qiladi va u (U Zotga) etishishga sabab bo'ladi”.
Ulamolardan biri aytadi: “Banda gunoh sababli jannatga kirishi va savob ish tufayli jahannamga tushishi mumkin”, dedi.
Odamlar taajjublanib: “Qanday qilib bunday bo'lishi mumkin?” deb so'rashdi.
Olim ularga: “Banda ba'zan gunohga qo'l uradi, keyin o'ziga kelib, qilgan gunohiga qattiq afsuslanadi, tinmay afsus-nadomat chekadi. Oxiroqibat unda o'zini past olish, siniqlik va nadomat paydo bo'ladi. Avvalgidan ko'ra toat-ibodatga ko'proq urinadi, ixlos qiladi. Natijada bu gunohi uning jannat sari harakat qilishiga sabab bo'ladi.
Yana boshqa banda bir yaxshilik qilib, kibrga, ujbga, maqtanishga, odamlardan maqtov eshitishga beriladi. Aynan shu hol uning halokatiga, do'zaxga sari etaklaydi”.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Senga yetgan bo‘lsada halokatlar zarari,
Xabar bermish u senga kelajak ne’matlari.
Bir yigit qamaldi. U yolg‘iz farzand bo‘lib, onasining u yigitdan boshqa hech kimi yo‘q edi. Onaning ko‘zidan uyqusi qochdi, uni g‘am-tashvish chulg‘ab oldi. Yig‘layverib yoshlari qurib qoldi. U shunday holdaligida Alloh taolo uning qalbiga: “Laa havla va laa quvvata illa billaah” (Kuch-quvvat faqat oliy, buyuk Allohdandir) kalimasini solib qo‘ydi.
Ona jannat hazinalaridan bo‘lmish bu kalimani qayta-qayta takror qila boshladi. O‘g‘lining chiqishidan umidini uzgan kunlarining birida kimdir eshikni qoqib qoldi. Eshikni ochib, onaning ko‘ngli yorishib, xursand bo‘lib ketdi, Chunki uning qarshisida sevimli o‘g‘li turar edi.
Bu Robbisiga bog‘langan, Unga ko‘p duo qilgan va ishini U zotning o‘ziga topshirgan bandaning mukofotidir. Shunday ekan, siz ushbu kalimani lozim tuting. Chunki bu ulug‘ kalimadir. Unda baxt-saodat siri bor. U kalimani ko‘proq ayting, u bilan g‘am parchalarini quving va Allohdan tez orada keladigan xushxabarni kuting.
Hech qachon sizdan umid rishtalari uzilib qolmasin, hech qachon tushkunlikka tushmang. Shuni bilingki, har qanday qiyinchilik ortidan yengillik keladi, har qanday qiyinchilik ortida bir yengillik bo‘ladi, bu narsa doimiy takrorlanib turadigan dunyo qonunidir. Shunday ekan, Allohga chiroyli gumon qiling, Unga tavakkul qiling va Undan yaxshi narsalarni so‘rang, umid qiling.
Shu’la: Qiyinchilik va g‘amlaringizni boshqalar bilan gaplashadigan mavzu qilib olmang. Chunki bu narsa siz bilan saodat o‘rtasida to‘siq paydo qiladi.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan