Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Sentabr, 2026   |   20 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:27
Quyosh
05:50
Peshin
12:23
Asr
17:00
Shom
18:59
Xufton
20:17
Bismillah
02 Sentabr, 2026, 20 Rabi`ul avval, 1448

Muborak Qurbon hayitini nishonlash to'g'risida

11.06.2024   2974   3 min.
Muborak Qurbon hayitini nishonlash to'g'risida

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Muborak Qurbon hayitining ma'naviy hayotimizda mehr-oqibat, bag'rikenglik, muruvvat, do'stlik va hamjihatlik kabi ezgu tamoyillarni mustahkamlash borasidagi o'rni va ahamiyati beqiyosdir.

Ushbu qutlug' ayyomni munosib kutib olish va yuqori saviyada o'tkazish, muqaddas islom dinining insonparvarlik g'oyalari hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug'lash maqsadida:

1. 2024 yilda muborak Qurbon hayitining birinchi kuni 16 iyun' – yakshanba kuniga to'g'ri kelishi to'g'risida O'zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma'lumot uchun qabul qilinib, yurtimizda 16 iyun' kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.

2. Quyidagilar:

a) Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:

ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanuvchi Qurbon hayitining birinchi kuni dam olish kuniga to'g'ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 17 iyun' – dushanba kuniga ko'chirilishi;

bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko'rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to'xtatib qo'yish mumkin bo'lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko'chirilmasligi;

b) O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 22 dekabrdagi “2024 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo'shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko'chirish to'g'risida”gi PF–213-son Farmoni bilan 18 iyun' – seshanba kuni barcha xodimlar uchun qo'shimcha dam olish kuni etib belgilanganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.

3. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo'yicha qo'mita, O'zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda muborak Qurbon hayitini xalqimizning milliy an'ana va urf-odatlariga uyg'un holda o'tkazish uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

4. Turizm qo'mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun muborak Qurbon hayiti kunlarida mo''tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.

5. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog'liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.

 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoev

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Dohada «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi

02.09.2026   2216   2 min.
Dohada «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi

2026-yil 3-sentabr kuni Dohadagi Islom san’ati muzeyida O‘zbekiston tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi. Ekspozitsiya Markaziy Osiyoda islom dini tarqalishidan oldingi davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiy va madaniy jarayonlarni qamrab oladi hamda 28-noyabrgacha davom etadi.

Loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Islom san’ati muzeyi hamkorligida tashkil etilmoqda. Ko‘rgazma so‘nggi uch o‘n yillikdagi O‘zbekiston tarixini mamlakatning zamonaviy madaniy qiyofasi shakllanishi nuqtayi nazaridan namoyish etuvchi ilk xalqaro ekspozitsiya bo‘ladi.

Ekspozitsiyada Qatar va O‘zbekistondagi yetakchi muzey hamda madaniy muassasalar kolleksiyalaridan namunalar namoyish etiladi. Ular orasida Afrosiyobning mashhur devoriy tasviri, «Katta Langar» Qur’oni, Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalari, Buxoro kulolchilik namunalari, XIX–XX asrlarga oid milliy liboslar, zargarlik buyumlari, ipak matolar va an’anaviy hunarmandchilik asarlari bor.

Ko‘rgazma qadimgi mintaqa tarixi, me’moriy meros, islom sivilizatsiyasining intellektual yutuqlari hamda an’anaviy hunarmandchilik rivojiga bag‘ishlangan to‘rtta tematik bo‘limdan iborat. Unda O‘zbekistonning islom olamida fan, madaniyat va san’at rivojining tarixiy markazlaridan biri sifatidagi o‘rniga, shuningdek, Somoniylar va Temuriylar davri merosiga alohida e’tibor qaratiladi.

Tarixiy meros mamlakatning zamonaviy madaniy rivoji bilan uzviy bog‘liq holda namoyish etiladi. Dekorativ-amaliy san’at, to‘qimachilik va zargarlik an’analariga alohida o‘rin beriladi.

Ko‘rgazma doirasidagi ommaviy dastur ma’ruzalar, mahorat darslari, an’anaviy hunarmandchilik namoyishlari, shuningdek, ikat san’ati va ipak ishlab chiqarishga bag‘ishlangan taqdimotlarni o‘z ichiga oladi. 3–16-sentabr kunlari rassom Davlat Toshev rezidentlik dasturi doirasida mahalliy rassomlar va ko‘rgazma tashrif buyuruvchilari uchun Sharq miniatyurasi hamda «Abrū-Bahor» texnikasiga bag‘ishlangan mahorat darslarini o‘tkazadi. Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.

2017-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mamlakatning madaniy merosini asrash va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Jamg‘arma 17 dan ortiq mamlakatda xalqaro loyihalarni amalga oshirgan va 40 dan ortiq xorijiy madaniyat muassasalari bilan hamkorlik qilgan.

Dohadagi Islom san’ati muzeyi 2008-yilda tashkil etilgan. Muzey kolleksiyasi qariyb 1 300 yillik tarixni qamrab oladi va unda qo‘lyozmalar, kulolchilik buyumlari, metall va shisha mahsulotlari, to‘qimachilik namunalari, gilamlar hamda zargarlik buyumlari mavjud.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
 
 
Dunyo yangiliklari