Cavol: Dinimizda Bitkoin, Notkoin va boshqa shu kabi kriptavalyutalarda savdo-sotiq qilishga munosabat qanday?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bitkoin, Notkoin kabi kriptavalyutalarni o'zaro ayriboshlash va ular bilan savdo-sotiq qilish shar'an joiz emas. Chunki ushbu kriptovalyutalarda shariatimiz tomonidan pulga qo'yilgan talablar topilmaydi. Qolaversa, ularni biror davlat ishlab chiqarmagani yoki rasman tan olmagani, narxining keskin o'zgaruvchanligi hamda unda qimor alomatlari borligi u bilan muomala qilish harom ekaniga asos bo'ladi. Bu haqda avval ham batafsil javob (https://t.me/diniysavollar/1231) berilgan edi.
Shuni ham ta'kidlash joizki, hozirda faqat elektron ko'rinishda mavjud bo'lgan "raqamli pul”lar vaqt o'tishi bilan shariatimizga muvofiq tovar va pulga qo'yilgan shartlarga to'liq javob bera olsa, shundagina ulardan foydalanishning hukmi ham o'zgarishi mumkin. Demak, kriptovalyutalarning hukmi halol bo'lmaguncha mo'min musulmonlar bu pullar bilan savdo qilmay turishlari lozimdir. Zero Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:
“Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o'rtasida shubhali narsalar bor. Ko'p odamlar buni bilmaydilar. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro'sini pok saqlaydi. Kim shubhalarga tushsa, haromga tushadi...”(Imom Buxoriy rivoyati).
Kriptavalyutalar savdosi hozirga qadar Dunyo musulmon ularmolari birlashmasi, Saudiya Arabistoni kibor ulamolari hay'ati, Misr Arab Respublikasi “Dorul ifto” fatvo markazi, Iordaniya fatvo idorasi, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi fatvo markazi, Liviya fatvo uyi va Falastin fatvo markazi kabi nufuzli fatvo uyushmalar tomonidan harom deb e'lon qilingan.
Kriptavalyutalardan foydalanish hukmi va uning asoslari haqida quyida batafsil (https://telegra.ph/KRIPTOVALYUTALAR-SAVDOSI-%D2%B2ALOLMI-06-03) tanishishingiz mumkin. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining Modul ta’lim tizimida yangi o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
12 sentyabr kuni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov talabalar uchun «Xatoba» (notiqlik san’ati) fanidan ilk darsni o‘tib berdi.
Mashg‘ulot davomida ustoz va’z-nasihat qilish san’ati, minbar odoblari, tinglovchi bilan jonli muloqot o‘rnatish sirlari hamda bugungi kun imom-xatibi zimmasidagi mas’uliyatli vazifalarga alohida to‘xtaldi. Notiqlik mahoratiga oid nozik jihatlar hayotiy va amaliy misollar orqali ochib berildi.
Qizg‘in va samimiy ruhda o‘tgan dars so‘nggida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati