Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa beadad hamdu sanolar
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo'lsin
Qurbonlik lug'atda “yaqinlashmoq”, “yaqin bo'lmoq” ma'nolarini bildirib, istilohda bu so'z Allohga qurbat hosil qilish maqsadida jonliq so'yishni anglatadi.
Qurbonlik Islom dinining vojib bo'lgan ulug' amallaridan biridir. Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “Parvardigoringiz uchungina namoz o'qing va qurbonlik qiling” (Kavsar surasi, 2-oyat).
Sevikli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qurbon hayiti kuni erta bilan o'zlari qurbonlik qilardilar va boshqalarni ham kurbonlik qilishga targ'ib etardilar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Imkoniyati bo'la turib, qurbonlik qilmagan kimsa namozgohimizga yaqinlashmasin”, deganlar (Imom Ahmad, Ibn Moja rivoyati). Boshqa bir hadisda esa: “Har kim qurbonlik qilishga qodir bo'lsa-yu, qurbonlik qilmasa, vafotidan keyin majusiylar yoki nasroniylar qatorida tiriladi”, dedilar.
Qurbonlik tarixiga bir nazar
Qurbonlik hijriy ikkinchi yil vojib bo'lgan bo'lsada, lekin uning tarixi ancha uzoqlarga – Ibrohim alayhissalom zamonlariga borib taqaladi va u zotdan bizga qolgan amallardandir. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qurbonlik qilinglar! Albatta, u otamiz Ibrohim alayhissalomning sunnatlaridir”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Qurbonlik qilishdan maqsad nima?
Qurbonlik qilishdan maqsad banda o'zining Alloh amriga itoatini, taqvosini namoyon etishdir. Alloh taolo banda so'ygan hayvonning go'shtiga ham, qoniga ham muhtoj emas: «Allohga (qurbonlik) go'shtlari ham, qonlari ham etib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo etar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug'lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo'ysundirib qo'ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!»(Haj surasi, 37-oyat).
Shuningdek, qurbonlik qilish Alloh taoloning amrini ado etishga bandaning tayyor ekanini ko'rsatadi va to'g'ri yo'lga hidoyat qilgani uchun Alloh taologa shukr etish bo'ladi.
Allohga har qancha shukr qilsak, shuncha oz. Holis Allohning O'zi uchun ibodat qilib, namoz o'qish, faqat Allohning yo'lida jonliq so'yib, beva-bechoralarni to'yg'azish shukrning bir ko'rinishidir.
Qolaversa, bu amalni bajarishda Alloh taoloning buyukligi va dinining ulug'ligi zohir bo'ladi.
Qurbonlik kimlarga vojib?
Qurbonlik zimmaga vojib bo'lishi uchun 4 narsa topilishi shart.
Qurbonlik qilinadigan hayvonlar
Qurbonlik quyidagi hayvonlardan birini so'yish bilan ado topadi:
Qo'y (qo'y deyilganda echki ham tushuniladi), qoramol va tuyadir. Ushbu hayvonlardan boshqa hayvonlar qurbonlik o'rniga o'tmaydi.
Qo'yda yolg'iz bir kishi, qoramol va tuyada esa bir kishidan etti kishigacha sherik bo'lib ado qilishlari mumkin. Qo'y olti oylik va undan katta bo'lishi shart. Qoramol ikki yosh va undan katta bo'lishi shart, tuya besh yosh va undan katta bo'lishi shart.
Shu bilan birga, qurbonlikka so'yiladigan hayvon semiz, yo'g'on va yoshi katta bo'lishi afzal sanaladi. Qurbonlikka yaramaydigan aybi yoki nuqsoni bor hayvonlarni so'yishdan ehtiyot bo'lish lozim.
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning ichimizda turib: “To'rt nafar hayvon qurbonlikka yaramaydi: ko'zi ko'rligi bilinib turgan (aybli) hayvon, kasali zohir kasal hayvon, cho'loqligi zohir cho'loq va o'rnidan tura olmaydigan o'ta ozg'in hayvon”, dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Kurbonlik qilinadigan hayvon aybdan xoli bo'lishi lozim. Qurbonlik qilinadigan hayvonning qulog'i, yoki dumi, yoki ko'zining bir qismidan ko'prog'i yo'q bo'lsa, qurbonlikka so'yish joiz emas.
Kasal, cho'loq va ozg'in hayvonlar so'yadigan joyga o'z oyog'i bilan yurib bora olmasa, qurbonlikka so'yish joiz emas.
Qurbonlik qilish vaqti
Qurbonlikning qiymatini sadaqa qilish mumkinmi?
Qurbonlik talab etilgan jonliqlardan birini so'yish orqali ado etiladi. Jonliqni so'ymay, jonliqni yoki uning miqdoriga teng mablag'ni berish qurbonlik hisoblanmaydi. Balki sadaqa hisoblanadi. Alouddin Kosoniy rahmatullohi alayh bunday deydi: “Bir kishi qurbonlik kunlarida qo'yning o'zini yoki qiymatini sadaqa qilsa, qurbonlik o'rniga o'tmaydi. Chunki qurbonlikning vojibligi qon oqizishga bog'liqdir”(Badoye'us sanoye').
Qurbonlik odoblari
Qurbonlik qilish vojib bo'lgan kishi quyidagi odoblarga rioya qilishi lozim:
Avvalo – Qurbonlik qiluvchi shaxs niyati to'g'ri, amalini xolis Alloh taolo uchun qilgan bo'lishi lozimdir. Boshqalar “ko'rsin” yoki “eshitsin”, degan niyatdan yiroq bo'ladi.
Ikkinchi odob – qurbonlik qiluvchi soch, soqoliga va badaniga hech narsa tekkizmasligi.
Qurbonlik qilishni iroda qilgan kishi zulhijja oyining birinchi kunidan boshlab, to hayit kuni qurbonlikni bajargunga qadar soch-saqolini olmaydi va badanining boshqa joylariga ham tig' tekkizmasligi mustahabdir.
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon sizlardan birortangiz qurbonlik qilishni iroda qilsa, sochiga va terisiga hech narsa tekkizmasin”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Uchinchi odob – qurbonlik qilishda ayb va nuqsoni bor hayvonni qurbonlik qilishdan saqlanish.
To'rtinchi odob – qurbonlikni o'z qo'li bilan qilish. Qurbonlik qiluvchi o'z qo'li bilan so'yishi mustahabdir. Ammo o'zi so'yishni bilmasa yoki boshqa sabablarga ko'ra o'zi so'ymasdan, boshqaga so'ydirishning zarari yo'q.
Beshinchi odob – qurbonlikning vaqtini rioya qilish.
Oltinchi odob — so'yish odoblariga rioya qilish.
Hayvonlarni so'yishning o'ziga xos odoblari, mustahablari bordir. Tuyani tik turgan holida oldingi chap oyog'ini bog'lab, bo'ynining pastidan, ko'kragi tamondan so'yish, qoramol va qo'ylarni esa chap tomoni bilan yotqizib, tomog'ining tagidan so'yish, pichoqning o'tkir bo'lishi, uni so'yiladigan hayvonning oldida o'tkirlamaslik, boshqa hayvonning ko'z oldida so'ymaslik shular jumlasidandir.
Alloh taolo qilayotgan har bir amalimiz qatorida ushbu qurbonliklarimizni ham O'zining rizoligi uchun qilingan ibodatlar qatorida qabul aylasin!
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hammamizga ma’lumki, XXI asr axborot asridir. Bu asrda axborot texnologiyalari shu darajada rivojlandiki, dunyoning bir chekkasidagi voqea shu zahotiyoq keng jamoatchilikka yetib boradi. Axborotning bunday tezlikda tarqalishiga internet global tarmog‘ining kashf qilinishi sabab bo‘ldi. Hozirgi davrda hayotni internetsiz tasavvur qilish qiyin. Albatta, axborot yetkazishda, inson bilim doirasini kengaytirishda, biznes olamida va boshqa sohalarda uning o‘rni beqiyos. Lekin internet omma mafkurasini buzishda, buzg‘unchi g‘oya va aqidalarni tarqatishda, inson ongini zaharlashda ham qora kuchlarni asosiy targ‘ibot manbasi bo‘lib qolmoqda. Global tarmoqning salbiy xarakterga ega bo‘lgan bir necha omillari borki, bu omillar har bir inson uchun asosiy xatar hisoblanadi. Biz quyida ana shu omillarning ba’zilarini sanab o‘tamiz.
1. Sog‘lom e’tiqodga tahdid.
Internet ayniqsa, yoshlarni sog‘lom e’tiqodiga tajovuz qiluvchi manbalar makonidir. U yerda o‘zlarini “do‘st sanovchi” yoki “hidoyatga boshlovchi” qilib ko‘rsatuvchilar ko‘p. Aslida
ularning din ilmidan xabarlari yo‘q. O‘z rahnamolaridan eshitganlarini takrorlashdan nariga o‘tmaydilar. Ular o‘z johilliklari bilan boshqalarni ham jarga yetaklaydilar.
Bunday aqidaparast oqimlar targ‘ibotini olib borayotgan saytlar soni ma’lumotlarga ko‘ra 7000 dan oshgan. “Al-Qoida”, ISHID kabi terroristik tashkilotlarning targ‘ibot manbalarining asosiy qismi internetga to‘g‘ri keladi. Afsuski butun dunyo bo‘ylab ilmsiz, e’tiqodsiz yoshlar ularning o‘ljalariga aylanmoqda.
2. Turli fitnalar makoni.
Internet xalqlar, millatlar orasida nizo keltirib chiqaruvchi manbalar makonidir. Ular ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng faoliyatni yo‘lga qo‘yishgan. U yerda yolg‘on-yashiq, irqiy kamsitilishga sabab bo‘luvchi xabarlar tarqatiladi va kishilarni ommaviy norozilik uyushtirishga chaqirib fitna qo‘zg‘ashga harakat qilinadi. Fitna har bir rivojlanishga intilayotgan davlat uchun katta halokatdir. Shuning uchun Alloh o‘z kalomida: “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir”, deb marhamat qiladi.
Shuningdek, diniy tushunchalar ham buzib ko‘rsatiladi. Ular “shahid”, “jihod”, “Hijrat” kabi tushunchalarni ba’zi savodsiz “olim” larning fatvolariga tayanib buzib talqin qilishadi. Shu yo‘l bilan omma orasida diniy asosda nizo chiqarishga urinishadi. Bu ishlar esa dinimizda qat’iyan man qilingan ishlardir.
3. Bekorchilik va buzuqlik o‘chog‘i.
Yoshlarning ko‘p hollarda internetdan faqat ko‘ngilochar manba sifatida foydalanishi
achinarlidir. Bu inson uchun juda qadrli bo‘lgan vaqtning behuda o‘tishiga sabab bo‘ladi.
Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda behuda vaqt o‘tkazish, keraksiz narsalarni tomosha qilish yoshlarning zehnini o‘ldiradi, fikrlashini susaytiradi. Aslida, keraksiz narsalarga vaqt sarflash gunohdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida: “Behuda ishlarni tark etish kishi Islomining go‘zalligidandir”, deganlar.
Ommaviy madaniyatni, ayniqsa, buzuqchilikni targ‘ib qiluvchi saytlar ma’naviyat uchun halokatlidir. Bunday saytlar kishilarni hissiz, atrofidagilarni qadrlamaydigan manqurtlarga aylantirib qo‘yadi. Bunday buzuqchilikni doimiy ko‘rish qalbni o‘ldiradi.
Hikmatlarda shunday deyiladi: “Ko‘z bilan qilingan gunohning qalbga ta’siri katta.Chunki ko‘z qalb bilan bog‘liqdir”.
Hulosa shuki: Yuqorida sanab o‘tilganlar global tarmoqdagi xatarlarning ba’zilari xolos. Lekin ana shu “ba’zilari”ning ta’siriga berilib vayronkorlik bilan shug‘ullanayotganlarni,
bu vayronkorlik butun davlatlarni o‘z domiga tortayotganligini guvohi bo‘lib turibmiz.
Bunday illatlardan saqlanish, yoshlarimizni saqlash o‘zimizning qo‘limizda. Shu yo‘l bilan yurtimiz kelajagini, tinch hayotimizni asrash uchun kurashishimiz lozim.
Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome masjidi imom xatibi