Bismillahir Rohmanir Rohiym
Cavol: Qurbonlik qilmoqchi bo'lgan odam 10 kungacha tirnoq, soch va soqolini olmasin, degan gapning shariatimizda hukmi qanday?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Shariatimizda Zulhijja oyi kirgandan boshlab toki qurbonlik qilguncha kishi soch va tirnoqlarini olmasligi shart qilinmagan. Balki bu – ixtiyoriy bo'lgan muboh ishdir.
Mana shu o'n kunda boshqa kunlarda bajaradigan ba'zi odatiy amallarimizni bajarmaslikka targ'ib qiladigan kishilar, o'z gaplarini ushbu hadis bilan quvvatlaydilar. Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar:
“Qachon Zulhijjaning avvalgi o'n kuni boshlansa va birortangiz qurbonlik qilmoqchi bo'lsa, soch va soqoliga tegmasin (olmasin)”, boshqa rivoyatda “Soch va tirnoq olmasin”, yana boshqa bir rivoyatda esa “Kim Zulhijjaning hilolini ko'rsa va qurbonlik qilmoqchi bo'lsa sochi va tirnog'ini olmasin” (Imom Muslim rivoyati).
Bu mavzuda ulug' Hanafiy olim Imom Abu Ja'far Tahoviy rahimahulloh bunday deydilar:
“Ba'zi ahli ilmlar bu hadis (hukmi)ga yuradilar. Uni mahkam tutib, (amal qilish uchun) asos qilib olishadi. Boshqa ulamolar esa o'zgacha yo'l tutadilar va bunday deydilar: “Zulhijjaning avvalgi o'n kunida qurbonlik qilishni niyat qilgan va niyat qilmaganlar uchun soch va tirnoqlarini olishda hech qanday zarar (gunoh) yo'q”. Ular bu to'g'risida “Haj kitobi”da keltirgan hadisimizni hujjat qiladilar: Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hadiy (qurbonlik uchun atalgan hayvon)lariga qurbonlik belgilarini bog'lar edim. U zot qurbonliklarini (Makka shahriga) jo'natar va biz bilan (Madina shahrida) halol (ya'ni, ehromsiz) turardilar. Ehromli kishi ehtiyot bo'lishi kerak bo'lgan narsalar (soch va tirnoq olish, jinsiy aloqa va hakazolar)dan saqlanmas edilar. Odamlar hajdan qaytguncha shu holat davom etardi”.
Bu hadisda avvalgi hadisda man qilingan ishlarning muboh ekaniga dalil bor. Oisha onamiz roziyallohu anho aytgan hadisning bizga etib kelish yo'li Ummu Salama onamiz roziyallohu anhonikidan yaxshiroq. Chunki Oisha onamizning hadisi bizga “Mutavotir” holda etib kelgan.
Ummu Salama onamizdan rivoyat qilingan hadisning bizga etib kelishi esa unday emas, balki Imom Molikdan rivoyat qilingan hadisning isnodiga ta'na etgan. Bu hadis Payg'ambarimizga etib bormaydi, Ummu Salamada to'xtaydi, deganlar” (“Sharhi ma'onil osor”)
Imom Tahoviy bu mavzuni hadislar bilan sharhlab bo'lgach, masalaga boshqa tomondan yondashib aytadilarki, ehrom – kishiga avval halol bo'lgan ko'p narsalarni man qiladi. Shularning ichida eng qattiq man qilingani jinsiy aloqa bo'lib, u ehromni buzadi. Endi, ehromda bo'lmagan kishi qurbonlik qilmoqchi bo'lsa, u jinsiy aloqadan man qilinmaydi. Undan man qilinmagandan keyin o'z-o'zidan undan pastroq darajadagi ish (soch, tirnoq olish)lardan man qilinmaydi. Mana shu – Imom Abu Hanifa, Abu Yusuf va Muhammad rahmatullohi alayhimning so'zidir.
Muhaqqiq alloma Mulla Aliy Qoriy rahimahulloh bu masalada bunday deydilar: «Abu Hanifa rohimahulloh aytadilar: “Bu ish – muboh bo'lib, (soch, tirnoqni olish) makruh ham emas, (ularni olmaslik) mustahab ham emas”» (“Mirqotul Mafotih”).
Demak, qurbonlik qilmoqchi bo'lgan shaxs modomiki ehromda emas ekan soch-soqolini, tirnog'ini olishida hech qanday gunoh yo'q, balki bu – ixtiyoriy bir amaldir. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dinimizda qabr ziyoratiga ruxsat berilgan, balki targ‘ib ham qilingan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarni qabr ziyoratidan qaytargan edim. Endi ziyorat qilaveringlar. Chunki, u dunyodan qaytaradi va oxiratni eslatadi”, deganlar (Ibn Moja rivoyati).
Ulamolar ushbu hadisni qabr ziyoratiga ruxsat berish uchun asos qilib keltiradilar. Biroq ayollarning his-hayajonlari erkaklarnikidan farq qiladi. Shu bois kitoblarimizda ayollarning qabristonga borishi borasida bir necha xil fikrlarni uchratishimiz mumkin. Ibn Obidiyn rahmatullohi alayhi “Raddul muhtor” kitoblarida ushbu masaladagi turli qarashlarni keltirgach, ularning ortidan Xayruddin Ramliyning quyidagi so‘zlarini keltiradi:
“Agar ayollarning qabristonga borishi odatdagidek, yig‘lash, qayg‘ularni yangilash va o‘liklarni maqtab jar solish uchun bo‘lsa bu joiz emas. “Qabr ziyorat qiluvchi ayollarni Alloh la’natlasin”, ma’nosidagi hadis ham mana shunday ayollarga qarata aytilgan. Agar yoshi katta ayollar ibratlanish, yig‘i-sig‘i qilmay, o‘tganlarga rahmat so‘rash va solih insonlarning ziyoratidan tabarruk hosil qilish uchun borsalar, buning zarari yo‘q. Agar yosh ayollar bo‘lsa, ularning qabristonga borishlari xuddi masjidga borishlari kabi makruhdir”.
Alloma Ibn Obidiyn ushbu iboralarni keltirgandan so‘ng masalaga quyidagicha xulosa yasaganlar: “Xayruddin Ramliyning ushbu xulosalari mazkur masaladagi har-xil so‘zlarni go‘zal shaklda muvofiqlashtirish hisoblanadi” (“Raddul muhtor”).
Oisha raziyallohu anho bunday deganlar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dafn etilgan uyimga odatiy uy kiyimimni kiyib, nomahramlar oldida kiyadiganlarimni kiymay, kiraverar edim va «Birlari erim, birlari otam (Abu Bakr)ku!», der edim. Vaqtiki, u joyga Umar ham dafn etilgach, Allohga qasamki, qachon kirgan bo‘lsam, Umardan hayo qilib, albatta, kiyimboshimni bog‘lab kirganman» (Imom Ahmad rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Oisha roziyallohu anhoga qabr ziyoratiga borishga izn berganlari va u yerga borganida qaysi duoni aytishi kerakligini o‘rgatganlari sahih hadisda kelgan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam qabr oldida yig‘lab o‘tirgan ayolning yonidan o‘tdilar. Shunda u zot unga: "Allohdan qo‘rq va (boshingga tushgan musibatga) sabr qil", dedilar. Ayol: "Nari tur! Mening boshimga tushgan musibatni qayerdan ham bilarding. Zero, seni boshingga tushmaganda", dedi. So‘ng odamlar ayolga bu zot Nabiy sollallohu alayhi vasallam ekanini aytishdi. Shunda haligi ayol Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uylariga bordi va eshik oldida qo‘riqchilarni ko‘rmadi. Ayol: "Sizni tanimabman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Chinakam sabr musibatning dastlabki onlarida sabr qilishdir", deb javob berdilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu ayolning qabr ziyoratiga borgani hamda qabr boshida turishiga e’tiroz bildirmadilar. Ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biron ishga e’tiroz bildirmasalar bu o‘sha ishning joizligiga dalolat qiladi.
Ibn Hajar rahimahulloh aytadi: "Mazkur hadisdagi dalolat o‘rni shuki, Nabiy sollallohu alayhi va sallam ayolning qabr oldida o‘tirishiga tanbeh ber-masdan unga iqror bo‘lishlari bu ishning joizligiga hujjat bo‘ladi" ("Fathul Boriy").
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayolning qabr oldida shariatimizda ta’qiqlangan dod-voy solib yig‘lashiga tanbeh berdilar, xolos.
Demak, ulamolarimizning yuqoridagi so‘zlaridan yoshi katta ayollar erkaklarga aralashmagan holatda, satri avratga rioya qilib, yig‘i-sig‘i qilmay, ibratlanish maqsadida qabristonga borib o‘tganlarini ziyorat qilib, ularning haqlariga duo qilib kelishlari joiz ekani kelib chiqadi.
Muhammad Ayyub Faxriddinov,
Namangan shahri "Yusufxon o‘g‘li Qosimxon" jome masjidi imom noibi