Hato qilib, yuqoridan pastga qulashingiz ayb emas. Bu qulashdan dahshatga tushib, endi qayta ko'tarila olmayman, deyish ayb. Hato qilish ayb emas, uni tushunib etgandan keyin to'g'rilamaslik ayb!
Hech bir inson xato va kamchilikdan xoli emas. O'zi adashib qilgan gunoh ishlarni so'zlamaslik, o'zgalardan ayb axtarmaslik, birovning aybiga, xatosiga nogoh ko'zi tushib qolganida, uni yoymaslik dinimiz talablaridandir.
Mo'minning aybi, gunohini ko'rib qolgan kishi uni yashirishi mustahabdir. Hususan, xunuk ishlar obro'li, yomonligi kuzatilmagan kishidan sodir bo'lsa, uni ommaga oshkor qilmaslik zarur.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim mo'minning aybini yashirsa, Alloh qiyomat kuni uning aybini yashiradi”(Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Yana bir hadisda Nabiy alayhissalom: “Yaxshilaringizning adashishlaridan ko'z yuminglar”, dedilar (Abu Dovud rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasalalm: “Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh uning aybini oshkor qiladi, hatto uni o'z uyida ham sharmanda qiladi”, deganlar (Ibn Moja rivoyati).
Chunki ayblarni oshkor qilish, bir mo'mindan sodir bo'lgan ishni so'zlash yomonlikni yoyish hisoblanadi. Ulamolar: “Ishlarning a'losi ayblarni yashirishdir”, deyishgan.
Fuzayl ibn Iyoz aytadi: “Mo'min yashiradi va nasihat qiladi, fojir esa oshkor qiladi va ayblaydi”.
Biroq fisqu fujur ishlarni qilayotgan kishini ko'rganda, uni qaytarish vojib sanaladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz munkar ishni ko'rsa, uni qo'li bilan o'zgartirsin, agar unga qodir bo'lmasa, tili bilan, agar bunga ham kuchi etmasa, ko'ngli bilan o'zgartirsin. Bu esa imonning eng zaifidir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Hech kimning biror musulmondan ayb qidirishi to'g'ri emas. Alloh taolo: “O'zgalardan ayb qidirmang”(Hujurot surasi, 12 oyat), deb marhamat qilgan.
Hato yoki gunoh qilgan mo'min Allohga tavba qilishi kerak. Kim bo'lishidan qat'i nazar, aybini birovga ochmasin. Chunki Alloh taolo: “Albatta, imon keltirgan kishilar o'rtasida buzuqliklar yoyilishini istaydigan kimsalar uchun dunyoda ham, oxiratda ham alamli azob bordir. Alloh bilur, sizlar bilmassiz”(Nur surasi, 19 oyat), deb marhamat qiladi.
Islom dini insonlarni faqat yaxshilikka targ'ib etadi. Bunday yo'l dinimizning naqadar insonparvarligiga, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning olamlarga rahmat qilib yuborilganlariga dalildir.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Savol: Ayollar namozda sajda qilganida oyoq barmoqlari uchi qiblaga qarab turishi kerakmi yoki yo‘qmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Faqihlarimiz namoz o‘qishda ayol va erkak holatlarining farqli jihatlarini bayon qilib berganlar. Masalan, ayollar namozni erkaklar kabi ovoz chiqarib o‘qimaydi, rukuda ham erkaklardek belini to‘liq bukmaydi va tizzalarini tik tutmaydi va hokazo.
Savolda so‘ralgan sajdadagi holatga kelsak, erkaklar oyoqlarini tik qilib, barmoqlarini qiblaga qaratib turadilar. Ayollar esa, oyoqlarini tik qilmaydilar, balki oyoq barmoqlarining ust tomonini yerga qo‘yib, sajda qiladilar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.